Tasavvuf, tariqat nima? Ular zamirida qanday maqsad mujassam? Mohiyatida nima bor?
Aslida tariqat – ruhiy, ma’naviy poklanishga da’vat etuvchi, insonparvarlik g‘oyalarini targ‘ib etuvchi yo‘nalish bo‘lib, islom dini keng tarqalishida tasavvuf ham muhim o‘rin tutadi. Zero, tasavvuf ta’limoti vujudga kelgan davrda xalqni yagona maqsad atrofida birlashtirgan, jamiyatning turli tabaqalari o‘rtasida do‘stlik, birodarlik rishtalari ildiz otishiga zamin yaratgan.
Markaziy Osiyoda tasavvuf tariqatlari rivojida yurtimizdan yetishib chiqqan Najmiddin Kubro, Abduxoliq G‘ijduvoniy, Bahouddin Naqshband, Xoja Ahror Valiy, Xoja Muhammad Parso kabi allomalarning xizmati katta bo‘lgan. Shu jumladan, tasavvuf tariqatida katta o‘rin tutgan Bahouddin Naqshband hazratlari birinchidan, islom shariati mezonlarini mahkam ushlagan va ularning buzilishiga yo‘l qo‘ymagan. Ikkinchidan, bu ta’limot chin insoniy g‘oyalar va fazilatlarni ilgari surgan, jamiyatning turli vakillari o‘rtasida javonmardlik rishtalari paydo bo‘lishiga sababchi bo‘lgan edi. Buning ortida odamlar bir-birlariga moddiy va ma’naviy yordam bera boshlaganlar, har qanday qiyinchilikni hamjihatlik bilan yengib, shodliklarni baham ko‘rganlar. Shu sabab ularning faoliyati butun islom olamiga o‘z ta’sirini o‘tkazgan.
Ayni vaqtda musulmon dunyosining deyarli barcha mamlakatlarida turli tasavvufiy tariqatlar vakillari faoliyat yuritadi. Biroq ularning ko‘pchiligi tasavvuf ta’limotining ilk g‘oyalaridan ancha uzoqlashib ketganini aytish o‘rinli. Shayxlik maqomi mablag‘ to‘plash manbai bo‘lib qolgan holatlar ham yo‘q emas. Ba’zi mamlakatlardagi ko‘plab tariqat vakillari tomonidan shayxlarining o‘ta mubolag‘a bilan ulug‘lanishi, ularning tavof qilinishi, shayxlarning o‘z tarafdorlari va muassasalari mavjudligi fikrimiz isboti bo‘la oladi.
Afsuski, keyingi yillarda ayrim shaxslar tariqatni muridbozlikka, mansab, mol-dunyo orttirish manbaiga aylantirib oldilar. Shu sababli ular haqida so‘z yuritishga majbur bo‘lmoqdamiz. Maqsadimiz kimnidir, nimanidir ayblash, uzoq tarixga ega tariqat yo‘nalishini tanqid qilish yoki tasavvufni inkor etish emas. Biroq, muborak dinimizning asl mazmun-mohiyatini buzib, uning hayotbaxsh ta’limotlarini noto‘g‘ri talqin qiluvchilarni ko‘rib, tomoshabin bo‘lib turish ham insofdan emas.
“Tasavvuf” atamasining kelib chiqishi to‘g‘risida bir necha qarashlar mavjud. Ularning aksariyatida mazkur atamaning arabcha “suf” – “jun” so‘zidan kelib chiqqani qayd etiladi. Avvalo, bu atama lug‘aviy ma’no jihatidan to‘g‘ri. Negaki, ko‘p ibodat bilan mashg‘ul kishilar kiyimni juda sodda kiyishgan. Odatda ularning kiyimlari faqat jundan iborat bo‘lgan. Zero, tasavvufga ergashgan shaxslar tanalarini riyozatga chiniqtirish uchun hamda dunyoning moddiy boyliklari dabdabasidan yuz o‘girganliklarining isboti sifatida qattiq jundan to‘qilgan libos kiyib yurganlar.
