Sayt test holatida ishlamoqda!
21 Iyul, 2025   |   26 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:30
Quyosh
05:08
Peshin
12:34
Asr
17:38
Shom
19:55
Xufton
21:25
Bismillah
21 Iyul, 2025, 26 Muharram, 1447

Musulmon olimlari dunyoga sovg‘a qilgan ixtirolar:  Dunyo bo‘yicha eng zo‘r kashfiyotlar qilgan muslima ayollar

12.09.2018   4638   9 min.
Musulmon olimlari dunyoga sovg‘a qilgan ixtirolar:  Dunyo bo‘yicha eng zo‘r kashfiyotlar qilgan muslima ayollar

 

Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam har bir mo‘min-musulmon erkak va ayol ilm olish uchun intilishi lozimligi haqida ta’lim bergan edilar. Zamonaviy ilm-fanga musulmon ayollar shunday ajoyib hissa qo‘shdilarki, ularning bu ishlarini “labbayka yo Rasululloh!” deb aytish mumkin. Mana ulardan kashfiyotlari dunyo e’tirofiga sazovor bo‘lganlari:

Suyima G‘aniyeva O‘zbekiston Qahramoni, navoiyshunos olima.

Suyima G‘aniyeva 1932 yil Toshkentda tug‘ilgan. O‘rta Osiyo davlat universiteti (hozirgi O‘zMU)ning Sharq fakultetida ta’lim olgan. 1956 yildan O‘zFA Til va adabiyot institutida, Toshkent Davlat konservatoriyasida, 1993 yildan Toshkent Davlat sharqshunoslik institutida ishlab kelgan. 

Olima adabiyotshunoslik, matnshunoslik va tarjimachilik sohasida yaratilgai 20ta kitob va risolalar, 300dan ortiq maqola va taqrizlar muallifi hisoblanadi.

Suyima G‘aniyeva Alisher Navoiy asarlarini nashrga tayyorlagan. Olima «Majolis un-nafois»ning ilmiy-tanqidiy matnini chop ettirgach, «Navoiy dastxati» kitobini o‘quvchilar hukmiga havola etgan. Alisher Navoiy mukammal asarlar to‘plami (20 tomlik)da u «Majolis un-nafois», «Mahbub ul-qulub», «Munshaot», «Vaqfiya», «Hamsat ul-mutahayyirin», «Holoti Sayyid Hasan Ardasher», «Holoti Pahlavon Muhammad», «Nazm ul-javoxir», «Muhokamat ul-lug‘atayn» kabi asarlarni izoh va tarjimalar bilan nashrga tayyorlangan.

Navoiyning nasriy merosini o‘rganish – Suyima G‘aniyeva ilmiy faoliyatining eng salmoqli, eng namunali qismini tashkil etgan.

1999 yilda Suyima G‘aniyeva «El-yurt xizmati» ordeni, 2008 yilda «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni bilan taqdirlangan. Abu Rayhon Beruniy nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofoti sovrindori, O‘zbekiston qahramoni edi.

Suyima G‘aniyeva 2018 yilning 1 sentyabr kuni vafot etdi. U mumtoz Sharq adabiyoti bo‘yicha dunyoning nufuzli olimalaridan edi.

 Oisha Elsafti, misrlik Elsafti – Kembrij universitetining qashshoq va rivojlanayotgan davlatlarda qo‘llaniladigan simsiz hisoblash tarmoqlari texnologiyasi dasturchisi. “Mening e’tiqodim ushbu ishimga rag‘batlantiradi. Qur’oni karim kishiga o‘zining faoliyati va imon-ishonchi haqida tafakkur yuritish lozimligini uqtiradi. Bunday munosabat har bir olim uchun, jumladan, tushunchalarini matematik va mantiqiy usulda ifoda etadigan informatika sohasi olimlari uchun juda ham muhimdir”, deydi u.

