Ma’lumki, imomlik sharafli vazifa bo‘lib, bunday ulug‘ ishni Rasululloh sollallohu alayhi va sallam, xulafoi roshidinlar va tabarruk zotlar ado etishgan. Bu vazifani chiroyli amalga oshirgan va bu yo‘lda qunt bilan harakat qilgan kishilar katta ajrlarga ega bo‘ladi. Ba’zi sahobai kiromlar imomlikdagi fazilatni bilganlari uchun Muhammad alayhissalomga: “Meni qavmimning imomi qilib tayinlang”, deb aytganlar (Imom Abu Dovud).
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning hadislarida ham imomlik sharafli vazifa ekani haqida aytiladi. Jumladan, Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Uch kishi qiyomat kuni qo‘rquvga tushmaydilar, hisob-kitob qilinmaydilar, Alloh bandalarni hisob qilib bo‘lguncha ular mushkli tepalikda bo‘ladilar: Allohning roziligini istab Qur’on o‘qigan va u bilan bir qavmga imom bo‘lgan hamda ular undan rozi bo‘lgan kishi; Alloh roziligi uchun besh vaqt namozga chaqirgan kishi; o‘zi va Rabbi o‘rtasidagi munosabatni joyiga qo‘ygan, o‘zi va xojalari munosabatini yaxshi qilgan qul”, deb aytdilar”.
Ayni paytda unutmaslik kerakki, imom-xatiblik nihoyatda mas’uliyatli ishdir. Binobarin, bu vazifadagi kishi avvalo Alloh taolo, keyin Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallamning nomidan so‘zlashini doimo his etishi kerak.
Imom-xatib insonlarga pandu nasihat qilib, ularni hidoyatga boshlaydi va ularga to‘g‘ri yo‘ldan og‘ishmay, sobitqadam yurishlarida ko‘makchi bo‘ladi. Dinga xizmat qilish fazilati haqida Qur’oni karimda bunday marhamat qilinadi:
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا إِن تَنصُرُوا اللَّهَ يَنصُرْكُمْ وَيُثَبِّتْ أَقْدَامَكُمْ
“Ey imon keltirganlar, agar sizlar Allohga yordam bersangizlar (dinining rivoji uchun harakat qilsangizlar), U zot ham sizlarga yordam berur va qadamlaringizni sobit (barqaror) qilur” (Muhammad, 7).
Imom-xatiblik vazifasida turganlar odamlarni yaxshi amallarga buyurib, yomon ishlardan qaytaradilar. Bunda, avvalo, o‘zlari boshqalarga o‘rnak bo‘lishlari lozim. So‘z bilan amalni jam qilgan imom, solih bandalardan hisoblanadi.
Imom-xatiblar nafaqat ibodatda, balki boshqa xayrli ishlarda ham kishilar ergashadigan va o‘rnak oladigan shaxs bo‘lishi lozim. Zero, boshqalarga rahbarlik qiladigan, ularni yaxshilikka buyuradigan va odob-axloqqa chorlaydigan shaxs, avvalo, o‘zi ana shu yuksak xulqlar bilan ziynatlangan bo‘lishi kerak.
Har bir imom-xatib minbarga chiqib, Qur’oni karimdan, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning hadisi shariflaridan va ulamolarning hikmatli so‘zlaridan nasihat qilar ekan, birinchi galda o‘zi har bir aytayotgan so‘ziga e’tibor berishi, amal qilishi lozim. Zero, Alloh taolo aytganiga o‘zi amal qilmaydiganlarni oyati karimasida bunday itob qiladi:
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا لِمَ تَقُولُونَ مَا لَا تَفْعَلُونَ كَبُرَ مَقْتاً عِندَ اللَّهِ أَن تَقُولُوا مَا لَا تَفْعَلُونَ
“Ey imon keltirganlar! Sizlar nega o‘zlaringiz qilmaydigan narsani (qildik yoki qilamiz deb) aytursiz?! Sizlarning o‘zlaringiz qilmaydigan ishni (qilamiz, deb) aytishingiz Alloh nazdida katta nafrat (boisi)dir” (Saf, 2-3).