Imom Suxravordiy fikricha, tasavvuf ta’rifining mazmuni – ikki ming atrofida. Yana boshqalari tasavvuf ta’rifining ziyoda bo‘lishi yoki xilma-xilligi bu yo‘nalishning kengligini bildiradi, deb ta’riflashgan. Shuni qayd etish lozimki, ularning yo‘nalishlari, tahsillari, ko‘rsatmalari sho‘rolar davrida barbod bo‘lgan edi. Shuning uchun tasavvuf tariqat yo‘nalishlarida hech qanday adabiyot, maktab, bilim dargohi mavjud emasdi. Shariat bilimlarini o‘rganishda foydalanilayotgan oliygoh va madrasalar kabi bilim dargohlari yo‘q edi.
Bu o‘z-o‘zidan tariqatchilik sohasida ilmiy-amaliy ko‘rsatma deyarli yo‘q degani emasmi? Demakki, bu sohaning mutaxassislari hozirda yurtimizda barmoq bilan sanarli holga kelgan. Biroq, mo‘tabar zotlarning maqom va lavozimlarini davom ettirish da’vosi bilan yurtimizning bir necha joylaridan pirlik da’vosini qilayotganlar kishini taajjubga soladi. Ular mashhur tasavvufchilarning yo‘nalishlarini tanlaganliklarini pesh qilib, o‘zlariga muxlis orttirmoqdalar. Bu o‘z navbatida qator savollarni yuzaga keltiradi:
Xo‘sh, tasavvuf yo‘nalishida kim xohlasa pirlik, yana kim xohlasa muridlik da’vosini qilishi mumkinmi?
Pirlik da’vo qilayotgan shaxslar qaysi bir tariqat vazifalarini bajarib, zohiriy va botiniy ilmlarga ega bo‘lgan shaxslarga bog‘lanishgan?
70 yillik bo‘hron davrida shariat ilmiga mohir, har tomonlama yetuk olimni tasavvur qilish qiyin bir paytda qanday qilib inson qalbiga nur bera oladigan tariqat ilmi mutaxassislari yetishib chiqdi?
Hozirgi kunda pirlar o‘zaro bir-birini adashgan, noto‘g‘ri yo‘l tanlagan, johil, ilmsiz, deb da’vo qilib turgan bir paytda qanday qilib ularga ergashish mumkin?
Ayni paytda ba’zi pirlar o‘z muridlariga qator vazifalarni berishda asosan eshitgan, qaysidir “pir” ta’sirida bo‘lgan davrlaridagi taassurotlariga tayanmoqdalar. Muridlar ham bu vazifalarni ado etishni vojib o‘rinda ko‘rmoqdalar.
Binobarin, ba’zi bir pirlarning o‘zlari bilmagan holda shariat qoidalari buzilishiga olib boruvchi ayrim ko‘rsatmalari bo‘yicha xalqimiz o‘rtasida e’tirozlar paydo bo‘lmoqda. Misol tariqasida quyidagilarni keltirish mumkin:
- kechasi tahajjud namozini o‘qish farz (yoki vojib) deb ta’kidlash;
- shukri vuzu’ namozini qay vaqtda bo‘lsa ham, ya’ni makruh paytlarda ham o‘qib olish zarur deb bilish;
- pirga qo‘l berganning oldingi gunohlari, shuningdek, qoldirilgan ibodatlari ham kechiriladi, deyish;
- murididan boshqa kishining to‘y-ma’rakasiga bormaslik;
- rasmiy imomlarning amri ma’ruflarini mensimaslik;
- o‘zidan boshqa tariqat pirlarini oshkor tanqid qilib, ularning adashganliklarini aytish;
- o‘zgalar (tarafdorlardan boshqalar)ning diniy va dunyoviy mazmundagi marosimlarida ishtirok etmaslik;
- qoplama (tilla, kumush) tish qo‘ygan kishining tahorati mukammal bo‘lmaydi deyish;
- namozdan keyin ovoz chiqarib duo va tilovat qilishni makruh deb bilish;
- Payg‘ambarimiz (s.a.v.) zamonasida bo‘lmagan har qanday ishni bid’at (yangilik), deb bilish va inkor etish.
