Alloh taoloning yaratgan maxluqlari haqida tafakkur qilish iymon nuri ziyoda bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Quyosh, Oy, yulduzlar, sayyoralar, suv, tog‘, havo, o‘simliklar, hayvonlar va boshqa maxluqotlar to‘g‘risida fikr yuritish, Alloh taolo ularning barchasini hikmat bilan yaratganini o‘ylash kishining iymon nuri ziyoda bo‘lishiga sababdir. Ana shunday tafakkurga undovchi narsalardan biri osmon jismi bo‘lgan tumanliklardir. Tumanliklar — yulduz to‘dalari yoki butun yulduz sistemalari (galaktikalar)dan, shuningdek, gaz va changdan tashkil topgan bulutlardir. Tumanliklar haqida yanada aniqroq tasavvurga ega bo‘lish uchun bitta tumanlikni ko‘rib chiqsak.
Ushbu suratda «Chumoli» nomli tumanlik aks etgan bo‘lib, u sayyoralar tumanligi hisoblanadi. Bu tumanlik Quyosh tizimidan 8 ming yorug‘lik yili uzoqlikda joylashgan. (Ma’lumki, yorug‘lik bir soniyada 300 ming kilometr masofa bosadi. Yorug‘lik yili deyilganda, shu yorug‘likning bir yil davomida bosib o‘tgan masofasi tushuniladi). Ushbu tumanlik ko‘rinishidan chumolining boshi va beliga o‘xshab ketgani uchun unga «Chumoli» nomi berilgan.
Yana bir jihati shundaki, ushbu tumanlik soniyasiga 50 kilometrga yaqin tezlikda kengayib bormoqda.
Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday degan:
«Osmonni O‘z qudratimiz ila bino qildik. Albatta, Biz keng qiluvchimiz».
(Zariyat surasi, 47-oyat).
Alloh taolo barchamizga yaratgan maxluqotlari haqida to‘g‘ri tafakkur qilib, iymonimiz nuri ziyoda bo‘lishini nasib etsin!
Nozimjon Iminjonov tayyorladi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Savol: Janoza namozida to‘rtta takbirni aytish farz deb eshitganmiz. Imomga iqtido qilgan kishilar ham takbirlarni aytishlari kerakmi? Ularga ham to‘rt takbirni aytish farz bo‘ladimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Albatta, iqtido qilganlar ham mazkur takbirlarni aytishlari farz bo‘ladi. Chunki ulamolarimiz mazkur takbirlar boshqa namozlardagi rakatning o‘rnida bo‘ladi, ya’ni to‘rt takbirli janoza go‘yoki to‘rt rakatli namozning hukmida bo‘ladi, deganlar.
Shu bois imom ham, unga iqtido qilganlar ham takbirlarni aytishlari shart hisoblanadi. Agar kimdir takbirlarni aytmasa, yoki ulardan bittasini qoldirsa, janoza o‘qigan bo‘lmaydi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.