بسم الله الرحمن الرحيم
MUSTAQILLIK – ULUG‘ NЕ’MAT
Muhtaram jamoat! Barchangizni «Aziz va yagonamsan, jonajon O‘zbekistonim!» shiori ostida bo‘lib o‘tayotgan mustaqilligimizning 27 yilligi bayrami bilan chin dildan tabriklaymiz! Alloh taolo vatanimizni doimo obod, farovon va tinch yurtlardan qilsin! Vatanimiz ravnaqi yo‘lida astoydil, fidokorona mehnat qilayotgan rahbaru xodimlarning xayrli ishlarida Alloh taolo madadkor bo‘lsin!
Ma’lumki, yurtimizda har sohada yangiliklar, xalq farovonligi yo‘lida ko‘plab xayrli ishlar amalga oshirilmoqda. Muhtaram Prezidentimizning shaxsan o‘zlari har bir sohaning ichiga bevosita kirib borib, mavjud muammolarni bartaraf etish bo‘yicha katta hajmdagi ishlarni amalga oshirmoqdalar. Jumladan, aholini uy-joy bilan ta’minlash maqsadida amalga oshirilayotgan ishlar qatorida kam ta’minlangan va nogironligi bo‘lgan kishilarga ham alohida imtiyoz asosida uy-joylar berilayotgani tahsinga sazovordir. Ushbu amal dinimizda maqtalgan silai rahmning yanada mustahkam bog‘lanishiga, aka-ukalar o‘rtasida ahil munosabatning saqlanib qolishiga katta hissa qo‘shishi shubhasiz. Bunday xayrli ishlar har bir viloyatda amalga oshirilayotganini ta’kidlab o‘tish lozim.
Muhtaram azizlar! Shuni ham ta’kilab o‘tishimiz lozimki, kishining oilasi oldidagi majburiyati, o‘zi yashab turgan davlatining rahbari, ya’ni “ulul-amr”ga itoat etish majburiyati, vatanini himoya qilish majburiyati ham borki, dinimizda bularni bayon qilib berilgan. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam hadislarining birida shunday dedilar:
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رضي الله عنه قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّي اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: "مَنْ أَطَاعَنيِ فَقَدْ أَطَاعَ اللهَ وَ مَنْ عَصَانيِ فَقَدْ عَصَى اللهَ، وَمَنْ يُطِعِ الأَمِيرَ فَقَدْ أَطَاعَنيِ وَمَنْ يَعْصِ الأَمِيرَ فَقَدْ عَصَانيِ"
(رَوَاهُ الإِمَامُ البُخَارِيُّ).
ya’ni: Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam dedilar: “Kim menga itoat etsa demak, Allohga itoat etibdi va kim menga itoatsizlik qilsa, demak, Allohga itoatsiz bo‘libdi. Kim rahbariga itoat etsa demak, menga itoat etibdi va kim rahbariga itoatsiz bo‘lsa demak, menga itoatsiz bo‘libdi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Yuqoridagi hadisning mazmunidan ma’lum bo‘ladiki, kishilik jamiyatida qonunlarning ahamiyati juda ham katta. Darhaqiqat, adolatli qonunlar hamma vaqt xalq farovonligi hamda dunyo va oxirat obodligining asosidir.
Muhtaram yurtdoshlar, yangi o‘quv yili bo‘sag‘asida turibmiz. Yaqin kunlarda farzandlarimiz yaxshi niyatlar bilan ta’lim dargohlariga qadam qo‘yadilar. Har joyda bo‘lgani kabi ta’lim muassasalariga qatnashning ham o‘z tartib-intizomi bor. Bu yildan barcha umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida yagona kiyim formasi joriy etila boshlandi. Demak, farzandlarimizni bunga rioya qilishlarini ta’minlash ham ota-onalarning burchi ekanini ham yodda tutmog‘imiz lozim bo‘ladi.
Xabaringiz bor – muhtaram Yurtboshimiz tomonidan yurtimizda ta’lim sohasiga juda katta e’tibor qaratilmoqda. Xususan, o‘qituvchilarni moddiy qo‘llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy ta’minotini yaxshilash, oylik ish haqlarini muntazam oshirib borish, bir so‘z bilan aytganda, o‘qituvchining jamiyatdagi obro‘-e’tibori, maqomini oshirishga qaratilgan tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Binobarin, ta’limga kiritilgan sarmoya – bu, shubhasiz, kelajakka kiritilgan sarmoyadir.
Muhtaram jamoat! Shu o‘rinda ilm olishga targ‘ib qilingan hadislar bilan tanishish maqsadga muvofiqdir.
عَنْ أَبِي سَعِيدٍ قَالَ قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ طَلَبُ الْعِلْمِ فَرِيضَةٌ عَلَى كُلِّ مُسْلِمٍ
(رَوَاهُ الْاِمَامُ الْبَيْهَقِيُّ)
ya’ni: Abu Sa’id raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam aytdilar: “Ilm izlash har bir musulmonga farzdir” (Imom Bayhaqiy rivoyati).
عَنْ أَنَسٍ بْنِ مَالِكٍ قَالَ قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَ سَلَّمَ اُطْلُبُوا الْعِلْمَ وَ لَوْ بِالصِّينِ فَإِنَّ طَلَبَ الْعِلْمِ فَرِيضَةٌ عَلَى كُلِّ مُسْلِمٍ (رَوَاهُ الْاِمَامُ الْبَيْهَقِيُّ )
ya’ni: Anas ibn Molikraziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam aytdilar: “Ilmni Chin (Xitoy)dan bo‘lsa ham izlanglar. Chunki ilm izlash har bir musulmonga farzdir” (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Ma’lumki, dinimizda ilmni diniy va dunyoviyga ajritilmaydi. Qadimda ota-bobolarimiz bu qoidaga amal qilganidan ularning ichidan Abu Rayhon Beruniy, Ahmad Farg‘oniy, Muhammad Xorazmiy, Ibn Sino va Ulug‘bek kabi qomusiy olimlar yetishib chiqqan. Ular ham diniy ham dunyoviy ilmlarda peshqadam bo‘lganlar.
Bugungi kunda jamiyatimizga zarur bo‘lgan mutaxassislarni yetkazib berishimiz farzi kifoya hisoblanadi. Bolalarimizni yoshligidan o‘zi qiziqqan sohaga maqsadli yo‘naltirib, rejali va tizimli ta’lim olishiga mas’ulmiz. Ba’zida ko‘zga tashlanib turadigan, balog‘atga yetmagan bolalarning dars paytida masjidga borishga harakat qilishi maqsadga muvofiq emas. Hanafiy mazhabida yozilgan fatvo kitoblarida balog‘at yoshiga yetmagan o‘g‘il bola kattalar safida turib namoz o‘qisa o‘ng va chap yonidagi hamda orqasidagi namozxonlarning namozi buziladi, deyilgan. Qolaversa, hozirda maktablarda har bir bola bilishi zarur bo‘lgan, asosiy bilim va ko‘nikmalar o‘rgatiladi. Majburiy ta’limdan keyin bu bilimlarni hech kim tekinga o‘rgatmaydi. Ulug‘ ajdodlarimiz aytishgan:
" اَلْوَقْتُ كَالسَّيْفِ اِنْ لَمْ تَقْطَعْهُ قَطَعَكَ "
ya’ni: “Vaqt qilich kabidir, agar sen uni o‘z vaqtida kesmasang, u seni kesadi”. Shu o‘rinda muhtaram ota-onalarga farzandlari tarbiyasi va ta’limiga jiddiy ahamiyat berishga, ularni har vaqt nazorat qilish, maktabdan so‘ng albatta biron bir mashg‘ulot bilan shug‘ullanish, sport, uy yumushlari, tomorqa va chorva hayvonlari parvarishi kabi jismoniy ishlarga jalb qilishlari zarur ekanligini ta’kidlaymiz.
Shu o‘rinda yurtimizdagi diniy bilim yurtlari faoliyatiga ham katta e’tibor qaratilayotganini alohida aytib o‘tish lozim. O‘tgan yili Buxoroda “Mir Arab” oliy madrasasi ochildi, diniy ilmiy maktablar faoliyati yo‘lga qo‘yildi hamda diniy ta’lim muassasalari qoshida arab tili, Qur’on va tajvid to‘garaklari faoliyat boshladi. Biroq, farzandlarimiz ta’lim-tarbiyasiga nazar solar ekanmiz, shuni alohida ta’kidlash lozimki, ularning diniy ta’limni faqat rasmiy bilim yurtlarida olishlari o‘ta muhim sanaladi. Hozirgi kunda dinni o‘rganish uchun barcha sharoit va adabiyotlar yetarli bo‘lgan bir paytda, ba’zi bir ota-onalar o‘z farzandlarini hufyona tashkil etilgan “hujra”larda diniy ma’lumotga ega bo‘lmagan shaxslar qo‘liga saboq olish uchun berib qo‘yayotganliklari ma’lum bo‘lmoqda. Holbuki, diniy ta’lim berishga hech qanday ruxsati bo‘lmagan shaxsning qo‘lida qandaydir pana-pastqam joylarda ta’lim olishning oqibatlari yaxshilikka olib bormasligini unutmaylik.
Shu ma’noda, jondan aziz farzandlarimizning ta’lim-tarbiyasiga e’tibor qaratish, ularning maktabda dunyoviy bilimlar, xorijiy tillarni chuqur o‘zlashtirishini nazorat qilish har bir ota-onaning muhim vazifalaridan biri hisoblanadi. Zero, Abdulla Avloniy ta’kidlaganidek: «Zamona ilmidan bebahra millat o‘zgalar qo‘lida poymol bo‘lur». Mamlakatimizning ertangi kuniga daxldor ushbu masalaga barchamiz birdek mas’ul va javobgarmiz.
Har bir o‘zini hurmat qilgan xalq bugungi kunini o‘ylashi bilan birga kelajagi haqida ham qayg‘uradi. Agar bizdan farzandlarimizga obod yurt meros qolishini istasak, yoshlarimizga, ularning tarbiyasiga beparvo bo‘lmasligimiz kerak. Chunki, bir xalqni o‘ziga qaram qilmoqchi bo‘lganlar o‘sha xalq amal qilib kelayotgan ming yillik qadriyatlarini yo‘q qilishga, vatanga muhabbat, dinga hurmat va oila muqaddasligi tushunchalariga putur yetkazishga harakat qiladi. Bu yo‘lda ular barcha vositalardan foydalanadi. Internet, musiqa, missionerlik, kino va hattoki multfilmlar ham ularning qo‘lida qurolga aylanadi, biz sezmagan holda xonadonimizga ham suqilib kiradi. Bu masalada otalarning zimmasida katta mas’uliyat bor.
