Sayt test holatida ishlamoqda!
12 Yanvar, 2025   |   12 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:48
Peshin
12:36
Asr
15:34
Shom
17:18
Xufton
18:37
Bismillah
12 Yanvar, 2025, 12 Rajab, 1446

Sahobalar hayoti: Zubayr ibn Avvom roziyallohu anhu

29.08.2018   9372   5 min.
Sahobalar hayoti: Zubayr ibn Avvom roziyallohu anhu

 

Zubayr roziyallohu anhu hijratdan 28 yil oldin Makka shahrida tug‘ilgan. Uning to‘liq ismi Zubayr ibn Avvom ibn Xuvaylid ibn Asad ibn Abduluzzo ibn Qusay ibn Kilob. Uning nasabi Qusoyda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bilan bog‘lanadi. Kunyasi Abu Abdulloh. Yasrib (Madina)da birinchi tug‘ilgan Abdulloh ibn Zubayr (roziyallohu anhu)ning otasi.

Otasi Avvom ibn Xuvaylid. Onasi Safiya bint Abdulmuttalib ibn Hoshim ibn Abdumanof ibn Qusay ibn Kilob ibn Murra Payg‘ambarimiz alayhissalomning ammasi.

Zubayr roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bilan boja bo‘lgan. Ayoli ulug‘ sahobiya Asmo bint Abu Bakr. Ularning Abdulloh, Urva, Munzir, Osim, Muhojir, Ja’far degan o‘g‘illari, Xadijai Kubro, Ummu Hasan va Oysha degan qizlari bo‘lgan.

Abu Abdulloh roziyallohu anhu Islomni birinchilardan bo‘lib qabul qilgan ulug‘ sahoba. U o‘n olti yoshida Islomga kirgan. Ayrim manbalarda sakkiz yoki o‘n ikki yoshda bo‘lgani yozilgan. Hazrat Abu Bakr roziyallohu anhudan keyin to‘rtinchi yoki beshinchi bo‘lib musulmon bo‘lgan. 

Zubayrning yoshligi Makkada o‘tgan. Otasidan erta yetim qolgan. Onasi farzandim ulg‘ayganda, chidamli, mard odam bo‘lsin deb, uni og‘ir jismoniy mashqlar bilan chiniqtirib tarbiyalagan. U baland bo‘yli, soqoli siyrak, bug‘doyrang, sochini yelkasiga tushurib yuradigan kishi edi.  

Zubayr roziyallohu anhu Islom tarixida o‘ziga xos o‘ringa ega. U uch marta hijrat qilgan sahobalardan biri. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning davrlarida barcha g‘azotlarda ishtirok etgan. Unin o‘zi bu borada bunday degan: “Allohga qasamki, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam qay bir jang yoki sariyaga chiqqan bo‘lsalar, men ham birga borganman”. Badr jangida qo‘shinning o‘ng qanoti qo‘mondoni, Makka fathida muhojirlarning uch bayroqdorining biri bo‘lgan. Umar ibn Xatob (roziyallohu anhu)ning xalifalik davrida Misrni fath etish uchun Amr ibn Os roziyallohu anhuga yordamchi sifatida o‘n ikki ming askarga boshliq qilib yuborilgan. Hazrat Umar roziyallohu anhu o‘zidan keyin xalifalikka nomzodlar orasida Zubayr roziyallohu anhuni ham sanab: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam vafot etganlarida ulardan rozi edilar”, degan. 

Zubayr ibn Avvom roziyallohu anhu Nabiy sollallohu alayhi va sallamdan juda ham oz hadis rivoyat qilgan. Chunki u hadis aytishda xato qilib, U zot alayhissalomga yolg‘on to‘qib qo‘yishdan qattiq qo‘rqardi. Unga o‘g‘li Abdulloh ibn Zubayr: “Nima uchun falonchilar kabi Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan hadis rivoyat qilmaysiz?” dedi. Abu Abdulloh roziyallohu anhu: “Men musulmon bo‘lganimdan beri Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan ajraganim yo‘q. Lekin, u zotning: “Kim menga yolg‘on to‘qisa, o‘z joyini do‘zaxdan tayyorlasin”, deganlarini eshitganman”, deb javob bergan. Sahobadan o‘g‘illari – Abdulloh, Mus’ab, Urva va Ja’far, Moilk ibn Avs, Ahnaf ibn Qays Abdulloh ibn Omir kabilar hadis aytishgan. Zubayr ibn Avvom roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisni ikkitasi muttafaqun alayhdir. Imom Buxoriy to‘rtta, Imom Muslim esa bitta hadisni o‘z to‘plamlarida keltirishgan.

Zubayr ibn Avvom roziyallohu anhu jannat bashorati berilgan o‘n sahobaning biri. Abdurahmon ibn Avf (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Abu Bakr jannatda, Umar jannatda, Usmon jannatda, Ali jannatda, Tolha jannatda, Zubayr jannatda, Abduramon ibn Avf jannatda, Sa’d ibn Abu Vaqqos jannatda, Said ibn Zayd jannatda Abu Ubayda ibn Jarroh jannatda”, dedilar” (Imom Termiziy rivoyati).

