Avval xabar berganimizdek, 7200 nafar hamyurtlarimiz Saudiya Arabistonida Haj ibodatini o‘tab bo‘lishdi.
Ayni damda yurtimiz hojilarining dastlabki guruhi Haj ibodatlarini o‘tab Saudiya Arabistonidan O‘zbekistonga qaytib kelishdi.
Duolar qabul bo‘ladigan maskanlarda qilingan duolar mustajob bo‘ladi. Ana shu fursatlarni g‘animat ekanini anglagan ziyoratchilarimiz ko‘zlarida yosh, chin ixlos ila duolar qilishdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari boshchiligidagi guruh yetib kelishdi. Ushbu tantanali kutib olish marosimidan lavhalarni kuzating.
O‘MI Matbuot xizmati
Ayni damda “Moturidiylik – bag‘rikenglik, mo‘tadillik va ma’rifat ta’limoti” mavzusidagi xalqaro anjuman qizg‘in davom etmoqda.
Tadbir avvalida Qur’on oyatlari tilovat qilindi.
Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning xalqaro konferensiya ishtirokchilariga tabrigini Prezident maslahatchisi Ruslanbek Davletov o‘qib eshittirdi.
Tabrikda Prezidentimiz qatnashchilarni ulug‘ allomalar yurtiga tashrifi va nufuzli tadbirdagi ishtiroki bilan qutlab, buyuk vatandoshimiz asos solgan moturidiylik maktabi va ta’limoti e’tiqod borasida asrlar davomida bag‘rikenglik, mo‘tadillik va ma’rifat timsoli bo‘lib kelayotganini alohida qayd etgan.
Shuningdek, mamlakatimizda Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy kabi buyuk allomalarimiz nomlari bilan ataladigan xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi faoliyat ko‘rsatayotgani, jumladan, Imom Moturidiyning “Ta’vilot al-Qur’on” va “Kitob at-tavhid” kitoblari ilk marta o‘zbek tiliga tarjima qilinib, keng jamoatchilik e’tiboriga havola etilgani ta’kidlab o‘tilgan.
O‘z navbatida anjuman ishtirokchilariga o‘z hayotini ana shunday ezgu ishga bag‘ishlab kelayotgani, Imom Moturidiy va O‘zbekiston zaminidan yetishib chiqqan boshqa ulug‘ allomalarimizning boy ilmiy-diniy merosini o‘rganish yo‘lidagi mashaqqatli mehnati, izlanish va tadqiqotlari uchun samimiy minnatdorlik bildirib, ularga sihat-salomatlik, kelgusi faoliyatida yangi yutuqlar va konferensiya ishiga muvaffaqiyat tilagan.
Anjuman ishtirokchilari Prezidentimizning tabrigi va iliq tilaklaridan bag‘oyat mamnun bo‘lishdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati