Tiriklik insonga Alloh taolo tomonidan berilgan buyuk ne’mat ekan. Ammo har kim shu ne’mat imkoniyatni har xil tushunar va undan turlicha foydalanar ekan…
Kimdir hayotni yaxshi yeb-ichish, chiroyli liboslarda yurish, har bir kunini xursandchilik bilan o‘tkazishga sarflaydi, hayot mazmunini shu narsalarda deb biladi. Ammo, kimlardir yoshligidanoq ilmga intiladi, mehnat qilib o‘z hayotini qiyinchiliklar bilan tuzadi, ezgu ishlar qilib odamlar orasida yaxshi nom qoldirishni o‘z umrining maqsadi sifatida anglaydi.
Biz xotirlamoqchi bo‘lgan inson Anvar qori domla Tursunov ham hayotda o‘zidan ezgu nom qoldirib ketdilar. U kishining oltmish yillik umri davomida xalqimiz uchun qilgan xizmatlari, odamlarga yetkazgan manfaatlarining had –hisobi bo‘lmasa kerak.
Men necha yillar davomida yozgan she’rlarimni to‘plab, bir kitob qildirmoqchi bo‘ldim. Yozganlarimning ko‘pi islomiy ruhdagi xalq rivoyatlari asosidagi she’rlar bo‘lganligidan Anvar qori domlaga ko‘rsatishni, u kishidan maslahat olishni tavsiya qildilar. To‘g‘risi, ko‘p o‘yladim.. “U kishiga ro‘baro‘ bo‘lib, ktiobimni bir ko‘rib bering desam ”, – desam qanday qabul qilar ekanlar?! Rosti, bu adabiyot olamining o‘tkir bilimdoni, Navoiydek buyuk daho asarlarining mhir targ‘ibotchisi bo‘lgan insonga qanday ro‘baro‘ bo‘lish menga ancha qiyin bo‘ldi.
Xullas, bir kun tavakkal qilib ustoz shoir Mirza Kenjabekning tavsiyalari bilan “Minor” masjidiga bordim.
Anvar qori domla meni ochiq yuz bilan kutib oldilar:
– Keling opa, sizning Navoiy hazratlariga atab yozgan g‘azalingiz menga juda manzur bo‘ldi. “Hidoyat”dagi she’rlaringizni o‘qib ijodingiz, ijodkorligingizdan xursand bo‘lganman. To‘plamingizni qoldirib keting, vaqt topib o‘qiyman. Sizga keyin telefon qilamiz.
Quvonchimning cheki yo‘q edi. Uluarning qo‘ng‘iroqlarini kutdim, “keling” deb yordamchilari chorlagan kun xotiramda o‘chmas iz bo‘lib qoldi. Domla, she’rlar yozilgan varaqlarni stolga yoyib qo‘ygan holda birini o‘qib turardilar. Oppoq yaktak, oq do‘ppida yanayam nuroniy ko‘rinishda edilar.
– Opa bu yettinchi kitobingiz ekan-a? She’rlaringiz menga juda manzur bo‘ldi. Tezroq chiqaring kitobni. Ayol-qizlarimizga juda foydali, zikr va ibrat kitobi bo‘libdi. Onalar kitobi bo‘libdi, – deb ko‘nglimni tog‘dek ko‘tardilar.
2018 yilning aprelida kitobni olib, avvalo Anvar qori domlaga ilindim. Chunki, “Sabr sohili ”atalmish bu kitob domlaning “So‘z boshi” lari bosilib chiqqan edi..
Kitobni qo‘llariga olib chehralari yanada ochilib ketdi. Chiroyli duo qildilar. Xalqimiz ichida ilmli ayollarimiz, shoiralarimiz bundan-da ko‘paysin, – deya menga omad tiladilar.
Mana qo‘limda o‘sha “Sabr sohili” kitobi. U hozir kitobxonlar qo‘lida, u haqida iliq so‘zlar eshityapman.
Ming afsus, uni qo‘llab-quvvatlagan, dunyo yuzini ko‘rishiga chorlagan inson oramizda yo‘q. Shunda o‘yladim: Darhaqiqat bu dunyo o‘tkinchi dunyo, sinovlar olami.
Yashashdan maqsad halol yashab, halol ishlab o‘z ortimizda yaxshi nomu, ezguliklar, yaxshi farzandu munosib shogirdlar qoldirish ekan. Inson dunyodan jisman o‘tsa-da, uning yaxshi amallari umrining davomi kabi yashayverar ekan. Marhum domla Anvar qori Tursunovning yorqin xotirasi ham shundaylar qatorida yillar osha yashayverishiga hech shubha yo‘q. Domlamizning oxiratlari obod, ruhlari shod bo‘lsin! Amin!
Mazmunsiz umrga achinar kimdir…
Kimdir sukut saqlab o‘tar dunyodan.
Yuz yil yashab bitta nihol o‘stirmay
Kimdir yana umr so‘rar Xudodan.
O‘tkinchi dunyoda har bir kunimiz
Hayot kitobidan birta sahifa.
Yaxshilik qilaylik, chunki umrimiz –
Nomimiz abadiy qilguvchi – o‘sha!
Dilorom Karimova
Filologiya fanlari nomzodi, dots.nt
Yunusobod tumani hudud otinoyisi
Islom da’vati Makkada boshlangan davrlarda, Umayma binti Xalaf ibn As’ad ibn O’mir ibn Bayoza’ al-Xuzoiyya — iymon nurini qalbida tuygan ilk ayollardan biri edi. Uning qalbi iymonga ochiq, haqiqatni e’tirof qilishga tayyor edi. Turmush o‘rtog‘i – Xolid ibn Said ibn Os bir kecha ajib tush ko‘radi: o‘zini ulkan va dahshatli olov chetida turganini, otasi uni o‘sha olovga tashlayotganini ko‘radi, lekin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam esa uni ushlab, olovdan qutqarayotgan ekan.
Uyg‘onib, bu tushni Abu Bakr roziyallohu anhuga aytdi. U kishi unga: “Bu yaxshilikning alomati. Sen Muhammad sollallohu alayhi vasallamga ergash, u seni jahannamdan qutqaradi”, dedilar. Xolid shunda Islomni qabul qildi va bu haqda rafiqasi Umaymaga aytdi. U ham, hech ikkillanmasdan, Islomni qabul qildi. Shu tariqa ular birinchi musulmon juftliklardan biriga aylandi.
Xolidning otasi uning musulmon bo‘lganini eshitgach, jahl qilib, uni chaqirtirdi. Uni haqoratladi, kaltakladi va uydan haydadi. “Men seni taom bilan ta’minlamayman!” dedi. Xolid esa qat’iyat bilan: “Agar siz bermasangiz, Robbim menga rizq beradi” – deb javob berdi. Shu zahoti uydan haydaldi va borib Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yonida bo‘ldi.
Umayma turmush o‘rtog‘iga sodiqlik bilan yordamchi bo‘ldi. U zulm, qiyinchilik va kambag‘allikka sabr qildi. Sabr va imon uning qalbida mustahkam ildiz otgan edi.
Nihoyat, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalarga Habashistonga hijrat qilishni buyurganlarida, Xolid va Umayma ilk hijrat qilganlardan bo‘lishdi. Ular Habashistonda farzandli ham bo‘lishdi: o‘g‘illari – Said ibn Xolid va qizlari – Umma binti Xolid. Qizi keyinchalik “Ummu Xolid” nomi bilan mashhur bo‘ldi.
Ular Habashistonda o‘n yildan ziyod vaqt musofirlikda yashashdi. Keyinchalik Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Amr ibn Umayyani yuborib, ularni ikki kema bilan qaytardilar. Ular Madinaga qaytib kelganida, Payg‘ambarimiz alayhissalom Xaybarni fath qilgan edilar. Ular Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va musulmonlar bilan uchrashib, ajib shodlik va taskinga erishdilar.
Xolid ibn Said Umar ibn Xattob xalifaligi davrida hayot kechirdi va u “Marj as-Safar” jangida, hijriy 14 sanada shahid bo‘ldi. Bu xabarni eshitgan Umayma onamiz bu musibatiga sabr qildi, yuragi og‘riqda bo‘lsa ham, imoni bilan tasalli topdi. Chunki, Xolidni o‘ldirgan odam keyin Islomni qabul qilib: “Bu kim edi?. Undan osmonga chiqayotgan nurni ko‘rdim!” - degan edi.
Umayma binti Xalaf – sabrli, muhojir, mo‘min ayolning yuksak namunasidir. U umr yo‘ldoshini islom dinida qo‘llab-quvvatladi, hayotining quvonch va tashvishli lahzalarini birga o‘tkazdi va islom tarixida buyuk iz qoldirdi.
Ilyosxon AHMЕDOV
tayyorladi.
Mazkur maqola Abu Malik Muhammad bin Homid bin Abdulvahhobning
“Soliha ayollar haqida 150 qissa” nomli asaridan tarjima qilindi.