Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Yanvar, 2025   |   10 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:48
Peshin
12:36
Asr
15:32
Shom
17:16
Xufton
18:35
Bismillah
10 Yanvar, 2025, 10 Rajab, 1446

Pekin islom uyushmasi raisi o‘rinbosari Lyu Ketsze boshchiligidagi delegatsiyaning Diniy idoraga tashrifi to‘g‘risida ma’lumot

6.09.2018   2868   4 min.
Pekin islom uyushmasi raisi o‘rinbosari  Lyu Ketsze boshchiligidagi delegatsiyaning  Diniy idoraga tashrifi to‘g‘risida ma’lumot

2018 yilning 5 sentyabr kuni Pekin islom uyushmasi raisi o‘rinbosari Lyu Ketsze boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekiston musulmonlari idorasiga tashrif buyurdi. Mehmonlarni Diniy idora raisi, muftiy U.Alimov boshchiligidagi bir guruh mutasaddilar kutib olib, o‘zaro hamkorlik qilish borasida fikr-mulohazalar almashdilar.

Muftiy Usmonxon Alimov hazratlari mehmonlarni tashrif bilan qutlab, muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan diniy-ma’rifiy sohani rivojlantirish va Islom ma’rifatini keng yoyish borasida qilinayotgan ishlar haqida gapirib berdi. Shuningdek, Diniy idora faoliyati, diniy ta’lim muassasalari, Imom Buxoriy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, joylardagi kalom, hadis, fiqh, aqida, tasavvuf ilmiy maktablari faoliyati haqida so‘zlab berdi.

Pekin islom uyushmasi raisi o‘rinbosari Lyu Ketsze samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, delegatsiya tarkibi bilan tanishtirdi.

  • Lyu Ketsze – Pekin islom uyushmasi raisi o‘rinbosari;
  • Van Chun Gen – Pekin islom uyushmasi raisi o‘rinbosari;
  • Yan Guanszyun – Pekin islom uyushmasi raisi o‘rinbosari;
  • Dan Szifen – Musulmonlarni dafn marosimlarini o‘tkazish bo‘yicha Pekin boshqaruv bo‘limi direktori;
  • Ma Shi You – Din ishlari bo‘yicha kanselariya mudiri;
  • Van Szin – Pekin islom uyushmasi raisi o‘rinbosari;
  • Lyu Yin Si – Pekin islom uyushmasining Bosh kotibi;
  • Sha Li – Pekin islom uyushmasi raisi o‘rinbosari;

 

– Avvalo barchangizga Pekin islom uyushmasi delegatsiyasini O‘zbekistonga taklif qilib, amaliy yordam berganingiz uchun minnatdorchilik bildiramiz.

Biz Sizlardan Davlat va Din munosabatlaringizdagi tajribangizni o‘rganmoqchimiz. Pekinda 300 mingdan ortq musulmon yashaydi. Bu musulmonlar 10 xil mayda millatlarga bo‘lingan.

Xitoyda 156 xil millat istiqomat qiladi. Bulardan 10 tasi musulmon bo‘lib, 20 million inson islom diniga e’tiqod qiladi.

Pekinda 70 ta masjid va 150 ta imom bor.

Pekin islom uyushmasi asotsiatsiyasining joylarda 10 ta filiali mavjud. Ushbu uyushma musulmonlarga ko‘maklashib, davlatga diniy masalalarda yordam berib keladi.

Pekin islom uyushmasiinig bir necha bo‘limlari mavjud. Ular: Xalqaro aloqalar bo‘limi, Madaniy ishlar bo‘yicha bo‘lim, Ta’lim va xayriya bo‘limlari.

Pekin islom uyushmasi nazorati ostida Qur’oni Karim tilovti musobaqalari o‘tkazilib kelinadi.

Xitoydan yiliga 14 ming nafar musulmon haj safariga boradi. Haj ishlarini tashkil qilishda Xitoy islom uyushmasining alohida o‘rni mavjud.

Pekin islom uyushmasining xayriya bo‘limi musulmon va nomusulmon insonlarga moddiy yordam berish bilan shug‘ullanadi.

Ma’lumki, O‘zbekiston va Xitoy xalqlari azaldan ijtimoiy-madaniy, savdo-sotiq masalalarida hamkorlik qilib kelishgan. Buyuk ipak yo‘li orqali ikki mamlakat o‘rtasida amalga oshirilgan ijobiy aloqalar asrlar osha bizni bog‘lab kelmoqda. Hozirda davlatlarimiz o‘rtasidagi aloqalarni rivojlanib borayotgani – bizni yanada yaqinlashtirmoqda.

U o‘z so‘zida davom etib, “O‘zbekistondagi Islom bilan bog‘liq vaziyatlarni o‘rganib, bu boradagi vasatiylik (o‘rta yo‘l)ni targ‘ib qilishdagi o‘zimizga tajriba olmoqchimiz. O‘zbekistonda boshqa din vakillari ham mavjud. Bunda ahil inoq, diniy bag‘rikenglikni qanday yo‘lga qo‘ygansizlar?”, deb savol berdi.

Muftiy Usmonxon Alimov hazratlari: “O‘zbekistonda 16 ta konfessiya davlat ro‘yxatidan o‘tgan. Biz boshqa din vakillari bilan o‘zaro bayramlarda bir-birimizni muborakbod etamiz. Bizni islomiy bayramlarimizda ular Diniy idoraga kelib bizlarni tabriklaydi. Albatta Islom dini bag‘rikeng din” dedi.

Biz bir mazhab vakillarimiz, duch kelishimiz mumkin bo‘lgan muammolarimiz ham o‘xshash, shuning uchun biz doim O‘zbekiston musulmonlari idorasi bilan hamkorlikka tayyor ekanimizni bildirmoqchiman. O‘z navbatida O‘zbekiston musulmonlari idorasi ulamolaridan iborat delegatsiyani Xitoy davlatiga taklif etaman va keng qamrovli aloqalarni boshlash har tomonlama manfaatli bo‘lishini bildiraman. So‘zimning yakunida bugungi samimiy qabul uchun barchangizga o‘z minnatdorligimni izhor qilaman.

Tomonlar bir-birlariga estalik sovg‘alar ulashdi.

Uchrashuv do‘stona va samimiy ruhda o‘tdi.

 

O‘MI matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

Duolarning ta’sirlari bayoni

10.01.2025   289   10 min.
Duolarning ta’sirlari bayoni

Bismillahir Rohmanir Rohiym

 - 58وَلِلدَّعَوَاتِ تَأْثِيرٌ بَلِيغٌ وَقَدْ يَنْفِيهِ أَصْحَابُ الضَّلاَلِ

 

Ma’nolar tarjimasi: Duolarning yetuk ta’siri bordir, gohida adashganlar uni inkor qiladilar.


Nazmiy bayoni:

Duolarning yetuk ta’sirlari bor,
Adashganlargina qilarlar inkor.


Lug‘atlar izohi:

لِ – jor harfi فِي ma’nosida kelgan.

دَعَوَاتِ – kalimasi دَعْوَةٌ ning ko‘plik shakli bo‘lib, lug‘atda “iltijolar” ma’nosini anglatadi. Jor va majrur mubtadosidan oldin keltirilgan xabardir.

تَأْثِيرٌ – xabaridan keyin keltirilgan mubtado.

بَلِيغٌ – sifat. Ushbu kalimada duoning ta’sirga sabab ekaniga ishora bor. Chunki ta’sir, aslida, Alloh taoloning yaratishi bilan vujudga keladi.

وَ – “holiya” ma’nosida kelgan.

قَدْ – “taqliliya” (cheklash) ma’nosida kelgan.

يَنْفِيهِ – fe’l va maf’ul. نَفِي kalimasi lug‘atda “bir chetga surib qo‘yish” ma’nosiga to‘g‘ri keladi.

اَصْحَابُ – foil. Bu kalima صَاحِب ning ko‘plik shakli bo‘lib, “lozim tutuvchilar” ma’nosiga to‘g‘ri keladi.

الضَّلاَلِ – muzofun ilayh. Ushbu izofada لِ jor harfi muqaddar bo‘lgan[1]. “Zalolat” kalimasi “to‘g‘ri yo‘ldan adashish” ma’nosida ishlatiladi.

 

Matn sharhi:

Duo lug‘atda “iltijo”, “o‘tinch” kabi ma’nolarni anglatadi. Istilohda esa “banda o‘zining faqirligini, hojatmandligini va muteligini hamma narsaga qodir bo‘lgan Alloh taologa izhor qilib, manfaatlarni jalb qilishni va zararlarni daf qilishni so‘rashi, duo deb ataladi”[2].

Mo‘min bandalarning qilgan duolarida o‘zlariga ham, agar marhumlar haqlariga duo qilayotgan bo‘lsalar, ularga ham manfaatlar yetadi. Duolarning ta’siri borligini adashgan kimsalargina inkor qiladilar. Matndagi “zalolatdagilar” degan so‘zdan mo‘taziliy toifasi ko‘zda tutilgan. Chunki mo‘taziliy toifasi bu masalada ham Ahli sunna val-jamoa e’tiqodiga zid da’volarni qilgan.

Duolarning ta’sirini inkor etadiganlar bir qancha dalillarni keltirishgan. Masalan, oyati karimalarda har bir insonga o‘zi qilgandan boshqa narsa yo‘qligi bayon qilingan:

“Insonga faqat o‘zi qilgan harakatigina (mansub) bo‘lur”[3].

Boshqa bir oyatda esa kishi o‘zining qilgan yaxshi ishlari tufayli mukofotga erishsa, yomon qilmishlari sababli jazolanishi bayon etilgan:

“Uning kasb etgani (yaxshiligi) – o‘ziga va orttirgani (yomonligi) ham o‘zigadir”[4].

Ushbu oyati karimalarda har bir kishining ko‘radigan manfaatlari boshqalarning qilgan duo va xayrli ishlaridan emas, faqat o‘zining qilgan ishlaridan bo‘lishi bayon qilingan, bu esa duolarning ta’siri yo‘qligiga dalolat qiladi, – deyishgan.


Duolarning ta’sirlarini inkor etuvchilarga raddiyalar

Duolarning ta’sirlarini inkor etuvchilar keltirishgan yuqoridagi va undan boshqa dalillariga batafsil javoblar berilgan. “Talxisu sharhi aqidatit-Tahoviy” kitobida quyidagicha javob kelgan: "Insonga faqat o‘zi qilgan harakatigina (mansub) bo‘lur" ma’nosidagi oyatda bayon qilinganidek, haqiqatda inson o‘z sayi-harakati va yaxshi fe’l-atvori bilan do‘stlar orttiradi, uylanib bola-chaqali bo‘ladi, insonlarga mehr-muhabbat ko‘rsatadi va ko‘plab yaxshi ishlarni amalga oshiradi. Shunga ko‘ra insonlar uni yaxshilik bilan eslab, unga Alloh taolodan rahmat so‘rab duo qilsalar, toat-ibodatlarning savoblarini unga hadya qilsalar, bularning barchasi birovning emas, aslida, o‘z sayi-harakatining natijasi bo‘ladi.

Ikkinchi dalil bo‘lgan "Uning kasb etgani (yaxshiligi) – o‘ziga va orttirgani (yomonligi) ham o‘zigadir", ma’nosidagi oyat ham yuqoridagi kabi oyat bo‘lib, har bir kishi o‘zining qilgan yaxshi ishining samarasini ko‘radi, qilgan ma’siyatiga ko‘ra jazolanadi, kabi ma’nolarni ifodalaydi. (Ya’ni “har kim ekkanini o‘radi”, deyilgani kabi)”[5].

Shuningdek, duo qilishning foydasi bo‘lmaganida mag‘firat so‘rashga buyruq ham bo‘lmasdi. Qur’oni karimda esa mag‘firat so‘rashga buyurilgan:

“Bas, (ey Muhammad!) Allohdan o‘zga iloh yo‘q ekanini biling va o‘z gunohingiz uchun hamda mo‘min va mo‘minalar(ning gunohlari) uchun mag‘firat so‘rang!”[6].

Shuningdek, vafot etib ketgan kishilar haqiga qilingan duolarda manfaat bo‘lmaganida, ularni eslab duo qilganlar Qur’oni karimda madh etilmasdi:

“Ulardan keyin (dunyoga) kelganlar: “Ey Robbimiz, bizni va bizdan avval iymon bilan o‘tgan birodarlarimizni mag‘firat qilgin, iymon keltirganlarga (nisbatan) qalbimizda nafrat (paydo) qilmagin. Ey, Robbimiz, albatta, Sen shafqatli mehribonsan”, – derlar”[7].

Shuningdek, vafot etganlarga janoza namozini o‘qish tiriklar zimmasiga vojib qilingan. Janoza namozida esa sano va salovot aytish bilan birgalikda “Ey Allohim, bizlarning tiriklarimizni ham, o‘liklarimizni ham mag‘firat qilgin”, ma’nosidagi duo o‘qiladi.

Mazkur dalillarning barchasida duolarning ta’siri borligi ko‘rinib turibdi. Shuning uchun inson vafotidan keyin ham o‘z haqiga xayrli duolar qilinishiga sabab bo‘ladigan yaxshi amallarni qilishi lozim.

Duo qilish bandaga foyda keltiradigan va undan zararlarni daf qiladigan eng kuchli sabablardan ekani Qur’oni karimda ham, hadisi shariflarda ham bayon qilingan:

“Parvardigoringiz: “Menga duo qilingiz, Men sizlar uchun (duolaringizni) ijobat qilay!” – dedi. Albatta, Menga ibodat qilishdan kibr qilgan kimsalar yaqinda tuban holatda jahannamga kirurlar”[8].

