Mana shunday saodatli kunda jannatmakon diyorimizning barcha musulmonlari va xalqini muborak Qurbon hayiti bilan samimiy muborakbod etamiz. Alloh taolodan mehr-oqibat, shukronalik va bag‘rikenglik ifodasi bo‘lgan bu ulug‘ bayramni barchamiz uchun xursandchilik, shodu xurramlik va hamjihatlikda o‘tkazishlikni so‘raymiz.
Qurbon bayrami zulhijja oyining o‘ninchi kunidan boshlanadi. Arafa kunidan boshlab dunyodagi barcha musulmonlar qatori yurtimizdan borgan hojilarimiz ham zimmalaridagi farzlardan biri – haj ibodatini bajarishga kirishishdi. Bu yili tumanimizdan ketayotgan xojilar soni muhtaram yurtboshimizning tashabbuslari bilan 28 tadan 35 taga oshdi. Ular Mino, Arafot, Muzdalifa, Makkadagi Masjidul Harom kabi ibodat joylarida haj amallarini bajarib, gunohlardan poklanish bilan birga mustaqil yurtimiz hamda uning rahbarlariga, xalqimiz va barcha musulmonlarimizga Alloh taolodan tinchlik-xotirjamlik, fayzu barakot va ezguliklar, keng rizq va farovonlik tilab duolar qilishyapti. Payg‘ambarimiz Muhammaddan (sollallohu alayhi va sallam) rivoyat qilingan hadisda: «Bu kunlarda qilingan yaxshi ishlar boshqa kunlardagidan Alloh taologa suyuklidir», deyilgan (Imom Buxoriy rivoyati, «Sahihi Buxoriy»).
Qurbon hayiti namozi ado etilganidan so‘ng qodir bo‘lgan musulmonlar Alloh taologa atagan qurbonliklarini so‘yishga kirishishadi. Zero, qurbonlik qilish Alloh taoloni ulug‘lash, bergan ne’matlarining shukronasini ado qilish va nafsoniy illatlardan poklanishdir. Qurbonlik qilish zakot nisobiga qodir kishilarga vojib amallardandir. Qurbonlik so‘yishning avvali hayit namozini ado etilganidan so‘ng so‘yiladi. Uning oxirgi vaqti esa hayitning uchinchi kun asr vaqtigacha. Qurbonlik qiluvchining qurbonlik so‘yish vaqtida hozir bo‘lishi mustahabdir.
Qurbonlikka qo‘y, echki, tuya, sigir kabi hayvonlarning erkagi ham urg‘ochisi ham so‘yilishi mumkin. Bulardan tuya 5 yosh, sigir 2 yosh, qo‘y va echki esa 1 yoshga to‘lgan bo‘lishi kerak. Ammo qurbonlik niyatida boshqa jonivorlarning so‘yilishi masalan, tovuq, g‘oz va shu kabi parrandalarni so‘yish joiz emas.
Mol va tuyani yetti kishi nomidan so‘yilishiga shariatimizda ko‘rsatmalar bor. Jobir (roziyallohu anhu)dan rivoyat qiladilar: “Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) bilan Hudaybiyada bir tuyani yetti kishi nomidan, bir sigirni yetti kishi nomidan so‘ydik” (Abu Dovud, Muslim va Termiziy rivoyatlari).
Agar mol yoki tuya 7 kishi nomidan so‘yiladigan bo‘lsa, uning go‘shtini taqsimlashda chamalab emas, balki kilolab o‘lchagan holda teng taqsimlanishi lozim. Qurbonlik so‘yishi vojib bo‘lgan kishi qurbonlikni vaqtida so‘ymasa, keyin uning qiymatini sadaqa qilish vojibdir. So‘yilgan qurbonlikning uch dan birini sadaqa qilish, uchdan birini yedirish, uchdan birini keyin yeyish uchun olib qo‘yish mustahabdir.
