Hazrat Anas (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) biznikiga keldilar va ozroq mizg‘ib, terladilar. Ummu Sulaym Payg‘ambarimiz (alayhissalom)ning terlarini bir idishga yig‘a boshladi. Payg‘ambarimiz (alayhissalom) uyg‘onib: “Ey Ummu Sulaym, nima qilyapsan?”, deb so‘radilar. Ummu Sulaym (roziyallohu anho): “Yo Rasululloh, sizning teringizdan xushbo‘ylik o‘rnida foydalanamiz. Zero, u xushbo‘ylar ichra eng xushbo‘yidir”, deb javob berdi» (Imom Muslim).
Jobir ibn Abdulloh (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)da shunday xislat bor edi. Agar bir ko‘chadan o‘tsalar, hidlarining xushbo‘yligidan, u zot (alayhissalom)dan so‘ng o‘tgan odam u yerdan u zot (alayhissalom) o‘tganlarini bilib olardi».
* * *
Baro ibn Ozib (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bilan safarda edik. Suvi oz quduq yonida to‘xtadik. Idishni hovuchlab to‘ldirish uchun quduq tubiga olti kishi tushdik. Bizga chelak tushirildi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) quduq boshida qoldilar. Biz chelakning yarmini yoki uchdan ikki qismini suv bilan to‘ldirdik. Idish Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ga uzatildi. O‘zim esa tomog‘imni ho‘llab olish uchun idishimga qaragan edim, suv yo‘q ekan. U zot (alayhissalom) idishga qo‘llarini botirdilar va Alloh xohlagan narsalarni aytib, idishni bizga qaytardilar. Men quduq ichidagi oxirgi kishi cho‘kib ketishdan qo‘rqib, kiyimini yechib tortib olishlari uchun yuqoriga uzatayotganini ko‘rdim”. Keyin quduqdan suv daryo bo‘lib oqdi (Imom Ibn Kasir va Imom Ahmad).
* * *
Abu Zayd Amr ibn Axtob Ansoriy (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) menga: “Yaqinroq kel”, dedilar. Borganimda soch va soqolimni qo‘llari bilan siladilar va: “Yo Alloh, uni go‘zal et va go‘zalligini doimiy qil”, dedilar».
Amr ibn Axtob (roziyallohu anhu) yuz yoshdan oshganida ham soqoliga oq tushmadi. Faqat ozgina oqi bor edi, xolos. Shuningdek, u ochiq yuzli kishi bo‘lib, to vafot etguniga qadar yuziga ajin tushmadi (Imom Ahmad).
* * *
Anas ibn Molik (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Ansorlarning sug‘orishda ishlatadigan tuyalari bo‘lardi. O‘sha tuya bo‘ysunmay, hech kimni mindirmay qo‘ydi. Ansorlar Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) huzurlariga kelib: “Bizlarni sug‘orishda ishlatadigan tuyamiz bor edi. U bizga bo‘ysunmay, yuk orttirmay qo‘ydi. Xurmo va ekinlarimiz chanqab qoldi”, deyishdi.
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) sahobalarga qarab: “Turinglar, men bilan yuringlar”, dedilar. Barchalari boqqa kirishganda, uning bir chetida o‘sha tuya o‘tlab yurardi. Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) u tomonga yurdilar. Shunda ansorlar: “Yo Rasululloh, ehtiyot bo‘ling. U itdek quturgan, yana tashlanib qolmasin”, deyishdi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Undan menga hech bir ziyon yetmaydi”, dedilar.
Tuya Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ni ko‘rib, ul zot tomon yura boshladi. Oldilariga kelgach, sajda qilgan holida yiqildi. Payg‘ambarimiz (alayhissalom) uning peshonasidan ushladilar. Tuya, ilgari hech ko‘rilmagan holatda itoatkor bo‘lib qoldi.
Sahobalar: “Yo Rasululloh, bu aqlsiz hayvon sizga sajda qildi, vaholanki, biz undan ko‘ra sizga sajda qilishga haqliroqmiz”, deyishdi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Insonning insonga sajda qilishi mumkin emas. Agar inson insonga sajda qilishi mumkin bo‘lganida, haq-huquqi katta bo‘lgani uchun, ayolni eriga sajda qilishga buyurgan bo‘lardim”, dedilar» (Imom Ahmad).
* * *
Hanzala ibn Xudaymning otasi Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ga: “Ota-onam sizga fido bo‘lsin, men keksayib qoldim. Mana bu o‘g‘lim Hanzala. Uning haqqiga duo qilsangiz”, deb so‘radi. Payg‘ambarimiz (alayhissalom): “Ey bola”, deya qo‘lidan ushladilar va boshini silab: “Senga Allohning barakoti bo‘lsin!” dedilar.
Shundan so‘ng Hanzalaning oldiga yelini shishib ketgan qo‘y va tuyalarni, o‘simtasi bor kishilarni olib kelishardi. U qo‘liga tuflab, boshining o‘sha joyiga ishqalardi va: “Bismillah, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) qo‘llari izidan”, deb kasallarni silar va ular tuzalib ketishardi (Imom Ahmad, Imom Buxoriy).
