Kibr – faqat Allohga xos. Chunki u barcha aybu nuqson va kamchiliklardan xoli, har bir narsaga qodir bo‘lgan Zotgagina yarashadi. Inson esa ojiz, notavon va gunohkordir. Shuning uchun inson o‘zi unga loyiq bo‘lmagan sifat ila bezanmoqlikka harakat qilishi nojoizdir.
Alloh taolo bu sifatni faqatgina O‘ziga loyiq ko‘rgan hamda bandalarini bu sifatdan chetlanishini buyurgan. Hadisi qudsiyda Alloh taolo aytadi: “Azizlik izorim, kibrlik esa ridoimdir (ya’ni, bu ikki sifat menga xosdir). Kimki mening bu sifatlarim ustida men bilan nizo qilsa, uni azobimga giriftor qilaman” (Imom Muslim rivoyati).
Bu hadisning ma’nosini Qur’oni karimning ushbu oyati tasdiqlaydi: “U qudrat sohibidir, bo‘ysundirguvchidir, tanho kibr egasidir” (Hashr surasi, 23-oyat)
Darhaqiqat, Allohning va’dasi haq. Bir marta kibrlangani sabab shayton alayhila’na Allohga sajda qilishdan mahrum bo‘ldi. Jannat atalmish beqiyos manzildan, abadiy rohatdan, Olamlar Robbisining roziligidan ayrildi va to qiyomatga qadar mo‘minlar tilida la’natlangan holda qoldi.
Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kimning qalbida zarra misqolicha kibr bo‘lsa, u jannatga kirmaydi”, deganlarida, bir kishi: “Kishi kiyimi yaxshi va poyabzali yaxshi bo‘lishini istaydi (bu amali ham kibr-havoga kiradimi?)”, deganida, u zot: “(Yo‘q, bu amali kibr emas). Albatta, Alloh ko‘rkamdir. Va ko‘rkamlikni yaxshi ko‘radi. Aslida kibr haq so‘zni rad etib, odamlarga past nazar bilan qarashdir”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Nabiy sollallohu alayhi vasallam ochiq-oydin lafzlar bilan: “Kimning qalbida zarra misqolicha kibr bo‘lsa, u jannatga kirmaydi”, demoqdalar. Buning ma’nosi shuki, qalbida zarracha kibri bor inson hargiz haq so‘zni, haqiqatni tan olmaydi va o‘zgalarga past nazar bilan boqish natijasida dilozorlik, adolatsizlik kabi gunoh ishlarni amalga oshira boshlaydi. Kibr sabab inson qilgan xatosi uchun uzr so‘rolmaydi. Kibr sabab kishi uzilgan silai-rahmni bog‘lamaydi, darz ketgan do‘stlik va yaqinlik rishtalarini qayta tiklolmaydi. Bular esa albatta insonni xayrli amallar mukofoti bo‘lgan jannatdan mahrum bo‘lishiga sababchi bo‘ladi.
Kibr - yolg‘iz Parvardigorga xos. Uni talashgan kimsaning haridori do‘zaxdir. Bu haqda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Sizlarga do‘zax ahlini aytib beraymi? Har bir dag‘al, qo‘pol, kibrli odam” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Xo‘sh, inson nega kibrlanadi? Inson takabburlik qilish ila o‘zgalardan o‘zini yuqoriroq turishini, obro‘ va e’tiborga tushishni, azizlikni hoxlaydi. Taassufki, azizlik va e’tibor, hurmat va ehtiromga takabburlikda emas, balki aynan takabburlikning aksi bo‘lgan tavoze’ orqali erishiladi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sadaqa berish bilan mol-dunyo kamayib qolmaydi. Alloh kechirimli bandaning izzatini ziyoda qiladi. Kishi Alloh uchun tavozu’lik qilsa, Alloh u bandaning darajasini ko‘taradi”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).
Hakimlardan biri aytadi: “Men martabani takabburlikda talab kildim, lekin uni tavozu’da topdim”.
Qolaversa, oxiratdagi darajotlarning baland yoki past bo‘lishi ham aynan tavoze’ga bog‘liqdir. Ibn Mas’ud roziyallohu anhu aytadilar: “Kimki kamtarin bo‘lsa, Alloh taolo uni qiyomat kunida darajasini baland qilib qo‘yadi. Kim kibr qilsa, Alloh taolo uni qiyomatda darajasini past qiladi”.
Shuning uchun har bir mo‘min kishi kibrdan saqlanishi va kamtarin bo‘lishga harakat qilmog‘i lozim. Ana shundagina Alloh uning darajasini ikki dunyoda yuqori qilib qo‘yadi. Kibr esa faqat Allohga xos.
Yorbek ISLOMOV,
Olmazor tumanidagi “Mevazor” masjidi imom noibi
Luqmoni Hakim o‘z o‘g‘illariga qilgan nasihatlari Qur’oni karimda keltiriladi.
Nasihatning eng birinchisi – shikrdan qaytarish.
“Ey, o‘g‘ilcham! Allohga shirk keltirmagin! Chunki shirk ulkan zulmdir” (Luqmon surasi, 13-oyat).
Shirk eng og‘ir zulm, eng qabih jaholat va eng katta gunoh sanaladi.
Nasihatning ikkinchisi – ota-onaning haqqini ado etish.
“Agar ular (ya’ni ota-onang) seni o‘zing bilmagan narsalarni Menga sherik qilishga zo‘rlasalar, u holda ularga itoat etma! Ularga (garchi kofir bo‘lsalarda) dunyoda yaxshi muomalada bo‘lgin” (Luqmon surasi, 15-oyat).
Ota-ona hatto mushrik bo‘lsalar-da, ularga qo‘pol munosabatda bo‘lmaslik talab etiladi.
Nasihatning uchinchisi – Alloh oshkor maxfiy har bir narsa bilib turuvchi Zot.
“Ey, o‘g‘ilcham! Shubha yo‘qki, agar xantal (o‘simligining) urug‘idek (yaxshi yoki yomon amal qilinadigan) bo‘lsa, bas, u (amal) biror xarsang tosh ichida yo osmonlarda yoki yer ostida bo‘lsa, o‘shani ham Alloh keltirur. Zero, Alloh lutfli va ogoh zotdir” (Luqmon surasi, 16-oyat).
Nasihatning to‘rtinchisi – namoz, amri ma’ruf, nahyi munkar va sabr.
“Ey, o‘g‘ilcham! Namozni barkamol ado et, yaxshilikka buyur va yomonlikdan qaytar hamda o‘zingga yetgan (balolar)ga sabr qil!...” (Luqmon surasi, 17-oyat).
Nasihatning beshinchisi – ochiq yuzli, shirin so‘zli, tavoze’li bo‘lish, kibrlanmaslik.
“Odamlarga (kibrlanib) yuzingni burishtirmagin va yerda kerilib yurmagin! Chunki Alloh barcha kibrli, maqtanchoq kimsalarni suymas” (Luqmon surasi, 18-oyat).
Nasihatning oltinchisi – baqir-chaqir qilmaslik.
“(Yurganingda) o‘rtahol yurgin va ovozingni past qilgin! Chunki ovozlarning eng yoqimsizi eshaklar ovozidir” (Luqmon surasi, 19-oyat).
Davron NURMUHAMMAD