Qurbonlikka har tomonlama sog‘ va semiz bo‘lgan jonliqlarni so‘yish shariatimiz ko‘rsatmalaridandir. Buning ham o‘ziga xos hikmatlari bor, albatta. Birinchi hikmat – bu musulmonlarning Allohga nisbatan yuksak odoblari, Qurbonlik Alloh taologa atab qilingani uchun uni sog‘-salomat, hech bir nuqsonsiz bo‘lishiga e’tibor berish Alloh taologa nisbatan yuksak odobni ko‘rsatadi. Qurbonlik qilinadigan hayvonning aybu nuqsonsizini topish esa, taqvoning barkamolligi uchun urinishdir. Ikkinchi hikmat – bu musulmonlarning o‘rtalaridagi mehr-oqibatlarini mustahkamlaydi. Ularga kasal hayvonlarning go‘shtini emas, balki sog‘ va semiz hayvonlarning go‘shtini sovg‘a qilish yaxshi ishlardandir. Bu ish ularning ko‘nglini ko‘taradi.
Qurbon hayiti – ulug‘ bayram. Shuning uchun bu kunni yaqinlarimizni yo‘qlab, ularning holidan xabar olish, yoshi ulug‘larni ziyorat qilish, muhtojlarga mehr-muruvvat ko‘rsatish, oilalarga xursandchilik ulashish va umuman, bayramning ko‘rkiga ko‘rk qo‘shadigan amali solihlar bilan o‘tkazish maqsadga muvofiqdir.
Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) bu kunda yanada mehribonroq, shafqatliroq bo‘lar, yetim-yesirlar boshini silar, qariyalar, kasalmandlar, muhtojlardan xabar olar, ularning ko‘ngillariga ham bayram shukuhini olib kirar edilar. Bu kunda gina-quduratlarni unutib, kechirimli bo‘lish lozim. Ammo guruh-guruh bo‘lib uch kunlab fotihaxonlik qilish, bayramni motamga aylantirish o‘rniga uni xursandchilik va shodiyona bilan o‘tkazaylik!
Alloh taolo ushbu Qurbon hayiti bayramimizni barchalarimizga muborak qilib, uning savobidan hammamizni bahramand aylasin, gunohlarimizni mag‘firat etsin! Bu bayram barakotidan barcha mo‘min-musulmonlarni ikki dunyo saodatiga musharraf aylasin! Xirmonlarimizga baraka bersin, iqbolimizni baland, toleimizni ulug‘ qilsin. Yurtimizga tinchlik, xalqimizga farovonlik, Yurtboshimizning el-yurt manfaati yo‘lidagi xayrli ishlarida yuksak muvaffaqiyatlar yor bo‘lsin, omin!
Qibray tumani bosh imom-xatibi
M.Mirjalilov
O‘MI matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Odamlarning eng yaxshisi mening asrimdagilar, so‘ngra ularga yaqinlar, so‘ngra ularga yaqinlar», dedilar (Buxoriy, Termiziy, Ibn Moja, Ibn Hanbal rivoyat qilishgan).
Musulmon ummati tarixidagi eng yaxshi davr Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va u zotning sahobalari yashab o‘tgan asr bo‘lib, u tarix zarvaraqlaridan «Saodat asri» degan nom bilan joy oldi. Keyingi asr to‘rt buyuk sahoba boshchiligida olib borilgan asrlarga tatigulik ishlar sababli «Roshid xalifalar davri» degan nom bilan tarix sahifalariga bitib qo‘yildi. Keyingi asr «Umaviylar asri» deya atalib, mana shu davrdan pog‘onama-pog‘ona pastlash holati kuzatildi.
Umaviylar davlati Umayya ibn Abdushshams ibn Abdumanofga nisbat beriladi.