Samina Shoh hindistonlik. U  Nyu Yorkdagi Thomson Reutersning yetakchi ilmiy xodimi. 2009 yilda hindistonlik ayollarning texnika sohasidagi  yutuqlari tanlovida Google mukofotiga sazovor bo‘lgan. U sun’iy aql yaratish ustida tadqiqot olib boradi. «Informatika bilan shug‘ullanish jonu dilim. Bu mening narsa va hodisalar mantig‘ini anglashimga yordam beradi. Chunki bir qarashda tasodifiy bo‘lib tuyulgan ishlarning mohiyati chuqurroq o‘rganilsa, ular bir mukammal tizim asosida yuz berganiga guvoh bo‘lamiz...” deydi olima.

Anushix Ansari eronlik. U o‘smir yoshida AQSHga immigrant bo‘lib borgan, Jorj Mayson universitetini elektronika va hisoblash mashinasi bo‘yicha bitirgan. Ansari 2006 yil kosmosdagi birinchi ayol-sayyoh va kelib chiqishi eronlik bo‘lgan birinchi astronavt bo‘ldi.

Xadija Muxammad Yusuf malayziyalik. Xadija – mikrobiolog. U hozirgi vaqtda  Nyukasla kasalligining terapevtik va diagnostik reagentlari ustida tadqiqot ishlari olib borayotir. O‘lim bilan nihoyasiga yetadigan bu kasallikka dunyodagi tovuqlarning barcha turlari chalingan.

2005 Xadija mikrobiologiya sohasida Karl Finlay mukofoti bilan taqdirlandi. Xadija fan insoniyatga foyda keltirishiga ishonadi.

Amina G‘arib Fakim mavrikiyalik. G‘arib – Mavrikiya prezidentligiga saylangan birinchi ayol. U Surreya universitetini 1983 yil ximiya fani bo‘yicha bitirib  bakalavr bosqichini oldi. 1987 yil Eksetera universitetida organik ximiya bo‘yicha doktorlik ishini yoqlaganidan so‘ng yurtiga qaytadi va Mavrikiya universitetiga ishga joylashadi.

Hozirda u Mavrikiya o‘simliklarining tibbiy va oziqlik xususiyatlarini o‘rganmoqda. “Tadqiqot ishimdan ko‘zlangan maqsad – diareya, dizenteriya va boshqa yuqumli kasalliklarga o‘simliklardan inson organizmi uchun xavfsiz bo‘lgan tabiiy dori-darmonlar yaratish va mavrikiyalik, Hind okeani mintaqasi va Afrika davlatlari bolalariga yordam ko‘rsatishdan iboratdir”, deydi u.

Ismaxon Eluafi marokkolik. U genetika sohasi bo‘yicha Kordova universitetida doktorlik ishini himoya qilgan.  Ismaxon fan ijobiy yutuqlarni qo‘lga kiritish hamda qashshoqlik va kamsitishlarning oldini olish borasidagi qarorlarga asos bo‘lishi kerak deb hisoblaydi.

Ayni choqda u suv yetishmaydigan yerlarda fermerlarga yordam ko‘rsatishga ixtisoslashgan xalqaro biotuz qishloq xo‘jaligi markazining (sho‘r bosgan yerlarda tuzga chidamli daraxtlar va ozuqabop o‘simliklarni yetishtirish texnologiyasi) bosh direktori vazifasida faoliyat yuritmoqda.

Bina Shahin Siddiqiy pokistonlik. Professor Bina Shahin doktorlik unvonini ximiya sohasi bo‘yicha Karachi universitetida olgan. U mahalliy giyohlardan dori olish ustida tadqiqot olib borgan va mamlakat tibbiyoti hamda qishloq xo‘jaligi rivojiga katta hissa qo‘shgan.

Siddiqiy 250 ga yaqin ilmiy maqolalar e’lon qilgan va ko‘plab nufuzli mukofotlar bilan taqdirlangan. Ular sirasida ximiya bo‘yicha al-Xorazmiy mukofoti ham bor.

