9 yoshdagi farzandim matematikaga umuman qiziqmas edi. Faqatgina qiziqmasa ham mayli edi, u borgan sari matematika fanini yomon ko'rib qola boshladi. Farzandimning matematikani yoqtirmasligi uning boshqa fanlarga bo'lgan munosabatiga ham o'z ta'sirini o'tkazmay qolmadi. Borgan sari baholari pasayib keta boshladi.
Bu muammoning muolajasida uzoq o'ylanganimdan keyin menda bir fikr paydo bo'ldi: farzandimga tijoratni o'rgatishga qaror qildim.
Yozgi ta'til yaqinlashayotgan kunlarning birida farzandimni har-xil shirinliklar, o'yinchoqlar sotiladigan do'konga olib bordim. Hali bolaligi tark etib ulgurmagan o'g'limning yuzida paydo bo'lgan tabassumdan uning ichida “Dadam menga o'yinchoq olib beradilar, o'rtoqlarimga ko'rsatib maqtanaman”, degan o'ylar o'tayotganini payqash qiyin emasdi. Keyin o'g'limga “O'g'lim, mana, xohlagan o'yinchoqlaringni tanlab ol. Men ularni senga olib beraman. Keyin sen ularni o'rtoqlaringga sotasan”, dedim. Avvalida o'g'lim hayron bo'lib bir muddat o'ylanib qoldi. Keyin taklifim unga ham ma'qul tushib o'yinchoqlarni birma-bir tanlay boshladi.
Uyga kelganimizdan so'ng qaysi o'yinchoqni qanchadan sotib olgani, endi o'rtoqlariga qanchadan sotishi haqida men bilan maslahat qildi. Uni ko'rib ko'zlarim quvnardi. Chunki bir tarafdan o'g'lim bilan ko'p vaqtimni o'tkazayotganimdan xursand bo'lsam, boshqa tarafdan uning hisob-kitoblarga o'ta nozik yondashayotgani, foyda-zararni to'g'ri chamalayotgani meni quvontirardi.
Shu taxlit sotib olgan o'yinchoqlarimizni o'g'lim har kuni bitta-ikkitadan qilib o'rtoqlariga sotib kelardi. Kechqurun ishdan kelganimda ikkalamiz ko'rgan foydasini hisob-kitob qilardik. Ko'rgan hamma foydasi o'ziga bo'lishini aytganim uchun farzandim ishiga o'zgacha mehr bilan yondashardi. Shu orada farzandim hisob-kitobga ham usta bo'li qoldi. Endi narxlarini men emas, o'zi mustaqil belgilab sotadigan bo'ldi. Butun yoz bo'yi shu ish bilan mashg'ul bo'ldi. Albatta darslari ham qolib ketmadi.
Yangi o'quv yili boshlanib 4-sinfga o'tgach, matematika fanidan a'lo baholar ola boshladi. Bunda yoz bo'yi qilgan tijorati davomida matematikaning asosi bo'lgan bo'lish, ko'paytirish, qo'shish va ayirish amallarini yaxshi o'zlashtirgani qo'l kelgan bo'lsa, ne ajab. Matematikadagi faolligi sabab boshqa fanlarga ham befarq bo'lmadi. Chunki bola psixologiyasi bir fandan yaxshi o'qisa, albatta boshqa fanlardan ham yaxshi o'qiy olishini taqozo qiladi. O'quv yili oxirigacha boshqa fanlardan ham a'lochilar safiga qo'shildi, alhamdulillah.
Demak, farzandalarimizni birgina fandan, ayniqsa matematika kabi aniq fanlardan yaxshi o'qishiga erisha olsak, bu ularning boshqa fanlardan o'qishiga va umuman olganda hayotdagi faolligiga ijobiy ta'siy qilmasdan qolmas ekan.
Doktor Abdulloh Muhammad Abdulmu'tining
“Farzand tarbiyasidan 700 ta saboq” kitobidan
G'iyosiddin Habibulloh, Kamronbek Islom tarjimasi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Germaniya universitetlarining birida mollar bilan sinov o‘tkazishdi. Gap shundaki, ular Islom shariati usulida so‘yilgan hayvon so‘yilish asnosida qanday og‘riq his qilishi yoki qilmasligini aniqlash uchun EEG deb ataluvchi miyaning holatini kuzatuvchi elektr sxemasini o‘rnatishdi. Bu orqali hayvonning og‘riqni his qilgan yoki qilmaganini va agar qilgan bo‘lsa, uning darajasini aniqlamoqchi bo‘lishdi.
Tajriba o‘tkazish uchun qora mol tanlandi va Islom shariati usulida so‘yildi.
So‘yishdan keyingi dastlabki 3 soniya ichida miya elektr sxemasida hech qanday o‘zgarish aniqlanmadi, bu esa mol og‘riq his qilmaganligidan dalolat beradi. Keyingi 3 soniya mobaynida ular molning hushidan ketganini kuzatishdi. Bu katta miqdorda qon chiqishi va miyaga qon yetkazilishi keskin to‘xtagani sababli sodir bo‘ldi.
Jami 6 soniya o‘tgach, EEG miya elektr sxemasi to‘xtadi, ya’ni mol o‘ldi va hech qanday og‘riqni his qilmadi.
Odatda kishilar jonliqni so‘yish jarayonida u qattiq og‘riqni his qiladi, deb o‘ylaydilar va unga achinishadi.
Islom shariati uslubida so‘yish deganda hayvonning ikki yo‘g‘on tomirlari (arteriyalari), nafas yo‘li va qizilo‘ngachi kesiladi, ammo bosh to‘liq uzib tashlanmaydi.
Bu tarzda so‘yilganda qon va kislorod miyaga yetib bormay qoladi, natijada hayvon bir necha soniya ichida hushini yo‘qotadi va og‘riqni his qilmaydi.
So‘yish paytida hayvonning miyasidagi gipofiz bezi (glande pinéale) orqali buyrak usti bezi (glande surrénale) ga signal beradi, bu signallar orqali adrenalin ajralib chiqadi va miyaga qon yetkazishni tezlashtirishga harakat qiladi. Natijada hayvonning tanasi bir necha daqiqa ichida to‘liq qondan xoliy bo‘ladi.
Shuning uchun ham Islom shariatiga muvofiq so‘yish usuli eng tez va hayvon uchun og‘riqsiz usul hisoblanadi.
Subhanalloh!
Homidjon domla ISHMATBЕKOV