Tasavvuf, tariqat nima? Ular zamirida qanday maqsad mujassam? Mohiyatida nima bor?
Aslida tariqat – ruhiy, ma’naviy poklanishga da’vat etuvchi, insonparvarlik g‘oyalarini targ‘ib etuvchi yo‘nalish bo‘lib, islom dini keng tarqalishida tasavvuf ham muhim o‘rin tutadi. Zero, tasavvuf ta’limoti vujudga kelgan davrda xalqni yagona maqsad atrofida birlashtirgan, jamiyatning turli tabaqalari o‘rtasida do‘stlik, birodarlik rishtalari ildiz otishiga zamin yaratgan.
Markaziy Osiyoda tasavvuf tariqatlari rivojida yurtimizdan yetishib chiqqan Najmiddin Kubro, Abduxoliq G‘ijduvoniy, Bahouddin Naqshband, Xoja Ahror Valiy, Xoja Muhammad Parso kabi allomalarning xizmati katta bo‘lgan. Shu jumladan, tasavvuf tariqatida katta o‘rin tutgan Bahouddin Naqshband hazratlari birinchidan, islom shariati mezonlarini mahkam ushlagan va ularning buzilishiga yo‘l qo‘ymagan. Ikkinchidan, bu ta’limot chin insoniy g‘oyalar va fazilatlarni ilgari surgan, jamiyatning turli vakillari o‘rtasida javonmardlik rishtalari paydo bo‘lishiga sababchi bo‘lgan edi. Buning ortida odamlar bir-birlariga moddiy va ma’naviy yordam bera boshlaganlar, har qanday qiyinchilikni hamjihatlik bilan yengib, shodliklarni baham ko‘rganlar. Shu sabab ularning faoliyati butun islom olamiga o‘z ta’sirini o‘tkazgan.
Ayni vaqtda musulmon dunyosining deyarli barcha mamlakatlarida turli tasavvufiy tariqatlar vakillari faoliyat yuritadi. Biroq ularning ko‘pchiligi tasavvuf ta’limotining ilk g‘oyalaridan ancha uzoqlashib ketganini aytish o‘rinli. Shayxlik maqomi mablag‘ to‘plash manbai bo‘lib qolgan holatlar ham yo‘q emas. Ba’zi mamlakatlardagi ko‘plab tariqat vakillari tomonidan shayxlarining o‘ta mubolag‘a bilan ulug‘lanishi, ularning tavof qilinishi, shayxlarning o‘z tarafdorlari va muassasalari mavjudligi fikrimiz isboti bo‘la oladi.
Afsuski, keyingi yillarda ayrim shaxslar tariqatni muridbozlikka, mansab, mol-dunyo orttirish manbaiga aylantirib oldilar. Shu sababli ular haqida so‘z yuritishga majbur bo‘lmoqdamiz. Maqsadimiz kimnidir, nimanidir ayblash, uzoq tarixga ega tariqat yo‘nalishini tanqid qilish yoki tasavvufni inkor etish emas. Biroq, muborak dinimizning asl mazmun-mohiyatini buzib, uning hayotbaxsh ta’limotlarini noto‘g‘ri talqin qiluvchilarni ko‘rib, tomoshabin bo‘lib turish ham insofdan emas.
“Tasavvuf” atamasining kelib chiqishi to‘g‘risida bir necha qarashlar mavjud. Ularning aksariyatida mazkur atamaning arabcha “suf” – “jun” so‘zidan kelib chiqqani qayd etiladi. Avvalo, bu atama lug‘aviy ma’no jihatidan to‘g‘ri. Negaki, ko‘p ibodat bilan mashg‘ul kishilar kiyimni juda sodda kiyishgan. Odatda ularning kiyimlari faqat jundan iborat bo‘lgan. Zero, tasavvufga ergashgan shaxslar tanalarini riyozatga chiniqtirish uchun hamda dunyoning moddiy boyliklari dabdabasidan yuz o‘girganliklarining isboti sifatida qattiq jundan to‘qilgan libos kiyib yurganlar.
