Chanqaganda suv iching,
Charchaganda choy iching.
Choyning tarixidan. Choy – tea ko‘p yillik, doim yashil, tropik o‘simlik. Ba’zi mamlakatlarda choy daraxtining balandligi 3-4 metrgacha va undan ortiq bo‘lishi mumkin. Choy daraxti Xitoyda IV asrdan, Yaponiya, Koreyada IX asrdan, Indoneziyada XIX asrdan, Hindiston va Shri Lankada 1830 yillardan, Gruziyada 1840 yillardan, Rossiyada (Krasnodar o‘lkasida) 1901 yildan, Ozarbayjonda 1910 yillardan boshlab o‘stiriladi. Hindiston, Xitoy, Yaponiyada sariq va qizil choy tayyorlanadi.
Choy daraxti avgust oyidan boshlab kech kuzgacha gullaydi, mevasi oktyabr-dekabrda yetiladi.
Geografik tarqalishi. Choyning vatani Xitoy va Hindi Xitoy. Gruziya, Ozarbayjon, Qrim va Krasnodar o‘lkasining nam subtropik zonalarida 1 metrli buta holida o‘stiriladi. Qo‘llaniladigan qismi, asosan, bargi. Choy bargi yiliga bir necha marta yig‘iladi va maxsus texnologiya bo‘yicha ishlab tayyorlanadi. Kofein va boshqa alkaloidlar hamda katexinlar choyni ishlash jarayonida ajralgan chiqindisidan olinadi.
Kimyoviy tarkibi va ishlatilishi. Choy bargi tarkibida 2-5 foiz kofein, teofillin va teobromin alkaloidlar, 20-28 foizgacha oshlovchi moddalar, flavonoidlar (kemp-ferol, kversetin, giperin, kversimeritrin va boshqalar), 156-233 mg. foiz S, B1, V6 vitaminlari, nikotin va pantoten kislotalar, efir moyi va boshqa birikmalar bor. Choy ishlab chiqarish sanoati chiqindisidan kofein va oshlovchi moddalar — choy tanini olinadi. Kofein markaziy nerv sistemasini qo‘zg‘atuvchi ta’sirga ega. U tabletka va eritma holida hamda turli kompleks preparatlar tarkibida chiqariladi. Yuqumli va boshqa og‘ir kasalliklardan so‘ng yurak, nafas olish faoliyati susayishida, qon aylanishining chuqur buzilishlarida (qon tomirlar kasallanganda), nerv sistemasi charchaganda, bosh og‘riganda, narkotiklar bilan zaharlanganda va boshqa kasalliklarda organizmning umumiy tonusini ko‘taruvchi vosita sifatida qo‘llaniladi. Choy tarkibidagi oshlovchi moddalar vitamin R ta’siriga ega bo‘lib, gemorragik diatezda, organizm shishgan vaqtda, ko‘zga qon quyilganda va boshqa kasalliklarda ishlatiladi. Choy bargidan (chiqindisidan) olinadigan teofillin yurak va buyrak kasalliklarida siydik haydovchi, uning preparati eufillin — spazmolitik dori sifatida hamda bronxial astmani davolash uchun qo‘llaniladi.
Choyni «achchiq» qilib damlab ichaverish qabziyatga olib keladi. Turib qolgan damlangan qora choyni ichmaslik kerak, lekin ko‘k choyni ichish mumkin. Uning ijobiy tomoni siydik haydash xususiyatiga ega bo‘lishi bilan birga — bakteritsid ta’siriga ham ega. Ko‘k choyning shu xususiyati borligi uchun ham, og‘iz yallig‘lanishida, ichburug‘da, quyuqroq damlab ichish, yoki og‘izni chayish foydalidir.
Dunyo miqyosida Angliya aholisi choyni eng ko‘p iste’mol qiladi. Biz, o‘zbeklar ham choy ichishda inglizlardan qolishmaymiz. “Ertalab choy, peshinda choy, kechqurun shirchoy”, degan hazilomuz ibora bor. Qishning sovug‘i-yu, yozning jaziramasida eng ko‘p ichiladigan ichimlik ham choy hisoblanadi. Ha, choy bizga har doim kerak, lekin unutmang, choy – shifobaxsh ichimlik, u suv emas.
