Avval, Qirg‘izistonning Bishkek shahrida «Ma’naviy ipak yo‘li: Buyuk insoniy qadriyatlar va zamonaviy tahdidlar» nomli xalqaro anjuman boshlangani haqida ma’lumot bergan edik.
Kuni kecha, 12 sentyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari boshchiliklaridagi delegatsiya Qirg‘izistonga xizmat safarini boshladi.
Muftiy hazrat dastlab anjuman dasturidan o‘rin olgan Bishkek shahridagi «Abu Bakr Siddiq Musaxon to‘ra» jome masjidining ochilishi marosimida tabrik so‘zlari bilan ishtirok etdilar.
Tadbirda Rossiya muftiylar kengashi raisi o‘rinbosari Damir Hazrat, Qozog‘iston Bosh muftiysi Serikbay hoji O‘raz, Qirg‘iziston bosh muftiysi Maksatbek Toktomushev, Tojikiston muftiysi Saidmukarram Abduqodirzoda, Litva muftiysi Yakubauskas Romas va boshqa mehmonlar qatnashdi.
Mehmonlar ushbu masjidda asr namozi ado etdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Savol: Mo‘miyo halolmi? Uni iste’mol qilsa bo‘ladimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Ha, mo‘miyo halol va uni iste’mol qilish joiz. Mo‘miyo tog‘ jinsidan sizib chiqadigan quyuq modda bo‘lib, tabobatda qadimdan ishlatib kelingan. Shar’iy jihatdan esa, u tog‘ jinsidan sizib chiqadigan tabiiy modda va zararsiz ekanligi e’tiboridan iste’moli halol hisoblanadi. Zero, dinimizda: “Narsalar aslida muboh (halol)dir”, degan qoida bor.
Bundan ma’lum bo‘ladiki, barcha narsalar inson uchun yaratilgan bo‘lib, ulardan foydalanish halol. Qat’iy dalil sobit bo‘lmagunicha hech bir narsa harom bo‘lmaydi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh kitobida halol qilgan narsa halol, harom qilgan narsa harom, sukut qilgan narsa afv (etilgan)dir. Allohdan ofiyatni so‘ranglar, chunki Alloh esdan chiqarguvchi emas”, deganlar (Imom Abu Dovud rivoyati).
Ya’ni Alloh taolo ba’zi narsalar borasida halol yoki harom, degan hukmni bayon qilmagan. Shuning uchun ham ular mubohlik hukmida qolaveradi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.