Bulardan tashqari, ayrim tariqatchilar tomonidan turli mutaassibona xatti-harakatlar namoyon bo‘layotgani taajjublidir. Xususan, ular pirning uyi tomonga oyoq uzatish qiblaga oyoq uzatishdek gunoh bo‘ladi, deyishadi. Salla kiyishni doimiy sunnat, deb jamiyatimizdagi hozirda kiyilayotgan kiyimlarga rozi bo‘lishmaydi. Shariatda ruxsat qilingan qo‘l yuvilgandan keyin qo‘lni yoki yuzni sochiq bilan artishni mumkin emas deb da’vo qilishadi. Ba’zi birlari esa islom shariatida joriy bo‘lib kelgan amallardan ko‘ra pirlari buyurgan amalni ustun ko‘radilar.
Choyni quyishda choynakni ham, piyolani ham o‘ng qo‘l bilan ushlamasa, makruh bo‘ladi deb, shuningdek, boshqalarning chap qo‘lda quygan choylarini ichishmaydi.
O‘z pirlarini boshqa pirlardan yuqori ko‘rishda charchamaydilar. Ayrim muridlar ota-onalari, muqaddas oilalari va farzandlarini tashlab, devonalikni da’vo qilishadi.
Yuqoridagilardan ko‘rinib turibdiki, bunday amallar shariat asoslariga ham, tariqat an’analariga ham mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi.
Tariqat va shayxlik da’vosini qiluvchi shaxslarning to‘g‘ri yo‘lda ekanliklarini aniqlash uchun ular amallari shariatga, ma’rifiy islom dini ko‘rsatgan yo‘lga nechog‘lik mos ekanliklarini solishtirish kifoya qiladi. Dindagi g‘uluv ko‘p hollarda diniy savodning yetarli emasligi bilan bog‘liq. Har bir ishda ilmning yo‘qligi g‘ariblikni keltirib chiqaradi. Naqshbandiya tariqati esa kasb-hunar va mehnatdan ajralmagan holda, ilm-ma’rifatni muttasil ziyoda qilib borishga da’vat etadi.
Vaholanki, hozirgi vaqtda ayrim tariqat ahli ilmlarini muttasil ziyoda qilib borish o‘rniga o‘zlari ilm-ma’rifatga qiziqmaganlari holda yosh avlodni maktab o‘qishlaridan va zamonaviy fanlarni o‘zlashtirishdan sovutishga jur’at qilmoqdalar. Zamonaviy ilmlardan bahramand bo‘lmagan kishidan komil inson chiqishi mumkinmi?
Ayni paytda ayrim tariqatchilarni o‘zining to‘piga qo‘shilib olib, ko‘chama-ko‘cha, xonama-xona xudoyi yeb yurib, bola-chaqaning nafaqasini unutayotgan holda uchratish mumkin.
Naqshbandiya tariqati ta’limoti bo‘yicha halol kasb bilan oilaning nafaqasini ta’minlash muhim ishlardan hisoblanadi. Oila va farzandlarni tark etib, o‘z manfaati yo‘lida uzoq joylarga ketib qolish shariat qonunlariga va tariqat ko‘rsatmalariga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi. Diniy va milliy qadriyatlarga putur yetkazadigan, xalqimiz birligini buzadigan ishlar jamiyatimiz uchun salbiy ishlardir. Ulardan na dinimizga, na tasavvuf tariqatiga biror manfaat bor.
Maqsadimiz ma’rifiy islom va an’anaviy hanafiy mazhabi yo‘nalishiga og‘ishmay amal qilish va to‘g‘ri yo‘lni insof nuqtayi nazaridan qabul qilish ekan, tariqat – Alloh va Rasulini sevish, ota-onaga, ustozga, barcha mo‘min-musulmonlarga mehr-muhabbat ko‘rsatishligini unutmaslik kerak. Tariqat –Xoja Ahror Valiy kabi yurt tinchligi, xalq farovonligi uchun bor kuch va imkoniyatini baxshida etishdir. Asl tariqatda tarkidunyochilik, oila va farzandlar nafaqasi va tarbiyasiga beparvolik yo‘q. Mavlono Jaloliddin Rumiy ishsizlik, dangasalik, beparvolikka, tarkidunyochilikka qarshi qattiq kurashganlar. U kishi insonlarni harakat va jiddu jahd qilishga, ijtimoiy hayotda faol qatnashishga chaqirganlar. Tariqat xalq bilan birga bo‘lishga, xalqning og‘irini yengil qilishga buyuradi. Tashqi ko‘rinish so‘fiynamo bo‘lib, badxulq bo‘lishni qattiq qoralaydi. Zero, tariqatda so‘z bilan amal bir bo‘lmasa, munofiqlik hisoblanadi. Ahmad Yassaviy ta’kidlaganidek,
Har kim qilsa tariqatni da’vosin,
Avval qadam shariatga qo‘ymoq kerak.