Endi o‘ylab ko‘ring, o‘sha ichimlikni chanqaganimizda ham, ovqat mahalida ham, yotishdan oldin ham ichaversak zarar qilmaydimi?
Bu savol hammaga erish tuyulishi mumkin. Ammo choy to‘g‘ri ichilgandagina davo, foydali bo‘lishini ham unutmasligimiz lozim.
Ovqatlanayotganda ko‘pchilik choy ichadi. Choyning tarkibidagi kofein, tanin moddasi esa oziq mahsulotlarda mavjud bo‘lgan foydali moddalarni parchalab yuboradi, natijada organizmda vitaminlarning, mikroelementlarning yetishmasligi yuzaga keladi. Choy bilan birga iste’mol qilinganda go‘shtning 30-70 foizi, mevalarning esa 30 foizdan ko‘pi so‘rilmaydi. Umumiy ovqatlardan ko‘radigan bo‘lsak, choy bilan iste’mol qilingan mahsulot tarkibidagi vitaminlar va temir moddasining kamida 50 foizi so‘rilmay qoladi. Bu esa inson salomatligi uchun salbiy ta’sir ko‘rsatadi, kamqonlik paydo bo‘ladi. Hozir dunyoda ko‘pchilik aholi kamqonlik bilan kasallangan.
Yurtimizda ko‘p sonli aholi, ayniqsa, ayollar va bolalar temir tanqisligidan kelib chiqadigan kasalliklarga chalinayotgani tufayli, kundalik iste’mol qiladigan nonimizga temir moddasini qo‘shish, ya’ni unni boyitish yo‘lga qo‘yilgan. Bu kamqonlikka qarshi kurashlardan biridir. Siz nonni qanday istemol qilasiz? Albatta, choy bilan. Bu esa yuqorida ta’kidlaganimizdek, temir moddasi mavjud bo‘lmagan nonni yeyish bilan barobar.
Yana ko‘pchilik yosh bolaga choy berib xatolikka yo‘l qo‘yadi. Uch yoshgacha bolalarga choy ichirish tibbiyot nuqtayi nazaridan man etilgan. Bolakayning choyiga yoki sutiga shakar qo‘shib berish ham noto‘g‘ri. Bolalarni yoshligidan to‘g‘ri ovqatlanish tartibiga e’tibor berish lozim. Agar uning organizmida temir yetishmovchiligi yuz bersa, bu keyinchalik aqliy rivojlanishdan orqada qolish xavfini ham tug‘diradi.
Salomatlik uchun kurashish yo‘lida choy ichish an’analarini o‘zgartirishimizga to‘g‘ri keladi. Ovqatlanayotganda yoki ovqatdan so‘ng 30 minutgacha choy ichmang. Choy o‘rnida boshqa ichimliklar, masalan, qaynagan yoki ma’danli suv va sharbatlar ichish maslahat beriladi. Bu malumotlar choy sog‘ligimiz kushandasi, degani emas.
Mo‘’jizaviy ko‘k choy. Ko‘k choyning organizmdagi ahamiyati katta. U ko‘plab kasalliklar uchun davo bo‘ladi. Choyga shifobaxsh ichimlik sifatida qarab, me’yorga va vaqtiga ko‘ra ichsak, salomatligimiz uchun foydadan holi emas. Ovqatlangandan 30 daqiqa keyin ichilgan choy bezarar va foydalidir. Keling, hozirgi daqiqadan e’tiboran har kungi choyimizga nisbatan yangicha munosabatni shakllantiraylik.
Inson organizmi uchun ko‘k choyning ahamiyati juda katta. Ko‘k choyning afzalligini ko‘p olimlar, xususan, yapon olimlari isbotlagan. Qora choyga nisbatan tarkibi mikroelementlarga, vitaminlarga va boshqa foydali moddalarga boy hisoblanadi. Ko‘k choy muayyan tabiiy texnologiya asosida tayyorlanib uning tarkibida kofein, tanin moddalari kam. U modda almashinuvini, jigar, buyrak va boshqa muhim organlarning ish faoliyatini yaxshilaydi, ateroskleroz kasalligining oldini oladi va davolaydi, qonni tozalaydi, qon tomirlarini kengaytiradi, qon bosimini, xolesterinni pasaytiradi, xotirani kuchaytiradi, eng yaxshi chanqovbosdi ichimliklardan biri hisoblanadi.
Ko‘k choyning shifobaxsh xususiyatlari hakida ko‘p gapirilgan. Uning ming dardga davo ekani ham ayni hakiqat. Ovqatni oson parchalaydi, hazm bo‘lishini tezlashtiradi, asabni tinchlantirishi bilan bir qatorda, kayfiyatni chehrani ochadi. Xotirani yaxshilaydi, fikrlashni ravonlashtiradi. Uning yana bir foydali xususiyati - qonni suyultiradi, tomirlarni kengaytirib, qon yurishini yaxshilaydi va eng muhimi, qondagi xiltlarni tozalaydi.
Mutaxassislar uni salomatlik va hayotiy faollik bag‘ishlovchi mo‘jizaviy ichimlik deb hisoblaydilar. Xushbo‘y ko‘k choyning vatani Xitoy bo‘lib, undan bir necha ming yillar davomida ko‘plab kasalliklarni davolovchi darmon sifatida foydalanishgan. Ko‘k choy tarkibidagi darmondorilar va mineral moddalar tufayli (R, S, V1, V3,K karotin, nikotin kislota, kalsiy, magniy, temir) kuchli antioksidant hisoblanadi, U kayfiyatni ko‘taradi, kislorod, suv va tuz almashinish jarayonini yaxshilaydi, kalillyar-qon tomirlarini mustahkamlaydi, qondagi xolesterin mikdorini kamaytiradi, organizmdagm toksin-chiqindilarni chiqaradi.
Muntazam ko‘k choy ichadigan odamlar erta qarimaydi, degan naql mavjud. Tabiiyki, ushbu ichimlikning bu kabi mo‘jizaviy xususiyatlari kosmetalogiyada ham keng qo‘llaniladi. Ko‘k choy ekstrakti ajinlar paydo bo‘lishining oldini oladi, terini namlantirib. tomir devorlarini mustahkamlaydi. U, albatta. yuz va teri kremlari, yuvinish gellari, sellyulitga qarshi vositalar va pilinglar tarkibiga kiritiladi. Ko‘k choyning nafis ifori esa parfyumeriyada qo‘llaniladi.
Choy damlashni va qanday iste’mol qilishni bilasizmi? Sifatli (yumshoq) suvni qaynatib, qaynoq suv bilan choynak chayqaladi. Qaynagan suvning 5 minut davomida parlanishi tugashi kutiladi. Bu vaqt davomida qaynoq suv temperaturasi 800-900ga tushadi. 250 ml. qaynoq suvga 1 choy qoshiq quruq choy hisobidan isitilgan choynakka qaynoq suv va quruq choy solib 5 minut damlab qo‘yiladi. Choynak qalin mato bilan berkitiladi. Belgilagan vaqt o‘tgach choy bir necha marta qaytariladi yoki choy qoshiq bilan aralashtiriladi.
Sunnatilla TOLIPOV,
oliy toifali shifokor
Odamlarga asliy holatingizdan-da go‘zal muomalada bo‘ling. Zero, zulm umrni qisqartiradi. Biz atrofimizdagilarga zulm qilib, haqlariga rioya qilmaganimiz uchun ham ularni yo‘qotamiz. O‘z hisob-kitoblarimizni ularning kamchiliklari ustiga quramiz, lekin ulardagi oliyjanob fazilatlarni unutamiz. Ularni batamom aybsiz bo‘lishlariga talabgormiz, shuningdek, “odam bolasi xatodan xoli bo‘lmaydi” degan gapni dalil qilib o‘zimizni oqlaymiz.
Mabodo odamlar sizni toshbo‘ron qilsalar ham, bu toshlarni to‘plab, biror-bir uyni ta’mirlash uchun ishlating. Agar sizni gullar bilan qarshi olsalar, guldastalarni sizga ta’lim bergan va nochor paytingizda qo‘lingizdan tutganlarga ulashing.
