Sayt test holatida ishlamoqda!
23 Iyul, 2025   |   28 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:32
Quyosh
05:10
Peshin
12:35
Asr
17:37
Shom
19:53
Xufton
21:23
Bismillah
23 Iyul, 2025, 28 Muharram, 1447

Mish-mishlarga ishonmang! Chunki quloq, ko‘z, dil mas’uldir

15.09.2018   4052   4 min.
Mish-mishlarga ishonmang!  Chunki quloq, ko‘z, dil mas’uldir

 

Inson tabiati – qiziq. Ba’zan bandaligiga borib, birovdan eshitgan narsasiga darhol ishonadi-qoladi. Uni surishtirib ko‘rishni, to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligini o‘ylab ham o‘tirmaydi. Ayniqsa, bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatilayotgan noxolis axborotlar, turli uydirma va bo‘htonlar, mish-mishlar g‘iybatchilarning tegirmoniga suv quyayotgani kunday ravshan.

Musulmon kishi biror masala chiqsa: «Falonchi nima debdi, pismadonchi-chi?» deb emas, balki Alloh taolo va Uning Rasuli (sollallohu alayhi va sallam) aytganlarini o‘ziga hujjat qiladi.

Bejizga So‘fi Olloyor bobomiz:

Dema, tutdim falon buzruk ishini,

Ko‘ra qo‘yma nabiyning qilmishini», demaganlar. Shu bois biror narsani eshitsak, o‘qisak yoki ko‘rsak, avvalo, doimiy va asosiy manbaimiz – Qur’oni karim va hadisi shariflarga murojaat qilishimiz kerak. Bu muqaddas va muborak manbalar, mana, 15 asradn beri insoniyatga ma’naviy, ruhiy mayoq bo‘lib kelmoqda.

Alloh taolo Qur’oni karimda: «Ey mo‘minlar! Agar sizlarga biror fosiq kimsa xabar keltirsa, sizlar (haqiqiy ahvolni) bilmagan holingizda biror qavmga aziyat yetkazib qo‘yib, (keyin) qilgan ishlaringizga pushaymon bo‘lmasligingiz uchun (u xabarni) aniqlab (tekshirib) ko‘ringiz!» (Hujurot surasi, 6-oyat).

Mug‘ira ibn Shu’ba (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taolo onalaringizga oq bo‘lishni, qizlarni tiriklayin yerga ko‘mishni harom qilib, mumsik (zakot va ushr kabi zimmaga vojib bo‘lgan narsalarda baxil) bo‘lish va tama(olishga haqli bo‘lmagan narsani talab)qilishdan qaytardi. Shuningdek, mish-mish gaplar tarqatish, ko‘p savol berish va mol-dunyoni behuda sarf qilish kabi ishlarni yomon ko‘radi”,  dedilar(Imom Buxoriy rivoyati).

Boshqa bir hadisda esa: “Eshitgan narsasini gapiraverishi, kishininig gunohkor bo‘lishiga kifoya”(Imom Muslim rivoyati), deyilgan.

Jamiyatda g‘iybat, bo‘hton, yolg‘onchilik kabi illatlarning ildiz otishi ishonchsizlik, hatto adovat va nafratni yuzaga keltirishi mumkin. To‘g‘riligiga aniq ishonmay turib mish-mish tarqatish bo‘hton sanaladi.

Shu kunlarda Feysbuk ijtimoiy tarmog‘i g‘iybatxonaga, fitnalar iniga aylanib qoldi. Kim nimadir eshitsa, tekshirmasdan, o‘zicha talqin qilib tarqatib yuboryapti.

Yurtimizning ko‘zga ko‘ringan ulamolari haqida bolalayotgan mish-mishlar kishini tashvishga soladi. Axir, shu mish-mishlarni tarqatayotganlar ham mo‘min-ku, musulmon-ku! Ular aqalli, bir marta bo‘lsa-da, yo‘li tushib, g‘iybat qilinayotgan, mish-mish tarqatilayotgan o‘sha imomlar, ulamolar ortida turib namoz o‘qigandir.

Vaholanki, Qur’oni karimda: «(Ey inson!) O‘zing  (aniq) bilmagan narsaga ergashma! Chunki quloq, ko‘z, dilning har biri to‘g‘risida (har bir inson) mas’ul bo‘lur (javob berur)» (Isro surasi, 36-oyat), deyilgan.

Inson o‘zi aniq bilmagan va ishonch hosil qilmagan narsa ketidan quvib, aniq  eshitmagan, ko‘rmagan narsalarni gapirish, tarqatishning oqibati juda xatarli.

Birovning obro‘siga putur yetkazish – katta gunoh.

Ijtimoiy tarmoqlarga mukkasidan ketish oqibatida namoz, zikr, silai rahm, qo‘shniga yaxshilik qilish, farzand tarbiyasi, ota-onaga yaxshilik qilish, ustozlar, bemorlar holidan xabar olish, janozada qatnashish kabi muhim ibodat va vazifalar unutiladi.

Shu bilan birga, ulamolar, imomlarni yaqindan tanimagan, ular haqida aniq ma’lumotga ega bo‘lmagan kishilar ayrim nokaslarning ta’siriga tushib qolib, ulkan gunoh – g‘iybat balosiga mubtalo bo‘lmoqdalar.

Xulosa qilib aytganda, dinimiz tilni faqat yaxshilik yo‘lida ishlatish, yomon so‘zlardan tiyilish, ezgu narsalar haqida fikr yuritishni buyuradi. Zero, so‘zlash va tafakkur qilishda ehtiyot bo‘lishimiz, har bir so‘zimiz foyda yoki zararimizga hujjat bo‘lishini unutmasligimiz lozim. Zotan, Kalomi Majidda:«U biror so‘zni talaffuz qilsa, albatta, uning oldida hoziru nozir bo‘lgan bir kuzatuvchi (so‘zni yozib oluvchi farishta) bordir», deya marhamat qilingan. Shuni unutmasak bo‘lgani.

 

Tolibjon NIZOMOV

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Shahrisabzning Butunjahon merosi ro‘yxatidagi maqomini saqlab qolish bo‘yicha ijobiy qaror qabul qilindi

21.07.2025   2884   1 min.
Shahrisabzning Butunjahon merosi ro‘yxatidagi maqomini saqlab qolish bo‘yicha ijobiy qaror qabul qilindi

Parij shahrida YUNЕSKO Butunjahon merosi qo‘mitasining 47 sessiyasi o‘tkazildi. Sessiya yig‘ilishida Shahrisabz shahrining Butunjahon merosi ro‘yxatidagi maqomini saqlab qolish bo‘yicha ijobiy qaror qabul qilindi.


Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi axborot xizmati O‘zAga ma’lum qilishicha, qo‘mita O‘zbekistonning ushbu obyektni asrash bo‘yicha sa’y harakatlarini yuqori baholab, YUNЕSKO Butunjahon merosi markazi hamda IKOMOS (Yodgorliklar va diqqatga sazovor maskanlarni asrash bo‘yicha xalqaro kengash)  bilan samarali hamkorlik muhimligini alohida qayd etdi.


Kelgusi bosqich sifatida O‘zbekistonga takroriy nominatsiyani tayyorlash uchun uch yil muddat berildi. Unda Shahrisabzning siyosiy, madaniy va diniy markaz sifatidagi betakror tarixiy rolini aks ettiruvchi temuriylar davri me’moriy merosiga alohida urg‘u qaratiladi.


Shaharning tarixiy qismi bufer hudud sifatida belgilanishi rejalashtirilgan, bu uning madaniy qiymatini yanada samarali asrash imkonini beradi. Mazkur qaror xalqaro hamkorlik doirasida olib borilgan tizimli va ochiq muloqotlar natijasi bo‘ldi.


Anjumanda O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi raisi Gayane Umerova boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etib, YUNЕSKO, IKOMOS va barcha xalqaro hamkorlarga bildirilgan ishonch va ko‘rsatilgan qo‘llab-quvvatlov uchun minnatdorlik bildirgan. 


Behruz XUDOYBЕRDIYEV,

O‘zA

O'zbekiston yangiliklari