Imom Suxravordiy fikricha, tasavvuf ta’rifining mazmuni – ikki ming atrofida. Yana boshqalari tasavvuf ta’rifining ziyoda bo‘lishi yoki xilma-xilligi bu yo‘nalishning kengligini bildiradi, deb ta’riflashgan. Shuni qayd etish lozimki, ularning yo‘nalishlari, tahsillari, ko‘rsatmalari sho‘rolar davrida barbod bo‘lgan edi. Shuning uchun tasavvuf tariqat yo‘nalishlarida hech qanday adabiyot, maktab, bilim dargohi mavjud emasdi. Shariat bilimlarini o‘rganishda foydalanilayotgan oliygoh va madrasalar kabi bilim dargohlari yo‘q edi.
Bu o‘z-o‘zidan tariqatchilik sohasida ilmiy-amaliy ko‘rsatma deyarli yo‘q degani emasmi? Demakki, bu sohaning mutaxassislari hozirda yurtimizda barmoq bilan sanarli holga kelgan. Biroq, mo‘tabar zotlarning maqom va lavozimlarini davom ettirish da’vosi bilan yurtimizning bir necha joylaridan pirlik da’vosini qilayotganlar kishini taajjubga soladi. Ular mashhur tasavvufchilarning yo‘nalishlarini tanlaganliklarini pesh qilib, o‘zlariga muxlis orttirmoqdalar. Bu o‘z navbatida qator savollarni yuzaga keltiradi:
Xo‘sh, tasavvuf yo‘nalishida kim xohlasa pirlik, yana kim xohlasa muridlik da’vosini qilishi mumkinmi?
Pirlik da’vo qilayotgan shaxslar qaysi bir tariqat vazifalarini bajarib, zohiriy va botiniy ilmlarga ega bo‘lgan shaxslarga bog‘lanishgan?
70 yillik bo‘hron davrida shariat ilmiga mohir, har tomonlama yetuk olimni tasavvur qilish qiyin bir paytda qanday qilib inson qalbiga nur bera oladigan tariqat ilmi mutaxassislari yetishib chiqdi?
Hozirgi kunda pirlar o‘zaro bir-birini adashgan, noto‘g‘ri yo‘l tanlagan, johil, ilmsiz, deb da’vo qilib turgan bir paytda qanday qilib ularga ergashish mumkin?
Ayni paytda ba’zi pirlar o‘z muridlariga qator vazifalarni berishda asosan eshitgan, qaysidir “pir” ta’sirida bo‘lgan davrlaridagi taassurotlariga tayanmoqdalar. Muridlar ham bu vazifalarni ado etishni vojib o‘rinda ko‘rmoqdalar.
Binobarin, ba’zi bir pirlarning o‘zlari bilmagan holda shariat qoidalari buzilishiga olib boruvchi ayrim ko‘rsatmalari bo‘yicha xalqimiz o‘rtasida e’tirozlar paydo bo‘lmoqda. Misol tariqasida quyidagilarni keltirish mumkin:
- kechasi tahajjud namozini o‘qish farz (yoki vojib) deb ta’kidlash;
- shukri vuzu’ namozini qay vaqtda bo‘lsa ham, ya’ni makruh paytlarda ham o‘qib olish zarur deb bilish;
- pirga qo‘l berganning oldingi gunohlari, shuningdek, qoldirilgan ibodatlari ham kechiriladi, deyish;
- murididan boshqa kishining to‘y-ma’rakasiga bormaslik;
- rasmiy imomlarning amri ma’ruflarini mensimaslik;
- o‘zidan boshqa tariqat pirlarini oshkor tanqid qilib, ularning adashganliklarini aytish;
- o‘zgalar (tarafdorlardan boshqalar)ning diniy va dunyoviy mazmundagi marosimlarida ishtirok etmaslik;
- qoplama (tilla, kumush) tish qo‘ygan kishining tahorati mukammal bo‘lmaydi deyish;
- namozdan keyin ovoz chiqarib duo va tilovat qilishni makruh deb bilish;
- Payg‘ambarimiz (s.a.v.) zamonasida bo‘lmagan har qanday ishni bid’at (yangilik), deb bilish va inkor etish.
Bulardan tashqari, ayrim tariqatchilar tomonidan turli mutaassibona xatti-harakatlar namoyon bo‘layotgani taajjublidir. Xususan, ular pirning uyi tomonga oyoq uzatish qiblaga oyoq uzatishdek gunoh bo‘ladi, deyishadi. Salla kiyishni doimiy sunnat, deb jamiyatimizdagi hozirda kiyilayotgan kiyimlarga rozi bo‘lishmaydi. Shariatda ruxsat qilingan qo‘l yuvilgandan keyin qo‘lni yoki yuzni sochiq bilan artishni mumkin emas deb da’vo qilishadi. Ba’zi birlari esa islom shariatida joriy bo‘lib kelgan amallardan ko‘ra pirlari buyurgan amalni ustun ko‘radilar.
Choyni quyishda choynakni ham, piyolani ham o‘ng qo‘l bilan ushlamasa, makruh bo‘ladi deb, shuningdek, boshqalarning chap qo‘lda quygan choylarini ichishmaydi.
O‘z pirlarini boshqa pirlardan yuqori ko‘rishda charchamaydilar. Ayrim muridlar ota-onalari, muqaddas oilalari va farzandlarini tashlab, devonalikni da’vo qilishadi.
Yuqoridagilardan ko‘rinib turibdiki, bunday amallar shariat asoslariga ham, tariqat an’analariga ham mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi.
Tariqat va shayxlik da’vosini qiluvchi shaxslarning to‘g‘ri yo‘lda ekanliklarini aniqlash uchun ular amallari shariatga, ma’rifiy islom dini ko‘rsatgan yo‘lga nechog‘lik mos ekanliklarini solishtirish kifoya qiladi. Dindagi g‘uluv ko‘p hollarda diniy savodning yetarli emasligi bilan bog‘liq. Har bir ishda ilmning yo‘qligi g‘ariblikni keltirib chiqaradi. Naqshbandiya tariqati esa kasb-hunar va mehnatdan ajralmagan holda, ilm-ma’rifatni muttasil ziyoda qilib borishga da’vat etadi.
Vaholanki, hozirgi vaqtda ayrim tariqat ahli ilmlarini muttasil ziyoda qilib borish o‘rniga o‘zlari ilm-ma’rifatga qiziqmaganlari holda yosh avlodni maktab o‘qishlaridan va zamonaviy fanlarni o‘zlashtirishdan sovutishga jur’at qilmoqdalar. Zamonaviy ilmlardan bahramand bo‘lmagan kishidan komil inson chiqishi mumkinmi?
Ayni paytda ayrim tariqatchilarni o‘zining to‘piga qo‘shilib olib, ko‘chama-ko‘cha, xonama-xona xudoyi yeb yurib, bola-chaqaning nafaqasini unutayotgan holda uchratish mumkin.
Naqshbandiya tariqati ta’limoti bo‘yicha halol kasb bilan oilaning nafaqasini ta’minlash muhim ishlardan hisoblanadi. Oila va farzandlarni tark etib, o‘z manfaati yo‘lida uzoq joylarga ketib qolish shariat qonunlariga va tariqat ko‘rsatmalariga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi. Diniy va milliy qadriyatlarga putur yetkazadigan, xalqimiz birligini buzadigan ishlar jamiyatimiz uchun salbiy ishlardir. Ulardan na dinimizga, na tasavvuf tariqatiga biror manfaat bor.
Maqsadimiz ma’rifiy islom va an’anaviy hanafiy mazhabi yo‘nalishiga og‘ishmay amal qilish va to‘g‘ri yo‘lni insof nuqtayi nazaridan qabul qilish ekan, tariqat – Alloh va Rasulini sevish, ota-onaga, ustozga, barcha mo‘min-musulmonlarga mehr-muhabbat ko‘rsatishligini unutmaslik kerak. Tariqat –Xoja Ahror Valiy kabi yurt tinchligi, xalq farovonligi uchun bor kuch va imkoniyatini baxshida etishdir. Asl tariqatda tarkidunyochilik, oila va farzandlar nafaqasi va tarbiyasiga beparvolik yo‘q. Mavlono Jaloliddin Rumiy ishsizlik, dangasalik, beparvolikka, tarkidunyochilikka qarshi qattiq kurashganlar. U kishi insonlarni harakat va jiddu jahd qilishga, ijtimoiy hayotda faol qatnashishga chaqirganlar. Tariqat xalq bilan birga bo‘lishga, xalqning og‘irini yengil qilishga buyuradi. Tashqi ko‘rinish so‘fiynamo bo‘lib, badxulq bo‘lishni qattiq qoralaydi. Zero, tariqatda so‘z bilan amal bir bo‘lmasa, munofiqlik hisoblanadi. Ahmad Yassaviy ta’kidlaganidek,
Har kim qilsa tariqatni da’vosin,
Avval qadam shariatga qo‘ymoq kerak.
Shariatning ishlarini ado qilib,
Andin so‘ngra bu da’voni qilmoq kerak.
Rajabali NORQO‘CHQAROV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasining
Qashqadaryo viloyatidagi vakili o‘rinbosari
Shu yilning 9 yanvar kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi Buxoro viloyati vakili viloyat bosh imom-xatibi Jobir domla Elov rahbarligida Vobkent tumanida faoliyat ko‘rsatayotgan masjidlar imom-xatib, imom-noib, mahalla domlalari va nuroniy otaxonlar ishtirokida sayyor yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Sayyor yig‘ilish davomida barcha imom-xatib va imom-noiblar o‘zlariga biriktirilgan MFYlar bilan muntazam aloqada bo‘lib, yoshlar tarbiyasiga katta e’tibor qaratishi, ilm-ma’rifatga qiziqtirish va yosh avlod kelajagi uchun mustahkam poydevor yaratish kabilarni alohida ta’kidlandi. Shundan so‘ng barcha imom-xatiblar mahalla nuroniylari bilan o‘zlariga biriktirilgan mahallalarga chiqishdi.
Shu kunning o‘zida sayyor qabul ishtirokchilari 50 dan oshiq xonadon holidan xabar oldi. Jumladan, Ko‘liodina mahallasida yashovchi yuz yoshni qarshilagan mehnat faxriylarini ziyorat qildi. So‘ngra shu mahallada istiqomat qiluvchi birinchi guruh nogironlari, moddiy ko‘makka muxtojlar, ijtimoiy ko‘makka muhtojlarning xonadonlaridan xabar olinib, ma’naviy-ma’rifiy suhbatlar uyushtirildi va homiylar ishtirokida moddiy jihatdan ko‘maklar berildi.
Shuningdek, Viloyat bosh imomi rahbarligida hamda Vobkent tumanidagi imom-xatiblar ishtirokida 2024 yil zamonaviy loyihalar asosida qurilgan 120 o‘rinli 12-maktabgacha ta’limda vatanimiz kelajagi bo‘lmish jajji bolalar bilan uchrashib, ularga xursandchilik ulashildi.
Kunning ikkinchi qismida viloyat bosh imom-xatibi Jobir domla Elov tumandagi Abdulazizxon jome masjidida peshin namozida bo‘lib, yig‘ilgan jamoatga "Shukronalik", "Sof islom ta’limoti", "Tinchlik ne’mati" mavzularida ma’viza qildi va keng jamoat ishtirokida yurtimiz haqqiga duoi xayrlar so‘raldi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Buxoro viloyati vakilligi
Matbuot xizmati