Sayt test holatida ishlamoqda!
09 Yanvar, 2025   |   9 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:35
Asr
15:31
Shom
17:15
Xufton
18:34
Bismillah
09 Yanvar, 2025, 9 Rajab, 1446

HAYITINGIZ MUBORAK BO‘LSIN!

21.08.2018   4229   4 min.
HAYITINGIZ MUBORAK BO‘LSIN!

Mana shunday saodatli kunda jannatmakon diyorimizning barcha  musulmonlari  va  xalqini  muborak  Qurbon  hayiti  bilan  samimiy muborakbod  etamiz. Alloh  taolodan  mehr-oqibat,  shukronalik  va  bag‘rikenglik ifodasi bo‘lgan bu ulug‘ bayramni barchamiz uchun xursandchilik, shodu xurramlik va hamjihatlikda o‘tkazishlikni so‘raymiz.

Qurbon  bayrami  zulhijja  oyining  o‘ninchi  kunidan  boshlanadi.  Arafa kunidan  boshlab  dunyodagi  barcha  musulmonlar  qatori  yurtimizdan  borgan hojilarimiz  ham  zimmalaridagi  farzlardan  biri  –  haj  ibodatini  bajarishga kirishishdi. Bu yili tumanimizdan ketayotgan xojilar soni muhtaram yurtboshimizning tashabbuslari bilan 28 tadan 35 taga oshdi. Ular  Mino, Arafot, Muzdalifa, Makkadagi Masjidul Harom kabi ibodat joylarida haj amallarini bajarib, gunohlardan poklanish bilan birga mustaqil yurtimiz hamda uning rahbarlariga, xalqimiz va barcha musulmonlarimizga Alloh taolodan  tinchlik-xotirjamlik,  fayzu  barakot  va  ezguliklar,  keng  rizq  va farovonlik  tilab  duolar  qilishyapti.  Payg‘ambarimiz  Muhammaddan  (sollallohu alayhi va sallam) rivoyat qilingan hadisda: «Bu kunlarda qilingan yaxshi ishlar boshqa  kunlardagidan  Alloh  taologa  suyuklidir»,  deyilgan  (Imom  Buxoriy rivoyati, «Sahihi Buxoriy»).

Qurbon hayiti namozi ado etilganidan so‘ng qodir bo‘lgan musulmonlar Alloh taologa  atagan  qurbonliklarini  so‘yishga  kirishishadi.  Zero,  qurbonlik  qilish Alloh  taoloni  ulug‘lash,  bergan  ne’matlarining  shukronasini  ado  qilish  va nafsoniy  illatlardan  poklanishdir.  Qurbonlik  qilish  zakot  nisobiga  qodir kishilarga vojib amallardandir. Qurbonlik  so‘yishning avvali hayit namozini ado etilganidan so‘ng so‘yiladi. Uning oxirgi vaqti esa hayitning uchinchi kun asr vaqtigacha. Qurbonlik qiluvchining qurbonlik so‘yish vaqtida hozir bo‘lishi mustahabdir.

Qurbonlikka  qo‘y,  echki,  tuya,  sigir  kabi  hayvonlarning  erkagi  ham  urg‘ochisi ham so‘yilishi mumkin. Bulardan tuya 5 yosh, sigir 2 yosh, qo‘y va echki esa 1 yoshga to‘lgan bo‘lishi kerak. Ammo qurbonlik niyatida boshqa jonivorlarning so‘yilishi masalan, tovuq, g‘oz va shu kabi parrandalarni so‘yish joiz emas.

Mol va tuyani yetti kishi  nomidan so‘yilishiga  shariatimizda ko‘rsatmalar bor. Jobir  (roziyallohu anhu)dan  rivoyat  qiladilar:  “Nabiy  (sollallohu alayhi vasallam)  bilan  Hudaybiyada  bir  tuyani yetti  kishi  nomidan,  bir  sigirni  yetti  kishi  nomidan  so‘ydik”  (Abu  Dovud, Muslim va Termiziy rivoyatlari).

Agar  mol  yoki  tuya  7  kishi  nomidan  so‘yiladigan  bo‘lsa,  uning  go‘shtini taqsimlashda chamalab emas, balki kilolab o‘lchagan holda teng taqsimlanishi lozim. Qurbonlik  so‘yishi  vojib  bo‘lgan  kishi  qurbonlikni  vaqtida  so‘ymasa,  keyin uning qiymatini sadaqa qilish vojibdir. So‘yilgan qurbonlikning uch dan birini sadaqa qilish, uchdan birini yedirish, uchdan birini keyin yeyish uchun olib qo‘yish mustahabdir.

Qurbonlikka  har  tomonlama  sog‘  va  semiz  bo‘lgan  jonliqlarni  so‘yish shariatimiz  ko‘rsatmalaridandir.  Buning  ham  o‘ziga  xos  hikmatlari  bor,  albatta. Birinchi  hikmat – bu  musulmonlarning  Allohga  nisbatan  yuksak  odoblari, Qurbonlik Alloh taologa atab qilingani uchun uni sog‘-salomat, hech bir nuqsonsiz bo‘lishiga  e’tibor  berish  Alloh  taologa  nisbatan  yuksak  odobni  ko‘rsatadi. Qurbonlik  qilinadigan  hayvonning  aybu  nuqsonsizini  topish  esa,  taqvoning barkamolligi  uchun  urinishdir.  Ikkinchi  hikmat  –  bu  musulmonlarning o‘rtalaridagi  mehr-oqibatlarini  mustahkamlaydi.  Ularga  kasal  hayvonlarning go‘shtini  emas,  balki  sog‘  va  semiz  hayvonlarning  go‘shtini  sovg‘a  qilish  yaxshi ishlardandir. Bu ish ularning ko‘nglini ko‘taradi.

Qurbon  hayiti  –  ulug‘  bayram. Shuning  uchun  bu  kunni  yaqinlarimizni  yo‘qlab, ularning  holidan  xabar  olish,  yoshi  ulug‘larni  ziyorat  qilish,  muhtojlarga  mehr-muruvvat  ko‘rsatish,  oilalarga  xursandchilik  ulashish  va umuman,  bayramning ko‘rkiga  ko‘rk  qo‘shadigan  amali  solihlar  bilan  o‘tkazish  maqsadga  muvofiqdir.

Payg‘ambarimiz  (sollallohu alayhi vasallam)  bu  kunda  yanada  mehribonroq,  shafqatliroq  bo‘lar,  yetim-yesirlar boshini silar, qariyalar, kasalmandlar, muhtojlardan xabar olar, ularning ko‘ngillariga ham bayram shukuhini olib kirar edilar. Bu kunda gina-quduratlarni unutib, kechirimli bo‘lish lozim. Ammo guruh-guruh bo‘lib uch kunlab fotihaxonlik qilish, bayramni motamga aylantirish o‘rniga uni xursandchilik va shodiyona bilan o‘tkazaylik!

Alloh  taolo  ushbu  Qurbon  hayiti  bayramimizni barchalarimizga  muborak  qilib,  uning  savobidan  hammamizni  bahramand  aylasin, gunohlarimizni  mag‘firat  etsin!  Bu  bayram  barakotidan  barcha  mo‘min-musulmonlarni ikki dunyo saodatiga musharraf aylasin!  Xirmonlarimizga baraka bersin,  iqbolimizni  baland,  toleimizni  ulug‘  qilsin.  Yurtimizga  tinchlik, xalqimizga  farovonlik,  Yurtboshimizning  el-yurt  manfaati  yo‘lidagi  xayrli ishlarida yuksak muvaffaqiyatlar yor bo‘lsin, omin!

        

Qibray tumani bosh imom-xatibi
M.Mirjalilov

 

O‘MI matbuot xizmati 

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Qalbning zangini ketkazuvchi amal

8.01.2025   4888   3 min.
Qalbning zangini ketkazuvchi amal

Inson qalbi goh u tarafga, goh bu tarafga o‘zgarib turadi: savobli ish qilganida, qalbi yayraydi, dili cheksiz quvonchga to‘ladi. Gunoh-ma’siyat kirlari esa dil oynasini xiralashtiradi. Oqibatda qalb qorayadi, ko‘ngli xijil bo‘ladi.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Temirga suv tegsa zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab qalblarni ham zang bosadi", dedilar. Shunda: "Yo Rasululloh, uning jilosi nima?" deb so‘raldi. U zot: "O‘limni ko‘p eslash, Qur’on o‘qish", dedilar.

Qalb xuddi temir kabi zanglaydi. Temirga suv tegsa, sirtini zang bosadi. Gunohlar yig‘ilib yig‘ilib qalbni zanglatadi, dilni qoraytiradi, ko‘ngilni g‘ash qiladi. Qalb qorayishi oqibatida inson shuuri o‘tmaslashadi, mehr-oqibat tuyg‘usi kishi bilmas tarzda ko‘tarilib boradi.

Mazkur hadisda aytilishicha, o‘limni eslagan, Qur’on o‘qigan odamning qalbi zanglardan tozalanadi. Qanday qilib, deysizmi? Gap shundaki, o‘limni eslagan kishining o‘tkinchi dunyoga xohishi so‘nadi. O‘limni eslagan, oxiratni o‘ylagan inson gunohlardan tiyiladi, nafasi kirib-chiqib turganida Parvardigoriga tezroq tavba qilishga shoshiladi, o‘zini isloh qiladi. Inson o‘limni eslaganda lazzatlar parchalanadi, hakalab otib turgan nafs xohishlari sal bo‘lsayam jilovlanadi. Bir kunmas-bir kun dunyoni tark etishini bilgan kishi oqibatli bo‘ladi, bir ish qilishdan oldin oxirini o‘ylaydi, mulohaza yuritadi.

Yuqoridagi hadisda aytilishicha, Qur’on tilovati qalbdagi zanglarni ketkazadi. Haqiqatan, Qur’on o‘qish bilan qalb yayraydi, ko‘ngil taskin topadi. Mo‘min banda qiroatdan bir dunyo ma’naviy ozuqa oladi. Shu yo‘sin qalbni qoplagan zang qurumlari asta-sekin tozalanib boradi. Bejizga "Qur’on qalbga malham, dilni tozalaydigan ilohiy davo", deyilmagan.

Ma’lumki, temirga doim ishlov berib turilmasa, ko‘p o‘tmay zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab, Qur’on o‘qilmasa, dilni zang bosadi. Hamisha Qur’on o‘qiydigan inson qalbiga gard yuqmaydi. Tilovat bilan jilolangan qalbi oynadek yarqirab turadi.

Hozirgi "zamonaviy" odamlarning ko‘pi dunyoga hirs qo‘yish dardi bilan og‘rigan. Kishilar orasida o‘zaro ishonch, sadoqat, vafo, mehr-oqibat kamayib ketayotgandek. Bizningcha, buning sababi bitta: o‘limni unutish, Qur’on o‘qimaslik.

Ayrim odamlarga o‘limni eslatsangiz, oxiratdan gap ochsangiz: "Qo‘ying, yaxshi mavzuda gaplashaylik!" deya so‘zingizni bo‘ladi. O‘limni eslash yomonmi?! Har kimning boshida bor-ku bu savdo! O‘limdan qochib-qutulib bo‘lmaydi. Shuning uchun o‘limga tayyorgarlik ko‘rish kerak. Qanday qilib, deysizmi? O‘limga hozirlik solih amallar bilan bo‘ladi, qorong‘i go‘rni yorituvchi Qur’on tilovati bilan bo‘ladi. Quruq kafanlik olib yoki qabristondan o‘zi uchun alohida joy ajratib qo‘ygan odamni oxirat safariga rostmana shay deb bo‘lmaydi.

Tolibjon domla Xursanmurodov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.

Ali ibn Husomiddin Muttaqiy Hindiy. "Kanzul ummol fi sunanil aqvoli val af’ol". – Bayrut.: Muassasatur risolat, 1989. - B. 210.