Duo ibodatdir. Duo qilishning ham o‘z odoblari bor. Duo odoblari xususida bunday marhamat qilinadi:
“Rabbingizga zorlanib va xufyona duo qiling! Zero, U haddan oshuvchilarni yoqtirmaydi. Unga (Allohga) ham qo‘rquv, ham umid bilan duo qilinglar! Allohning rahmati ezgu ish qiluvchilarga yaqindir” (A’rof, 55–56).
Duoni Alloh taologa hamd, Payg‘ambarimiz sollalohu alayhi va sallamga salavot aytish bilan boshlab, yana shular bilan tugatish uning ijobatiga bois bo‘ladi.
Duoda Alloh taoloning go‘zal ismlarini takror-takror aytish, tinchlik, ofiyat, salomatlik bilan bir qatorda, dunyo va oxirat yaxshiligini so‘rash lozim. Chunki oyati karimada bizga bunday marhamat qilingan: «Yana shundaylari ham borki, ular: “Ey Rabbimiz, bizga bu dunyoda ham yaxshilik ato etgin, oxiratda ham yaxshilik (ato etgin) va bizni do‘zax azobidan asragin”, deydilar» (Baqara, 201).
Kishining duolari, ibodatlari Allohning huzurida maqbul bo‘lishida halol-pok luqma bilan oziqlanish, qarindosh-urug‘chilik rishtalarini mustahkamlash, gunoh ishlardan tiyilishning juda muhim o‘rni bor.
Duo bandani Alloh taoloning muhabbatiga erishtiradigan amallardan, shuningdek, rizqning mo‘l, ne’matlarning ziyoda bo‘lishiga sabab hamdir.
O‘MI Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi Diniy idoraning Buxgalteriya bo‘limi mudiri o‘rinbosari Burxon Nazarovning padari buzrukvorlari Baxtiyor hoji otaning vafoti munosabati bilan chuqur ta’ziya izhor etadi.
Alloh taolo oxirat safariga kuzatilgan marhum otaxonning barcha solih amallarini o‘zlariga hamroh aylab, O‘z mag‘firatiga olsin.
Haq taolo marhumning yaqinlari, farzandu arjumandlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlarga ajru mukofotlar ato etsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, ulamolari, imom-domlalari va o‘qituvchi-mudarrislari nomidan marhum otaxonning yaqinlariga, xususan, Burxon Nazarovga hamdardlik bildiramiz.
Janoza namozi bugun peshin namozidan so‘ng poytaxtimizning Chilonzor tumanidagi "Katta Qozirobod" jome masjidida o‘qiladi.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.
«Musibat yetganda “Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz”, degan sabrlilarga xushxabar bering».
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Muslim.uz