Turkmani – suriyalik astrofizik, Damashq universitetining elektron injenerlik fakultetini tugatgan. Shundan so‘ng Shvetsiyaga kelgan. Bu yerda atrofizika sohasi bo‘yicha doktorlik ishini himoya qilgan. Turkmani quyosh koronasi fizikasi va hisoblash, kuzatuvlar hamda hisoblash modellari yordamida quyosh yuzasida energiya chiqimining dinamikasini o‘rganadi. “Hayotimni e’tiqodim asosida barpo etganman, insonlarni koinot haqida fikr yuritishga da’vat etgan oyati karimalar haqida ko‘p o‘ylayman.

Yoshligimda أَمَّنْ هُوَ قَانِتٌ آنَاء اللَّيْلِ سَاجِداً وَقَائِماً يَحْذَرُ الْآخِرَةَ وَيَرْجُو رَحْمَةَ رَبِّهِ قُلْ هَلْ يَسْتَوِي الَّذِينَ يَعْلَمُونَ وَالَّذِينَ لَا يَعْلَمُونَ إِنَّمَا يَتَذَكَّرُ أُوْلُوا الْأَلْبَابِ

Yo‘qsa, u kechalari ibodat qilib, sajda etgan, bedor holida oxiratdan qo‘rqib, Rabbi rahmatidan umidvor bo‘lgan odamga tengmi?! Sen: «Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng bo‘larmidi?! deb ayt. Albatta, aql egalarigina eslarlar (Zumar, 9) oyatini o‘qib hayratga tushgan edim. Ilm o‘rganganim sayin e’tiqodim mustahkamlanib bormoqda” deydi suriyalik astrofizik olima.

Hayat al-Sindi – makkalik biotexnolog. Sindi Yaqin Sharq ayollari ichida biotexnologiya sohasida birinchi bo‘lib fan doktorligini qo‘lga kiritgan. Sindi “Hamma uchun tashsix” tashkilotining ta’sischilaridan biri. Bu tashkilot kambag‘al davlatlar uchun bir oz yengilroq tashxis uskunalarini ishlab chiqaradi.

Olima bu loyihaga ko‘plab sarmoyadorlarni jalb etdi. Xususan, Bill Geyts 10 million dollar sarmoya kiritdi. «Men Kembrijda o‘qishni boshlagan kezlarimda bir mashhur olim menga “Sening bu ishlaringdan hech narsa chiqmaydi. Chunki sen ayolsan va din fanga qarshi turadi”, dedi. (undan hayiqqanim uchun qaysi din? deb so‘ray olmadim) Men istardimki, dunyodagi barcha ayollar o‘zlariga ishonsin va maqsadlari yo‘lida sobit qadam bo‘lsin”.

Maryam al-Mansuriy – Birlashgan Arab Amirliklarida ilk bora urush sharoitida F-16 qiruvchi samolyotini boshqargan birinchi uchuvchi ayol. Maryam “Oslom davlati” jangarilariga qarshi kurashuvchi ayollarning simvoliga aylandi va uni “arab lochini” deb sharaflashdilar.  BAA Harbiy havo kuchlari mayori Maryam al-Mansuri oilada sakkiz nafar o‘g‘il-qizning biridir. U maktabni oliy bahoga yakunlab BAA universitetini ham ingliz tili mutaxassisligi bo‘yicha bitirgan.

Maryam Mirzaxoniy eronlik. U – Stenfordskogo universitetida  matematika fani bo‘yicha professorlik unvoniga yoshligida erishgan olimalardan biri sanaladi. Shuningdek, Maryam – matematika sohasi bo‘yicha eng oliy mukofot – Fildsov mukofotini qo‘lga kiritgan birinchi ayoldir.

Ma’lumingizki, Nobel mukofoti matematika fani olimlariga berilmaydi. Shuning uchun Fildsov mukofoti “Matematiklarning Nobel mukofoti” deb ataladi. Mukofot tashkiliy qo‘mitasi Maryamning geometriya va dinamika sistemasiga qo‘shgan qimmatli hissasi uchun uni ushbu oliy mukofotga munosib topdi.

Maryam Matar – Birlashgan Arab Amirliklarida tug‘ilib tibbiyot mutaxassisi bo‘lib yetishgan. Matar vrachlik faoliyatini Fors ko‘rfazi davlatlarida o‘ktir muammolardan biri sanalgan genetik kasalliklarni davolashga bag‘ishlagan. 2005 yil u Daun sindiromiga qarshi kurashish assotsiatsiyasini tashkil etdi. O‘sha yili u BAAdagi qon kasalliklar ustida olib borgan tadqiqotini yakunladi. Dubay vaqtli matbuoti Arabian Business Matarni 2012 yilda “BAAning eng yaxshi davlat xizmatchisi” deb atadi. 2015  yilda esa u “Islom dunyosining ilm-fan sohasidagi eng nufuzli yigirma ayoli”dan biri deb topildi.

Maryam Matar asoschisi  va bosh diretkori bo‘lgan “BAAda daun sindiromiga qarshi kurash” va “BAAda genetik kasalliklarga qarshi kurash” assotsiatsiyalari 17 ta davlatda ushbu kasalliklarga chalingan kishilarga yordam ko‘rsatib kelmoqda. 

Daniya al-Jabariy. 14 yoshli falastinlik qiz Daniya al-Jabariy Singapurda bo‘lib o‘tgan Xalqaro matematika tanlovi g‘olibi. Musobaqada 3000 nafar ishtirokchi qiyoslashga asoslangan hisoblash vositalaridan foydalangan holda miyasida murakkab sonlar hisobini amalga oshirishi shart qilib qo‘yilgan edi. Daniya 8 daqiqada 230 ta murakkab matematik misollarni yechib tanlov g‘olibiga aylandi. 14 yoshli falastinlik qiz o‘zining mamlakatida o‘tkazilgan matematika olimpiadalarida bir necha bor g‘olib bo‘lgan edi, deb yozadi Al-Arabiya axborot agentligi.

Robiya JO‘RAQULOVA tayyorladi.

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

O‘zbekistonda 52 metrli “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” yaratilmoqda

21.07.2025   156   7 min.
O‘zbekistonda 52 metrli “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” yaratilmoqda

Bugun O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” bo‘ylab joylashtiriladigan miniatyuralarning tayyorlanish jarayoni bilan tanishish uchun olimlar, mutaxassislar ishtirokida ommaviy axborot vositalari vakillariga press tur tashkil etildi. 


    Ikkinchi Renessans davri miniatyuralarini o‘z ichiga olgan  “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” uzunligi qariyb 52 metr, bo‘yi bir metrli ganchkor bezak bilan hisoblaganda 5 metrni tashkil etadi.


    Devor bo‘ylab jami 10 dan ortiq miniatyura o‘rin oladi. Devoriy suratning hajmini hisobga olgan holda miniatyuralarni 50 ga yaqin rassomlar ikki oydan buyon tinim bilmay mehnat qilmoqda.


    San’atshunoslik fanlari bo‘yicha falsafa doktori, rassom Behzod Hojimetovning ma’lum qilishicha, devor uchun Hirot Buxoro, Samarqand va qisman hind miniatyura maktablari asosida ishlangan miniatyuralar saralab olingan. 

    “50 ga yaqin miniatyuralar orasida Sheroz, Isfahon, Tabriz miniatyura maktablari uslubida ishlanganlari ham bor edi, ammo o‘zimizning allomalar, tarixiy voqeliklar aks etgan rasmlar tanlab olindi. Bundan tashqari ov, jang kabi manzaralardan voz kechildi. Sababi devoriy suratlar konsepsiyasi birinchi o‘rinda sivilizatsiyalar, shaxslar hamda kashfiyotlar mavzularini o‘z ichiga oladi. Miniatyuralar ham shu mavzulardan chetlab o‘tilmagan holda saralangan. 10 dan ortiq miniatyura chizish ishlarining 80 foizini bajarib bo‘ldik. Muzey devorining balandligi 8 metrni tashkil qilib, uning 3 metrdan yuqori qismiga aynan ushbu miniatyuralar devori joylashtirishi ko‘zda tutilgan. Miniatyuralar hajmini inobatga oladigan bo‘lsak, uni Ginness rekordlar kitobiga ham kiritishimiz mumkin. Kompozitsiyalarimiz yuqori sifatli matoga, sifatli bo‘yoqlar bilan chizildi hamda Italiyadan keltirilgan tilla suvi bilan ishlov berildi. Endilikda ustaxonada ishlangan barcha ishlarni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining qurilishi yakuniga yetgan binosiga olib borib, maxsus yelimlar bilan devorga joylashtirish ishlari qolgan. Miniatyuralarni tanlashda ekspozitsiyada joylashtirilgan faksimellar, eksponatlar va qo‘lyozmalarni takrorlamaslikka e’tibor qaratildi. Shuningdek, bosh g‘oya sifatida kashfiyotlar va sivilizatsiyalar mavzusiga e’tibor berildi.
 
   Miniatyuralarning ayrimlari bizgacha to‘liq yetib kelmagan, ularni devor hajmiga moslashtirib, o‘z uslubidan chiqmagan holda kompozitsiyani to‘liq tikladik. Shuningdek, har bir miniatyuralar orasiga o‘sha davrda ishlatilgan naqshlar bilan hoshiyalar chizildi. Ushbu naqshlarni ikki xil – Buxoro hamda Hirot maktabi uslubida chizdik. Naqshlardan aynan bittasi ilmiy kengash a’zolari tomonidan tanlanib, barcha miniatyuralar orasiga joylashtiriladi” – dedi rassom Behzod Hojimetov. 

    
    Qayd etilishicha, devordagi miniatyuralardan Amir Temurning Movarounnahr hukmdori deb e’lon qilinishi va uning ilm-fan, madaniyat va me’morchilik rivojiga qo‘shgan hissasiga alohida e’tibor qaratiladi. Bu tarixiy jarayonni ifodalashda Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” asarining Londonda, Britaniya kutubxonasida saqlanayotgan nusxasidagi miniatyuralardan foydalanilgan. Devor markazida Amir Temurning toj kiyish marosimi aks etgan “Balx qurultoyi” miniatyurasi joylashtirgan. Asosiy e’tibor Amir Temurning ma’rifatparvar hukmdor sifatidagi siymosini ko‘rsatib berishga qaratiladi. Jumladan, ushbu yirik tasviriy san’at asarida Amir Temur davrida qurilgan imoratlar tasvirlanadi. Shu bilan birga Samarqandda Behzod tomonidan aks ettirilgan Bibixonim masjidining qurilish jarayoni ham alohida ko‘rsatiladi. Mirzo Ulug‘bek va uning jahon ilm-faniga qo‘shgan hissasiga ham alohida e’tibor qaratiladi. Ulug‘bekning hayotligida chizilgan ikkita miniatyura – ulardan biri Nizomiy “Xamsa”sidan olingan miniatyura, ikkinchisi As-Sufiyning “Kitabi sivaril-kavakib as-sabita” kitobidagi Sefey yulduz turkumi suratidir. Mirzo Ulug‘bekning asl qiyofasini tiklashda bu suratlar katta o‘rin tutadi. Shu bois rangtasvir asarida ushbu miniatyuralarni ham aks ettirish nazarda tutiladi. 


    Xurosondagi Temuriylar davri Renessansida Husayn Boyqaro va Alisher Navoiyning hissasi alohida ko‘rsatiladi. Bunda qadimiy miniatyuralar orqali Hirot manzaralari, Navoiy, Husayn Boyqaro, ularning davrasida turgan Abdurahmon Jomiy, Kamoliddin Behzod, Xondamir singari Hirot madaniy muhiti namoyandalari ko‘rsatib beriladi. Shuningdek, Husayn Boyqaroning ilm va madaniyat homiysi sifatidagi rolini ham ko‘rsatib berish maqsad qilingan. Bunda ham turli qo‘lyozmalarda aks etgan ana shunday miniatyuralardan foydalaniladi. 


    Mazkur ekspozitsiyada Bobur va Boburiylar merosiga ham alohida e’tibor qaratiladi. Boburga bag‘ishlangan qismda uning tarixiy qo‘lyozmalardagi miniatyuralaridan keng foydalaniladi. Ayniqsa, Amir Temurning Bobur va va uning avlodlari qurshovida yaratilgan miniatyurasi alohida o‘rin tutadi. 

 

    Shuningdek, Markaziy Osiyoda Temuriylardan so‘ng davlatni uzoq vaqt idora qilgan Shayboniylar va Ashtarxoniylar davridagi ilm-fan, ta’lim va madaniy hayot o‘sha davrda chizilgan tarixiy suratlarda o‘z aksini topadi.


    O‘tkazilgan taqdimotda bir qator tarixchi va san’atshunos olimlar, ishchi guruh a’zolari hamda rassomlar ishtirok etib, “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” yuzasidan o‘z fikr va mulohazalarini bildirib o‘tdi. Ayrim ko‘zga tashlangan kamchiliklarni tuzatish bo‘yicha takliflar berildi.  


   O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy kotibi Rustam Jabborov ham miniatyuralar devorini shakllantirishda rassomlar bilan birgalikda fikr almashib, o‘zining tavsiyalarini bergan.

   “Markazning muzey ekspozitsiyasi ichki kontentini boyitish, markaz devorlarini o‘z davriga xos miniatyura hamda suratlar bilan bezatish yuzasidan qizg‘in jarayon davom etmoqda.  Markazning kengaytirilgan yig‘ilishlari muhokamasida olimlar va mutaxassislar tomonidan aynan “Ikkinchi Renessans davri” bo‘limini miniatyuralardan iborat kompozitsiya bilan boyitish taklifi berilgan edi. Ikkinchi Renessans davri Amir Temur taxtga o‘tirgan paytdan boshlanishini inobatga oladigan bo‘lsak, ushbu devorda aynan shu mavzuga mos miniatyura ham joylashtiriladi. 1450 yilga oid Sharafiddin Ali Yazdiyning «Zafarnoma» asaridagi miniatyura bugungi kunda Britaniya kutubxonasida saqlanadi. Endilikda biz ushbu miniatyurani O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasida ko‘rishimiz mumkin bo‘ladi. 35 yoshli navqiron Amir Temur beklar, sarkardalar, saroy amaldorlari hamda ustozlari qurshovida tasvirlangan surat qo‘sh sahifada chizilgan. Uni rassomlarimiz devor hajmiga moslashtirgan holda yaxlit kompozitsiya sifatida tiklagan. Ushbu miniatyuralarning har birining asosi mavjud. O‘ylashimcha, Markazga tashrif buyuradigan tomoshabin "Ikkinchi Renessans davri" zalida aynan o‘sha paytdagi muhitni his qiladi. Sababi ayni shu davrda miniatyura san’ati taraqqiy etgan. O‘sha davrning eng buyuk rassomlaridan Kamoliddin Behzod, Mahmud Muzahhib singari musavvirlar ijod qilishgan. Devor uchun tanlangan miniatyuralar ham aynan shu musavvirlar hamda ularning shogirdlari tomonidan ishlangan. Bu miniatyuralarda o‘sha paytdagi davlatchilik, xalq hayoti, ijtimoiy himoya, ayollar, yoshlar kabi masalalar aks ettirilgan”, – deydi Rustam Jabborov.


    O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi muzeyida Ikkinchi Renessans davri miniatyuralarini o‘z ichiga olgan  “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” tashrif buyuruvchilar ko‘z o‘ngida tarixni jonlantirsa, ajabmas. 


Islom sivilizatsiyasi markazi Axborot xizmati

O‘zbekistonda 52 metrli “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” yaratilmoqda O‘zbekistonda 52 metrli “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” yaratilmoqda
O'zbekiston yangiliklari