Sayt test holatida ishlamoqda!
08 Avgust, 2025   |   14 Safar, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:55
Quyosh
05:25
Peshin
12:34
Asr
17:27
Shom
19:36
Xufton
20:59
Bismillah
08 Avgust, 2025, 14 Safar, 1447

Bolaga hasad qilmaslikni o‘rgating!

12.09.2018   3100   6 min.
Bolaga hasad qilmaslikni o‘rgating!

Har bir mo‘min kishi kim bo‘lishidan qat’iy nazar dunyo hayotida ichki va tashqi dunyosini isloh etishi va uni turli qalb illat va zararli ofatlaridan ehtiyot qilishi kerak bo‘ladi. Kishi qalbi va ichki qiyofasini qanchalik go‘zal va pok qilsa uning tashqi manzarasi ham shunchalik go‘zal va solih bo‘ladi. Buni  Payg‘ambarimiz quyidagi hadisi shariflarida chiroyli bayon qilib berganlar: “Ogoh bo‘linglar! Inson jasadida bir parcha go‘sht porasi bor, agar  u solih bo‘lsa barcha jasad solih bo‘ladi, agar u buzilsa jasadni hammasi ham buziladi, ogoh bo‘linglar! U qalbdir” (Buxoriy rivoyati).

Juda ko‘plab oyati karima va hadisi shariflar hasaddan saqlanishimizga chorlaydi va uning eng yomon ijtimoiy illatlardan biri ekanligini ta’kidlaydi. Payg‘ambarimiz alayhissalom “bir-birlaringizga hasad qilmanglar”, “hasaddan saqlaningizlar”, deb o‘z vaqtida ogohlantirganlar. Alloh taolo insonni o‘zi unga bergan ulug‘ ne’matlariga hasad qilgan iblis qiyomat kuniga qadar Uning rahmatidan mahrum bo‘lib, dargohidan abadiy  haydaldi.

Odam alayhissalomning ikki o‘g‘lidan biri o‘z akasiga dushmanlik va hasad ko‘zi bilan qarab, uni halok qildi. Demak, hasad qiluvchi Alloh taolo barcha odamlarga bergan ne’matlariga Uning taqsimotiga, hikmatiga dushmandir. Agar Alloh taolo bir kishiga mol-dunyo, farzand, sihat-salomatlik ne’matini bergan bo‘lsa hasadchining qalbi g‘azabdan o‘rtanadi, uni ko‘ra olmaydi. Qanday bo‘lmasin undan bu ne’matlar zavol topishini istaydi va oromi buziladi. Hasadchi hech qachon Alloh taoloning taqdiri va tadbiru irodasidan rozi bo‘lmaydi.

Ha, hasadchi o‘zini hasadiga g‘arq bo‘lib, Alloh taoloning ne’matlariga hech shukr qilmaydi. Uning qazoyi qadarini aslo e’tirof etmaydi. U hasad balosiga giriftor bo‘lib toat-ibodatdan uzoqlashadi, gunoh-ma’siyatga botadi. Hasad natijasida u o‘ziga qanchalik zarar qilgan bo‘lsa, jamiyatga undan-da ko‘proq zarar va yomonlik keltiradi. Hasadchi jamiyat a’zolari o‘rtasida nafrat, yomon ko‘rishlikni tarqatadi, oilalar o‘rtasida dushmanlik ruhini vujudga keltiradi, odamlar orasi buzilishiga olib keladi. Bundan bo‘ladigan zarar va ofatlarning sanog‘i va chegarasi yo‘q.

Imom Abu Lays Samarqandiy aytadi: «Hasaddan zararliroq narsa yo‘q. Hasad qiluvchi kishiga beshta azobni olib keladi. Bu beshta azob hasad qilingan kishiga yetmasdan, hasad qiluvchi kishiga yetadi»: 1. G‘am uzilmaydi; 2. Musibat yetadi, unga ajr kelmaydi; 3. Yomonlikni olib keladi. U bilan maqtanilmaydi; 4. Alloh taolo unga g‘azab qiladi; 5. Unga tavfiq eshiklari yopiladi».

Ahnaf ibn Qaysdan rivoyat qilinadi: «Hasad qiluvchilar uchun rohat yo‘qdir. Baxillarda vafo yo‘q, chidamsiz kishilardan do‘st yo‘qdir. Yolg‘onchilarda mardlik yo‘qdir. Xiyonatchida fikr yo‘q, yomon xulqli kishida  rahbarlik yo‘q».

Hakimlardan biri: «Hasadchidek  mazlumga o‘xshagan zolimni ko‘rmadim», degan ekan.

 Hasan Basriy aytadi: «Ey odam farzandi! Nima uchun birodaringizga hasad qilasiz. Agar uni hurmatlash uchun Alloh o‘z faziladan bergan bo‘lsa, nima uchun Alloh hurmat qilgan kishiga hasad qilasiz? Endi bundan boshqa narsada bo‘lsa, uning borajak joyi do‘zax bo‘lganidan hasad qilmog‘ingiz ham yaxshi emasdir».

Abu Lays Samarqandiy aytadi: «Uch kishining duolari qabul bo‘lmaydi: 1. Harom rizq yeguvchi; 2. Ko‘p g‘iybat qiluvchi; 3. Qalbida musulmonlarga adovati va hasadi bo‘lgan kishilar».

Rivoyat qilinadi: «Payg‘ambar alayhissalom aytdilar: «Hasadni (kuchli havasni) ikki toifa kishiga qilsa bo‘ladi: bir kishiga Alloh taolo Qur’onni bergan bo‘lsa, u Qur’onni  kecha-yu kunduz o‘qib turgan bo‘lsa va yana bir kishiga Alloh taolo dunyo bergan bo‘lsa, u dunyodan kecha-yu kunduz yashirin holda infoq qilib turgan bo‘lsa».

Kitoblarda aytiladi: «Hasad qiluvchi majlislarda yomonlangan, xorlangan holatda bo‘ladi, maloikalar la’nat va g‘azab qiladi. Xilvatda qo‘rqinch va g‘amda bo‘ladi. Joni olinayotganda   qattiqlik va qo‘rqitilgan holatda bo‘ladi. Mahshargohda sharmanda holatda bo‘ladi. Do‘zaxda issiq va yongan holatda bo‘ladi».

Makorimul axloq peshvosi va namunasi Payg‘ambarimiz alayhissalom o‘z vaqtida hasad illati jamiyat va uning a’zolari o‘rtasida naqadar  xavfli hatto imon nuriga ham zarar  yetkazish mumkinligi haqida ogohlantirib bunday deganlar: «Bir bandada imon va hasad aslo birga bo‘lmaydi».

Boshqa bir hadisi sharifda shunday rivoyat qilingan: «Insonlar bir-birlariga hasad qilishmasa edi yaxshilik uzra bardavom bo‘ladilar».

Bolaga va’dasiga vafoli bo‘lishni o‘rgating! Dinimizning barhayot ta’limotlarida mo‘min-musulmonlar hayotidagi eng fazilatli va go‘zal hulqlaridan biri – va’daga vafo qilishga alohida e’tibor berilgan Alloh taolo Qur’oni karimda Ismoil alayhissalomning bergan va’dalarida qanchalik qat’iy turganini sharh etib, shunday deydi: «(Ey, Muhammad!) Kitobda Ismoil (qissasini) yod eting! Darhaqiqat, u va’dasida sodiq turuvchi nabiy va rasul edi» (Maryam, 54).

Mufassirlarning aytishlaricha Ismoil alayhissalom biron  narsa haqida va’da bersalar, albatta uni o‘z vaqtida bajargan ekanlar. Rivoyatlarda kelishicha, u zot bir kishiga ma’lum bir joyda uchrashamiz deb va’dalashgan ekanlar va Ismoil alayhissalom kelishilgan joyga kelib, va’dalashgan insonni uch kun mobaynida kutgan ekanlar. Va’daga vafo qilish va o‘zaro shartlashgan ahdlarni bajarish oliy hulqlardan ekanligini quyidagi oyati karimada ravshan bayon qilingan: «Ey, imon keltirganlar! Bitimlar (ahdlar)ga vafo qilingiz...!» (Moida, 1).

Darhaqiqat, doimo va’daga vafo qilish, omonatga xiyonat qilmaslik barcha payg‘ambarlarning go‘zal odob-ahloqlari  va shiori  bo‘lgan va insonlar ham shunga chaqirilgan. Hadisi sharifda: «Omonat bergan kishiga omonatini qaytaring! Sizga xiyonat qilgan kishiga siz xiyonat qilmang!» deyilgan.

Payg‘ambarimiz marhamat qilib shunday deganlar: «Qaysi bir odamda to‘rt alomat topilsa, u haqiqiy munofiq bo‘ladi. Kimda shu to‘rt alomatlardan biri bo‘lsa, uni tark etmaguncha, unda munofiqlikning bir belgisi bo‘ladi. Bu to‘rt alomat quyidagilar: Omonatga xiyonat qiladi, gapirsa yolg‘on so‘zlaydi, biron kishiga ahd bersa ahdiga vafo qilmaydi. Haq talashsa janjal qiladi».

Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:  Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom shunday marhamat qiladilar: «Omonatsiz kishining imoni yo‘q va ahdiga vafosizning dini yo‘q». Bu bilan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam aytmoqchilarki, imon ham mo‘min kishiga berilgan bir omonatdir.

 

Muslim ATAYEV,

Fatvo bo‘limi xodimi

O‘MI Matbuot xizmati

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

“114 Qur’on” kitob-albomi loyihasi tayyorlash jarayoni yakuniga yetmoqda

08.08.2025   1592   2 min.
“114 Qur’on” kitob-albomi loyihasi tayyorlash jarayoni yakuniga yetmoqda

 Nur tarqatuvchi sahifalar: Islom markazida noyob qo‘lyozmalar jamlanmoqda

 

Turkiy dunyodan Movarounnahrgacha bo‘lgan Qur’onlar 


    O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi ekspozitsiyasining Qur’on zali bo‘limida yuksak ilmiy va ma’naviy ahamiyatga ega “114 Qur’on” loyihasi amalga oshirilmoqda. Loyihaning asosiy maqsadi — dunyo muzeylari va arxivlarida saqlanayotgan, O‘zbekiston tarixiy merosiga aloqador Qur’on qo‘lyozmalarini saralab olib, ularni keng jamoatchilikka taqdim etishdir.


    Yaqinda Markazda bo‘lib o‘tgan ilmiy kengash yig‘ilishida Istanbul universiteti professori Emek Ushenmez ushbu loyiha bo‘yicha keng qamrovli taqdimot o‘tkazdi. U o‘z ma’ruzasida tayyorlanayotgan albom haqida atroflicha ma’lumot berib o‘tdi.



 

    Albom “Kirish” qismi va to‘rt asosiy bo‘limdan tashkil topib, VII asrdan XX asrgacha bo‘lgan davrda yaratilgan Qur’on qo‘lyozmalarini qamrab oladi. Bu asarlar orasida Usmon mus'hafi, Katta Langar Qur’oni, Moviy Qur’on kabi jahon miqyosida tan olingan nusxalar bilan bir qatorda, Somoniylar, G‘aznaviylar, Temuriylar va boshqa sulolalarga tegishli nodir sahifalar ham o‘rin olgan.

 

    Albomda har bir qo‘lyozmaning tilla suvi bilan bezatilgan ikki sahifasi faksimile shaklida taqdim etiladi. Bu sahifalar orqali Qur’oni karimning to‘liq vizual manzarasini yaratish ko‘zda tutilgan. Hozirda 103 ta qo‘lyozma sahifalanib, albomning 90 foizi tayyor holga keltirilgan. Qolgan 11 ta qo‘lyozma yaqin kunlarda to‘liq yakunlanishi kutilmoqda.

 

    Ayni paytda, albomda Amir Temur nabirasi Muhammad Sultonning qizi Shodmulk xotun tomonidan 1467 yilda ko‘chirilgan Qur’on nusxasi hamda Qo‘qon xoni Amir Umarxon tomonidan Usmoniylar sultoni Mahmud II ga tuhfa etilgan nusxa ham o‘rin olishi rejalashtirilgan. Shuningdek, 1318 yilda Oltin O‘rda xoni O‘zbekxonga bag‘ishlab tilla varaqda yozilgan, 700 yillik tarixga ega Qur’on sahifalari ham loyihaning eng muhim qismlaridan biri sifatida taqdim etilishi ta’kidlandi.

 

    Yig‘ilishda ekspozitsiya uchun mo‘ljallangan Qur’on nusxalari davriy asosda joylashtirilishi ma’lum qilindi. 

 

    Albomning umumiy hajmi 500 sahifaga yaqin bo‘lib, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining Qur’on zali bo‘limida ushbu meros dunyo tamadduni tarixi va ma’naviy ulkan boyligini jonli tarzda namoyon etadi.

 

    Shuningdek, yig‘ilishda mazkur loyihaning muqova dizayni ham taqdim etildi. Ushbu muqova o‘zining shakli, bezagi va estetik yechimi bilan Ka’baning tashqi ko‘rinishini eslatishi qayd etildi. Kengash a’zolari bu taklifni ma’qullashdi.

O'zbekiston yangiliklari