Bugun, 31 avgust kuni o‘zbekistonlik hojilar joylashgan Makka shahridagi muhtasham «Abroj al-Hidoya» mehmonxonasida O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 27 yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tantanali marosim O‘zbekiston Respublikasining davlat madhiyasi bilan boshlandi.
Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari Nuriymon Abulhasan muhtaram Prezidentimizning bayram tabrigini o‘qib eshittirdi. Tabrikda keltirilgan davlatimiz Rahbarining «Siz, azizlarni, sizlar orqali butun xalqimizni eng ulug‘, eng aziz bayramimiz – Mustaqillik kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman. Biz uchun yangi davr, erkin va ozod hayotni boshlab bergan bu qutlug‘ sanada xalqimiz qanday mashaqqatli va ayni vaqtda sharafli yo‘lni bosib o‘tganini yana bir bor chuqur his etamiz», degan so‘zlari tabarruk zaminda ulug‘ ibodatlarni ado etib bo‘lgan fuqarolarimizni behad quvontirib yubordi.
Tabarruk yoshdagi hoji otaxonu onaxonlarimiz muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan barcha sohalar qatorida muborak haj safarini namunali o‘tkazish borasida bir qator xayrli islohotlar amalga oshirilayotganini so‘zlab, haj qiluvchilar uchun tashkil etilgan shart-sharoitlar yilda-yilga yaxshilanib borayotganini mamnuniyat bilan tilga oldilar. Ular muhtaram Yurtboshimiz, ona-Vatanimiz va fidokor xalqimiz haqqiga ko‘pdan-ko‘p xayrli duolar qildilar.
Saudiya Arabistonidagi hamkor “al-Hidoya” shirkati rahbari Usoma Toshqandiy janoblari ziyoratchilarimizni istiqlol bayrami bilan muborakbod etib, O‘zbekiston diyorini bundan-da ravnaq topishini tiladi.
Bayram tadbirida ehson dasturxoni yozilib, ziyoratchilarga shirinliklar va tansiq taomlar tortildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Mizob - Ka’ba tomida o‘rnatilgan, Xatim ustidagi tarnovning nomi.
U Ka’baning Iroq va Suriya burchaklari orasida o‘rnatilgan bo‘lib, yomg‘ir yoqqanda, tom yuvilganda suvni oqizib yuboradi. 1627 yil yomg‘irlar natijasida Ka’ba devorlariga shikast yetadi. Uni qayta tiklash jarayonida tarnov o‘rnatiladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tarnov joylashgan tomonda turib duo qilganlar.
1. Dastlab bu kabi tarnov shakli Qurayshliklar Ka’ba ustiga tom o‘rnatishgandan sung paydo bulgan. Ungacha Ka’ba 4 devordan iborat edi.
2. Tarnovning boshlanishiga «Bismillahir Rohmanir Rohiym» va chap tomoniga «Yo Allox» deb yozilgan.
3. Tarnov qushlar qo‘nmasligi uchun utkir tikanlar bilan qoplangan.
4. Dastlab u yog‘och, kumush va po‘latdan qilingan. Tarnovni ilk bor 1573 yili sof oltindan ishlangan.
5. Uzunligi – 2,53 m, kengligi – 26 sm ni tashkil qiladi.
Salaflardan kelgan xabarlarda "Xatimda, mizob ostida duolar mustajobdir", deyilgan.
O‘MI Matbuot xizmati