Shariatning ishlarini ado qilib,
Andin so‘ngra bu da’voni qilmoq kerak.
Rajabali NORQO‘CHQAROV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasining
Qashqadaryo viloyatidagi vakili o‘rinbosari
- 61وَذُو الإِيْمَانِ لَا يَبْقَى مُقِيمًا بِسُوءِ الذَّنْبِ فِي دَارِ اشْتِعَالِ
Ma’nolar tarjimasi: Mo‘min banda gunoh zarari tufayli alangalanib yonish diyorida muqim holatda boqiy qolmaydi.
Nazmiy bayoni:
Osiy mo‘min doimo qolmas abad hech,
Alangali diyordan chiqar erta kech.
Lug‘atlar izohi:
وَذُو الاِيْمَانِ – mubtado.
لَا – nafiy harfi.
يَبْقَى – muzori’ fe’li. Foili yashirin هُوَ zamir bo‘lib, ذُو الاِيْمَانِ ga qaytadi.
مُقِيمًا – muqim deganda biror makonda doimiy qoluvchi kishi tushuniladi.
بِ – “sababiya” ma’nosida kelgan jor harfi.
سُوءِ الذَّنْبِ – sifat mavsufga izofa qilingan, bu jumla, aslida, بِسَبَبِ الذَنْبِ السَّيِّءِ bo‘lgan.
فِي – “zarfiyat” ma’nosida kelgan jor harfi.
دَارِ اشْتِعَالِ – bu kalimadan do‘zax nazarda tutilgan. Chunki u abadiy alangalanib yonib turadi. Jor va majrur يَبْقَى fe’liga mutaalliq.
Matn sharhi:
Ahli sunna val-jamoa mazhabiga ko‘ra gunohi kabiralar qilgan mo‘min kishi tavba qilishga ulgurmasdan vafot etib ketgan bo‘lsa-da, do‘zaxda abadiy qolmaydi. Bunday kishilar qilgan osiyliklariga yarasha jazolanib, so‘ngra qalblarida iymon borligi e’tiboridan do‘zaxdan chiqariladilar. Ular haqida hadisi sharifda shunday xabar berilgan:
حَدَّثَنَا عِمْرَانُ بْنُ حُصَيْنٍ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُمَا عَنْ النَّبِيِّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ يَخْرُجُ قَوْمٌ مِنْ النَّارِ بِشَفَاعَةِ مُحَمَّدٍ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَيَدْخُلُونَ الْجَنَّةَ يُسَمَّوْنَ الْجَهَنَّمِيِّينَ. رَوَاهُ الْبُخَارِىُّ
Bizlarga Imron ibn Husayn roziyallohu anhumo Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan eshitganini gapirib berdi: “Bir qavm Muhammad sollallohu alayhi vasallamning shafoatlari sababli do‘zaxdan chiqib, jannatga kiradilar, “jahannamiylar” deb nomlanadilar”. Imom Buxoriy rivoyat qilgan.
Sharh: Imom Buxoriy rivoyat qilgan ushbu hadisi sharifga ko‘plab sharhlar yozilgan. Munoviyning “Taysir bi sharhi jomi’is sog‘ir” kitobida quyidagicha sharhlangan: “Bu yerda ushbu ism ishlatiladigan darajada ularning jahannamda uzoq azoblanishlariga va hatto undan chiqishlariga umid ham uzilishiga ishora bor. Shundan so‘ng ular Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning shafoatlari bilan undan chiqariladilar”[1].
Muborakfuriyning “Tuhfatul Ahvaziy” kitobida quyidagicha sharhlangan: “Ushbu nom ularga atoqli ot bo‘lib, (jannatga kirganda ham) o‘zgarmagan bo‘ladi”.
Hofiz “Fath”da quyidagilarni keltirgan, “Nasaiy Amr ibn Amrning Anas roziyallohu anhudan qilgan rivoyatida: “Jannat ahli “anavilar jahannamiylar” deyishganida, Alloh taolo: “Ular Allohning ozod qilgan bandalaridir”, deb aytadi”, – deyilgan.
Muslim ushbu hadisni boshqa yo‘ldan Abu Sa’iddan rivoyat qilgan. O‘sha rivoyatda: “Ular (ya’ni jahannamiylar deb nom olganlar) Allohga duo qiladilar, Alloh ulardan ushbu ismni ketkazadi”, lafzlari ziyoda qilingan”[2].
Jazo soqit qilinishiga sabab qilib qo‘yilgan ishlar
Dunyoda ba’zi bir ishlar borki, Alloh taolo bu ishlarni gunohkor bandalardan do‘zax azobini soqit qilishga sabab qilib qo‘ygan. Bular:
1. Tavba. Qilgan gunohlariga astoydil tavba qilgan va iymonga kelib solih ishlarni qilgan insonlarga jannat va’dasi berilgan. Zero, tavba qilish deganda ma’siyatlarni tark qilib taoatga qaytish tushuniladi.
“Illo, iymon keltirib, ezgu ishlarni qilgan zotlargina (bundan mustasnodir). Bas, ular jannatga kirurlar va ularga biror narsada nohaqlik qilinmas”[3].
2. Istig‘for. Alloh taolo istig‘for aytgan bandalarni azoblamasligini xabar bergan:
“Ular istig‘for aytib (kechirim so‘rab) turgan hollarida ham Alloh ularni azoblovchi emas”[4].
“Mag‘firat so‘rash, ya’ni gunohlarning zararidan saqlashni va ularni bekitishni so‘rab yolvorish – istig‘for deyiladi”[5].
Quyidagi kalimalar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ta’lim bergan eng mashhur istig‘forlardan biri hisoblanadi:
أَسْتَغْفِرُ اللَّهَ الَّذِي لَا إِلَهَ إِلاَّ هُوَ الْحَيَّ الْقَيُّومَ وَأَتُوبُ إِلَيْهِ
“Allohdan mag‘firat so‘rayman, Undan o‘zga iloh yo‘qdir, U abadiy barhayot va butun borliqni tutib turguvchidir, Unga tavba qilaman”.
3. Yaxshi ishlar. Alloh taolo yaxshi ishlar yomonliklarni ketkazishini aytgan:
“Kunduzning ikki tarafida va kechaning bir bo‘lagida namozni to‘kis ado qil! Albatta, yaxshiliklar yomonliklarni ketkazadi. Bu esa, eslovchilarga eslatmadir”[6].
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yomon ish sodir bo‘lib qolsa, darhol uni o‘chiradigan yaxshi ishni qilishga buyurganlar:
عَنْ أَبِي ذَرٍّ الْغِفَارِيِّ قَالَ قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ اتَّقِ اللَّهَ حَيْثُمَا كُنْتَ وَأَتْبِعِ السَّيِّئَةَ الْحَسَنَةَ تَمْحُهَا وَخَالِقِ النَّاسَ بِخُلُقٍ حَسَنٍ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ
Abu Zar G‘iforiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qayerda bo‘lsang ham Allohga taqvo qil, yomon ishga uni o‘chiradigan yaxshi ishni ergashtirgin, insonlarga go‘zal xulqlar bilan muomala qilgin”, – dedilar”. Imom Termiziy rivoyat qilgan.
4. Dunyoviy musibatlar. Dunyoda mo‘min kishi biror musibatga uchrasa, shu musibatlari sababli Alloh taolo uning oldin qilgan xatolarini yuvib yuboradi.
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ وَأَبِي سَعِيدٍ الْخُدْرِيِّ أَنَّ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ مَا يُصِيبُ الْمُؤْمِنَ مِنْ وَصَبٍ وَلاَ نَصَبٍ وَلاَ هَمٍّ وَلاَ حَزَنٍ وَلاَ أَذًى وَلاَ غَمٍّ حَتَّى الشَّوْكَة يُشَاكُهَا إِلاَّ كَفَّرَ اللَّهُ مِنْ خَطَايَاهُ. رَوَاهُ اَحْمَدُ
Abu Hurayra va Abu Said Xudriy roziyallohu anhumolardan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Mo‘minga biror kasallikmi, kulfatmi, g‘ammi, tashvishmi, xafalikmi yetsa, hatto tikan kirib og‘ritsa ham, albatta, Alloh xatolariga kafforot qiladi”, – dedilar”. Imom Ahmad rivoyat qilgan.
5. Mo‘minlarning tirikligida va vafotidan keyin orqasidan istig‘for aytishlari:
“Ulardan keyin (dunyoga) kelganlar: “Ey Robbimiz, bizni va bizdan avval iymon bilan o‘tgan birodarlarimizni mag‘firat qilgin, iymon keltirganlarga (nisbatan) qalblarimizda nafrat (paydo) qilmagin. Ey Robbimiz, albatta, Sen shafqatli va mehribonsan”, – derlar”[7].
6. O‘limidan keyin uning nomidan sadaqa yo haj qilish kabi ishlar:
Inson vafotidan so‘ng uning ortidan u uchun qilingan sadaqaning savobi tegishiga ushbu hadis dalildir:
أَخْبَرَنَا ابْنُ جُرَيْجٍ قَالَ أَخْبَرَنِي يَعْلَى أَنَّهُ سَمِعَ عِكْرِمَةَ يَقُولُ أَنْبَأَنَا ابْنُ عَبَّاسٍ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُمَا أَنَّ سَعْدَ بْنَ عُبَادَةَ تُوُفِّيَتْ أُمُّهُ وَهُوَ غَائِبٌ عَنْهَا فَقَالَ يَا رَسُولَ اللَّهِ إِنَّ أُمِّي تُوُفِّيَتْ وَأَنَا غَائِبٌ عَنْهَا أَيَنْفَعُهَا شَيْءٌ إِنْ تَصَدَّقْتُ بِهِ عَنْهَا قَالَ نَعَمْ قَالَ فَإِنِّي أُشْهِدُكَ أَنَّ حَائِطِيَ الْمِخْرَافَ صَدَقَةٌ عَلَيْهَا. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ
Bizlarga Ibn Jurayj xabar berdi u Ikrimaning shunday deyayotganini eshitgan ekan: “Bizga Ibn Abbos roziyallohu anhumo xabar berdi: “Sa’d ibn Uboda roziyallohu anhuning onasi vafot etdi. O‘sha payt u onasining yonida emas edi. Shunda u: “Ey Allohning Rasuli, onam vafot etdi, men uning yonida yo‘q edim, agar men uning nomidan biror narsa sadaqa qilsam unga naf beradimi?” – dedi. U zot: “Ha”, – dedilar. Shunda u: “Men sizni guvoh qilamanki, mevali bog‘im uning nomidan sadaqadir”, – dedi”. Imom Buxoriy rivoyat qilgan.
Inson vafotidan so‘ng uning ortidan u uchun qilingan hajning savobi tegishiga ushbu hadis dalildir.
عَنْ ابْنِ عَبَّاسٍ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُمَا أَنَّ امْرَأَةً مِنْ جُهَيْنَةَ جَاءَتْ إِلَى النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَقَالَتْ إِنَّ أُمِّي نَذَرَتْ أَنْ تَحُجَّ فَلَمْ تَحُجَّ حَتَّى مَاتَتْ أَفَأَحُجُّ عَنْهَا قَالَ نَعَمْ حُجِّي عَنْهَا أَرَأَيْتِ لَوْ كَانَ عَلَى أُمِّكِ دَيْنٌ أَكُنْتِ قَاضِيَةً اقْضُوا اللَّهَ فَاللَّهُ أَحَقُّ بِالْوَفَاءِ. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ
Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Juhayna qabilasida bir ayol Nabiy sollallohu alayhi vasallamning yonlariga keldi va: “Onam haj qilishni nazr qilgan edi, haj qilishga ulgurmasdan vafot etdi. Uning nomidan haj qilsam bo‘ladimi?”, – dedi. U zot: “Ha, uning nomidan haj qil, aytginchi, onangning zimmasida qarz bo‘lganida ado qilarmiding?! Allohning qarzini ado etinglar, Alloh vafoga eng haqlidir”, – dedilar”. Imom Buxoriy rivoyat qilgan.
7. Shafoat qiluvchilarning shafoati:
Shafoat qiluvchilarning shafoatlariga sazovor bo‘lish sababidan ham Alloh taolo bandadan do‘zax azobini soqit qiladi. Shafoat va shafoat qiluvchilar haqida 28-baytning sharhida batafsil bayon qilindi.