Aslida, ta’lim-tarbiya oiladan boshlanadi. Farzandiga odob-axloq o‘rgatish ota-onaning birinchi galdagi vazifasi sanaladi. Zero, Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam:
عَنْ أَيّوبِ بْنِ مُوسَى عَنْ أَبِيهِ عَنْ جَدّهِ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُم أَنّ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ:"مَا نَحَلَ وَالِدٌ وَلَداً مِنْ نُحْلٍ أَفْضَلَ مِنْ أَدَبٍ حَسَنٍ"(رَوَاهُ الْإِمَامُ التِّرْمِذِيُّ).
ya’ni: Ayyub ibn Muso raziyallohu anhu otasidan, u kishi bobosidan rivoyat qiladiki, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam aytdilar: “Ota farzandiga chiroyli odobdan ham ko‘ra yaxshiroq hadya (mol-davlat) bera olmaydi”, –deb marhamat qilganlar (Imom Termiziy rivoyati). Shu nuqtayi nazardan, farzand ta’lim-tarbiyani birinchi galda oilada ota-onasidan oladi. Oila kattalari ongi-dunyoqarashi endigina shakllanib kelayotgan murg‘akkina yoshga milliy-diniy qadriyatlarimizni, odob-axloqning eng go‘zal namunalarini o‘rgatadilar.
Keyingi vaqtda xotin-qizlar o‘rtasida kiyinish borasida milliyligimizga zid tarzdagi ko‘rinishlar ham ko‘zga tashlanmoqda. O‘zimizning diniy va milliy qadriyatlarimizga, qadimdan onalarimiz va momolarimizning kiyinishlariga umuman to‘g‘ri kelmaydigan, arab davlatlariga ko‘r-ko‘rona taqlid qilib, niqoblanish, ajnabiycha liboslarga burkangan holda kiyinish o‘zligimizni unutib borayotganimizdan dalolatdir.
Ramazon hayiti kuni muhtaram Yurtboshimiz Islom sivilizatsiya markazi qurilishining tamal toshini qo‘ydilar. Hozirgi kunda bu inshoot qurilishi jadal suratlar bilan olib borilmoqda.
Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil qilingan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi ham o‘z tarkibidagi o‘rta ta’lim (litsey), oliy ta’lim (bakalavr, magistr) va tayanch doktoranturaga talabalar qabul qilib, o‘z faoliyatini boshlab yubordi.
Keyingi ikki yilda Haj safariga boruvchilar soni ikki mingtaga oshirilgani ham mo‘min-musulmonlarimizning cheksiz quvonchiga sabab bo‘ldi. Zero, Alloh taoloning baytini Haj qilish har bir musulmonning orzusi sanaladi. Shuni alohida ta’kidlash lozimki, Hajga borish shunchaki ziyorat emas, balki yuksak mas’uliyat sanaladi. Shuning uchun har bir hoji qolgan hayoti davomida el-yurtga o‘rnak bo‘lib, mahalladagi kam ta’minlangan, yordamga muhtoj kishilarning homiysi, adashganni to‘g‘ri yo‘lga soluvchi, notinch oilalar o‘rtasini isloh etuvchi xalq orasidagi yuksak ma’naviyatli insonga aylanmog‘i lozim.
Joriy yil muborak qurbon hayitining birinchi uch kuni mamlakatimizda dam olish kunlari etib belgilangani, bayram munosabati bilan muhtaram YurtboshimizningO‘zbekiston xalqiga Qurbon hayiti tabrigini yo‘llashlari shu mo‘tabar zaminda umrguzaronlik qilayotgan yoshu qarini behad quvontirdi. Bu esa davlatimiz Rahbarining diniy-ma’rifiy qadriyatlarimizga bo‘lgan e’tiboridan yaqqol dalolatdir.
Albatta, amalga oshirilayotgan xayrli ishlar zamirida yurtimizdagi tinchlik va osoyishtalik alohida o‘rin tutadi. Zero, tinchlik bor yurtda rivojlanish, taraqqiyot bo‘ladi. Bu ne’matlarning davomli va ziyoda bo‘lishi esa shukronaga bog‘liqdir. Alloh taolo Qur’oni karimda:
... لَئِنْ شَكَرْتُمْ لَأَزِيدَنَّكُمْ ...(سورة إبراهيم الآية-7)
ya’ni: “...agar (bergan ne’matlarimga) shukr qilsangiz, albatta, (ularni yanada) ziyoda qilurman...”,– deb marhamat qilgan (Ibrohim surasi, 7-oyat).
Mamlakatimiz taraqqiyotining yangi bosqichida erishilgan muvaffaqiyatlardan yana biri bu – qo‘shni mamlakatlar bilan ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-gumanitar aloqalarning yanada rivojlantirilishi bo‘ldi, desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.
Qozog‘iston, Turkmaniston, Qirg‘iziston, Tojikiston Respublikalari rahbarlarining mamlakatimizga amalga oshirgan davlat tashriflari, erishilgan natijalar mintaqa mamlakatlarining yanada gullab-yashnashiga xizmat qiladi.
Tabiiyki, inson qayerda dunyoga kelsa, ana shu yer uning uchun aziz Vatan hisoblanadi. Kindik qoni to‘kilgan joy inson uchun hech narsaga almashtirib bo‘lmaydigan, hamma narsadan ham qimmatli dargohdir. Rasululloh sallalohu alayhi vasallam o‘zlari tug‘ilib o‘sgan shahar Makkai mukarrama haqida shunday deganlar:
عَنْ ابْنِ عَبَّاسٍ، رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: "مَا أَطْيَبَكَ مِنْ بَلْدَةٍ وَأَحَبَّكَ إِلَيَّ" (رَوَاهُ الْإِمَامُ ابْنُ حِبَّانَ).
ya’ni: Ibn Abbos raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sallalohu alayhi vasallam aytdilar: "Qanday ham yaxshi shaharsan! Menga qanday ham sevimlisan!” (Imom Ibn Hibbon rivoyati).
Demak, Vatanni sevish, uni sog‘inib yashash inson tabiatida mavjud bo‘lgan nozik hisdir. Vatanni sevish faqat tilda qolib ketmasligi, balki vatandoshlar yurt ravnaqi uchun birlashishi, bir-biriga xayrixoh bo‘lib, dunyo-oxiratda foydali ishlarga harakat qilishlari kerak. Qur’oni karimda shunday marhamat qilinadi:
...وَتَعَاوَنُوا عَلَى الْبِرِّ وَالتَّقْوَى وَلَا تَعَاوَنُوا عَلَى الْإِثْمِ وَالْعُدْوَانِ وَاتَّقُوا اللَّهَ إِنَّ اللَّهَ شَدِيدُ الْعِقَابِ(سورة المائدة الآية-2).
ya’ni: “...Ezgulik va taqvo (yo‘li)da hamkorlik qilingiz, gunoh va adovat (yo‘li)da hamkorlik qilmangiz! Allohdan qo‘rqingiz! Albatta, Alloh azobi qattiq zotdir” (Moida surasi, 2-oyat).
Mana shu sevimli Vatanda yashayotgan har bir mo‘min-musulmon, avvalambor, o‘zi, ahli-ayoli, yaqinlari va jamiyatga foydali inson bo‘lishga harakat qilishi lozim. Buning uchun o‘ziga yuklatilgan vazifani chiroyli ado qilishi darkor. Biz bir paytning o‘zida ham farzand, ham ota, ham ish joylarimizda mas’ul vazifani bajaruvchi fuqaromiz. Mana shu majburiyatlarni mas’uliyat bilan bajarishimiz, hech bo‘lmasa atrofdagilarga va jamiyatga zarar yetkazmasligimiz darkor. Zero, Ibn Umar raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sallalohu alayhi vasallam shunday deganlar:
عَنْ ابْنِ عُمَرَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُما قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: "أَحَبُّ النَّاسِ إِلَى اللهِ أَنْفَعُهُمْ لِلنَّاسِ"
(رَوَاهُ الْإِمَامُ الطَّبَرَانِىُّ).
ya’ni: “Odamlarning Allohga eng sevimlisi – boshqalarga foydasi ko‘proq tegadiganidir” (Imom Tabaroniy rivoyati).
Barchamizga ma’lumki, o‘tgan yili “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” davlat dasturi asosida Respublika miqyosida aholini turmush tarzini o‘rganish, muammolarini aniqlash va ularni bartaraf etish yuzasidan tizimli ishlar yo‘lga qo‘yildi. Natijada, nafaqat shahar va viloyat markazlari, balki chekka hududlarda ham “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Bu esa fuqarolarda davlatimiz tomonidan amalga oshirilayotgan ishlardan mamnunlik hissini oshirishi bilan birga, uni qo‘llab-quvvatlashlariga, kelajakka katta ishonch bilan boqishlariga sabab bo‘lmoqda.
Haq taolo barchamizni Vatanimiz taraqqiyoti va farovonligi yo‘lida olib borayotgan xayrli ishlarimizga rivoj bersin! yurtimiz Mustaqilligini bundan ham mustahkam aylab, jonajon diyorda olam-olam orzu-havaslar bilan unib-o‘sayotgan farzandlarimizni buyuk ajdodlarimizga munosib, o‘z Vatani va xalqiga fidoyi, yurt koriga yaraydigan avlodlar bo‘lib yetishishlarini nasib aylasin. Barchamizga Mustaqillik bayrami muborak bo‘lsin! Omin!
(2026 yil 28 avgust, Toshkent sh.)
Assalomu alaykum, qadrli vatandoshlar!
Hurmatli mehmonlar!
Bugun muqaddas Vatanimiz mustaqilligining qutlug‘ o‘ttiz besh yillik bayramini katta iftixor va tantana bilan nishonlayapmiz.
Aziz xalqimiz, jumladan, muhtaram nuroniylarimiz, shijoatli yoshlarimiz, mo‘tabar ayollarimizni, yurtimizdagi barcha millat va elat vakillarini, xorijdagi vatandoshlarimizni ushbu ayyom bilan chin yurakdan samimiy tabriklayman.
Eng ulug‘ bayramimiz Yangi Toshkentda o‘tkazilayotgani tantana shukuhini yanada oshirmoqda.
Kelgusida ilm-fan, ta’lim va madaniyat markazi bo‘ladigan ushbu hududda kuni kecha Yangi O‘zbekiston universiteti, Nizomiy Ganjaviy nomidagi O‘zbekiston Milliy pedagogika universiteti, O‘zbekiston milliy kutubxonasining muhtasham binolarini ishga tushirdik.
Bugun sizlarning ishtirokingizda ochiladigan favvora dunyodagi eng baland musiqali favvora sifatida Ginnesning rekordlar kitobidan joy olgani ham bayram kayfiyatiga yanada baland ruh bag‘ishlaydi.
Bir necha yuz yillik orzular ro‘yobga chiqayotgan bu betakror makonda butun xalqimiz bilan hali yana ko‘plab quvonchli va tarixiy voqealarga guvoh bo‘lamiz.
Aminmanki, Yangi Toshkent poytaxtimizning ko‘rkiga ko‘rk qo‘shib, biz barpo etayotgan Yangi O‘zbekistonning kuch-qudratini namoyon etadigan chinakam taraqqiyot markaziga aylanadi!
Qadrli do‘stlar!
Biz 1991 yilda xalqimizning xohish-irodasi va qat’iyati bilan o‘z davlat mustaqilligimizni qo‘lga kiritdik. Aslida buyuk istiqlolimiz ildizlari uch ming yildan ziyod bo‘lgan davlatchilik an’analarimiz va qadimiy sivilizatsiyamiz tarixiga borib taqaladi.
Birinchi va Ikkinchi Renessans davrida Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek, Mir Alisher Navoiy kabi buyuk allomalarimiz bashariyat tafakkuri xazinasini boyitgan.
Sohibqiron Amir Temur bobomiz barpo etgan davlat esa adolat va bunyodkorlik timsoli sifatida tarix zarvaraqlaridan munosib o‘rin olgan.
Vatan ozodligi va milliy istiqlol yo‘lida jonini fido qilgan Behbudiy, Munavvarqori, Fitrat, Qodiriy, Cho‘lpon kabi jadid bobolarimizning hurriyat haqidagi orzu-niyatlari bugun Yangi O‘zbekistonda to‘liq ro‘yobga chiqmoqda.
Mustaqillik, eng avvalo, bizga shonu sharafimizni, muqaddas dinimizni, ona tilimizni, unutilayotgan milliy qadriyatlarimizni qaytarib berdi.
Istiqlol tufayli biz o‘zligimizni angladik, nomi hamisha e’zozda bo‘lgan ota-bobolarimizning munosib vorislari ekanimizni butun dunyoga namoyon etdik.
Ushbu hayajonli daqiqalarda bugungi erkin hayot uchun jonini fido qilgan ulug‘ ajdodlarimiz, jadidlar xotirasiga ta’zim bajo keltiramiz.
Mana shu tarixiy sanada o‘tgan 35 yil davomida mustaqilligimizni mustahkamlashga munosib hissa qo‘shgan barcha marhum yurtdoshlarimizning fidokorona mehnati va jasoratini yana bir bor e’tirof etishni joiz, deb bilamiz.
Birinchi Prezidentimiz, atoqli davlat va siyosat arbobi Islom Abdug‘aniyevich Karimovning yorqin xotirasini ehtirom bilan yod etamiz.
Hurmatli bayram ishtirokchilari!
Mustaqillikning buyuk ahamiyati, avvalo, inson qadri va erkin hayotida namoyon bo‘ladi. Shu bois, biz islohotlarni boshlagan birinchi kunlardanoq xalqning qalbiga quloq soldik, aholining dardiga darmon bo‘lishni maqsad qildik. “Inson qadri uchun!” degan g‘oyani davlat siyosatining markaziga olib chiqdik. Birinchi galda “paxta qulligi”, “majburiy mehnat va bolalar mehnati”, “konvertatsiya cheklovi”, “propiska” kabi odamlarni yillar davomida qiynab kelgan muammolarga barham berdik.
Eng asosiysi, fuqarolarimiz yuragidagi qo‘rquv va hadik o‘rnini ishonch va xotirjamlik egalladi. Har bir inson erkin va farovon yashaydigan jamiyat barpo etish uchun keyingi o‘n yilda tinimsiz izlandik, qattiq mehnat qildik.
Katta siyosiy iroda ko‘rsatib, O‘zbekistonni dunyoga keng ochdik. Xususan, chegara muammolari hal qilindi, qo‘shnilarimiz bilan do‘stlik va hamkorlik mustahkamlandi. Valyuta, soliq, bojxona va investitsiya siyosatida tub o‘zgarishlar amalga oshirildi. Natijada “Iqtisodiy erkinlik indeksi”dagi o‘rnimizni 80 pog‘ona yaxshilab, “iqtisodiyoti mo‘tadil erkin” davlatlar qatoridan joy oldik.
Ilgari iqtisodiyotimizga yiliga 2-3 milliard dollar xorijiy investitsiya olib kelingan bo‘lsa, hozirgi paytda 40-50 milliard dollar chet el sarmoyasi jalb qilinmoqda. Yurtimizga investitsiyalar bilan birga ilg‘or texnologiyalar, zamonaviy bilim va yangi iqtisodiy imkoniyatlar kirib kelmoqda.
Biz uch yil oldin 2030 yilda yalpi ichki mahsulot hajmini 160 milliard dollarga yetkazishni reja qilgan edik. Global logistikadagi uzilishlar, dunyodagi notinch vaziyatga qaramasdan, bu vazifani shu yilning o‘zida ortig‘i bilan amalga oshiramiz va daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar qatoriga kiramiz.
E’tiborli jihati – biz bunday yuksak natijalarga xalqimizning fidokorona mehnati, intellektual salohiyati hamda millat va davlat birdamligi tufayli erishyapmiz. Ijobiy o‘zgarishlarni har bir inson, har bir oila o‘z hayotida chuqur his etyapti, desam, fikrimga qo‘shilasiz, albatta.
Yangi davrda zamonaviy uy-joyga ega bo‘lgan 650 mingdan ziyod oilaning quvonchini so‘z bilan ta’riflab bo‘ladimi?
Minglab mahallalarimizga Yangi O‘zbekiston qiyofasi kirib bormoqda.
Kambag‘allik masalasini ochiq tan olib, uni keskin qisqartirish bo‘yicha Yangi O‘zbekiston tajribasini yaratdik. Ehtiyojmand oilalarning daromadi, kasbi, salomatligi, farzandlarining ta’lim olishi va yashash sharoitini yaxshilash bo‘yicha “mahallabay” ishlash tizimini yo‘lga qo‘ydik.
Izchil sa’y-harakatlarimiz tufayli bugungi kunda kambag‘allik darajasini 2017 yildagi 35 foizdan 4 foizga tushirishga erishdik. Ushbu raqamlar zamirida ro‘zg‘origa baraka kirib, turmush sifati yaxshilangan 10 million insonning quvonchi va shukronalik tuyg‘ulari mujassam.
