Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam har bir mo‘min-musulmon erkak va ayol ilm olish uchun intilishi lozimligi haqida ta’lim bergan edilar. Zamonaviy ilm-fanga musulmon ayollar shunday ajoyib hissa qo‘shdilarki, ularning bu ishlarini “labbayka yo Rasululloh!” deb aytish mumkin. Mana ulardan kashfiyotlari dunyo e’tirofiga sazovor bo‘lganlari:
Suyima G‘aniyeva – O‘zbekiston Qahramoni, navoiyshunos olima.
Suyima G‘aniyeva 1932 yil Toshkentda tug‘ilgan. O‘rta Osiyo davlat universiteti (hozirgi O‘zMU)ning Sharq fakultetida ta’lim olgan. 1956 yildan O‘zFA Til va adabiyot institutida, Toshkent Davlat konservatoriyasida, 1993 yildan Toshkent Davlat sharqshunoslik institutida ishlab kelgan.
Olima adabiyotshunoslik, matnshunoslik va tarjimachilik sohasida yaratilgai 20ta kitob va risolalar, 300dan ortiq maqola va taqrizlar muallifi hisoblanadi.
Suyima G‘aniyeva Alisher Navoiy asarlarini nashrga tayyorlagan. Olima «Majolis un-nafois»ning ilmiy-tanqidiy matnini chop ettirgach, «Navoiy dastxati» kitobini o‘quvchilar hukmiga havola etgan. Alisher Navoiy mukammal asarlar to‘plami (20 tomlik)da u «Majolis un-nafois», «Mahbub ul-qulub», «Munshaot», «Vaqfiya», «Hamsat ul-mutahayyirin», «Holoti Sayyid Hasan Ardasher», «Holoti Pahlavon Muhammad», «Nazm ul-javoxir», «Muhokamat ul-lug‘atayn» kabi asarlarni izoh va tarjimalar bilan nashrga tayyorlangan.
Navoiyning nasriy merosini o‘rganish – Suyima G‘aniyeva ilmiy faoliyatining eng salmoqli, eng namunali qismini tashkil etgan.
1999 yilda Suyima G‘aniyeva «El-yurt xizmati» ordeni, 2008 yilda «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni bilan taqdirlangan. Abu Rayhon Beruniy nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofoti sovrindori, O‘zbekiston qahramoni edi.
Suyima G‘aniyeva 2018 yilning 1 sentyabr kuni vafot etdi. U mumtoz Sharq adabiyoti bo‘yicha dunyoning nufuzli olimalaridan edi.
Oisha Elsafti, misrlik Elsafti – Kembrij universitetining qashshoq va rivojlanayotgan davlatlarda qo‘llaniladigan simsiz hisoblash tarmoqlari texnologiyasi dasturchisi. “Mening e’tiqodim ushbu ishimga rag‘batlantiradi. Qur’oni karim kishiga o‘zining faoliyati va imon-ishonchi haqida tafakkur yuritish lozimligini uqtiradi. Bunday munosabat har bir olim uchun, jumladan, tushunchalarini matematik va mantiqiy usulda ifoda etadigan informatika sohasi olimlari uchun juda ham muhimdir”, deydi u.
Samina Shoh hindistonlik. U Nyu Yorkdagi Thomson Reutersning yetakchi ilmiy xodimi. 2009 yilda hindistonlik ayollarning texnika sohasidagi yutuqlari tanlovida Google mukofotiga sazovor bo‘lgan. U sun’iy aql yaratish ustida tadqiqot olib boradi. «Informatika bilan shug‘ullanish jonu dilim. Bu mening narsa va hodisalar mantig‘ini anglashimga yordam beradi. Chunki bir qarashda tasodifiy bo‘lib tuyulgan ishlarning mohiyati chuqurroq o‘rganilsa, ular bir mukammal tizim asosida yuz berganiga guvoh bo‘lamiz...” deydi olima.
Anushix Ansari eronlik. U o‘smir yoshida AQSHga immigrant bo‘lib borgan, Jorj Mayson universitetini elektronika va hisoblash mashinasi bo‘yicha bitirgan. Ansari 2006 yil kosmosdagi birinchi ayol-sayyoh va kelib chiqishi eronlik bo‘lgan birinchi astronavt bo‘ldi.