Mahmudaxon MUXTOROVA
“Hidoyat” jurnalidan
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Oisha roziyallohu anho Uhud jangida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam duch kelgan musibatni ko‘rib, Rasulullohning hayotlaridagi eng og‘ir musibat shu bo‘lsa kerak, deb o‘ylagan ekanlar. Lekin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Eh Oisha, bu qavm menga ko‘p ozorlar yetkazdi”, dedilar. Nabiy sollallohu alayhi vasallam kofirlar tufayli ko‘p qiyinchiliklarga, mahzunliklarga duch keldilar. Bu shu qadar og‘ir musibat bo‘lgan ekanki, hatto mushriklar sabab chekkan iztiroblarining birida Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamni yupatish uchun Jabroil alayhissalomning o‘zi kelgan ekan.
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam mushriklarning qilgan ishlari tufayli qip-qizil qonga belanib, mahzun bo‘lib o‘tirganlarida Jabroil alayhissalom kelib, «Yo Allohning Rasuli, sizga Allohning oyat-mo‘jizalaridan ko‘rsataymi?» dedilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam «Ha», dedilar. Jabroil alayhissalom ortlaridagi daraxtga ishora qilib, «Daraxtni yoningizga chaqiring», dedi. Rasululloh daraxtni chaqirgan edilar, u birdan harakatga kelib, u zotning qarshilariga kelib to‘xtadi. Jabroil alayhissalom Rasulullohga «Joyingga qayt deng», dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam buyurgan edilar, daraxt joyiga qaytib ketdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam «Bo‘ldi, kifoya!» dedilar».
Nabiy sollallohu alayhi vasallam “Bo‘ldi, mahzunligim aridi, Robbimga ishonchim bardavom, qalbim xotirjam bo‘ldi”, demoqchi bo‘ldilar.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam Oisha roziyallohu anhoga hayotlaridagi eng og‘ir, eng qayg‘uli hodisa Aqaba kuni bo‘lganini aytdilar.
Bu – Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning Toifga borgan kunlaridir. Bu voqea ham mahzunlik yili bo‘lgan edi. Bundan oldin Makka mushriklari Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamni, sahobalarni Abu Tolibning mahallasida uch yil qamal qilib, ularga boradigan oziq-ovqatni, suvni to‘sib, ataylab ocharchilik bilan iskanjaga olishdi. Musulmonlar uch yillik qamaldan holdan toyib, endigina chiqqanlarida Rasulullohning himoyachilari bo‘lmish amakilari Abu Tolib, biroz o‘tib esa Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning dardlariga darmon bo‘lib yashagan sirdoshlari, jufti halollari Xadicha roziyallohu anho vafot etib qoldilar.
Makka mushriklari fursatdan foydalanib, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga, u zotning sahobalariga aziyatni kuchaytirib yuborishdi. Musulmonlarga yana qanchadan-qancha musibatlar yetdi, ularni Allohdan boshqa hech kim bilmaydi. O‘sha yili Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga juda ko‘plab qayg‘ular yetgani uchun bu yil «mahzunlik yili» deb ataldi.
Ana shunday og‘ir paytda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam Islomni Makkadan boshqa joyda ham yetkazib ko‘rishni o‘ylay boshladilar. Bu joy o‘sha paytlarda har jihatdan Makkadan keyingi o‘rinda turadigan Toif shahri bo‘lib ko‘rindi. U zot Toifga borishga qaror qildilar.
Sarvari olam Muhammad sollallohu alayhi vasallam mavlolari (ozod qilgan qullari), tutingan farzandlari Zayd ibn Horisa roziyallohu anhu bilan birga Toif tomon yo‘lga tushar ekanlar, «shoyad Toifdan biror yorug‘lik chiqsa, mahzunlik arisa, da’vat ishlari yurishib ketsa», degan umidda edilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Toifga yetib borib, u yerlik eng katta qabila – Saqif qabilasining a’yonlari bilan uchrashdilar, ularni Islomga da’vat qildilar. Ammo ularning javobi eng yomon javob bo‘ldi. Ular u zot alayhissalomni masxara qilishdi, o‘zlarining esipastlari, qullari va bebosh bolalarini Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni so‘kishga, ortlaridan baqirib, masxara qilishga, hatto tosh otishga gijgijlashdi. Toifliklar yo‘lning ikki chetiga turib olib, u zot o‘tayotganlarida ayovsiz toshbo‘ron qilishdi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning oyoqlaridagi shippak qonga, qalblari dardu alamga to‘ldi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam qalblari iztirobga to‘lgan holda Toifdan chiqib ketdilar. Shu qadar mahzun edilarki, qayoqqa ketayotganlarini ham bilmay, yurib boraverdilar. O‘zlariga kelib qarasalar, Qornus-Sa’olibga[1] kelib qolibdilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shuncha masofani piyoda bosib o‘tgan edilar. Qattiq mahzun bo‘lganlaridan Qornus-Sa’olibga kelgunlaricha atrofdagi biror narsani sezmabdilar ham.
Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh,
Abdulhamid Umaraliyev tarjimasi.
[1] Qornus Sa’olib – Toifdan 40 km uzoqlikda joylashgan, sel suvlari to‘planadigan joy. Bu yerni Qarnul Manozil ham deyishgan. Najdliklar haj uchun shu joydan ehrom bog‘lashadi.