Muhtaram yurtdoshlar!
Dunyo hamjamiyatida munosib o‘rin egallashimiz uchun bizga bilimli, kelajak kasblarini puxta egallagan, mustaqil fikriga ega bo‘lgan yangi avlod mutaxassislari kerak. Shu bois, ta’limga sifat va mazmun olib kiryapmiz. Muallimning obro‘-e’tiborini tiklab, daromadini oshirib boryapmiz.
O‘tgan o‘n yilda, aholimiz 8 millionga ko‘paygan sharoitda ham bog‘cha qamrovini 78 foizga yetkazdik. Maktablarda 1,5 million qo‘shimcha o‘quvchi o‘rni yaratildi. Prezident, ijod va ixtisoslashgan maktablar tashkil etilgani farzandlarimizga yetakchi xorijiy ta’lim maskanlaridan kam bo‘lmagan darajada chuqur bilim egallash uchun keng imkoniyatlar eshigini ochdi.
Yoshlarga xorijiy tillar va kasb-hunar o‘rganishlari uchun munosib sharoitlar yaratdik.
Oliygohlarda o‘qish uchun qulay sharoitlarni kengaytirganimiz hisobiga hozirgi kunda talabalar soni 1 million 600 ming nafarga yetdi. Quvonarlisi, yoshlarda bilim olishga ishtiyoq kuchaydi. Ota-onalar uchun farzandini oliy ma’lumotli qilish faqat orzu emas, erishsa bo‘ladigan maqsadga aylandi.
Ayniqsa, talabalarning yarmidan ko‘pini xotin-qizlar tashkil etayotgani – Uchinchi Renessansning o‘ziga xos qiyofasi, desak, to‘g‘ri bo‘ladi. Chunki, bilimli qizlar – bilimli oila, bilimli avlod va ma’rifatli jamiyat deganidir.
Biz ta’lim bilan bir qatorda ilm-fan, zamonaviy texnologiya va innovatsiyalarni ham taraqqiyotimizning hal qiluvchi omili, deb bilamiz.
Shu bilan birga, IT, sun’iy intellekt, kreativ iqtisodiyot kabi yo‘nalishlar rivojiga yangi ruh berib, juda katta harakatni boshlab yubordik. Bu orqali 10 million yoshlarimizni raqamli industriya va kelajak kasblariga olib kiramiz.
Istiqlol bayramimiz arafasida xitoylik hamkorlarimiz bilan “Samarqand – 2028” sun’iy yo‘ldoshini fazoga uchirganimiz bizga alohida g‘urur bag‘ishlaydi.
Mening niyatim: O‘zbekiston texnologiya sohalarida jahonga ilg‘or tashabbuslarni taklif qiladigan markazga aylanishi zarur.
O‘zbek tili – raqamli dunyoda ilm va texnologiya yaratiladigan til bo‘lishi lozim.
Aziz vatandoshlar!
Inson qadri haqida so‘z yuritganda, aholimizning sog‘lig‘i masalasiga alohida e’tibor qaratishimiz tabiiy. So‘nggi yillarda ushbu sohaga ajratilayotgan mablag‘ni 8 karradan ziyod oshirdik. Eng muhimi, sifatli tibbiy xizmat olish imkoniyati nafaqat markazda, balki hududlarda ham yaratildi.
O‘tgan davrda yurtimizda 652 ta yangi tibbiyot muassasasi barpo etilgani, xususiy sektorga keng imkoniyat berilgani tufayli tibbiy xizmatlar hajmi 3 karra oshdi. Yuqori malakali shifokorlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yib, ularga sharoit yaratganimiz
o‘z natijasini beryapti. Ilgari xorijda amalga oshirilgan 100 dan ziyod murakkab diagnostika va davolash usullari bugun yurtimizda ham mukammal bajarilmoqda.
Umuman, aholining o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 1991 yildagi 66,4 yoshdan 2025 yilda 75,4 yoshga yetgani, go‘daklar va onalar o‘limi ko‘rsatkichi 4 barobar kamaygani sohadagi islohotlarimizning eng muhim natijasidir.
Qadrli do‘stlar!
Jonajon Vatanimiz azaldan ulug‘ mutafakkirlar, aziz avliyolar, buyuk allomalar yurti bo‘lib kelgan. Biz mana shunday bebaho merosga munosib ravishda Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Burhoniddin Marg‘inoniy yodgorlik majmualari kabi betakror ilmiy-ma’rifiy dargohlarni barpo etdik.
Bu muhtasham va tabarruk maskanlar bugun nafaqat yurtimiz va islom olami, balki butun jahon ahlining haqli e’tirofiga sazovor bo‘lmoqda. Biz bunday bunyodkorlik ishlarini jadal davom ettiramiz.
Hurmatli bayram ishtirokchilari!
Bizning eng katta boyligimiz – ertangi kunimizning hal qiluvchi kuchi bo‘lgan Yangi O‘zbekiston yoshlaridir. Intiluvchan va tirishqoq o‘g‘il-qizlarimizni qo‘llab-quvvatlash, ularga keng imkoniyatlar ochish uchun har yili 20-25 trillion so‘m ajratilmoqda.
Bugungi kunda O‘zbekistondagi biznes vakillarining 35 foizini yosh tadbirkorlar tashkil etyapti.
Tokio va Parij Olimpiya hamda Paralimpiya o‘yinlarida, dunyo maydonlarida yosh sportchilarimiz erishgan tarixiy yutuqlar xalqimizga cheksiz iftixor bag‘ishladi.
