Dunyoda ikki yuzdan ortiq davlat, minglab xalq va elatlar mavjud. Ular orasida O‘zbekiston deya atalmish go‘zal va betakror mamlakatning o‘z o‘rni va nufuzi, o‘ziga xos taraqqiyot yo‘li borligi qalbimizga iftixor bag‘ishlaydi. Mustaqilligimiz biz uchun Ona kabi mo‘tabar, nonday aziz va qadrlidir. Tarixi bir necha ming yillar bilan bo‘ylashadigan, jahon tamaddunining tamal toshini qo‘ygan, ilm-fani, san’ati, madaniyati, ulkan madaniy va ma’naviy merosi, olimu fuzalolari bilan dong taratgan xalqimiz o‘z istiqlolini osonlikcha qo‘lga kiritgani yo‘q. Yaqin o‘tmishda-qariyb bir asr davomidagi mustamlaka holatidagi holat, ungacha ham haq-huquqlari poymol etib kelingan xalqimiz qaddini, ruhini hech qanday kuch bukolmagan, so‘ndirolmagan. O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgani, 1990–1991 yillarda Navro‘z bayrami qayta tiklangani, Ramazon va Qurbon hayitlari bayram hamda dam olish kunlari deb e’lon qilingani xalqimizning asriy orzu va armonlari ro‘yobga chiqishi, milliy qadriyatlarimiz tiklanishi yo‘lidagi dastlabki yirik qadamlar bo‘lganini alohida ta’kidlash zarur. Mustaqillikka erishilishi bilan dastlab uning kafolati bo‘lmish Konstitutsiyaning qabul qilinishi, mamlakatni modernizatsiyalash milliy davlatchiligimizni barpo etish yo‘lidagi zalvorli qadam bo‘ldi. Teran tarixiy ildizlarimiz, ko‘p asrlik tajriba va ma’naviy qadriyatlarimiz, ajdodlarimizning huquqiy merosi, xalqimizning orzu va intilishlari chuqur singdirilgan Konstitutsiyamizning hayotiy negizi juda mustahkamdir. O‘zbekistonda huquqiy demokratik davlat qurish va adolatli fuqarolik jamiyatini shakllantirish bosh vazifa etib belgilanib, mamlakat siyosiy hayotida ko‘ppartiyaviylik muhiti qaror topdi, nodavlat tuzilmalar, jamoat tashkilotlari va o‘zini-o‘zi boshqarish organlari faoliyati takomillashtirildi, sud-huquq tizimida, ommaviy axborot vositalari, ma’naviy-ma’rifiy sohalarda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi.
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan ishlab chiqilgan “Ta’lim to‘g‘risida” gi Qonun, Kadrlar tayyorlash milliy Dasturi, maktab ta’limini rivojlantirish Davlat umummilliy dasturining hayotga tatbiq etilishi ta’lim sifati va mazmun-mohiyatini tubdan yaxshilash imkonini berdi. Bugun mamlakatimizning olis qishloqlarida ham qad ko‘targan zamonaviy maktab, litseyda o‘quvchilarning ta’lim olishi uchun barcha shart-sharoit yaratilgan. Bu ezgu ishlarning bari Vatan kelajagiga, millat istiqboli yo‘lidagi g‘amxo‘rlikning amaliy ifodasidir. Mamlakatimizning qulay geosiyosiy o‘rni, uning birinchi navbatda o‘z milliy manfaatlarini inobatga olgan holda olib borayotgan har tomonlama chuqur o‘ylangan, mustaqil va izchil tashqi siyosati davlatimizning jahon xalqaro hamjamiyati tomonidan e’tirof etilishi, xalqaro maydonda mamlakatimiz obro‘-e’tiborining ortib borishini ta’minladi. O‘zbekiston BMT, Islom konferensiyasi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotlari, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi kabi ko‘plab xalqaro tashkilotlar, ixtisoslashgan xalqaro tuzilmalar ishida faol ishtirok etib kelmoqda. Mustaqillik xalqimizga, millatimizga o‘zligini teran anglash, ming yillar davomida ajdodlarimiz tomonidan yaratilgan boy ma’naviy-madaniy merosdan bahramand bo‘lish imkonini berdi. Mustaqilligimizning turli yillarida millatimizning buyuk farzandlari-Ahmad Farg‘oniy, Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Jaloliddin Manguberdi, Alisher Navoiy, Imom Buxoriy, Abduxoliq G‘ijduvoniy, Bahouddin Naqshband, Imom Moturudiy, Burhoniddin Marg‘iloniy, Imom Termiziy, Xoja Ahror Valiy singari ulug‘ zotlarning tavallud sanalarini alohida nishonlash hamda boy ilmiy, diniy-ma’rifiy merosini keng ommalashtirish va o‘rganish, Samarqand, Buxoro, Toshkent, Xiva, Shahrisabz, Qarshi, Termiz, Marg‘ilon singari qadim va muazzam shaharlarning xalqaro miqyosdagi yubileylari o‘tkazildi.
Mustaqilligimizning o‘tgan yigirma yetti yilida, ayniqsa oxirgi ikki yilida amalga oshirilgan ishlar, qo‘lga kiritilgan yutuqlar, erishilgan natijalarni sharhlash, tahlil qilish uchun yillar kamlik qiladi. Har bir voqea, har bir jarayon, har bir soha-katta tarixdir.
MUSTAQILLIGIMIZ BIZ UCHUN ONA KABI MO‘TABAR, NONDAY AZIZ VA QADRLIDIR.
Abdulaziz BOBAMIRZAYEV
“Hidoya” o‘rta maxsus islom bilim yurti mudiri
Har bir tarixiy obida – xalqimiz tarixi va madaniyatining guvohi. Mirzacho‘l hududida joylashgan “Yog‘ochli sardoba” ham ana shunday noyob yodgorliklardan bo‘lib, uning me’moriy tuzilishi va muhandislik yechimi o‘z davrining ilg‘or bilimlariga tayanilganini ko‘rsatadi.
– Sardobaning gumbazsimon tuzilishi, 15 metrlik ichki diametri va 12 metr balandligi uni nafaqat amaliyotda samarali, balki arxitektura jihatdan ham o‘ziga xos namuna sifatida namoyon etadi. Yerdan ikki metr balandlikdagi tuynuklar, salqinlikni saqlovchi ventilyatsiya tizimi, simmetriyali qurilishi va devor qalinligining yuqoriga ko‘tarilgan sari yupqalashib borishi – bularning barchasi sardobaning betakrorligigidan dalolat beradi,– deydi tarixchi-arxeolog Solijon Qudratov.
Sardobaga arksimon kirish qismi orqali g‘ishtli zinapoyalardan foydalanib tushiladi. Kirish qismidagi yo‘lakcha ustidan esa xizmatchilar uchun maxsus xonalarga chiqish mumkin bo‘lgan aylanma zinapoya qurilgan.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda turizmni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotgan bir paytda “Yog‘ochli sardoba” ham qayta tiklash ishlari doirasida o‘rganilmoqda. Ba’zi rekonstruksiya ishlari boshlangan bo‘lsa-da, ma’lum texnik va moliyaviy sabablarga ko‘ra, qurilish vaqtincha to‘xtab qolgan.
– Endi bu maskanni to‘liq ta’mirlab, turistik marshrutlarga qo‘shish, atrofida dam olish maskanlari, suv yo‘llari, mahalliy hunarmandchilik obyektlarini rivojlantirish rejalashtirilgan. Bunda davlat-xususiy sheriklik asosida yosh tadbirkorlarni ham jalb etish ko‘zda tutilmoqda, – deydi Sirdaryo viloyat hokimining o‘rinbosari Shohruh Isoqulov.
“Toshkent – Samarqand – Buxoro” magistral yo‘li bo‘ylab joylashgan “Yog‘ochli sardoba” hozirning o‘zidayoq sayohatchilar diqqatini o‘ziga tortmoqda. Shu bois, yaqin istiqbolda bu inshoot nafaqat tarixiy yodgorlik, balki madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkaziladigan, mahalliy va xalqaro turizmni qo‘llab-quvvatlaydigan muhim markazga aylanishi, shubhasiz.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri