Sayt test holatida ishlamoqda!
01 Aprel, 2026   |   12 Shavvol, 1447

Toshkent shahri
Tong
04:47
Quyosh
06:07
Peshin
12:32
Asr
16:56
Shom
18:52
Xufton
20:06
Bismillah
01 Aprel, 2026, 12 Shavvol, 1447

Imomi  A’zam zakovati

23.08.2018   9298   4 min.
Imomi  A’zam zakovati

*   *   *

Imomi A’zamni do‘st ko‘rmaydigan bir kimsa u zotdan so‘radi: “Jannatni umid qilmaydigan, do‘zaxdan qo‘rqmaydigan, o‘limtik yeydigan, ruku va sajdasiz namoz o‘qiydigan, ko‘rmagan narsasiga guvohlik beradigan, haqni yomon ko‘radigan va fitnani yaxshi ko‘rib, rahmatdan qochadigan, yahudiy va nasroniylar so‘zlarini tasdiqlaydigan kishi haqida nima deysiz?”

– U odam Alloh taoloning haqiqiy do‘stlaridandir. Negaligini bayon qilsam, tilingni yomon so‘zlardan tiyasanmi?

– Ha, tilimni behuda so‘zlardan tiyib tavba qilaman.

– Uning sifati bunday: u odam jannatni umid qilmaydi, balki jannatning Parvardigorini umid qiladi; do‘zaxdan qo‘rqmaydi, balki do‘zaxning Parvardigoridan qo‘rqadi; baliqning o‘limtigini ham yeydi; janoza namozini ruku va sajdasiz o‘qiydi; Alloh taolo bilan Payg‘ambarni ko‘rmasdan, Xudoning birligi va borligiga hamda Muhammad (alayhissalom) Xudoning bandasi va payg‘ambari ekaniga guvohlik beradi; Alloh taologa uzoq yil toat qilmoq uchun o‘limni yomon ko‘radi; mol-dunyo va farzand fitna bo‘lsa ham, yaxshi ko‘radi; yomg‘ir Allohning rahmati bo‘lsa ham, undan qochadi; “Yahudiylar: “Nasroniylar hech narsada yo‘q” desalar, nasroniylar: “Yahudiylar hech narsada yo‘q”, deydilar...” (Baqara, 113) oyatini tasdiqlaydi.

Shunda savol so‘ragan kishi o‘rnidan turib, Imomi A’zamning qo‘llarini o‘pdi va: “Guvohlik beraman, mazhabingiz haqdir, endi inkorim qolmadi”, dedi.

*   *   *

Ibn Muborak Imomi A’zamdan so‘radi: “Qaynab turgan qozondagi ovqatga bir uchar qush tushib o‘lsa, qozondagi go‘sht bilan sho‘rvaning hukmi qanday bo‘ladi?” Imomi A’zam ulamo shogirdlaridan: “Sizlar nima deysiz?” deb so‘radi. Shogirdlari Ibn Abbosdan (roziyallohu anhu) rivoyat keltirdilar, “Sho‘rvani to‘kib, go‘shtini yuvib, yesa bo‘ladi”. Imomi A’zam (rahmatullohi alayh) aytdi: “Bu fatvo qozon qaynamay turgan vaqtda to‘g‘ri bo‘ladi. Ammo qaynab turgan vaqtda go‘shtni ham tashlab yuborish kerak. Zero, najas go‘shtning ichiga ta’sir qilib, iflos qiladi. Qaynamagan paytda esa, najas go‘sht ichiga ta’sir qilmaydi, shuning uchun toza suvda yuvish bilan pok bo‘ladi”. Hamma ulug‘ imomning zakovatiga qoyil qoldi.

*   *   *

Kunlarning birida Imomi A’zamning qo‘shnisining tovusi yo‘qoldi. Qo‘shni Imomi A’zamga kelib: “Tovusimni o‘g‘ri olibdi, endi nima qilaman?” dedi. Imomi ­A’zam masjidga bordilar. Mahalla odamlarini ham yig‘dilar. Imomi A’zam hech kimni ko‘rsatmay baland ovozda: “Bu odamni qarang, qo‘shnisining tovusini o‘g‘irlabdi, yana uyalmasdan namoz o‘qiyman, deb masjidga kelibdi. Holbuki, uning boshida tovusning patlari ko‘rinib turibdi”, dedilar. Shunda bir kishi shoshib boshini qoqqan bo‘ldi. Imomi A’zam unga aytdi: “Endi sen tovusni qaytarib bergin”. U  Imomning aytganini qildi.

*   *   *

Bir xotin egizak tug‘di. Bu ikki bolani orqasi bir-biriga yopishgan edi. Ularning biri o‘ldi. Kufa ulamolari “Har ikkovi ko‘miladi”, dedilar. Ammo Imomi A’zam: “O‘lgani tuproqqa ko‘milsin, tirigi to ajralgunicha tuproqning ustida tursin”, dedi. Hazrat Imomi A’zam aytganlarini qilishdi. Bir kuni tirigi ajraldi va uzoq umr ko‘rdi. Odamlar unga “Imom A’zamning o‘g‘li” degan laqab qo‘yishdi.

*   *   *

Bir guruh dahriylar hazrat Imomi ­A’zamni o‘ldirmoqchi bo‘lishdi. Imomi A’zam: “Sizlardan bir masala so‘rayman, keyin xohlaganingizni qilasiz”, dedi va: “Bir kemaning ichi to‘la mol bo‘lsa va dengiz to‘lqinli bo‘lsa, kemachi bo‘lmasa, bu kema o‘z-o‘zidan najot topib, biror tarafga keta oladimi?” deb so‘radi. Dahriylar: “Mumkin emas, bu ish mushkuldir”, deb javob berishdi. So‘ngra Imomi A’zam aytdi: “Bu dunyoning borligi, atrof-muhitning o‘zgarib turishi, olamda jarayon etayotgan shuncha ishlar bir yaratuvchi va boshqarib turuvchisiz sodir bo‘la oladimi?” Shunda hamma dahriylar tavba qilib, yarog‘larini g‘ilofiga solishdi va Tangri taoloning bir va borligiga imon keltirishdi.

 

“Hidoyat” jurnalidan
O‘MI matbuot xizmati 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Kim har kecha Voqea surasini o‘qisa...

01.04.2026   1014   1 min.
Kim har kecha Voqea surasini o‘qisa...

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Savol: Voqea surasini 40 kun o‘qish haqida so‘ramoqchi edim. Unda har kuni o‘sha kunning soni bo‘yicha o‘qiladi deyilgan, ya’ni birinchi kun bitta, ikkinchi kun ikkita, shu tarzda o‘qib borilib, qirqinchi kun 40 ta, jami 818 marta o‘qilar ekan. Shunday qilinsa, hojatlar ravo bo‘lar ekan. Shu haqida ma’lumot bersangiz.


Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Dinimizda bunday shaklda ko‘rsatma kelmagan. Ya’ni, Voqea surasini 40 kun davomida muayyan adadda o‘qilsin yoki shunday qilinsa, hojatlari ravo bo‘ladi kabi gaplar ishonchli diniy manbalarda zikr qilinmagan. Albatta, shom namozidan keyin voqea surasini o‘qigan odam kambag‘allik ko‘rmasligi haqida mashhur sahobiy Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadis bor. Lekin mazkur hadisda bir marta o‘qish haqida gap boradi.

Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim har kecha Voqea surasini o‘qisa, unga zinhor faqirlik yetmaydi”, deganlar.

Ibn Mas’ud roziyallohu anhu qizlariga har kecha u(sura)ni o‘qishga buyurar edi (Imom Bayhaqiy “Sho‘abul iymon”da rivoyat qilgan).

O‘qimoqchi bo‘lgan odam mana shu hadisga amal qilib, har kecha mazkur surani o‘qishga odatlansa, maqsadga muvofiq yo‘l tutgan bo‘ladi hamda hadisdagi fazilatga noil bo‘ladi. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.

Maqolalar