8. Shafoatsiz ham, eng mehribon Zot Alloh taoloning avf etishi:
عَنْ عَبْدِ اللَّهِ قَالَ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ إِنِّي لَأَعْلَمُ آخِرَ أَهْلِ النَّارِ خُرُوجًا مِنْهَا وَآخِرَ أَهْلِ الْجَنَّةِ دُخُولًا رَجُلٌ يَخْرُجُ مِنْ النَّارِ كَبْوًا فَيَقُولُ اللَّهُ اذْهَبْ فَادْخُلِ الْجَنَّةَ فَيَأْتِيهَا فَيُخَيَّلُ إِلَيْهِ أَنَّهَا مَلْأَى فَيَرْجِعُ فَيَقُولُ يَا رَبِّ وَجَدْتُهَا مَلْأَى فَيَقُولُ اذْهَبْ فَادْخُلِ الْجَنَّةَ فَيَأْتِيهَا فَيُخَيَّلُ إِلَيْهِ أَنَّهَا مَلْأَى فَيَرْجِعُ فَيَقُولُ يَا رَبِّ وَجَدْتُهَا مَلْأَى فَيَقُولُ اذْهَبْ فَادْخُلِ الْجَنَّةَ فَإِنَّ لَكَ مِثْلَ الدُّنْيَا وَعَشَرَةَ أَمْثَالِهَا أَوْ إِنَّ لَكَ مِثْلَ عَشَرَةِ أَمْثَالِ الدُّنْيَا فَيَقُولُ تَسْخَرُ مِنِّي أَوْ تَضْحَكُ مِنِّي وَأَنْتَ الْمَلِكُ فَلَقَدْ رَأَيْتُ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ ضَحِكَ حَتَّى بَدَتْ نَوَاجِذُهُ وَكَانَ يَقُولُ ذَاكَ أَدْنَى أَهْلِ الْجَنَّةِ مَنْزِلَةً. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ
Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Men do‘zaxdan eng oxiri chiqadigan va jannatga eng oxiri kiradigan kishini aniq bilaman, u do‘zaxdan ranglari o‘chib chiqib keladi. Alloh taolo unga bor: “Jannatga kir”, – deydi. U jannatning yoniga keladi, unga jannat to‘lib ketgandek tuyuladi. U qaytadi va: “Ey Robbim, u liq to‘la”, – deydi. U zot: “Bor, jannatga kir”, – deydi. U yana jannatning yoniga keladi, unga jannat to‘lib ketgandek tuyuladi. U qaytadi va: “Ey Robbim, u liq to‘la”, – deydi. U zot: “Bor, jannatga kir, (u yerda) senga dunyocha keladigan va yana uning o‘n baravaricha keladigan, yoki senga dunyoning o‘n baravaricha keladigan joy bor”, – deydi. U: “Sen podshoh bo‘la turib meni masxara qilyapsan, yo mening ustimdan kulyapsan”, – deydi. Shunda men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oziq tishlari ko‘rinadigan darajada kulganlarini ko‘rganman. U zot sollallohu alayhi vasallam: “O‘sha kishi jannatdan eng kam joy olgan kishidir”, – dedilar”. Imom Buxoriy rivoyat qilgan.
Shulardan ko‘rinib turibdiki, qalbida iymoni bor odam do‘zaxda abadiy qolmaydi, albatta, bir kuni undan chiqib, jannatga kiradi.
O‘shiy rahmatullohi alayh shu yergacha Ahli sunna val-jamoaning asosiy e’tiqodiy qarashlarini bayon qilgan va endi so‘zlarini yakunlashga kirishgan.
Keyingi mavzu:
Go‘zal nazmiy bayon.
[1] Munoviy. Taysir bi sharhi jlmi’is-sog‘ir. “Maktabatush shomila”. – B. 618.
[2] Muborakfuriy. Tuhfatul Ahfaziy. “Matabatush shomila”. – B. 318.
[3] Maryam surasi, 60-oyat.
[4] Anfol surasi, 33-oyat.
[5] Doktor Ahmad Farid. Bahrur-roiq. – Iskandariya: “Dorul Majd”, 2009. – B. 100.
[6] Hud surasi, 114-oyat.
[7] Hashr surasi, 10-oyat.