Avval Allohga ishoning, keyin esa o‘zingizga. Ayblaringizni tan oling. Ishoning, agar siz o‘sha ayblaringizdan xalos bo‘lsangiz, orzularingizning ro‘yobga chiqishiga bir qadam qoladi... O‘z xatolaringizni yodingizda tuting, do‘stlaringiz, yaqin qarindosh-urug‘laringizni atrofingizda saqlab qolishni istasangiz, ularning xatolarini esingizdan chiqaring. Bilingki, haqiqiy saodat kishi boshqalarning aybini qo‘yib, o‘z ayblari bilan ovora bo‘lishidadir.
Bordi-yu, birorta ishda muvaffaqiyatni qo‘lga kiritsangiz, g‘ururlanib ketmang! Zero, Alloh azza va jalla bu borada Najm surasining 32-oyati karimasida: “...Shunday ekan o‘zingizni oqlamang, U kim taqvodorligini yaxshi biladir”, deya marhamat qiladi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ham kamtarlikka targ‘ib qilib: “Alloh taolo menga sizlarning kamtar bo‘lishingizni vahiy qildi. Toingki, birorta odam boshqaning oldida faxrlanmasin ham, zulm ham qilmasin”,[1] dedilar.
Yiqilganingizda “odamlar ataylab choh qazib qo‘ygan” degan noma’qul xayolni miyangizdan chiqarib tashlang. Aksincha, qayta turishga harakat qiling. Qaddingizni rostlab olsangiz-da, o‘zingiz kabi yiqilganlarga yordam qo‘lini cho‘zing, o‘zlarini tiklab olishlariga ko‘maklashing. Hayot yo‘llarining pastu balandlariga, mashaqqatlariga sabrli bo‘ling, ko‘zingizni kattaroq oching va aqlingizni yig‘ing.
Dushmaningiz ustidan g‘alaba qozonsangiz-da, uning omadsizligidan quvonmang. Kishi boshiga musibat kelsa, hech bo‘lmasa duo bilan hamdard bo‘ling. Alloh taolo Shuro surasining 43-oyatida bunday marhamat qiladi: «Shubhasiz, kim sabr qilib kechirsa, albatta, bu mardlik ishlaridandir». Nabiy sollallohu alayhi vasallam ham bunday deb duo qilardilar: “...Alloh, hasadgo‘y dushmanni mening mag‘lubiyatim sabab quvontirma”.
Qanoat hamda dangasalik, izzat hamda g‘urur va tavoze’ bilan xorlik orasini jamlay olmaysiz. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim Alloh uchun tavoze’li bo‘lsa, Alloh uning martabasini ko‘taradi, oxir borib illiyinning eng cho‘qqisiga olib chiqadi”, deya kamtar bo‘lishga targ‘ib qilganlar.
O‘zingiz uchun bir solih kishini do‘st tuting va uni asrab-avaylang. Bu borada Rasululloh sollallhu alayhi vasallam: “Kishi o‘z qadrdon do‘stining dinida bo‘ladi, shunday ekan har biringiz kim bilan do‘st tutinganiga bir nazar tashlasin!” dedilar. Solih do‘stingizni mayda-chuyda narsalar bilan itob qilavermang, uning yanglishishlariga ahamiyat bermang, axir, tamomi kamolot sifatiga ega bo‘lish faqat Alloh azza va jallaning O‘zigagina xosdir.
Odamlar bilan xusumatlashmang. Chunki behuda tortishuvlar do‘stlik arqonini uzib, ruhiyatlar orasida to‘siq paydo qiladi. Solih kishilarning ichi tor bo‘lmaydi, aksincha, ular ko‘nglini keng qiladilar va boshqalarning ayblarini ko‘taradilar. Odamlarning yomonliklarini xotirangizdan o‘chirib tashlang va ularning yaxshiliklarini yodingizda tuting.
Sizga taalluqli ishlarda xato qilganlarga ham bag‘rikeng bo‘ling, ularni “bir uzri bordir” deya oqlashni o‘rganing. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: “Birortangiz Abu Zamzamday bo‘lishga kuchi yetmaydimi?! U qachon uyidan chiqsa, men o‘z obro‘yimni odamlarga sadaqa qildim, der edi”, degan so‘zlari ham odamlarning bir-birlariga aytgan ba’zi gaplari yoki xatolari borasida kengfe’lli bo‘lishga targ‘ibdir.
Hasson Shamsiy Poshoning "Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar" nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Imom Muslim rivoyati.