Futbolchilarimiz ilk bor jahon chempionatida ishtirok etib, o‘zbek sporti tarixida yangi sahifa ochdi. Ular boshlagan yo‘l albatta davomli va zafarli bo‘ladi, deb ishonamiz.
Yaqin kunlarda Samarqandda katta sport anjumani – Jahon shaxmat olimpiadasi boshlanadi. Noyabr oyida esa mashhur grossmeysterimiz Javohir Sindorov jahon shaxmat toji uchun kurashga kirishadi.
Ushbu musobaqalarda shaxmatchi o‘g‘il-qizlarimga ulkan zafarlar tilayman!
Xalqaro fan olimpiadalarida, tanlov va festivallarda yuqori o‘rinlarni egallayotgan yoshlarimizni – Yangi O‘zbekiston yulduzlari, kelajak bunyodkorlari, deb bilaman!
Oldinga qarab intilishdan va doimiy izlanishdan hech qachon to‘xtamang, aziz farzandlarim!
Muhtaram yurtdoshlar!
Bugun biz tarixning yanada mas’uliyatli va hal qiluvchi pallasida turibmiz. Mamlakatimiz taraqqiyotning mutlaqo yangi davriga qadam qo‘ymoqda. Kelgusi o‘n yillik – biz uchun milliy yuksalish davri bo‘ladi.
Buni faqat va faqat xalqimizning aql-zakovati, mehnati va birdamligi orqali o‘zimiz bunyod etamiz. Shu maqsadda kelgusi yillarda yurtimizda inson qadrini yanada yuksaltiradigan 7 ta milliy dasturni amalga oshiramiz.
Birinchi milliy dastur bilim va malakani kelgusi taraqqiyotimizning asosiy kapitaliga aylantirishdan iborat bo‘ladi.
Bolalarning 6 yoshli tayyorlov guruhlariga qamrovini qisqa muddatda 100 foizga olib chiqamiz. Xususiy bog‘cha tashkil qilish bo‘yicha mavjud imtiyozlar saqlab qolinadi.
Barcha maktablar xalqaro baholash dasturlari bilan to‘liq qamrab olinadi.
Yurtimizdagi texnikumlarda xalqaro ta’lim standartlarini joriy etamiz. Ularda yoshlarimizni yuqori daromadli kasblarga o‘qitishni yo‘lga qo‘yib, qamrovni 1 millionga yetkazamiz. Bir so‘z bilan aytganda, Yangi O‘zbekistonda kasb egallamagan birorta yigit-qiz qolmaydi.
Biz kelgusi yillarda kamida 10 ta universitetimizni TOP mingtalikka kiritishni katta marra sifatida belgilaymiz.
Ikkinchi milliy dastur xalqimizning sog‘lom bo‘lishi va uzoq umr ko‘rishini ta’minlashga xizmat qiladi.
Shu maqsadda aholi salomatligi bilan bog‘liq davlat xarajatlarini kelgusi besh yilda yalpi ichki mahsulotga nisbatan 5 foizga yetkazamiz.
Biz tibbiyotda profilaktikani kuchaytirish orqali salomatlikni asrash modeliga o‘tamiz. Davlat tibbiy sug‘urtasi mamlakatning barcha xonadonlariga kirib boradi.
Ixtisoslashgan tibbiyotda raqobat muhitini kuchaytirish maqsadida dunyoning eng nufuzli kamida 5 ta klinikasini olib kelamiz.
Yurtimizni zamonaviy tibbiyot, farmatsevtika, biotexnologiyalar va tibbiy ta’lim taraqqiy etgan maskanga aylantiramiz.
Hurmatli tadbir ishtirokchilari!
Uchinchi milliy dastur – iqtisodiyotimizni yuqori texnologiya va mehnat unumdorligi modeliga o‘tkazish.
Buning uchun kelgusi o‘n yilda 450 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilamiz. Iqtisodiyotda yuqori o‘sish sur’atini saqlagan holda, 2030 yilgacha yalpi ichki mahsulot hajmi 300 milliard dollarga yetkaziladi, sanoatda 2 millionta yuqori daromadli ish o‘rni yaratiladi.
Yoshlarimizning salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishda startap, venchur va sun’iy intellektni rivojlantirish ustuvor yo‘nalishga aylanadi.
Shuningdek, kichik biznes – o‘rta biznesga, o‘rta korxonalar esa yirik kompaniya va korporatsiyalarga aylanishi uchun yaxlit ekotizimni yo‘lga qo‘yamiz. Bularning hisobiga kelgusi o‘n yilda jon boshiga yalpi ichki mahsulot hajmi 10 ming dollarlik marradan oshadi.
Aziz do‘stlar!
Global iqlim o‘zgarishi sharoitida suv va ekologiya masalalari yanada dolzarb bo‘lib bormoqda.
Shu bois, to‘rtinchi milliy dastur suv va tabiatga munosabatni tubdan o‘zgartirishga qaratiladi.
Kelgusi besh yilda ekin maydonlarida suv tejaydigan texnologiyalar qamrovini 100 foizga olib chiqamiz. Bu – umummilliy marraga aylanadi.
Tabiatga munosabat – xalqning madaniyati, davlatning mas’uliyati va taraqqiyotning sifat ko‘rsatkichidir. Shuning uchun mamlakatimizda “Yashil makon” umummilliy harakatini yangi sifat bosqichiga olib chiqamiz. Maktab, bog‘cha, shifoxona va ko‘p qavatli uylar atrofidagi yashil hududlar jamiyatning daxlsiz boyligi sifatida muhofaza qilinadi. Yaqin yillarda tuman va shahar markazlarida yashillik ko‘lamini 30 foizga yetkazamiz.
