Soat tongi 03:30 edi. Uning telefoni jiringlay boshladi. Yostiqdan ming mashaqqat bilan boshini ko‘tarib, qo‘ng‘iroqqa javob berdi:
— Eshitaman! Kimsiz?
— Menman, o‘g‘lim. Onangman!
— Uff, ona, Xudo xayringizni bersin! Koshki bilsangiz edi, ertaga qiladigan qanchalik muhim ishlarim bor.
— Haligi... O‘g‘lim...
— Nima, ona, nima. Meni shu paytda uyg‘otadigan nima muhim ishingiz bor? Ertalab qo‘ng‘iroq qilsangiz ham bo‘laverardi-ku?
Ona o‘g‘lidan bu sovuq muomalani eshitib qattiq ranjidi, o‘ksindi. Yig‘lamsiragan bir ovozda javob berib telefonni o‘chirdi:
— Bundan roppa-rosa o‘ttiz besh yil avval shunday tun yarmida 03:30 da sen ham meni uyg‘otgan eding!
Yaxshiyamki, tug‘ilgan ekansan, bolam!
Fatima Aliy tarjimasi
O‘MI Matbuot xizmati
#Seminar
#Giyohvandlikka_qarshimiz
Islom dinida aqlni xiralashtiradigan, sog‘liqqa zarar yetkazadigan va insonni o‘z-o‘zini halokatga boshlaydigan har qanday zararli odatlar, xususan, giyohvandlik qat’iy qoralangan va harom qilingan.
Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam har qanday mast qiluvchi va badanni bo‘shashtiruvchi, sog‘liqqa zarar beruvchi moddalarni iste’mol qilishdan qaytarganlar.
Binobarin, giyohvandlikka qarshi kurashish, yoshlarni bu ofatdan asrash va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish har bir musulmonning burchidir.
2026 yil 2 iyul kuni Toshkent shahridagi muhtasham "Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf" jome masjidining majlislar zalida o‘zgacha bir fayz va ilmu ma’rifat shukuhi hukmron bo‘ldi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Toshkent shahar vakilligining "Islom giyohvandlikka qarshi" deb nomlangan ilmiy-amaliy seminari yuqori kayfiyatda va ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi.
Uchrashuvda diniy-ma’rifiy sohaning zabardast vakillari, davlat va jamoat tashkilotlari mutasaddilari hamda poytaxtimizning tuman bosh imom-xatiblari va otinoyilari jam bo‘lishdi.
Qur’on tilovatidan so‘ng Toshkent shahar bosh imom-xatibi, yig‘ilish raisi Abduqahhor domla Yunusov tadbirni ochib berdilar.
So‘ngra Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bo‘lim boshlig‘i Muhiddin Hakimov, Toshkent shahar hokimining jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar bo‘yicha o‘rinbosari, kotibiyat mudiri Abdumannon Karimov, Ko‘kaldosh o‘rta maxsus islom bilim yurti rahbari Ma’murjon domla Erkayevlar ishtirok etib, kun tartibidagi muhim masalalar yuzasidan o‘z fikr-mulohazalari va qimmatli tavsiyalarini aytib o‘tdilar.
Aytish joizki, ma’rifat va iymon birlashgan joyda baraka, tinchlik va taraqqiyot bo‘ladi. Poytaxtimiz imom-xatiblari bugun xalqimizga mana shu ziyoni yetkazishda eng oldingi saflarda xizmat qilmoqdalar.
Suratlar orqali mazkur yig‘ilishning eng hayajonli va fayzli daqiqalari hamda seminarning dolzarb ahamiyatini ko‘rish mumkin.
MuslimShosh.uz