Sayt test holatida ishlamoqda!
22 Yanvar, 2025   |   22 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:20
Quyosh
07:43
Peshin
12:40
Asr
15:46
Shom
17:30
Xufton
18:47
Bismillah
22 Yanvar, 2025, 22 Rajab, 1446

Choyning tibbiy xususiyatlari va choy ichish madaniyati

24.08.2018   23183   8 min.
Choyning tibbiy xususiyatlari va choy ichish madaniyati

Chanqaganda suv iching,

Charchaganda choy iching.

 

Choyning tarixidan. Choy – tea ko‘p yillik,  doim yashil, tropik o‘simlik. Ba’zi mamlakatlarda choy daraxtining balandligi 3-4 metrgacha  va undan ortiq bo‘lishi mumkin. Choy daraxti Xitoyda IV asrdan, Yaponiya, Koreyada IX asrdan, Indoneziyada XIX asrdan, Hindiston va Shri Lankada 1830 yillardan, Gruziyada 1840 yillardan, Rossiyada (Krasnodar o‘lkasida) 1901 yildan, Ozarbayjonda 1910 yillardan boshlab o‘stiriladi. Hindiston, Xitoy, Yaponiyada sariq va qizil choy tayyorlanadi.

Choy daraxti avgust oyidan boshlab kech kuzgacha gullaydi, mevasi oktyabr-dekabrda yetiladi.

Geografik tarqalishi. Choyning vatani Xitoy va Hindi Xitoy. Gruziya, Ozarbayjon, Qrim va Krasnodar o‘lkasining nam subtropik zonalarida 1 metrli buta holida o‘stiriladi. Qo‘llaniladigan qismi, asosan, bargi. Choy bargi yiliga bir necha marta yig‘iladi va maxsus texnologiya bo‘yicha ishlab tayyorlanadi. Kofein va boshqa alkaloidlar hamda katexinlar choyni ishlash jarayonida ajralgan chiqindisidan olinadi.

Kimyoviy tarkibi va ishlatilishi. Choy bargi tarkibida 2-5 foiz kofein, teofillin va teobromin alkaloidlar, 20-28 foizgacha oshlovchi moddalar, flavonoidlar (kemp-ferol, kversetin, giperin, kversimeritrin va boshqalar), 156-233 mg. foiz S, B1, V6  vitaminlari, nikotin va pantoten kislotalar, efir moyi va boshqa birikmalar bor. Choy ishlab chiqarish sanoati chiqindisidan kofein va oshlovchi moddalar — choy tanini olinadi. Kofein markaziy nerv sistemasini qo‘zg‘atuvchi ta’sirga ega. U tabletka va eritma holida hamda turli kompleks preparatlar tarkibida chiqariladi. Yuqumli va boshqa og‘ir kasalliklardan so‘ng yurak, nafas olish faoliyati susayishida, qon aylanishining chuqur buzilishlarida (qon tomirlar kasallanganda), nerv sistemasi charchaganda, bosh og‘riganda, narkotiklar bilan zaharlanganda va boshqa kasalliklarda organizmning umumiy tonusini ko‘taruvchi vosita sifatida qo‘llaniladi. Choy tarkibidagi oshlovchi moddalar vitamin R ta’siriga ega bo‘lib, gemorragik diatezda, organizm shishgan vaqtda, ko‘zga qon quyilganda va boshqa kasalliklarda ishlatiladi. Choy bargidan (chiqindisidan) olinadigan teofillin yurak va buyrak kasalliklarida siydik haydovchi, uning preparati eufillin — spazmolitik dori sifatida hamda bronxial astmani davolash uchun qo‘llaniladi.

Choyni «achchiq» qilib damlab ichaverish qabziyatga olib keladi. Turib qolgan damlangan qora choyni ichmaslik kerak, lekin ko‘k choyni ichish mumkin. Uning ijobiy tomoni siydik haydash xususiyatiga ega bo‘lishi bilan birga  — bakteritsid     ta’siriga ham ega.  Ko‘k choyning shu xususiyati borligi uchun ham, og‘iz yallig‘lanishida, ichburug‘da, quyuqroq damlab ichish, yoki og‘izni chayish foydalidir.

Dunyo miqyosida Angliya aholisi choyni eng ko‘p iste’mol qiladi. Biz, o‘zbeklar ham choy ichishda inglizlardan qolishmaymiz. “Ertalab choy, peshinda choy, kechqurun shirchoy”, degan hazilomuz ibora bor. Qishning sovug‘i-yu, yozning jaziramasida eng ko‘p ichiladigan ichimlik ham choy hisoblanadi. Ha, choy bizga har doim kerak,  lekin unutmang, choy – shifobaxsh ichimlik, u suv emas.

Endi o‘ylab ko‘ring, o‘sha ichimlikni chanqaganimizda ham, ovqat mahalida ham, yotishdan oldin ham ichaversak zarar qilmaydimi?

Bu savol hammaga erish tuyulishi mumkin. Ammo choy to‘g‘ri ichilgandagina davo, foydali bo‘lishini ham unutmasligimiz lozim.

Ovqatlanayotganda ko‘pchilik choy ichadi. Choyning tarkibidagi kofein, tanin moddasi esa oziq mahsulotlarda mavjud bo‘lgan foydali moddalarni parchalab yuboradi, natijada organizmda vitaminlarning, mikroelementlarning yetishmasligi yuzaga keladi. Choy bilan birga iste’mol qilinganda go‘shtning 30-70 foizi, mevalarning esa 30 foizdan ko‘pi so‘rilmaydi. Umumiy ovqatlardan ko‘radigan bo‘lsak, choy bilan iste’mol qilingan mahsulot tarkibidagi vitaminlar va temir moddasining kamida 50 foizi so‘rilmay qoladi. Bu esa inson salomatligi uchun salbiy ta’sir ko‘rsatadi, kamqonlik paydo bo‘ladi. Hozir dunyoda ko‘pchilik aholi kamqonlik bilan kasallangan.    

Yurtimizda ko‘p sonli aholi, ayniqsa, ayollar va bolalar temir tanqisligidan kelib chiqadigan kasalliklarga chalinayotgani tufayli, kundalik iste’mol qiladigan nonimizga temir moddasini qo‘shish, ya’ni unni boyitish yo‘lga qo‘yilgan. Bu kamqonlikka qarshi kurashlardan biridir. Siz nonni qanday istemol qilasiz? Albatta, choy bilan.  Bu esa yuqorida ta’kidlaganimizdek, temir moddasi mavjud bo‘lmagan nonni yeyish bilan barobar.

Yana ko‘pchilik yosh bolaga choy berib xatolikka yo‘l qo‘yadi. Uch yoshgacha bolalarga choy ichirish tibbiyot nuqtayi nazaridan man etilgan. Bolakayning choyiga yoki sutiga shakar qo‘shib berish ham noto‘g‘ri. Bolalarni yoshligidan to‘g‘ri ovqatlanish tartibiga e’tibor berish lozim. Agar uning organizmida temir yetishmovchiligi yuz bersa, bu keyinchalik aqliy rivojlanishdan orqada qolish xavfini ham tug‘diradi.

Salomatlik uchun kurashish yo‘lida choy ichish an’analarini o‘zgartirishimizga to‘g‘ri keladi. Ovqatlanayotganda yoki ovqatdan so‘ng 30 minutgacha choy ichmang. Choy o‘rnida boshqa ichimliklar, masalan, qaynagan yoki ma’danli suv va sharbatlar ichish maslahat beriladi. Bu malumotlar choy sog‘ligimiz kushandasi, degani emas.

Mo‘jizaviy ko‘k choy. Ko‘k choyning organizmdagi ahamiyati katta. U ko‘plab kasalliklar uchun davo bo‘ladi. Choyga shifobaxsh ichimlik sifatida qarab, me’yorga va vaqtiga ko‘ra ichsak, salomatligimiz uchun foydadan holi emas. Ovqatlangandan 30 daqiqa keyin ichilgan choy bezarar va foydalidir.  Keling, hozirgi daqiqadan e’tiboran har kungi choyimizga nisbatan yangicha munosabatni shakllantiraylik.

Inson organizmi uchun ko‘k choyning ahamiyati juda katta. Ko‘k choyning afzalligini ko‘p olimlar, xususan, yapon olimlari isbotlagan. Qora choyga nisbatan tarkibi mikroelementlarga, vitaminlarga va boshqa foydali moddalarga boy hisoblanadi. Ko‘k choy muayyan tabiiy texnologiya asosida tayyorlanib uning tarkibida kofein, tanin moddalari kam. U modda almashinuvini, jigar, buyrak va boshqa muhim organlarning ish faoliyatini yaxshilaydi, ateroskleroz kasalligining oldini oladi va davolaydi, qonni tozalaydi, qon tomirlarini kengaytiradi, qon bosimini, xolesterinni pasaytiradi, xotirani kuchaytiradi, eng yaxshi chanqovbosdi ichimliklardan biri hisoblanadi.

Ko‘k choyning shifobaxsh xususiyatlari hakida ko‘p gapirilgan. Uning ming dardga davo ekani ham ayni hakiqat. Ovqatni oson parchalaydi, hazm bo‘lishini tezlashtiradi, asabni tinchlantirishi bilan bir qatorda, kayfiyatni chehrani ochadi. Xotirani yaxshilaydi, fikrlashni ravonlashtiradi. Uning yana bir foydali xususiyati - qonni suyultiradi, tomirlarni kengaytirib, qon yurishini yaxshilaydi va eng muhimi, qondagi xiltlarni tozalaydi.

Mutaxassislar uni salomatlik va hayotiy faollik bag‘ishlovchi mo‘jizaviy ichimlik deb hisoblaydilar. Xushbo‘y ko‘k choyning vatani Xitoy bo‘lib, undan bir necha ming yillar davomida ko‘plab kasalliklarni davolovchi darmon sifatida foydalanishgan. Ko‘k choy tarkibidagi darmondorilar va mineral moddalar tufayli (R, S, V1, V3,K karotin, nikotin kislota, kalsiy, magniy, temir) kuchli antioksidant hisoblanadi, U kayfiyatni ko‘taradi, kislorod, suv va tuz almashinish jarayonini yaxshilaydi, kalillyar-qon tomirlarini mustahkamlaydi, qondagi xolesterin mikdorini kamaytiradi, organizmdagm toksin-chiqindilarni chiqaradi.

Muntazam ko‘k choy ichadigan odamlar erta qarimaydi, degan naql mavjud. Tabiiyki, ushbu ichimlikning bu kabi mo‘jizaviy xususiyatlari kosmetalogiyada ham keng qo‘llaniladi. Ko‘k choy ekstrakti ajinlar paydo bo‘lishining oldini oladi, terini namlantirib. tomir devorlarini mustahkamlaydi. U, albatta. yuz va teri kremlari, yuvinish gellari, sellyulitga qarshi vositalar va pilinglar tarkibiga kiritiladi. Ko‘k choyning nafis ifori esa parfyumeriyada qo‘llaniladi.

 

 

 

Choy damlashni va qanday iste’mol qilishni bilasizmi? Sifatli (yumshoq) suvni qaynatib, qaynoq suv bilan choynak chayqaladi. Qaynagan suvning 5 minut davomida parlanishi tugashi kutiladi. Bu vaqt davomida qaynoq suv temperaturasi 800-900ga tushadi. 250 ml. qaynoq suvga 1 choy qoshiq quruq choy hisobidan isitilgan choynakka qaynoq suv va quruq choy solib 5 minut damlab qo‘yiladi. Choynak qalin mato bilan berkitiladi. Belgilagan vaqt o‘tgach choy bir necha marta qaytariladi yoki choy qoshiq bilan aralashtiriladi.

Sunnatilla TOLIPOV,

oliy toifali shifokor

 

Tabobat
Boshqa maqolalar

Ehsoningiz o‘rnini Alloh to‘ldiradi

17.01.2025   6270   3 min.
Ehsoningiz o‘rnini Alloh to‘ldiradi

Savol: Hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Har tong quyosh chiqqanda ikki farishta nido qiladi. Ey Alloh infoq qiluvchini infoqini o‘rnini to‘ldirgin va xasis, ziqnaga talofat ber” der ekanlar. Lekin biz hayotda bu hadisning aksini ko‘ramiz. Infoq, ehson va sadaqa qiluvchilar yashashda o‘rta hol, ba’zilari esa biroz qiynalgan bo‘lsa, ziqna, xasis Alloh yo‘lida bir chaqa ham infoq qilmaydiganlar esa, dunyolari ziyoda bo‘lib borayotganligini ko‘ramiz. Shunda kishi hayoliga bu hadis sahihmikan yoki yolg‘onmi degan o‘y keladi. Agar sahih bo‘lsa nega infoq qiluvchining qilgan infoqini o‘rni to‘lmayapti? Nega xasis, ziqna odam talofat ko‘rmayapti?

Javob: Mazkur hadis sahih, muttafaqun alayh. Hadisning to‘liq matni quyidagicha.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Bandalar har tong ottirganlarida ikki farishta tushib, ularning biri: "Yo Alloh infoq qiluvchini infoqini o‘rnini to‘ldirgin", ikkinchisi esa: "Yo Alloh xasis, ziqnaga talofat ber" deydi” (Al-Jome’ as-Sahih, 445-bet, 1442-hadis)

Ushbu hadisning ma’nosiga o‘xshash boshqa hadislar ham mavjud. Misol uchun, Abu Umoma roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilganlar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: "Ey Odam bolasi agar sahovatli bo‘lsang, bu ishing sen uchun yaxshidir. Agar ziqna, xasis bo‘lsang, bu ishing sen uchun yomondir" (Imom Muslim va Imom Termiziy rivoyati).

Oyatda esa: “Har bir infoq qilgan narsangizning o‘rnini U to‘ldirur. U zot rizq berguvchilarning yaxshisidir” deyiladi (Saba’ surasi, 39-oyat). Ushbu oyatni Ibni Kasir rahimahulloh tafsirlarida: "Robbingizning buyurgan yoki muboh qilgan ishlarida biror bir narsani infoq qilsangiz, albatta, U dunyoda uning badalini beradi. Oxiratda esa, savob va mukofot beradi", deganlar.

Endi savol beruvchining fikriga keladigan bo‘lsak, u inson faqatgina hadisdagi to‘ldirish va talofot so‘zlarini mol-mulk ma’nosida tushunganlar. Hadisning asl mohiyati esa, bundan ko‘ra chuqurroq va kengroqdir. Aslida infoq qiluvchi kishiga G‘oniy va Karim bo‘lgan Allohning O‘zi kifoya qilishi uning infoqiga eng yaxshi evazdir. Allohni infoq qiluvchi bandasining ahlini isloh, farzandlarini iqtidorli, tanasini sog‘, oziga baraka berishi va uni to‘g‘ri yo‘lga boshlashi, yaxshiliklar qilishga muvaffaq qilishi, qalbida sakinat, insonlarni unga nisbatan muhabbatli va iymon halovatini sezuvchi qilib qo‘yishi infoq qiluvchi kishiga dunyo matolaridan cheklanishidan ko‘ra yaxshiroqdir. Zotan oriflar ruhiy rizqlarni ko‘zni quvontiruvchi dunyo matolaridan ko‘ra abadiy va qiymati baland deb biladilar.

“Talofat” esa, faqatgina molning talofati degani emas, balki kishining oilasini notinchligi, farzandlarini noqobil, o‘zgalar bilan yaxshi aloqada bo‘lmasligi, doim tashvishda, hayotda kishini xafa qiladigan ishlar bilan yashashi, moli ko‘p bo‘lsa-da foydalana olmasligi va doimo tanasining dardi bilan azob uqubatda hayot kechirishi tushuniladi. Bunday holatlar esa, molning talofotidan ko‘ra yomonroqdir.

Hadisda kelgan farishtalarning duosi Qur’oni karimdagi ushbu oyatlarga muvofiqdir: "Ammo kimki (ato) bersa va taqvo qilsa. Va go‘zal (so‘z)ni tasdiq qilsa. Bas, Biz uni osonga muyassar qilamiz.  Ammo kimki baxillik va istig‘no qilsa. Va go‘zal (so‘z)ni yolg‘onga chiqarsa. Bas, Biz uni qiyinga muyassar qilamiz" (Layl surasi, 5-10-oyatlar).

Alloh barchamizni oyatlarini va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislarini asl mohiyatlari bilan anglab yetishimizni oson qilsin.

Yusuf Qorozoviyning “Fataava Muasira” nomli asaridan
“Imom at-Termiziy” jome’ masjidi imom xatibi
Yahyo Abdurahmonov tarjimasi