Qadrli yurtdoshlar!
Adolat qaror topgan joyda iqtisodiy o‘sish ham, ijtimoiy ishonch ham yuksaladi.
Bu borada beshinchi milliy dastur – sud mustaqilligini kuchaytirish va qonun ustuvorligini ta’minlashni umumiy qadriyatga aylantirishdan iborat.
Buning uchun huquqiy tarbiyani maktabdan boshlab aniq tizim asosida yo‘lga qo‘yamiz. Fuqarolar va tadbirkorlarning qonuniy kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha islohotlarimizni qat’iy davom ettiramiz. Kiberjinoyatchilik, giyohvandlik va odam savdosining oldini olish bo‘yicha choralarni yanada kuchaytiramiz.
“Yashirin iqtisodiyot”, uyushgan jinoyatchilik, ayollar va bolalar huquqini kamsitishga qarshi kurashni yangi bosqichga ko‘taramiz.
Aziz vatandoshlar!
Odamlarimizning kayfiyati, oilalarning farovonligi, yoshlarning orzu-istagi, tadbirkorlarning tashabbuskorligi, eng avvalo, mahallada namoyon bo‘ladi.
Shuning uchun oltinchi milliy dastur mahallani jamiyat taraqqiyotining asosiy buyurtmachisiga aylantirishga yo‘naltiriladi.
Endi davlat dasturlarini ishlab chiqish bo‘yicha yondashuv butkul o‘zgaradi. Tuman budjeti, investitsiya dasturi hamda infratuzilma loyihalari mahalla buyurtmasi asosida ishlab chiqiladi. Bunda fuqarolarning talab va ehtiyoji, mahallaning farovonligi – eng asosiy mezon sifatida belgilanadi.
Hurmatli bayram ishtirokchilari!
Yettinchi milliy dastur – O‘zbekistonning tinchlik va do‘stlik diyori, bag‘rikeng o‘lka sifatidagi nufuzini har tomonlama yuksaltirishdan iborat.
Yurtimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari, 16 ta diniy konfessiya a’zolari bir oila farzandlaridek ahil va inoq yashamoqda.
Bugungi notinch zamonda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik xalqimizning oltin fondi, bebaho boyligidir.
Bizning ochiq, pragmatik va tinchlikparvar siyosatimiz uzoq muddatli taraqqiyotimizni ta’minlashga qaratilgan.
Markaziy Osiyoda ahil qo‘shnichilik, strategik sheriklik va do‘stlik aloqalarini kengaytirishda tarixiy yutuqlarga erishildi.
Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Yevropa Ittifoqi, Amerika, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi va arab-musulmon dunyosi davlatlari bilan munosabatlarimiz yanada mustahkamlandi. Sharqiy Yevropa, Afrika va Lotin Amerikasida yangi hamkorlik yo‘nalishlari ochildi.
Mamlakatimiz bilan diplomatik munosabat o‘rnatgan davlatlar soni qariyb 170 taga yetdi.
O‘zbekistonni xalqaro diplomatiyaning muhim markaziga aylantirish uchun ko‘pqirrali, vazmin va muvozanatli tashqi siyosatni davom ettiramiz. Iqtisodiy diplomatiya tashqi siyosatimizning ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qoladi.
Mamlakatimiz 2027-2029 yillarda Qo‘shilmaslik harakatiga ilk marotaba raislik qiladi. Dunyodagi 120 dan ortiq davlatni birlashtirgan ushbu global tuzilma samaradorligini oshirishga qaratilgan tashabbuslarni faol ilgari suramiz.
Yon qo‘shnimiz bo‘lgan Afg‘oniston bo‘yicha konstruktiv siyosatimizni qat’iy davom ettiramiz.
Fursatdan foydalanib, bugungi tantanamizda ishtirok etayotgan diplomatik korpus vakillariga, xorijiy ommaviy axborot vositalari xodimlariga, AQSH, Turkiya va Singapurdan kelgan yuqori martabali mehmonlarimizga samarali hamkorlik uchun alohida minnatdorlik bildiraman.
Aziz va muhtaram vatandoshlarim!
Bir fikrni ishonch bilan aytmoqchiman.
Biz bugun kechagidan kuchlimiz. Nasib etsa, ertaga bundan ham kuchli bo‘lamiz.
O‘ttiz besh yillik mustaqil taraqqiyot yo‘limiz bizga bir haqiqatni o‘rgatdi: xalq va davlat yagona maqsad yo‘lida birlashib, astoydil harakat qilsa, zabt etib bo‘lmaydigan marraning o‘zi yo‘q.
Bunday buyuk qudratga ega xalq va davlatni yenga oladigan kuchning o‘zi yo‘q.
Biz yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va buyuk kelajagimizni birgalikda barpo etamiz!
Ishonchim komil, matonatli, mard va olijanob xalqimiz o‘z oldiga qo‘ygan ulug‘ maqsadlarga albatta yetadi.
Vatanimizning oltin davrini, yangi buyuk tarixini albatta barchamiz birgalikda yaratamiz!
Bizga mustaqillik ne’matini bergan Parvardigorimizga cheksiz shukronalar bo‘lsin!
Istiqlolimiz ijodkori va haqiqiy bunyodkori bo‘lgan xalqimizga shon-sharaflar bo‘lsin!
Sizlarni, sizlar orqali butun xalqimizni bugungi ulug‘ bayram – O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi bilan yana bir bor tabriklayman.
Yurtimiz tinch, xonadonlarimiz obod va farovon bo‘lsin!
Yashasin O‘zbekiston Respublikasi!
Yashasin O‘zbekiston xalqi!