Ibn Kasir rahmatullohi alayh ushbu oyat haqida: “Alloh taolo bandalarini O‘ziga duo qilishga da’vat etgan va O‘z fazlu marhamati bilan qilgan duolarini albatta ijobat etishga kafolat bergan”, – degan. Oyati karimaning davomidagi “ibodatdan kibr qilganlar” esa Alloh taologa duo qilishdan takabburlik qilgan kimsalar deya tafsir qilingan. Hadisi shariflarda duoning qazoni qaytarishga sabab qilib qo‘yilgani bayon etilgan:

عَنْ سَلْمَانَ الْفَارْسِيِّ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ أَنَّ رَسُولَ الله صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قال لَا يَرُدُّ القَضاءَ إلا الدُّعاءُ وَ لَا يَزِيدُ فِي الْعُمُرِ إِلاَّ الْبِرُّ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ

Salmon Forsiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qazoni faqatgina duo qaytaradi, umrni faqatgina yaxshilik ziyoda qiladi”, – dedilar (Termiziy rivoyat qilgan).

Sharh: Ushbu hadisda duoning bajariladigan ishlarga bog‘lab qo‘yilgan qazoni qaytarish sabablaridan ekani bayon qilingan. Zero, Alloh taolo amalga oshadigan barcha narsalarga azaliy sabablarni tayin qilib qo‘ygan. Solih amallar saodatga erishish uchun azaliy sabablar bo‘lsa, yomon amallar badbaxt bo‘lish uchun azaliy sabablardir. Shuningdek, yaxshilik, go‘zal xulqli bo‘lish, qarindoshlik aloqalarini uzmaslik kabi amallar ham azaliy sabablar qatoriga kiradi. Ana shunday azaliy sabablar yuzaga chiqarilgan paytda o‘sha sababga bog‘langan ishlar ham yuzaga chiqadi.

Imom Tahoviy[9] rahmatullohi alayh “Aqidatut Tahoviya” asarida quyidagilarni yozgan: “Tiriklarning duo va sadaqalarida o‘liklar uchun manfaatlar bordir. Alloh taolo duolarni qabul qiladi va xojatlarni ravo qiladi (deb e’tiqod qilamiz)”.


Keyingi mavzu:
Dunyoning yo‘qdan bor qilingani bayoni.

 


[1] Bu haqidagi ma’lumot 53-baytning izohida bayon qilindi.

[2] Doktor Ahmad Farid. Bahrur-Roiq. – Iskandariya: “Dorul Majd”, 2009. – B. 105.

[3] Najm surasi, 39-oyat.

[4] Baqara surasi, 286-oyat.

[5] Muhammad Anvar Badaxshoniy. Talxisu sharhi aqidatit-Tahoviy. – Karachi: “Zamzam babilsharz”, 1415h. – B. 192.

[6] Muhammad surasi, 19-oyat.

[7] Hashr surasi, 10-oyat.

[8] G‘ofir surasi, 60-oyat.

[9] Abu Ja’far Ahmad ibn Muhamad ibn Salama Tahoviy rahmatullohi alayh hijriy 239 yilda Misrning “Toha” shaharchasida tug‘ilgan.

Imom Tahoviy hanafiy mazhabidagi mo‘tabar olimlardan bo‘lib, “Sihohi sitta” mualliflari bilan bir asrda yashab faoliyat yuritgan. Bu zot haqida ulamolar ko‘plab maqtovli so‘zlarni aytganlar. Jumladan Suyutiy “Tobaqotul Huffoz” asarida: “Imom Tahoviy alloma, hofiz, go‘zal tasnifotlar sohibidir”, – degan. Zahabiy: “Kimki ushbu imomning yozgan asarlariga nazar solsa, bu zotning ilm  darajasi yuqori, ma’rifati keng ekaniga amin bo‘ladi”, – degan.

Imom Tahoviy tafsir, hadis, aqida, fiqh va siyratga oid ko‘plab asarlar yozib qoldirgan. Ularning ayrimlari quyidagilardir:

1. Ahkamul Qur’an (Qur’on hukmlari);

2. Sharhu ma’onil osor ( Asarlarning ma’nolari sharhi);

3. Aqidatut Tahoviya (Tahoviy aqidasi);

4. Bayonu mushkilil osor (Asarlarning mushkilotlari bayoni);

5. Sharhu jomeis sag‘ir (Jomeus sag‘ir sharhi);

Imom Tahoviy rahmatullohi alayh hijriy 321 yilda Misrda vafot etgan.