Ikki do‘st yo‘lda uchrashib qoldi. Bir-birini anchadan beri ko‘rmaganliklari bois uzoq suhbat qurdilar. Shunda ulardan biri do‘stiga:
- Qaniydi ko‘p boyligim bo‘lsa! Ochlarga taom, yolg‘izlarga mador, nochorlarga shifo bo‘lardim! Lekin afsus, Xudo boylik bermadi-da! Qo‘limda kosiblik hunari-yu, qari onamdan boshqa hech narsam yo‘q! Ba’zan, onamning qaysarliklaridan charchab ketaman! – dedi nolib.
Bu gaplarni diqqat bilan tinglagan ikkinchi do‘st, armonda qolgan birodariga bunday dedi:
- Yuqorida aytgan ishlarni amalga oshirishingga ishonmayman! Bir o‘ylab ko‘r, Alloh taolo senga sog‘lik, halol kasb, boshingga ona ato qildi! Aslida, eng katta boylik shular emasmi? Sen esa shuncha boyliging bo‘la turib, bitta-yu bitta onangga xizmat qilishdan noliyapsan. Agar puling bo‘lganida begonalarga yaxshilik qilarmiding?! Allohdan yana davlat so‘raguncha, borining shukrini ado etmaysanmi ?!
Noligan yigit bu gaplarga biror narsa deya olmay, o‘ylangancha qoldi.
Sherzod HAYDARBЕKOV
Cavol: Kollejda o‘qib yurgan vaqtlarimda ba’zan avtobusdan yo‘lkirani bermasdan tushib ketardim. Bu ishning og‘ir gunoh ekanini anglab yetdim. Buni qanday to‘g‘rilasam bo‘ladi? Taxminiy hisoblab, sadaqa qilsam bo‘ladimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Siz bu ishingiz uchun avvalo istig‘for aytib, tavba qilasiz. To‘lamagan yo‘lkiralaringizni taxminiy hisoblaysiz hamda o‘zingiz foydalangan avtobuslar boshqarmasidan yo‘lkiralar to‘lanadigan hisob raqamlari bo‘lsa, qarzlaringizni shunga o‘tkazib qo‘yasiz va shu bilan zimmangizdagi yukdan qutilasiz, inshaalloh. Agar ularda bunday imkoniyat bo‘lmasa, sadaqa qilib yuborasiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.