Islomdagi eng go‘zal buyruqlardan biri silai rahm, ya’ni, yaqinlar bilan qarindoshlik rishtalarini bog‘lash, do‘stlarga mehr-oqibat ko‘rsatishdir. Silai rahm avvalo Alloh taoloni bandalariga buyurgan amrlaridan biridir. Alloh taolo aytadi: “Va oralaringizdagi savol-javoblarda o‘rtaga nomi qo‘yiladigan Allohdan qo‘rqingiz va qarindosh-urug‘laringiz bilan ajralib ketishdan saqlaningiz” (Niso surasi, 1-oyat).
Silai rahmda Allohning roziligi, mo‘minlar va farishtalarning xursandchiligi, shaytonga g‘am yetkazish, umrning ziyodaligi va rizqning barakasi kabi go‘zal xislatlar mujassam.
Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): “Kimni rizqi keng va umri barakali bo‘lishligi xursand qilsa, silai rahmni bog‘lasin”, dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).
Boshqa bir hadisda esa Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): “Kim umrini uzun, rizqini keng bo‘lishini va yomon o‘limdan qutulishni hohlasa, qarindoshlari bilan aloqasini tiklasin”, deganlar (Imom Ahmad rivoyati).
Bu shunchalik ulug‘ ibodatki, uni bajargan kishi qanchalik ko‘p ajr va foydalar topsa, uni tark qilgan, unga beparvolik qilgan odam shunchalik qattiq gunohkor va ziyonkor bo‘ladi. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) aytadilar: “Silai rahm savobidek tez keladigan yaxshilik yo‘q. Dunyoda tezda azob berib, oxiratda ham azob keltiradigan gunoh silai rahmni uzishlikdir” (Imom Termiziy, Imom Ahmad, Imom Ibn Moja rivoyati).
Qolaversa, silai rahmning do‘zaxdan uzoqlashishiga va jannatga yaqinlashishiga sabab bo‘ladigan amallar bilan bir qatorda zikr qilinishi naqadar ulug‘ ibodatligiga dalolat qiladi.
Abu Ayyub Ansoriy (roziyallohu anhu) aytadi: “Bir a’robiy Payg‘ambar (alayhissalom)ning huzurlariga kelib: “Yo Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) jannatga yaqinlashtiradigan va do‘zaxdan uzoqlashtiradigan amaldan xabar bering!”, dedi. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) Allohga ibodat qilishga, Unga shirk keltirmaslikka va namoz o‘qishga, zakot berishga va silai rahm qilishga buyurdilar (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Demak, silai rahm qilish dinimizning biz mo‘minlardan talab qilgan qat’iy talabi. Shunday ekan, bu go‘zal amalga beparvo bo‘lmaylik.
Yorbek ISLOMOV
Olmazor tumanidagi “Mevazor” masjidi imom noibi
Vafot etganingizdan keyin nimalar bo‘lishini tasavvur qilasizmi? Bir necha soat o‘tib, siz uchun yig‘layotgan odamlarning yig‘isi to‘xtaydi. Yaqin qarindoshlaringiz ham hayot tashvishlariga ovunadi.
Ko‘p o‘tmay, rahbaringiz o‘rningizga boshqa xodim topadi. Yaqinlaringiz, farzandlaringiz ishga, tirikchilik tashvishiga tushib ketadi.
Bir oy o‘tgandan so‘ng turmush o‘rtog‘ingiz ham sizni kamroq eslay boshlaydi. Ha, odam o‘zi o‘ylaganidan ko‘ra tezroq unutiladi.
Modomiki, odamlar sizni shunchalar tez esdan chiqarar ekan, bu o‘lchovli umringizni kim yoki nima uchun sarflamoqdasiz? Bir umr “Odamlar nima derkin?” deb yashab o‘tmayapsizmi? Yashashdan maqsadingiz nima o‘zi?
Bir lahza tin olib, shular haqda o‘ylab ko‘ring. Bu olamga keltirilish sababingiz haqida mulohaza yuriting. Yaqinlaringizni hayotlik chog‘ida qadrlangki, vaqti yetganda qadr topasiz. Alloh taolo O‘zi rozi bo‘ladigan hammamizga mazmunli hayot, xayrli oqibat nasib etsin!
Akbarshoh Rasulov