Nafs tarbiyasi eng hassos mavzulardan biri hisoblanadi. Bu mavzuda ko‘plab olimlar, tariqat mashoyixlari so‘z yuritganlar, qator kitoblar va risolalar bitganlar.
Darhaqiqat, nafsga bo‘ysunmaslikda inson uchun juda ko‘p yaxshiliklar, barakalar bor. Unga ergashish esa yomonliklarning poydevori hisoblanadi. Shu kungacha o‘tgan solih bandalar barcha yaxshiliklarning asosi nafsni tarbiya qilish, barcha yomonliklarning asosi esa unga tobe bo‘lishda ekanligini ta’kidlaganlar.
Nafsiga ergashmay, uni tarbiyalagan kishi yutuqqa, muvaffaqiyatga yetishadi. Unga faqat gumroh kimsalargina ergashadilar.
«Haqiqatda, kim u (nafs)ni poklasa, yutuqqa erishadi». (Shams surasi, 9 - oyat).
«...O‘z havoi nafsiga ergashgan kishidan ko‘ra adashganroq kimsa bormi?!». (Qasos surasi 50 - oyat).
Donishmand xalqimiz «Mening nafsim balodir. O‘tdan cho‘qqa solodir» deb ham bejiz aytmagan.
Ulamolar nafs istaklariga teskari harakat qilishni ibodatning boshi, deydilar.
Tarixda o‘tgan ko‘plab allomalar, mashoyixlar, ruhiy tarbiya ulamolari nafslarini isloh etish bilan oliy martabalar, maqomlarga erishganlar.
Bir kishi havoda muallaq o‘tirgan odamni ko‘rib, buning sababini so‘radi. U aytdi: «Men havoni tark qilgan edim, Alloh havoni bo‘ysundirib qo‘ydi». Ya’ni, ichimdagi nafsim istaklariga xilof qilgan edim, Alloh tashimdagi havoni xizmatimda qildi.
Mashoyixlar aytadi:
Nafsga xilof qilishning barakasi, ta’siri har bir insonga garchi u Islom ahlidan bo‘lmasa ham o‘tadi. Rivoyat qilinishicha, Misrda mukoshafa bilan mashhur bo‘lgan rohib bo‘lar edi. Uning bu holati musulmonlarni fitnaga solishidan qo‘rqqan bir olim zaharlangan pichoqni olib, rohibning uyiga bordi. U eshikni taqqillatgan edi, ichkaridan: «Hoy musulmonlar peshvosi! Pichoqni tashla», degan ovoz eshtildi. Olim pichoqni tashlab, uy ichiga kirdi. Rohibga qarab: «Senda mukoshafa nuri qayerdan paydo bo‘ldi? Yoki musulmonmisan», dedi. Rohib aytdi: «Ha, musulmon bo‘ldim». Imom: «Bu qanday sodir bo‘ldi?», dedi. U: «Nafsga xilof qilish bilan bo‘ldi. Nafsimga islomni taklif qilgandim, u bosh tortdi. Men esa unga xilof qildim», deb javob qaytardi.
Ho‘jaobod tuman “YETTI CHINOR” jome masjidi noibi-imomi
Muhammadquddus Abduhalimov
مَنْ عَمِلَ صَالِحًا مِّن ذَكَرٍ أَوْ أُنثَىٰ وَهُوَ مُؤْمِنٌ فَلَنُحْيِيَنَّهُ حَيَاةً طَيِّبَةً
"Erkagu ayol, kim mo‘min holida yaxshi amal qilsa, Biz unga yaxshi hayot kechirtiramiz" (Nahl surasi, 97-oyat).
Sa’id ibn Jubayr aytadi: “Yaxshi hayot Alloh seni birovga muhtoj qilmasligidir”.
Go‘zal hikmat. Yana bir narsa "Yaxshi hayot degani kasal bo‘lmay, kambag‘al bo‘lmay yashash degani emas. Mansabdor, el og‘zidagi odam bo‘lish, degani ham emas. Balki Alloh bitganiga rozi bo‘lib yashashda yashiringan. Allohning taqdiriga norozi bo‘lish ziq, tang, xor hayotdir. Alloh har ishga rozilik ne’matini sizga berdimi, farovon kunda shukr qilib, qiyin kunda sabr qilib yashayapsizmi, demak, Alloh sizni yaxshi hayotga qo‘yibdi".
Sharqoviy. "Qur’ondan maktublar".