Xadija Muxammad Yusuf malayziyalik. Xadija – mikrobiolog. U hozirgi vaqtda Nyukasla kasalligining terapevtik va diagnostik reagentlari ustida tadqiqot ishlari olib borayotir. O‘lim bilan nihoyasiga yetadigan bu kasallikka dunyodagi tovuqlarning barcha turlari chalingan.
2005 Xadija mikrobiologiya sohasida Karl Finlay mukofoti bilan taqdirlandi. Xadija fan insoniyatga foyda keltirishiga ishonadi.
Amina G‘arib Fakim mavrikiyalik. G‘arib – Mavrikiya prezidentligiga saylangan birinchi ayol. U Surreya universitetini 1983 yil ximiya fani bo‘yicha bitirib bakalavr bosqichini oldi. 1987 yil Eksetera universitetida organik ximiya bo‘yicha doktorlik ishini yoqlaganidan so‘ng yurtiga qaytadi va Mavrikiya universitetiga ishga joylashadi.
Hozirda u Mavrikiya o‘simliklarining tibbiy va oziqlik xususiyatlarini o‘rganmoqda. “Tadqiqot ishimdan ko‘zlangan maqsad – diareya, dizenteriya va boshqa yuqumli kasalliklarga o‘simliklardan inson organizmi uchun xavfsiz bo‘lgan tabiiy dori-darmonlar yaratish va mavrikiyalik, Hind okeani mintaqasi va Afrika davlatlari bolalariga yordam ko‘rsatishdan iboratdir”, deydi u.
Ismaxon Eluafi marokkolik. U genetika sohasi bo‘yicha Kordova universitetida doktorlik ishini himoya qilgan. Ismaxon fan ijobiy yutuqlarni qo‘lga kiritish hamda qashshoqlik va kamsitishlarning oldini olish borasidagi qarorlarga asos bo‘lishi kerak deb hisoblaydi.
Ayni choqda u suv yetishmaydigan yerlarda fermerlarga yordam ko‘rsatishga ixtisoslashgan xalqaro biotuz qishloq xo‘jaligi markazining (sho‘r bosgan yerlarda tuzga chidamli daraxtlar va ozuqabop o‘simliklarni yetishtirish texnologiyasi) bosh direktori vazifasida faoliyat yuritmoqda.
Bina Shahin Siddiqiy pokistonlik. Professor Bina Shahin doktorlik unvonini ximiya sohasi bo‘yicha Karachi universitetida olgan. U mahalliy giyohlardan dori olish ustida tadqiqot olib borgan va mamlakat tibbiyoti hamda qishloq xo‘jaligi rivojiga katta hissa qo‘shgan.
Siddiqiy 250 ga yaqin ilmiy maqolalar e’lon qilgan va ko‘plab nufuzli mukofotlar bilan taqdirlangan. Ular sirasida ximiya bo‘yicha al-Xorazmiy mukofoti ham bor.
Turkmani – suriyalik astrofizik, Damashq universitetining elektron injenerlik fakultetini tugatgan. Shundan so‘ng Shvetsiyaga kelgan. Bu yerda atrofizika sohasi bo‘yicha doktorlik ishini himoya qilgan. Turkmani quyosh koronasi fizikasi va hisoblash, kuzatuvlar hamda hisoblash modellari yordamida quyosh yuzasida energiya chiqimining dinamikasini o‘rganadi. “Hayotimni e’tiqodim asosida barpo etganman, insonlarni koinot haqida fikr yuritishga da’vat etgan oyati karimalar haqida ko‘p o‘ylayman.
Yoshligimda أَمَّنْ هُوَ قَانِتٌ آنَاء اللَّيْلِ سَاجِداً وَقَائِماً يَحْذَرُ الْآخِرَةَ وَيَرْجُو رَحْمَةَ رَبِّهِ قُلْ هَلْ يَسْتَوِي الَّذِينَ يَعْلَمُونَ وَالَّذِينَ لَا يَعْلَمُونَ إِنَّمَا يَتَذَكَّرُ أُوْلُوا الْأَلْبَابِ
“Yo‘qsa, u kechalari ibodat qilib, sajda etgan, bedor holida oxiratdan qo‘rqib, Rabbi rahmatidan umidvor bo‘lgan odamga tengmi?! Sen: «Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng bo‘larmidi?!” deb ayt. Albatta, aql egalarigina eslarlar” (Zumar, 9) oyatini o‘qib hayratga tushgan edim. Ilm o‘rganganim sayin e’tiqodim mustahkamlanib bormoqda” deydi suriyalik astrofizik olima.
