Ota-ona farzand tomonidan eng yuksak e’zozu hurmatga sazovar bo‘lgan insonlardir. Bu haqida oyatu hadislar ko‘p. Halqimiz o‘rtasida keng tarqalgan “Ota rozi –xudo rozi” degan hikmat ham shundan kelib chiqqan. Zero, hadisi sharifda “Jannat onalar oyog‘i ostidadur” deyilgan.
Har bir ota-ona unsin, o‘ssin, tezroq katta bo‘lsin deb o‘zini o‘tga, suvga uradi, o‘zi yemay farzandiga yediradi, o‘zi durustroq kiymay farzandiga kiydiradi, oq yuvib, oq taraydi. “bolam tezroq katta bo‘lsa qiyinchiligim esdan chiqadi” deya o‘y qiladi. Ammo farzand ko‘pincha ota-onaning o‘ylaganiday bo‘lmaydi.
Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam hadisi shariflarida shunday deyilgan “Uch narsa bor, kimda u bo‘lsa Alloh taolo unga rahmat nazari bilan qaraydi va jannatga kirgizadi. 1.Zaifga mehribon bo‘lish; 2.Ota-onaning duosini olish; 3.Qo‘l ostidagilarga yaxshilik qilish”.
Ota-ona duosi... bundan yaxshiroq mukofot bormikan yaxshi farzand uchun? Ota-onalarning sidqidildan qilgan duolari – o‘g‘il qizlarining uzoq umri, baxtu-saodati, iqbol-kamolini tilab qilgan duolari cheksiz. Astoydil yurakdan aytilgan bu iltijolarning amalga oshishi shubhasiz. Zero qaysi bir farzand ota-onasini e’zozlab, hurmatini qilib diliga surur – shodlik baxshida aylasagina, ularning holisona duolariga sazovor bo‘ladi. Keksalarni ayniqsa, padari buzrukvorlari va volidai muhtaramalarining va ko‘ngillariga xushnudlik yetkazishni istagan farzand elu-yurtiga ham sadoqatli bo‘ladi. Chunki ota-onalar o‘z o‘g‘il qizlari-yu, nabira-evaralarining ehtiromu-izzatlarini ona Vatanga muhabbatda ham ko‘radilar. Diyoriga, eliga nonko‘rlikni ular aslo kechirmaydilar. Ha, ota-ona duosiga musharraf bo‘lish uchun ularga har jihatdan munosib bo‘lmog‘imiz zarur.
Xalqimizning sevimli kitoblaridan “Qobusnoma”da shunday hikmat bitilgan “Odam mevaga, ota-ona daraxtga o‘xshaydir. Daraxtni har qancha yaxshi tarbiyat qilsang, mevasi shuncha yaxshiroq va shirinroq bo‘lur. Ota-onaga izzat va hurmatni qancha ko‘p qilsang ularning duosi shuncha tezroq mustajob bo‘lur”. Shunday ekan bu ulug‘ zotlarga izzat-hurmatni biron lahza ham unutmaslik – har bir farzandning insoniylik burchidir.
Ayni vaqtda boshqa keksalar – qarindoshu begonalarning ham duolarini olish har qaysi yoshning muddaosi bo‘lishi zarur. U orzuga yetishishning asosiy yo‘li esa har bir keksa otaxonu-onaxonning hurmatini joyiga qo‘yish salomini kanda qilmaslik, yumushlari bo‘lsa bajonidil yordam ko‘rsatish, shirin so‘zlar bilan ko‘ngillariga orom bag‘ishlashdir. “Qariyalarni hurmat qilg‘il, ular haqida behuda so‘z demag‘il, ularning oldida odob va miskinlik bilan so‘zlagil” – deb nasihat qilingan “Qobusnomada”. Binobarin, keksalar oldida hamisha odob saqlash, kamtar bo‘lish, ular haqida hech qachon behuda so‘z aytmaslik, qariyalarni hurmat qilish shartlaridandir.
Hamisha nuroniy otaxonu-onaxonlar oldidan, salom berib o‘tar ekanman ularning yuzlariga nur balqiganini ko‘raman. Birgina “Assalomu alaykum” iborasida chehralari yorishib, dillari yayrab ketadi. “Va alaykum assalom, baraka toping, sizni tarbiyalagan ota-onangizga rahmat! Doimo sog‘ bo‘ling” - deb duo qilib qolishadi. Birgina salomimga shuncha minnatdorchilik, shuncha duo. Demak, shu birgina salom bilan keksa bir insonning diliga hushnudlik yetganidan ko‘nglim yayraydi. Shunda ba’zi yoshlarning otaxonu-onaxonlarimizga salomini ravo ko‘rmayotganini guvohi bo‘lib afsuslanaman. Shuncha duo, shirin so‘z, pokiza tilaklardan benasib qolayotganlarni ko‘rib achinasan goho.
“Oltin olma, duo ol, duo oltin emasmu?”-deydi dono xalqimiz. Nuroniy bobo-yu-momolar duosini olish inson uchun qanchalik baxt.
Azizlar! Ota-onalarimiz, mahalla kuydagi barcha keksa nuroniylar duosini olaylik. Muborak istaklar nuri bilan yo‘g‘rilgan bu duolar barchamizga ezguliklar, baxtu-iqbol keltirsa ajab emas. Shunday ekan, bu dunyo-yu u dunyoda Allohning roziligi, farovon turmushni istagan har bir o‘g‘il-qiz umr boricha bu ulug‘ va mukarram zotlarning xizmat va hurmatlarini qilishi lozimdir. Barchamizga ota-ona xizmatini qilib, duosini olish, bu orqali Allohning roziligini topish nasib etsin.
Tohir ISMATILLAYEV,
Yakkabog‘ tumani bosh imom-xatibi.
manba: nasafziyo.uz
Savol: Mahallamizdagi qabristonda mevali daraxtlar bor. Ularning mevalari pishgan paytda, ko‘pchilik qatori biz ham kirib yeb turamiz. Ba’zilar bu ish joiz emas deb qolishdi. Shunga dinimizda nima deyilgan?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Bu haqida Burhoniddin ibn Moza rohimahulloh shunday zikr qilganlar: "Qabristondagi daraxtlarning hukmi ikkiga bo‘linadi:
1. Ular yer qabristonga aylantirilishidan oldin ekilgan bo‘lishi mumkin;
2. Ular yer qabristonga aylantirilganidan keyin ekilgan bo‘lishi mumkin. Agar daraxtlar yer qabriston qilinishidan oldin ekilgan bo‘lsa, ekkan odamning mulki bo‘ladi. Shuning uchun, daraxtlarning egasi tirik bo‘lsa, uning roziligi bilan yoki undan sotib olib, keyin iste’mol qilish joiz bo‘ladi. Agar daraxtlarning egasi ulardan odamlar yeyishlarini muboh qilgan (ruxsat bergan) bo‘lsa, u holda so‘ramasdan yeyish ham joiz bo‘ladi. Ammo egasining niyati ma’lum bo‘lmasa yoki egasi vafot etgan bo‘lsa va nima maqsadda ekkani noma’lum bo‘lsa, u holda ulardan yeyish joiz bo‘lmaydi. Agar daraxtlar yer qabristonga aylantirilganidan keyin ekilgan bo‘lsa, ushbu holatda ham, ular egasining mulki hisoblanadi.
Shunga ko‘ra, bunda ham egasining niyatiga bog‘liq bo‘ladi. Agar egasi ma’lum bo‘lmasa yoki uning niyati ma’lum bo‘lmasa, u holda ular qabristonning mulki bo‘lgani uchun, ularni sotib, pulini qabristonning ehtiyojlari va ta’miri uchun ishlatiladi” (“Muhiyt”).
Demak, qabristondagi mevalarni yeyish yoki boshqa ekinlarni olish, ularni ekkan egasining niyatiga bog‘liq bo‘lar ekan. Agar boshqalar yeyishlari yoki foydalanishlari uchun ekkan bo‘lsa, ulardan yeyish joiz bo‘ladi. Ammo o‘zi uchun ekkan bo‘lsa, yoki niyati ma’lum bo‘lmasa, yoki kim ekkani ma’lum bo‘lmasa, u holda ularni pulga sotib olib yeyish yoki foydalanish joiz bo‘ladi xolos.
Shu o‘rinda shuni ham ta’kidlash joizki, ba’zilar qabristondagi mevali daraxtlarning tomiri mayyitning qoni va najosatidan ozuqa olgani uchun, ularni yeyish makruh degan da’volarni qilishadi. Bunga javoban ulamolar ushbu da’vo o‘rinsiz hisoblanadi. Chunki daraxtlarning ildizlari garchi najosatdan ozuqa olsa ham, istihola (bir narsani butunlay boshqa narsaga aylanishi) yo‘li bilan boshqa moddaga aylanadi va ularning mevalarini yeyish hech bir makruhliksiz joiz va halol bo‘ladi deganlar ("Ahkomul-janoiz"). Ammo shunday bo‘lsada, qabristonlarga mevali daraxtlarni ekmaslik tavsiya qilinadi. Zero, ularning tomirlari qabrlarni o‘pirilishiga olib kelishi mumkin. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.