Imom-xatiblar masalalarni kitoblarda qanday keltirilgan bo‘lsa, odamlarga shunday yetkazishi kerak. Chunki, insonlar uch toifaga bo‘linadi: omi, olim va tolib. Imom-xatib mana shu uch toifa odamning har biriga mos ravishda mav’iza qila bilishi lozim.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mamlakatimizda islomiy-diniy tashkilotlarning yagona boshqaruv organi bo‘lib, mo‘min-musulmonlarning e’tiqodiy birligini ta’minlashga xizmat qiladi. Mana shu narsani doimo yodda saqlash lozim. Imom-xatiblar mo‘min-musulmonlar ittifoqligi, e’tiqodiy birdamligiga rahna soladigan yoki fitna keltirib chiqaradigan narsalardan o‘zlarini ehtiyot qilishlari zarur. Jamiyatda yuzaga keladigan ixtilofli masalalarda diniy idora bilan maslahatlashgan holda javob berish maqsadga muvofiqdir.
Bugun shiddat bilan o‘zgarayotgan hayot talablari borgan sari ortib, qat’iylashib bormoqda. Mo‘min-musulmonlarning ehtiyoji oldimizga yangi-yangi, kutilmagan masalalarni qo‘ymoqda. Bu shiddat esa imom-domlalarni sergaklikka, o‘z ustida tinimsiz ishlashga undaydi. Shuningdek, xalqimiz bilan muloqotga kirishish va ularning dardu tashvishlarini yengillatish, muammolariga yechim topishda astoydil g‘ayrat qilish majburiyati ham davrimizning talabidir.
2017 yil Ramazon oyida mo‘min-musulmonlar hayotida ulkan tarixiy voqea sodir bo‘ldi. U ham bo‘lsa, muhtaram Prezidentimiz ulamolar va imom-xatiblarni poytaxtimizda jamuljam qilib, qalblarining to‘ridagi samimiy gaplarni aytib, din peshvolari oldida turgan muhim vazifalarni bayon qilib berdilar. O‘z navbatida ulamolar va imom-xatiblar Davlatimiz rahbarining bunday e’tiboridan ruhlanib, yanada kuch-g‘ayrat va shijoat bilan ishlashga ahd qildilar.
Bugun xonadonlarda, ko‘cha-ko‘yda yoki ta’lim maskanlarida bo‘ladimi, qayerda bo‘lmasin, barchamizning kelajagimiz bo‘lgan yosh avlod tarbiyasiga alohida e’tibor qaratish, farzandlarni to‘g‘ri yo‘ldan chalg‘itadigan turli zararli ta’sirlardan himoya qilish uchun mas’ul ekanimizni hech qachon unutmaylik. Bu boradagi beparvolik el-yurtimiz oldida, tarix va kelajak oldida xiyonat ekanini anglaydigan vaqt keldi. Bugun faol izlanish va harakatdan to‘xtagan, fidoiylik va vatanparvarlik hissi bo‘lmagan imom-xatib hamda o‘z ishiga loqaydlik va beparvolik bilan yondashadigan diniy xodim uchun oramizda o‘rin yo‘q. Shuning uchun ham imomlar o‘z ustida muntazam ishlashi, kasb mahorati, bilim saviyasi va dunyoqarashini oshirib borishi zarur. Zero, bugun imom-domlalarga “ma’rifat va ma’naviyat targ‘ibotchilari” deya qaralib, xizmatlari qadr topayotganini har birimiz chuqur anglashimiz, shunga munosib bo‘lmog‘imiz lozim.
Jamiyatimizda illat bo‘lib turgan jinoyatchilik, estremistik, aqidaparast oqimlarga qo‘shilib qolish, o‘z joniga qasd qilish kabi salbiy holatlarning fojiaviy oqibatlarini el orasida yurib, keng jamoatchilikka tushuntirish kerak. Xalq bilan muloqot qilsak, albatta ularning hayotdan rozi bo‘lib yashashlariga o‘z hissamizni qo‘shgan bo‘lamiz.
Muhtaram imom-xatiblar, xalqimizning imon-e’tiqodi butunligi taraqqiyot garovidir. Ayniqsa, hozir buning ahamiyati juda ham katta. Chunki hozirgi zamon, avvalo, hamjihatlikni, o‘zaro ahillikni talab etmoqda. Xalqimizni imon-e’tiqod, adlu insof, mehr-oqibatga va el-yurt farovonligi yo‘lida halol mehnat qilishga da’vat etish, hukumatimiz olib borayotgan islohotlarni keng targ‘ib qilish hammamizning burchimizdir.
Yuqorida bayon etilgan ishlarda barcha imom-domlalarga Alloh taboraka va taoloning O‘zi madadkor bo‘lishini so‘rayman.
Usmonxon ALIMOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy
Buyuk shoir va mutafakkir, davlat arbobi, Sharq Uyg‘onish davrining yorqin namoyandasi Mir Alisher Navoiyning porloq nomi va bebaho merosi xalqimiz tarixida, milliy ma’naviyatimiz va adabiy-estetik tafakkurimiz rivojida g‘oyat muhim o‘rin tutadi. Ulug‘ ajdodimiz o‘zining o‘lmas asarlarida ona tilimizning so‘z boyligi va ifoda imkoniyatlarini butun jozibasi va latofati bilan namoyon etib, o‘zbek adabiy tiliga asos soldi. Ayni paytda o‘zbek mumtoz adabiyotining shakllanishi va takomilida hech kim Navoiydek beqiyos xizmat qilgan emas, desak, ayni haqiqatdir.
Alisher Navoiy umumbashariy madaniyat rivojiga ulkan hissa qo‘shgan Gomer va Dante, Servantes va Shekspir, Gyote va Tolstoy, Nizomiy Ganjaviy va Hofiz Sheroziy kabi jahon adabiyotining daholari safida turadi. G‘arb olamida Tristan va Izolda, Romeo va Juletta singari qahramonlar qanchalik mashhur va jozibali bo‘lsa, Sharq dunyosida hazrat Navoiy yaratgan Farhod va Shirin, Layli va Majnun kabi adabiy personajlar ham shu qadar sevimli va qadrlidir.
Alisher Navoiyning asosiy fenomeni – u buyuk insonparvar va yuksak ideal sohibidir. Shoir hayot va adabiyotdagi asosiy orzusi – komil inson g‘oyasini tarannum etish va uni butun dunyoga targ‘ib qilish borasida ulkan ma’naviy jasorat ko‘rsatgani alohida e’tiborga loyiqdir.
Asrlar davomida shoir asarlaridan bahramand bo‘lib kelayotgan minglab insonlar, ular qaysi millat va elat vakili bo‘lmasin, jahonning qaysi mamlakatida yashamasin, o‘z zamonasining barcha ijtimoiy-ma’naviy muammolariga, o‘zlarini qiynayotgan savollarga javob topa oladilar. Chunki biron-bir hayotiy masala, qadriyat va tuyg‘ular, fazilat va illatlar yo‘qki, Navoiy qalamga olmagan bo‘lsa!
Buyuk ajdodimizning o‘lmas merosi biz uchun, ayniqsa, bugungi murakkab globallashuv davrida har qachongidan ham dolzarb va zarurdir. Bu bebaho xazina tinch va barqaror, erkin va obod hayot barpo etish yo‘lida bashariyatga katta ma’naviy kuch baxsh etadi.
Ulug‘ gumanist Alisher Navoiy hamisha xalqning dard-u tashvishi bilan yashagani, umr bo‘yi yordam va ko‘makka muhtoj insonlarga mehr-muruvvat ko‘rsatib, ilm-fan, san’at va adabiyot ahliga homiylik qilgani bu mumtoz siymoning yana bir ibratli fazilatidir. Uning mamlakat poytaxti Hirot shahrining o‘zida o‘z mablag‘lari hisobiga uch yuz saksondan ortiq ijtimoiy muassasa – madrasa va masjidlar, shifoxona va kutubxonalar, hovuz va ariqlar, yo‘l va ko‘priklar, bog‘ va xiyobonlar barpo ettirgani, adib va olimlar, rassom va me’morlar, sozanda va xonandalar, mohir hunarmandlarni doimo moddiy va ma’naviy tomondan qo‘llab-quvvatlab kelgani ham bu fikrni tasdiqlaydi.
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Shuhrat Sirojiddinovning o‘quvchilarga taqdim etilayotgan yangi asari – "Alisher Navoiy fenomeni" nomli kitobi buyuk shoir ijodi namunalari hamda ilmiy asoslangan tarixiy ma’lumotlar bilan jahon afkor ommasi, xususan, xalqaro ilmiy, madaniy-ma’rifiy markazlarini yaqindan tanishtirish maqsadida tayyorlangan. Ushbu muhtasham kitob dunyo ahli tomonidan Navoiy dahosiga qiziqish o‘z davridan to bugungi kunga qadar so‘nmay kelayotgani va tobora ortib borayotganidan dalolat beradi.
Shoirlar sarvari, mutafakkirlar peshvosi, buyuk qalb sohibi Mir Alisher Navoiyning barhayot merosi, umrboqiy asarlari yer yuzidagi yangi-yangi avlodlarni tarbiyalab, olam ahlini doimo yaxshilik va ezgulikka, mehr-oqibat, do‘stlik va hamjihatlikka chorlab turadi.
Shavkat MIRZIYOEV,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
"Jadid" gazetasining 2025 yil 7 fevraldagi 6-sonida