Hayat al-Sindi – makkalik biotexnolog. Sindi Yaqin Sharq ayollari ichida biotexnologiya sohasida birinchi bo‘lib fan doktorligini qo‘lga kiritgan. Sindi “Hamma uchun tashsix” tashkilotining ta’sischilaridan biri. Bu tashkilot kambag‘al davlatlar uchun bir oz yengilroq tashxis uskunalarini ishlab chiqaradi.
Olima bu loyihaga ko‘plab sarmoyadorlarni jalb etdi. Xususan, Bill Geyts 10 million dollar sarmoya kiritdi. «Men Kembrijda o‘qishni boshlagan kezlarimda bir mashhur olim menga “Sening bu ishlaringdan hech narsa chiqmaydi. Chunki sen ayolsan va din fanga qarshi turadi”, dedi. (undan hayiqqanim uchun qaysi din? deb so‘ray olmadim) Men istardimki, dunyodagi barcha ayollar o‘zlariga ishonsin va maqsadlari yo‘lida sobit qadam bo‘lsin”.
Maryam al-Mansuriy – Birlashgan Arab Amirliklarida ilk bora urush sharoitida F-16 qiruvchi samolyotini boshqargan birinchi uchuvchi ayol. Maryam “Oslom davlati” jangarilariga qarshi kurashuvchi ayollarning simvoliga aylandi va uni “arab lochini” deb sharaflashdilar. BAA Harbiy havo kuchlari mayori Maryam al-Mansuri oilada sakkiz nafar o‘g‘il-qizning biridir. U maktabni oliy bahoga yakunlab BAA universitetini ham ingliz tili mutaxassisligi bo‘yicha bitirgan.
Maryam Mirzaxoniy eronlik. U – Stenfordskogo universitetida matematika fani bo‘yicha professorlik unvoniga yoshligida erishgan olimalardan biri sanaladi. Shuningdek, Maryam – matematika sohasi bo‘yicha eng oliy mukofot – Fildsov mukofotini qo‘lga kiritgan birinchi ayoldir.
Ma’lumingizki, Nobel mukofoti matematika fani olimlariga berilmaydi. Shuning uchun Fildsov mukofoti “Matematiklarning Nobel mukofoti” deb ataladi. Mukofot tashkiliy qo‘mitasi Maryamning geometriya va dinamika sistemasiga qo‘shgan qimmatli hissasi uchun uni ushbu oliy mukofotga munosib topdi.
Maryam Matar – Birlashgan Arab Amirliklarida tug‘ilib tibbiyot mutaxassisi bo‘lib yetishgan. Matar vrachlik faoliyatini Fors ko‘rfazi davlatlarida o‘ktir muammolardan biri sanalgan genetik kasalliklarni davolashga bag‘ishlagan. 2005 yil u Daun sindiromiga qarshi kurashish assotsiatsiyasini tashkil etdi. O‘sha yili u BAAdagi qon kasalliklar ustida olib borgan tadqiqotini yakunladi. Dubay vaqtli matbuoti Arabian Business Matarni 2012 yilda “BAAning eng yaxshi davlat xizmatchisi” deb atadi. 2015 yilda esa u “Islom dunyosining ilm-fan sohasidagi eng nufuzli yigirma ayoli”dan biri deb topildi.
Maryam Matar asoschisi va bosh diretkori bo‘lgan “BAAda daun sindiromiga qarshi kurash” va “BAAda genetik kasalliklarga qarshi kurash” assotsiatsiyalari 17 ta davlatda ushbu kasalliklarga chalingan kishilarga yordam ko‘rsatib kelmoqda.
Daniya al-Jabariy. 14 yoshli falastinlik qiz Daniya al-Jabariy Singapurda bo‘lib o‘tgan Xalqaro matematika tanlovi g‘olibi. Musobaqada 3000 nafar ishtirokchi qiyoslashga asoslangan hisoblash vositalaridan foydalangan holda miyasida murakkab sonlar hisobini amalga oshirishi shart qilib qo‘yilgan edi. Daniya 8 daqiqada 230 ta murakkab matematik misollarni yechib tanlov g‘olibiga aylandi. 14 yoshli falastinlik qiz o‘zining mamlakatida o‘tkazilgan matematika olimpiadalarida bir necha bor g‘olib bo‘lgan edi, deb yozadi Al-Arabiya axborot agentligi.
Robiya JO‘RAQULOVA tayyorladi.
Insonlarning o’lchov va ko’nikmalariga qaralsa, Iso alayhissalomning tug’ilishlari ham, osmonga ko’tarilishlari ham odamlarni hayratga soluvchi, g’ayritabiiy hodisa hisoblanadi.
Iso alayhissalom ko’r bo’lib tug’ilganlarni va peslarni davolar, o’likni Allohning izni ila tiriltirar, loydan qushning shaklini yasab puflasalar Allohning izni ila haqiqiy qushga aylanar edi.
Odamlar esa u zotni yolg’onchiga chiqardi. Payg’ambarliklarini tan olishmadi. Imkon qadar u zotni yo’q qilib yuborishga harakat qildilar. Bu haqidagi qissa esa, hammaga mashhurdir.
Ular Iso alayhissalomni o’ldirganliklarini da’vo qildilar. Lekin bu quruq da’vo xolos, haqiqatni esa Quroni Karim bayon qiladi. Niso surasining 157-oyatida:
وَقَوۡلِهِمۡ إِنَّا قَتَلۡنَا ٱلۡمَسِيحَ عِيسَى ٱبۡنَ مَرۡيَمَ رَسُولَ ٱللَّهِ وَمَا قَتَلُوهُ
“Biz Allohning Rasuli Masih Iyso ibn Maryamni o’ldirdik”, deganlari uchun ularni la’natladik. Holbuki uni o’ldirmadilar ham, osmadilar ham, lekin ularga shunday tuyuldi.
Oyatning kelasi qismiga asosiy e’tiborimizni qaratishimiz kerak bo’ladi:
وَإِنَّ ٱلَّذِينَ ٱخۡتَلَفُواْ فِيهِ لَفِي شَكّٖ مِّنۡهُۚ مَا لَهُم بِهِۦ مِنۡ عِلۡمٍ إِلَّا ٱتِّبَاعَ ٱلظَّنِّۚ وَمَا قَتَلُوهُ يَقِينَۢا
“U haqida ixtilofga tushganlar uning o’limi haqida shak-shubhadadirlar. U to’g’risida ularning bilimlari yo’q, magar gumonga ergasharlar. Uni o’ldirmaganlari aniqdir”.
لَقَدۡ كَفَرَ ٱلَّذِينَ قَالُوٓاْ إِنَّ ٱللَّهَ هُوَ ٱلۡمَسِيحُ ٱبۡنُ مَرۡيَمَۖ ُ
“Alloh, albatta, Masih ibn Maryamdir deganlar kofir bo’ldi” (Moida,72).
Iso alayhissalom nasorolarga, men Xudoman menga ibodat qiling demaganlar.
لَّقَدۡ كَفَرَ ٱلَّذِينَ قَالُوٓاْ إِنَّ ٱللَّهَ ثَالِثُ ثَلَٰثَةٖۘ
“Alloh uchtaning uchinchisidir, deganlar batahqiq kofir bo’ldilar” (Moida,73).
Ular Allohning tabiati bir-biriga teng uchta ko’rinishdan – Ota xudo, o’g’il xudo va Muqaddas ruhdan iborat deyishdi.
Alloh taolo bularga javob o’laroq, suraning davomida :
مَّا ٱلۡمَسِيحُ ٱبۡنُ مَرۡيَمَ إِلَّا رَسُولٞ
“Masih ibn Maryam bir rasul xolos undan oldin ham rasullar o’tgan” (Moida, 75) dedi.
Endi Iso alayhissalomning osmonga ko’tarilganlari va qayta tushishlarini inkor qiluvchilarning bir necha da’volarini ko’rib chiqamiz.
Alloh taolo Quroni karimda Iso alayhissalomning vafot etganini zikr qildi.
O’shanda Alloh aytdi:
إِذۡ قَالَ ٱللَّهُ يَٰعِيسَىٰٓ إِنِّي مُتَوَفِّيكَ وَرَافِعُكَ إِلَيَّ
“Ey Iso, Men seni vafot qildiruvchi va O‘zimga ko‘taruvchiman” (Oli Imron, 55).
Va yana Iso alayhissalomdan hikoya qilib:
وَكُنتُ عَلَيۡهِمۡ شَهِيدٗا مَّا دُمۡتُ فِيهِمۡۖ فَلَمَّا تَوَفَّيۡتَنِي كُنتَ أَنتَ ٱلرَّقِيبَ عَلَيۡهِمۡۚ وَأَنتَ عَلَىٰ كُلِّ شَيۡءٖ شَهِيدٌ
“Va modomiki oralarida ekanman, ularga guvoh bo‘ldim. Meni O‘zingga olganingdan so‘ng, Sening O‘zing ularga kuzatuvchi bo‘lding. Zotan, Sen har bir narsaga guvohsan” (Moida,117).
Bu yerda توفى – o’lim ma’nosida keladi deydilar .
Kavsariy aytadi: توفى ning asil ma’nosi قبض va أخذ ya’ni qo’lga olish va egallab olish ma’nosidadir. Majozan o’lim ma’nosida ishlatiladi. Zamaxshariyning “Asasul balog’at” kitobida kelgani kabi. Oyatning ma’nosi “seni yerdan oluvchiman va osmonga ko’taruvchiman”.
An’om surasining 60-oyatida توفى kalimasining boshqa ma’noda kelishini ham ko’rishimiz mumkin:
وَهُوَ ٱلَّذِي يَتَوَفَّىٰكُم بِٱلَّيۡلِ وَيَعۡلَمُ مَا جَرَحۡتُم بِٱلنَّهَارِ
“U Zot sizlarni tunda vafot ettiruvchi va kunduzi qilgan amallaringizni biluvchi Zotdir”.
Bu yerda ham ulamolar توفى ning ma’nosi “uxlatib qo’yish” deb tafsir qilganlar.
Ibni Qutayba: Oyatning ma’nosi “seni yerdan vafot ettirmasdan qabz qilib oldim” degani. Bu ma’no boshqa oyat va xabarlar bilan o’zaro mos keladi.
Iso alayhissalomning tirik holatda uzoq muddat qolishi Allohning sunnatiga to’g’ri kelmaydi, deguvchilar bor.
Qiyomatning katta alomatlari odatga xilof ishlardan bo’ladi. Misol uchun quyoshning mag’ribdan chiqishiga o’xshash. Shuningdek Iso alayhissalomning tirikliklari va tushishlari ham shunga misol bo’ladi. Iso alayhissalomning tug’ilishlari ham odatdan tashqari ish bo’lgan va u zotning tirikliklariga ham ajablanilmaydi.
Iso alayhissalom haqida hadislar ohod hadislardir, sahih emas deb davo qiladilar.
Bu hadislar sahihdir. Imom Buxoriy va Muslim bu hadislarning bir guruhini sahihlarida rivoyat qilishgan.
Iso alayhissalomning oxirgi zamonda tushishlari nubuvvatning tugagani haqidagi muhkam oyatlarga ziddir, degan navbatdagi da’voni qiladilar.
U Zot alayhissalom musulmonlardan biri bo’lib tushadilar. Sayyidimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga ergashadilar va Islom shariati bilan hukm qiladilar. Nabiiy yoki rosul sifatida kelmaydilar va bu nubuvvatning tugaganini inkor qilmaydi.
Bu haqida Sirojiddin Osh’iy “ Bad’ul a’moliy” asarlarida quyidagini aytadilar:
وَعِيسَى سَوفَيَ ْتِثُّي َتْوِيي
لِدَجَّالٍ شَقِي ٍذِي خَبَال
“Albat, Iso alayhissalom kelajakda kelar,
So’ng, badbaxt dajjol tomon yo’l olar”.
Ahli sunna val jamoa mazhabi o’ta ishonchli manbalar asosida Iso alayhissalom o’lganlari yo’q, Alloh u zotni O’ziga ko’tarib olgan, qiyomat qoim bo’lishidan oldin qaytib tushadilar, deb e’tiqod qiladi.
Lekin, Alloh u zotni qanday qilib o’ziga ko’tardi – O’zidan boshqa hech kim bilmaydi. Bu masala ochiq bo’lib, bandalarning daxli bo’lmagan, g’ayb masalariga kiradi.
Sohiba Rahmonova,
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom instituti talabasi.
Foydalanilgan adabiyotlar: