Sayt test holatida ishlamoqda!
02 Avgust, 2025   |   8 Safar, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:46
Quyosh
05:19
Peshin
12:34
Asr
17:31
Shom
19:43
Xufton
21:09
Bismillah
02 Avgust, 2025, 8 Safar, 1447

Tafakkur qilaylik!

04.09.2018   3411   1 min.
Tafakkur qilaylik!

Alloh taoloning yaratgan maxluqlari haqida tafakkur qilish iymon nuri ziyoda bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Quyosh, Oy, yulduzlar, sayyoralar, suv, tog‘, havo, o‘simliklar, hayvonlar va boshqa maxluqotlar to‘g‘risida fikr yuritish, Alloh taolo ularning barchasini hikmat bilan yaratganini o‘ylash kishining iymon nuri ziyoda bo‘lishiga sababdir. Ana shunday tafakkurga undovchi narsalardan biri osmon jismi bo‘lgan tumanliklardir. Tumanliklar — yulduz to‘dalari yoki butun yulduz sistemalari (galaktikalar)dan, shuningdek, gaz va changdan tashkil topgan bulutlardir. Tumanliklar haqida yanada aniqroq tasavvurga ega bo‘lish uchun bitta tumanlikni ko‘rib chiqsak.

 

Ushbu suratda «Chumoli» nomli tumanlik aks etgan bo‘lib, u sayyoralar tumanligi hisoblanadi. Bu tumanlik Quyosh tizimidan 8 ming yorug‘lik yili uzoqlikda joylashgan. (Ma’lumki, yorug‘lik bir soniyada 300 ming kilometr masofa bosadi. Yorug‘lik yili deyilganda, shu yorug‘likning bir yil davomida bosib o‘tgan masofasi tushuniladi). Ushbu tumanlik ko‘rinishidan chumolining boshi va beliga o‘xshab ketgani uchun unga «Chumoli» nomi berilgan. 

 

Yana bir jihati shundaki, ushbu tumanlik soniyasiga 50 kilometrga yaqin tezlikda kengayib bormoqda.

 

Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday degan:

 

«Osmonni O‘z qudratimiz ila bino qildik. Albatta, Biz keng qiluvchimiz».

 

(Zariyat surasi, 47-oyat).

 

Alloh taolo barchamizga yaratgan maxluqotlari haqida to‘g‘ri tafakkur qilib, iymonimiz nuri ziyoda bo‘lishini nasib etsin!

 

Nozimjon Iminjonov tayyorladi

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Bandalarga nolima, Allohdan so‘ra!

01.08.2025   2828   3 min.
Bandalarga nolima, Allohdan so‘ra!

Qay birimiz bu hayotda bir marotaba bo‘lsa ham sinov, imtihonga duch kelmaymiz?!

Qay birimiz kasallik, qiyinchilik kabi holatlarni boshimizdan o‘tkazmaymiz?!

Endi ayting-chi, qattiq betob bo‘lib qolsangiz nima qilasiz?!

“Robbim nima uchun meni bu kasalga yo‘liqtirdi? Qaysi gunohim uchun bu kunlar boshimga keldi?” – deya noliysizmi?!

Yo‘q! Alloh taolo aytadi: «Sizlarni biroz xavf-xatar, ochlik (azobi) bilan, molu jon va mevalar (hosili)ni kamaytirish yo‘li bilan sinagaymiz. (Shunday holatlarda) sabr qiluvchilarga xushxabar bering!..»[1].

Hayot – imtihonlar, sinov va mashaqqatlar diyoridir!

Salafi solihlardan biri kasalligi va kambag‘al ekanidan shikoyat qilib o‘tirgan bir kishiga qarata: “Hoy, senga rahm qiladigan Zotning ustidan senga rahmi kelmaydiganlarga shikoyat qilish orqali bir narsaga erishmaysan!” degan ekan.

Rivoyat qilinishicha, bir odam ko‘zi ojiz, qo‘l-oyog‘i ishlamaydigan yoshi katta keksa odamning oldidan o‘ta turib, uning: “Kasalliklardan meni omonda saqlagan va bandalari orasida meni fazilatli qilgan Alloh taologa hamdlar bo‘lsin!” deyayotganini eshitib: “Alloh sizni nimalardan omondan saqlaganini bilsam bo‘ladimi? Axir qo‘l-oyog‘ingiz ishlamaydigan shol ekansiz, sizga tegmagan kasallik qolmabdi”, debdi. Bu gaplarni eshitgan shol, ko‘zlari ojiz qariya: “Seni ham Alloh taolo solihlar safiga qo‘shsin! Ko‘rmayapsanmi? Axir Alloh taolo mening tilimni omonda qilib qo‘yibdi, mana shu tilim orqali men har onimda Alloh taologa shukr qilaman va yana qalbimni omonda saqlab qo‘yibdi, u orqali Alloh taoloni doimo zikr qilaman”, degan ekan.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam betob yotgan sahroyi arabning holidan xabar olgani  kelib: “Hechqisi yo‘q! Yaxshisiz, inshoalloh tuzalib ketasiz”, dedilar. A’robiy esa: “Yaxshi deysizmi? Bezgak qiynab yubordi. Bu kasal meni xarob qildi, endi shu bilan qabrga ketsam kerak”, dedi. Nabiy alayhissalom: “Mayli, unday bo‘lsa, shunday bo‘lgani ma’qul” [2], dedilar.

Solihlardan biri betob bo‘lib, ko‘zdan qolibdi. U og‘riqning zo‘ridan kechalari uxlamay juda qiynalib chiqar ekan.  Shogirdlaridan biri hol so‘rab uning oldiga kirsa, ustozi yig‘lab o‘tirgan ekan. Shogird ustoziga tasalli berib: “Ozor chekmang, ozgina sabr qilsangiz, hammasi o‘tib ketadi”, debdi. Ustozi esa: “Yo‘q, men betobligim sabab yig‘lamayapman. Uning boisi, Alloh taolo meni imtihon qilishga loyiq bandalardan qilib, dard berganiga xursandligimdan yig‘layapman”, debdi.


Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.


[1]  Baqara surasi, 155-oyat.
[2]  Imom Buxoriy rivoyati.