Avval xabar berganimizdek, 7200 nafar hamyurtlarimiz Saudiya Arabistonida Haj ibodatini o‘tab bo‘lishdi.
Ayni damda yurtimiz hojilarining dastlabki guruhi Haj ibodatlarini o‘tab Saudiya Arabistonidan O‘zbekistonga qaytib kelishdi.
Duolar qabul bo‘ladigan maskanlarda qilingan duolar mustajob bo‘ladi. Ana shu fursatlarni g‘animat ekanini anglagan ziyoratchilarimiz ko‘zlarida yosh, chin ixlos ila duolar qilishdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari boshchiligidagi guruh yetib kelishdi. Ushbu tantanali kutib olish marosimidan lavhalarni kuzating.
O‘MI Matbuot xizmati
Er-xotin tez-tez urishib qolaverdi. Shunda ayoli eriga:
– Dadasi, qo‘shnilarimiz biror marta urishganini eshitmadim. Biz esa tez-tez janjallashib qolyapmiz. Qarshi bo‘lmasangiz, qo‘shni ayoldan buning sirini bilib kelaman, – dedi.
Eri rozi bo‘ldi. Ayol qo‘shni ayol bilan suhbatlashgani chiqib, undan oilada osoyishtalikni saqlash siri haqida so‘radi.
Bu paytda qo‘shni ayol oshxonada ovqat qilayotgan, uning eri esa stolda bir nimalarni yozib o‘tirgandi. Shunda birdan telefon jiringladi. Eri telefon oldiga borar ekan, bexos stol ustida turgan vazani turtib yubordi. Vaza yerga tushib, sindi. Bu holni ko‘rgan ayoli darrov kelib vazani siniqlarini tera boshladi. Eri ayoliga aybdorona qarab, uzr so‘radi. Ayoli esa: “Aslida men sizdan uzr so‘rayman. Chunki vazani stol ustiga – noqulay joyga qo‘ygan ekanman”, dedi.
Bu holni kuzatgan qo‘shni ayol uyiga qaytib keldi va nimalar ko‘rganini aytib berdi. So‘zi yakunida: “Oddiy bir ishda ular ikkalasi ham o‘zini aybdor hisoblarkan. Biz esa har ishda o‘zimizni haq, deymiz. Janjalimiz sababi shundan ekan”, dedi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: «Haq bo‘la turib janjalni tark etgan kishiga jannat yonidagi bir uyga kafilman. Hazildan bo‘lsa ham, yolg‘onni tark etgan kishiga jannat o‘rtasidagi bir uyga kafilman. Chiroyli xulqli kishiga jannatning eng yuqorisidagi bir uyga kafilman» (Imom Abu Dovud rivoyati).
Mana, osoyishtalik siri nimada ekan!
Akbarshoh Rasulov