Abu Abdulloh roziyallohu anhu musulmon bo‘lgandan to Rasululloh sollallohu alayhi va sallam vafot etgunlaricha u zot bilan birga bo‘lgan. Barcha ishlarda Nabiy alayhissalomning yordamchilari bo‘lgan. Uhud jangi oldidan mushriklar bayroqdori Talha ibn Abu Talha yakkama-yakka jangga chaqirdi. Musulmonlardan Zubayr roziyallohu anhu chiqdi va dushman bilan olishib uni yengdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: Har bir nabiyning havoriysi bor. Mening havoriyim Zubayrdir. Odamlarning yakkama-yakka olishuvga chiqmay qolganlarini ko‘rdim. Agar u chiqmaganida, albatta, o‘zim chiqardim, deganlar.

Oysha roziyallohu anho: “Ularga jarohat yetgandan keyin ham Alloh va Payg‘ambar (buyruqlari)ga itoat etgan edilar. Ularning chiroyli ish qilib, taqvoli bo‘lganlariga ulkan mukofotlar bordir” (Oli Imron surasi, 172-oyat) oyatini o‘qib, Urvaga: “Ey opamning o‘g‘li, otang Zubayr va Abu Bakr o‘shalardan edi”, degan.

Badr jangida Zubayr roziyallohu anhu boshiga sariq salla o‘rab olgan edi. Jang paytida Allohning izni bilan yordamga tushgan farishtalar ham sariq sallada bo‘lishgan. Bu haqda Nabiy alayhissalom: Farishtalar Zubayr siymosida tushishdi”, deb marhamat qilganlar.

Xandaqda jangida ittifoqdosh Banu Qurayza qabilasi o‘z ahdini buzib, dushman bilan til biriktirgani haqida xabar keldi. Buni aniqlash uchun Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: Kim Banu Qurayzaga borib, menga ularning xabarini bilib keladi? deb so‘radilar. Zubayr roziyallohu anhu: “Men borib kelaman”, dedi. U zot: Senga ota va onam fido bo‘lsin”, dedilar.

Zubayr roziyallohu anhu ko‘p yillar mobaynida: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Ota-onam senga fido bo‘lsin”, deganlar”, deb faxrlanib aytib yurgan.

Manbalar asosida Olmazor tumanidagi

“To‘xtaboy” jome masjidi

imom noibi Bahriddin PARPIYEV tayyorladi.

Boshqa maqolalar

Targ‘ibot tadbirida aholi muammolari hal etildi

11.01.2025   2900   2 min.
Targ‘ibot tadbirida aholi muammolari hal etildi

Shu yil 9 yanvar kuni Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi Ubaydulloh domla Abdullayev boshchiligida vakillik xodimlari, shahar-tuman bosh imom-xatiblari va iqtidorli imomlar ishtirokida tuzilgan ishchi guruh O‘zbekiston tumaniga tashrif buyurdi.

Dastlab tumandagi 7 ta masjid va 7 ta mahallada, shuningdek, “Haj — 2024” ziyoratchilari va mahalla fuqarolar yig‘ini raislari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazilib, amaliy tadbir rejasi tuzildi.

Ishchi guruh a’zolari va imom-xatiblarga biriktirilgan mahalla hududidan “Haj – 2024” ziyoratchisini ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga jalb etdi. Birgalikda mahallaning eng kamida 3 tagacha muammoli xonadoniga kirib, u yerda yashayotganlardan hol-ahvol so‘radi. Ularning muammolarini o‘rgandi, taklif, fikr-mulohazalarini tingladi. Imom-xatiblar 22 ta oilaga kirib, ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot va amaliy yordam tadbirlarini olib bordi. 

Shuningdek, tumandagi "Qudash" muruvvat uyiga tashrif buyurilib, tashrif chog‘ida muruvvat uyida yashovchi imkoniyati cheklangan, mehr-muruvvatga muhtojlarni holidan xabar olinib, muruvvat uyi uchun maishiy texnika va maishiy jihozlar hamda boshqa turdagi zaruriy ashyolar xayriya qilindi. 

Shu bilan birga, muruvvat uyida "Yashil makon" dasturi doirasida 100 tup mevali va manzarali ko‘chatlar ekildi.

Tumanning "Bog‘i Eram" mahallasida yashovchi kam ta’minlangan oilaga homiylar ko‘magi bilan zamonaviy qulay sharoitlarga ega bir xonalik uy qurib berildi. Ishchi guruh mazkur xonadonga tashrif buyurib, xonadon egalari bilan muloqot qildi. 

Peshin namozi so‘ngida masjidlarda jamoatga ma’ruza qilinib, odamlarga manfaat yetkazishning fazilati, ofiyat ulkan ne’mat ekani, yoshlar tarbiyasi doimiy e’tibor markazda bo‘lishi zarurligi, bu borada ota-onalarning o‘rni haqida ilmiy va hayotiy misollar yordamida tushuntirildi.

Masjidlar va imomlar faoliyati ko‘zdan kechirildi hamda mavjud kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan kerakli tavsiyalar berildi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Farg‘ona viloyati vakilligi 
Matbuot xizmati

Targ‘ibot tadbirida aholi muammolari hal etildi Targ‘ibot tadbirida aholi muammolari hal etildi Targ‘ibot tadbirida aholi muammolari hal etildi Targ‘ibot tadbirida aholi muammolari hal etildi Targ‘ibot tadbirida aholi muammolari hal etildi Targ‘ibot tadbirida aholi muammolari hal etildi Targ‘ibot tadbirida aholi muammolari hal etildi Targ‘ibot tadbirida aholi muammolari hal etildi Targ‘ibot tadbirida aholi muammolari hal etildi