Shu yilning 23-24 avgust kunlari Rossiyaning Osiyo qismidagi musulmonlari diniy idorasi bosh muftiysi Nafig‘ulla Ashirov va mintaqadagi boshqa yirik diniy ulamolar ikki masjidning tantanali ochilish marosimida ishtirok etishdi. Bu haqda Azon internet nashri xabar berdi.
Masjidlardan biri Irtishbo‘yi vohasida bo‘lib, mazkur masjid mahalliy aholi homiyligi ostida bunyod etilgan.
Masjidlarning yana biri esa Tyumen viloyatining Tobol tumanidagi Irtish Yurtalari qadimiy tatarlar qishlog‘ida ochildi. Mazkur masjid binosini ta’mirdan chiqarishdi Tyumen viloyati ma’muriyati homiylik qilgan. Masjidlarning tantanali ochilish marosimi Qur’on tilovati bilan boshlandi. Shundan so‘ng, bosh muftiy Nafig‘ulla Ashirov so‘zga chiqib viloyat musulmonlari va ma’muriyatini xayrli yangilik bilan tabrikladi.
Mazkur ochilish marosimining ertasi kuni esa viloyat aholisi va muftiy janoblari viloyatdagi eng qadimiy-tarixiy masjid sanalgan Irtish Yurtalari qishlog‘idagi yana bir masjidning qayta ta’mirdan so‘ng ochilish marosimida ishtirok etishdi.
Ikki kun ichida bir viloyatning o‘zida uch masjidning ochilishi musulmonlar uchun g‘oyat ulkan hadya bo‘ldi.
O‘MI Matbuot xizmati
Bir qishloqda jahli tez chiqadigan, o‘zini boshqa olmaydigan o‘spirin yigit bor ekan. Kunlardan birida otasi unga har gal jahli chiqqanida bir mix olib, uyning oldidagi daraxtga qoqishini aytdi.
O‘g‘il shunday qila boshladi. Bir necha mix qoqilgan daraxtni ko‘rib, yigitning unga rahmi keldi. O‘zini boshqarishni, sabrli bo‘lishni o‘rgandi. Daraxtga mix qoqmay qo‘ydi. Buni ko‘rgan ota endi o‘g‘liga qoqilgan mixlarni sug‘urib tashlashni buyurdi. O‘g‘il otasining aytganini bajardi.
Daraxtning yaralari bitib, o‘rnida chandiqlar paydo bo‘ldi. Ota o‘g‘liga:
– Qara, o‘g‘lim! Qoqilgan har bir mix bu daraxtni yaralagan edi. Ularni sug‘urib tashlagan taqdiringda ham, o‘rni, chandiqlari qoldi. Endi daraxtning ana shu joylari mo‘rtlashib, qurt tushadi va uni yemiradi.
O‘g‘il boshini egib qoldi. Ota so‘zida davom etdi:
– Bu-ku bir daraxt ekan, Alloh taolo azizu mukarram qilib yaratgan inson zotining qalb atalmish daraxtiga ham ba’zan til atalmish bolg‘a bilan so‘z atalmish mixlar qoqiladi. Garchi keyin xatolar tan olinib, uzr so‘ralib, u “mix”lar sug‘urib olinsa-da, o‘rnida chandig‘i, dog‘i qoladi... Sen o‘shanday mixlarni qoqishdan saqlan. O‘zingni idora qilishni, jahlingni jilovlashni o‘rgan!..
Darhaqiqat, inson qalbi go‘yo nafis bir oynaga o‘xshaydi. U darz ketsa, keyin hech qachon aslidagidek tiklanmaydi. Shunday ekan, har doim Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga o‘xshab muomila qilishni o‘rganaylik hech bo‘lmasa harakat qilaylik. Alloh hammamizni to‘g‘ri yo‘ldan adashtirmasin! Zero, ko‘ngil – Yaratganning nazargohidir.
Qudsiy hadislardan birida Alloh taolo: “Men sizlarning na suratingizga va na chiroylaringizga qarayman. Balki qalblaringizga qarayman va sizlardagi yaxshi xislatlardan rozi bo‘laman”, degan.
Akbarshoh Rasulov