O‘zbekiston musulmonlar idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimovga!
Hurmatli muftiy Usmonxon hazrat!
Rossiya markaziy musulmonlar idorasi Rossiya Islom universiteti, uning rektorati, o‘qituvchilar tarkibi va shogirdlari nomidan Sizni, Sizning yaqinlaringizni, shuningdek Sizning boshqaruvingiz ostidagi O‘zbekiston musulmonlar idorasining tarkibiga kiruvchi barcha diniy tashkilotlar xodimlari, rahbarlari va ishtirokchilarini muqaddas bayram Iydul-Azho – hijriy 1439 yilning Qurbon bayrami bilan chin dildan tabriklayman.
Ushbu qutlug‘ kunlarda Sizga va Sizning yaqinlaringizga hamda Sizning yoningizda turgan barchaga Din va Vatan uchun ezgu xizmatda sihat-salomatlik, baxt, Alloh taoloning qo‘llashi va yordami hamroh bo‘lsin. Samimiy tabriklarimiz va tilaklarimizni qabul qilgaysiz.
Hurmat va ezgu duolar ila,
Rektor Artur Suleymanov
Bugun, Zulhijjaning 8-kuni mehmonxonadan tashkiliy guruh boshchiligida avtobuslarda talbiya aytib, Minoga yetib kelgan bo‘lg‘usi hojilarimiz: "Allohim bu Minodir. Sen do‘stlaringga ato etgan ehsonlaringdan menga ham in’om et!”, deb duolar qilishdi.
Mino maydonida O‘zbekiston hojilari uchun alohida joy ajratilgan. Bu yerda hojilarimiz bemolol ibodat qilishlari uchun sharoit hozirlangan. Shuningdek, tamaddi qilishlari uchun turli xil taomlar, choy, suv kabi ichimliklar chodirlarga olib kelib ulashilmoqda.
Nabiy alayhissalom sunnatlariga muvofiq, bugun Minoda tarviya kuni peshin, asr, shom, xufton namozlari o‘qiladi. Ayni paytda o‘zbekistonlik ziyoratchilar Mino vodiysida erta tongdan to kun botgunga qadar ulamolarning suhbatlaridan bahramand bo‘lib, toatu ibodat va duoyu iltijolar bilan o‘tkazishmoqda.
Alloh taolo barcha hojilar qatorida, yurtimiz hojilarining ham duo va ibodatlarini qabul aylasin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati