Inson tabiati – qiziq. Ba’zan bandaligiga borib, birovdan eshitgan narsasiga darhol ishonadi-qoladi. Uni surishtirib ko‘rishni, to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligini o‘ylab ham o‘tirmaydi. Ayniqsa, bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatilayotgan noxolis axborotlar, turli uydirma va bo‘htonlar, mish-mishlar g‘iybatchilarning tegirmoniga suv quyayotgani kunday ravshan.
Musulmon kishi biror masala chiqsa: «Falonchi nima debdi, pismadonchi-chi?» deb emas, balki Alloh taolo va Uning Rasuli (sollallohu alayhi va sallam) aytganlarini o‘ziga hujjat qiladi.
Bejizga So‘fi Olloyor bobomiz:
Dema, tutdim falon buzruk ishini,
Ko‘ra qo‘yma nabiyning qilmishini», demaganlar. Shu bois biror narsani eshitsak, o‘qisak yoki ko‘rsak, avvalo, doimiy va asosiy manbaimiz – Qur’oni karim va hadisi shariflarga murojaat qilishimiz kerak. Bu muqaddas va muborak manbalar, mana, 15 asradn beri insoniyatga ma’naviy, ruhiy mayoq bo‘lib kelmoqda.
Alloh taolo Qur’oni karimda: «Ey mo‘minlar! Agar sizlarga biror fosiq kimsa xabar keltirsa, sizlar (haqiqiy ahvolni) bilmagan holingizda biror qavmga aziyat yetkazib qo‘yib, (keyin) qilgan ishlaringizga pushaymon bo‘lmasligingiz uchun (u xabarni) aniqlab (tekshirib) ko‘ringiz!» (Hujurot surasi, 6-oyat).
Mug‘ira ibn Shu’ba (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taolo onalaringizga oq bo‘lishni, qizlarni tiriklayin yerga ko‘mishni harom qilib, mumsik (zakot va ushr kabi zimmaga vojib bo‘lgan narsalarda baxil) bo‘lish va tama(olishga haqli bo‘lmagan narsani talab)qilishdan qaytardi. Shuningdek, mish-mish gaplar tarqatish, ko‘p savol berish va mol-dunyoni behuda sarf qilish kabi ishlarni yomon ko‘radi”, dedilar(Imom Buxoriy rivoyati).
Boshqa bir hadisda esa: “Eshitgan narsasini gapiraverishi, kishininig gunohkor bo‘lishiga kifoya”(Imom Muslim rivoyati), deyilgan.
Jamiyatda g‘iybat, bo‘hton, yolg‘onchilik kabi illatlarning ildiz otishi ishonchsizlik, hatto adovat va nafratni yuzaga keltirishi mumkin. To‘g‘riligiga aniq ishonmay turib mish-mish tarqatish bo‘hton sanaladi.
Shu kunlarda Feysbuk ijtimoiy tarmog‘i g‘iybatxonaga, fitnalar iniga aylanib qoldi. Kim nimadir eshitsa, tekshirmasdan, o‘zicha talqin qilib tarqatib yuboryapti.
Yurtimizning ko‘zga ko‘ringan ulamolari haqida bolalayotgan mish-mishlar kishini tashvishga soladi. Axir, shu mish-mishlarni tarqatayotganlar ham mo‘min-ku, musulmon-ku! Ular aqalli, bir marta bo‘lsa-da, yo‘li tushib, g‘iybat qilinayotgan, mish-mish tarqatilayotgan o‘sha imomlar, ulamolar ortida turib namoz o‘qigandir.
Vaholanki, Qur’oni karimda: «(Ey inson!) O‘zing (aniq) bilmagan narsaga ergashma! Chunki quloq, ko‘z, dilning har biri to‘g‘risida (har bir inson) mas’ul bo‘lur (javob berur)» (Isro surasi, 36-oyat), deyilgan.
Inson o‘zi aniq bilmagan va ishonch hosil qilmagan narsa ketidan quvib, aniq eshitmagan, ko‘rmagan narsalarni gapirish, tarqatishning oqibati juda xatarli.
Birovning obro‘siga putur yetkazish – katta gunoh.
Ijtimoiy tarmoqlarga mukkasidan ketish oqibatida namoz, zikr, silai rahm, qo‘shniga yaxshilik qilish, farzand tarbiyasi, ota-onaga yaxshilik qilish, ustozlar, bemorlar holidan xabar olish, janozada qatnashish kabi muhim ibodat va vazifalar unutiladi.
Shu bilan birga, ulamolar, imomlarni yaqindan tanimagan, ular haqida aniq ma’lumotga ega bo‘lmagan kishilar ayrim nokaslarning ta’siriga tushib qolib, ulkan gunoh – g‘iybat balosiga mubtalo bo‘lmoqdalar.
Xulosa qilib aytganda, dinimiz tilni faqat yaxshilik yo‘lida ishlatish, yomon so‘zlardan tiyilish, ezgu narsalar haqida fikr yuritishni buyuradi. Zero, so‘zlash va tafakkur qilishda ehtiyot bo‘lishimiz, har bir so‘zimiz foyda yoki zararimizga hujjat bo‘lishini unutmasligimiz lozim. Zotan, Kalomi Majidda:«U biror so‘zni talaffuz qilsa, albatta, uning oldida hoziru nozir bo‘lgan bir kuzatuvchi (so‘zni yozib oluvchi farishta) bordir», deya marhamat qilingan. Shuni unutmasak bo‘lgani.
Tolibjon NIZOMOV
Savol: Men tush ko‘rdim va uyg‘onib Ibni Sirinning "Tushlar ta’biri" kitobini ko‘rsam yomonroq chiqdi va siqilib qoldim. Tush ta’biri masalalariga musulmon inson qanday qarashi kerak?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Avvalo shuni aytishimiz kerakki, Ibn Siriyn rahimahullohga nisbat berilgan “Tushlar ta’biri” kitobi u zotga tegishli emas. Shuning uchun bu kitobni u zotga nisbat berib bo‘lmaydi. Dinimizga ko‘ra tushlar uch xil bo‘ladi:
– Alloh taolo tomonidan bo‘lgan, tahorat bilan yotilganda, tongga yaqin ko‘riladigan, solih tushlar.
– Shaytondan bo‘lgan, aniq esda qolmaydigan, kayfiyatni tushiradigan, alahsirashga o‘xshash yomon tushlar.
– Kasbiga yoki qiziqqan narsasiga taalluqli tushlar.
Dinimizda tush ko‘rganda nima qilish kerakligi borasida aniq tavsiyalar kelgan. Agar rost tushlar shariatga mos kelsa, amal qilish mumkin, agar zid kelsa, qat’iy amal qilinmaydi. Yomon tush ko‘rgan kishi tushini birovga aytmasligi va tushning yomonligidan Alloh taolodan panoh so‘rashi kerak. Bu haqida Abdulloh ibn Qatoda roziyallohu anhu otasidan rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Rost tush Allohdan, yomon tush shaytondan. Birortangiz qo‘rqinchli tush ko‘rsa, chap tomoniga tuflab qo‘ysin va tushning yomonligidan (Allohdan) panoh so‘rasin. Shunda yomon tush zarar qilmaydi”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Ya’ni yomon tush ko‘rgan kishi chap tomonga yengilgina tuflab: “Robbim! Ko‘rgan tushimni yomonligidan panoh so‘rayman”, deb qo‘yadi.
Ba’zi ulamolar imkon bo‘lsa o‘rnidan turib, tahorat olib, ikki rakat nafl namoz o‘qigani hamda biroz sadaqa qilib qo‘ygani yana ham yaxshi, deyishgan.
Shuningdek, tush inson taqdirini belgilamaydi. Tushga ortiqcha baho berib, uni hayot mezoniga aylantirish to‘g‘ri emas. Biz dinimiz ko‘rsatmalariga og‘ishmay amal qilsak, ham moddiy, ham ruhiy tarafdan sog‘lom, irodamiz mustahkam bo‘ladi. Vallohu a’lam!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.