Bugun yurtimizning barcha masjidlarida Hayit namozi ado etildi. Uning tarovati, o‘zgacha yorishgan tonggi qalblarga ajib bir his bag‘ishlaydi. Shukronalik, shodlik, muhabbat to‘la qalblarni masjid sari odimlashga, avvalgi saflarda turishga undaydi. Shunday ezgu niyatlar bilan ado etilgan ibodatlar asnosida insonlar yuzidagi ifodani kuztish mumkin. Tuyg‘ularni so‘z bilan tariflab bo‘lmaydi, ularni faqatgina tasvirlardan anglab olish mumkin.
Hayit kunlari oila ichida ham bayram kayfiyatini tiklash kerak. Uyga qilinadigan xarajatlarni odatdagidan yaxshiroq qilish darkor. Iloji bo‘lsa, ularga sovg‘a va maxsus hadyalar ulashilsa, yanada yaxshi bo‘ladi. Hayit kunlarida bemorlarning holidan xabar olish, ularning ham hayitni nishonlashlariga ko‘maklashish ayni savob ish bo‘ladi.
Hayit kunlari silai rahm qilish, qarindosh-urug‘, keksalar va bemorlarni, quda-andalarni ziyorat qilish har qachongidan ham ko‘ra ta’kidlangan bo‘lib, savobi ko‘proq bo‘ladi.
Uzoqlashib ketgan qarindoshlar bilan, ayrim arazlashgan do‘st-yaqinlar bilan hayit bahonasida aloqalarni tiklash, yarashib olish lozim. Zero, silai rahmni uzgan yoki insonlarga gina qilgan kishilarga fazilatli kunlarning yaxshiligi yetmasligi haqida rivoyatlar bor. Shu bois, bunga jiddiy qarash kerak. Bolalarga munosib hadya va sovg‘alar ulashilsa, ayni maqsadga muvofiq bo‘ladi. Farzandlarimiz yil davomida hayitni eslab yursin, uni orziqib kutsin, uning buyukligini his qila bilsin, ana shunda yaxshi bo‘ladi. Bu kabi ishlar farzandlarimiz ongida milliy-diniy qadryatlarimizga nisbatan ehtirom tuyg‘usining shakllanishiga, ularning Vatan va millatga haqiqiy sadoqatli insonlar bo‘lib tarbiya topishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Tanish-bilish, yoru do‘st va har bir ko‘ringan musulmon kishini hayit bilan tabriklab, ularga xursandchilik va shodlik izhor qilish kerak.
O‘MI Matbuot xizmati
Bugun O‘zbekiston musulmonlari idorasi Qur’oni karim va tajvidni o‘rgatish bo‘limi mudiri Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum o‘g‘li hamda Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Jasurbek domla Raupov Bekobod shahridagi Qur’on va tajvid markaziga tashrif buyurdilar.
Markaz ma’muriyati hamda u yerda ta’lim olayotgan tinglovchilar bilan bo‘lib o‘tgan suhbat har jihatdan samarali bo‘ldi. Xususan, uchrashuvda Shayx Alijon qori hafizahulloh Qur’oni karimni yodlash fazilatlari, bu borada yaratilgan shart-sharoitlarning qadriga yetish, shukrona keltirish, vaqtdan unumli foydalanish kabi mavzularda go‘zal mav’iza qilib berdilar.
Haqiqatan, Qur’oni karimni yodlash, oyatlar ma’no-mazmunlarini tafakkur va tadabbur qilish ibodat va chinakam saodatdir.
Usmon ibn Affon roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Sizlarning yaxshilaringiz Qur’oni karimni o‘rgangan va o‘rgatganlaringizdir", deb marhamat qilganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Toshkent viloyati vakilligi
Matbuot xizmati