Umayya ismli ushbu shaxs johiliyat davrida Quraysh urug‘laridan birining boshlig‘i bo‘lib, amakisi Hoshim ibn Abdumanof bilan har doim Qurayshning rahbarligini talashib kelar edi. Islom kelgach, mazkur talashuv ochiq-oydin dushmanlikka aylandi: Banu Umayya qabilasi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga, u zotning da’vatlariga qarshi turdi; Banu Hoshim qabilasi esa Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga barcha ishlarda ko‘makdosh bo‘ldi, u zot sollallohu alayhi vasallamni dushmanlarning yomonliklaridan himoya qildi.
Banu Umayya odamlari Makka fathi davrida boshqa ilojlari qolmaganidan keyingina Islomni qabul qilishdi. Dastlabki asrlarda Islomda peshqadam bo‘lgan urug‘larning eng katta bobosi Abdumanof hisoblanadi.
Banu Umayya (umaviylar) tarixini buzish
Banu Umayyaning tarixi tafsilotlariga e’tibor beradigan bo‘lsak, uning buzib ko‘rsatilganligi, ularni ko‘proq qoralash holatlarini kuzatamiz. Bu ishlarning ko‘pchiligi ularning asosiy siyosiy xusumatchilari – abbosiylar tomonidan qilingan, chunki tarixga oid kitoblarning ko‘p qismi aynan abbosiylarning hukmdorlik davrida yozilgan. Shuningdek, shiy’alar, xavorijlar, tarixni yaxshi bilmay turib og‘zaki so‘zlab yuradigan omi kishilar ham Banu Umayyaning siyosiy dushmanlari hisoblanib, ular ushbu qabilaning juda ko‘p tuhmatlarga qolishiga ham sabab bo‘lgan.
Bu tuhmat va qoralashlar turli-tuman bo‘lib, asosiy e’tibor Banu Umayyaning obro‘sini to‘kadigan tarixiy hodisalarga qaratilgan, ular bo‘rttirib ko‘rsatilgan. Ushbu hodisalarni nishon qilib, ularning qadrini tushirishga olib boradigan gaplar aytilgan:
1. Banu Umayyaning ilk davrda Islomga qarshi turganlari, Islomni kechikib qabul qilganlari juda ko‘p takrorlanadi, lekin ularning Islomga kirganlaridan keyingi buyuk ishlari, jumladan, ko‘plab yurtlarni fath etishda ko‘rsatgan xizmatlari mutlaqo eslanmaydi.
2. Banu Umayya davrida sodir etilgan musibatlar bo‘rttirib gapiriladi. Karbalo voqeasi, imom Husayn va u kishining oilalarining qatl etilishi, Harra voqeasi, Madinadagi Haramni e’tiborsiz qo‘yish, manjaniq bilan Makkaga tosh otish masalalari shular jumlasidandir.
3. Abdulloh ibn Zubayr roziyallohu anhuning qatl qilinishi, Zayd ibn Aliy ibn Husaynning qo‘zg‘aloni va u kishining qatl qilinishi, shuningdek, boshqa taraflarda sodir bo‘lgan xatolarni e’tiborga olmaslik, xalifaga qarshi chiqish, toatni buzish kabi ishlarni Banu Umayyaga katta ayb qilib, ularga qarshi keng targ‘ibot ishlari amalga oshiriladi.
4. Banu Umayyaning dushmanlari tomonidan ularning insoniy nafsidagi zaiflik nuqtalariga alohida e’tibor beriladi, Banu umayyalik ba’zi kishilardan sodir bo‘lgan xatolar bo‘rttirib gapiriladi, biroq yaxshiliklari berkitiladi. Xususan, hazrati Usmon roziyallohu anhu haqlarida bu ochiq-oydin ko‘rinadi.
5. Abu Sufyon va Muoviya roziyallohu anhumo haqlarida ham bu kabi noo‘rin gaplar nihoyatda ko‘paygan. Banu umayyalik ba’zi voliylar botil ishlarni qiluvchi mutaassiblar deya sifatlanadi. Bu Hajjoj ibn Yusuf va Ziyod ibn Abiyhlar misolida ko‘rinadi.
6. Yazid ibn Muoviya hamda Valid ibn Yazid kabi xalifalar haqida ham ularga qarshi juda bo‘lmag‘ur mish-mishlar to‘planib tarqatilgan. Aslida esa musulmonchilik odobi bo‘yicha Banu Umayya davrida roshid xalifalar davridagidan ko‘ra bir oz pastlash – sustlashish bo‘lganini eslashning o‘zi kifoya qiladi. Vaqt o‘tishi bilan xatoga yo‘l qo‘yish ham asta-sekin ko‘payib borgan. Banu Umayya davridagi musulmonlar jamiyati har jihatdan roshid xalifalar jamiyatiga yaqin bo‘lgan. Lekin qo‘lga kiritilgan o‘ljalar, mol-mulkning ko‘payishi natijasida katta-katta uylar, qasrlar qurish, shuningdek, cho‘ri tutishning ommalashganligi bor. Shu bilan birga, Banu Umayyaning juda ko‘p yaxshi fazilatlari ham bo‘lganligi bor haqiqat, lekin ularga qarshi bo‘lgan tarixchilar bu fazilatlarni e’tiborga olmaganlar, balki unutib qo‘yganlar.
Ulardan ba’zilarini aytib o‘tamiz:
1. Hazrati Muoviya ibn Abu Sufyon roziyallohu anhu katta sahoba bo‘lib, u kishi Xalifa Aliy ibn Abu Tolib roziyallohu anhuga qarshi masalalarda ijtihod qilgan, faqat ijtihodi unchalik to‘g‘ri bo‘lmagan. Lekin baribir u zot odil kishilar safida qolgan. Zotan, barcha sahobalar roziyallohu anhum adolatlidirlar.
Banu Umayyaning eng katta arboblaridan biri sanalgan Marvon ibn Hakam tobe’inlarning birinchi tabaqasidan bo‘lgan. U Umar ibn Xattob roziyallohu anhu, Usmon roziyallohu anhu va boshqa katta sahobalardan hadislar rivoyat qilgan.
Yana bir Banu umayyalik Abdulloh ibn Marvon xalifa bo‘lishidan oldin ahli ilm va ahli fiqh bo‘lgan. Madinai munavvaraning katta olimlaridan hisoblangan.
Umar ibn Abdulaziz esa mujtahid imomlardan bo‘lgan. Ko‘pchilik u kishini roshid xalifalar qatorida sanaydi.
Banu Umayya qabilasining a’zolari qozilik ishlariga aralashmas edilar. Ular ko‘p joylarda ahli ilm va ahli fazllarning oldingi saflarida bo‘lganlar.
2. Banu Umayya davrida juda ko‘p buyuk islomiy fathlar bo‘lgan. Ular sharqda Xitoygacha, g‘arbda Fransiya va Andalus yurtlarigacha yetib borganlar.
3. Banu Umayya davrida Islom davlati tarixlar davomida misli ko‘rilmagan eng katta kengayishni boshidan kechirdi.
4. Banu Umayya davrida juda ko‘p qo‘riq yerlar o‘zlashtirildi, ular bog‘-rog‘larga aylantirildi, kanallar qazildi, shaharlar qurilib, obodonchilik ishlari olib borildi, atrof gullab-yashnadi, taraqqiy etdi.
Shu o‘rinda ta’kidlab aytamizki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yuqoridagi «Odamlarning eng yaxshisi mening asrimdagilar, so‘ngra ularga yaqinlar, so‘ngra ularga yaqinlar» degan hadislari bejiz aytilmagan. Zero, Banu Umayya qabilasining a’zolari, rahbarlari va davlat boshliqlari Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning davrlariga yaqin asrda yashab o‘tganlar.
«Islom tarixi» ikkinchi juzi asosida tayyorlandi