Dinimiz Qurbon hayiti kunida biz musulmonlarga ba’zi vojib va sunnat amallarni kilishga buyuradi. Jumladan, arafa kunining bomdod namozidan boshlab hayitning to‘rtinchi kuni asr namozigacha, ya’ni 23 vaqt namoz mobaynida har bir farz namozidan keyin takbiri tashriq aytmoqligimiz vojib amallardan hisoblanadi. Abdulloh ibn Mas’ud va Umar ibn Xattob roziyalloxu anxumolardan vorid bo‘lgan takbiri tashriq iborasi quyidagicha: "Allohu akbar, Allohu akbar, La ilaha illallohu vallohu akbar, Allohu akbar va lillaxil xamd".
Ushbu takbirni hoh jamoat bilan, hoh yolg‘iz o‘kilgan har bir farz namozdan keyin aytamiz. Bundan tashqari, yurgan va o‘tirganda ham aytish mustahab amaldir.
Arafa kuni kechasi, ya’ni, hayit kuniga o‘tar kechasini zikru tasbeh va duoi istig‘for bilan bedor o‘tkazish mustahab amallardandir. Rasululloh sollalohu alayhi va sallam: “Kimki Ramazon va Qurbon hayitlarining kechasini bedor o‘tkazsa, qalblar o‘ladigan kunda uning qalbi o‘lmaydi”, deganlar.
Hayit kunining tongidan g‘usl kilib, xushbuy atirlar sepib va eng go‘zal, yangi yoki toza kiyimlarimizni kiyib, hayit namozi o‘kilguncha hech narsa yemay namozgohga bormog‘imiz sunnat amaldir.
Nabiy alayhissalom: “Ramazon hayiti kuni biror narsa yemay namozgohga bormas va Qurbon hayiti kuni toki hayit namozidan qaytgunlaricha biror narsa yemas edilar”.
Qurbon va Ramazon hayitlari Alloxning bandalariga farz qilgan ulug‘ ibodatlari: Ramazon ro‘zasi va xaj ibodati ado etib bo‘lingan kunning ertasiga nishonlanadi. Alloh taolo bandalarini mana shunday ulug‘ ibodatlarni ado qilishga muyassar qilgani uchun ham uning shukronasiga ikki rakat hayit namozini o‘kishni vojib kildi. Alloh taolo Qur’oni karimda bunday marhamat qiladi: “Bas, Robbingiz uchun namoz o‘qing va (tuya) suyib qurbonlik kiling” (Kavsar surasi, 2-oyat).
Namozni o‘qib bo‘lganimizdan so‘ng, qodir bo‘lganlarimiz qurbonliklarimizni so‘yamiz yoki qassob yollab so‘ydiramiz. Ushbu o‘rinda shuni aytish lozimki, avvalroqdan qurbonlikka atab olib qo‘yilgan qo‘yning junini olish joiz emas, shuningdek, yollangan qassobga xizmati uchun terisi yoki go‘shtidan xam berish durust emas. So‘yilgan qurbonlikni terisini sotib, pulini shaxsiy manfaatlar uchun ishlatish xam joiz emas, balki muhtojlarga sadaqa qilish lozim.
Qurbon hayiti kunlarida barcha musulmonlar bir-birlarini muborakbod etib, tabarruk otaxon, munis onaxonlarga imon, yoshlarga tavfiqu hidoyat tilashlari lozim. Qarindosh -urug‘larni borib ko‘rish, yoru birodarlarni ziyorat qilish, beva--bechoralar holidan xabar olish kabi ishlar ushbu kunda savobi ulug‘ amallardan xisoblanadi. Biror sababga ko‘ra arazlashgan, gina-qudratli tanish-bilishlar ham xuddi shu muborak ulug‘ kunlarda bir-birlariga quchok ochsalar, o‘zaro uzr so‘rashsalar maksadga muvofik bo‘ladi. Chunki kechirimli va mehr-shafkatli bo‘lish har bir musulmon uchun xam qarz, xam farzdir.
Kirib kelayotgan Qurbon hayiti bayrami bilan barcha yurdoshlarimizni muborakbod etamiz. Vatanimiz ravnaki bundanda ziyoda, osmonimiz hamisha musaffo bo‘lsin.
Muhammadyusuf TO‘RAQULOV
Andijon “Sayyid Muhyiddin maxdum” o‘rta maxsus islom bilim yurti mudarrisi
Diyorimizga ulug‘ ayyom kirib kelmoqda. Qutlug‘ Iydul Azho vatandoshlarimizni xayru saxovat, mehr-oqibat sari chorlaydi. Bu bayram chin ma’noda odamiylik ayyomi. Insonlarga mehr, o‘ksik ko‘ngillarga shodlik ulashish fursati.
Qalblari himmat va karam ne’matidan bobahra xalqimiz bu muazzam kunlarni boy bermaslik uchun fursatni g‘animat biladilar va savobdan bahramand bo‘lib qolishga harakat qiladilar.
Dinimiz ko‘rsatmalari, shariat hukmlarini ustivor tutgan qodir vatandoshlarimiz qurbonliklar qilib, Haqni rozi qilishga, haqdorlar ko‘nglini olishga intiladilar. Yaratganning rahmati yog‘ilib turgan damlarda duolar mustajob bo‘ladi. Alloh taolo o‘zining kalomida “Parvardigoringiz uchungina namoz o‘qing va qurbonlik qiling”, - deb marhamat qiladi.
Bu borada sarvari koinot sayyidimiz ibratlari o‘rinli. Oila a’zolarimizni yo‘qlash, qo‘shnilar holidan xabar olishda, miskinlarni sevintirish-u, xastalar ahvolidan ogoh bo‘lishda ularning hadisi muboraklari bizga nurli yo‘l, deymiz.
Amallar ko‘p. Ularga beriladigan savoblarning darajasi amalga qarab belgilanadi. Eng savobi ko‘p amal bu farz hisoblansa, boshqalarga yaxshilik ulashish undan keyingi o‘rinda turadigan ulug‘ ibodatdir!
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam muborak hadislarida boshqalarga qilinadigan yaxshilikni farzdan keyingi o‘rinda turishini bayon qilib shunday dedilar: “Farzlarni ado qilishdan keyingi o‘rinda turadigan Allohga eng suyukli bo‘lgan amal bu musulmoning qalbiga xursandchilikni kiritishdir”.
Shuning uchun Shayx Abdulloh Hoshim rahmatullohi alayh qozilikdan kelgan maoshning teng yarmiga shirinlik sotib olib, o‘zlari bilan olib yurar va har doim uchratgan bolaga shirinlikdan berib, uni xursand qilar edilar.
Ulug‘ kunlarda turibmiz. Har damni g‘animat bilishlik, bir birimizga saxovatda ibrat bo‘lishimiz savobli amallar ekanini his qilmog‘imiz lozim. Bu kunda isrofgarchilikdan xoli dasturxonlar yozish, borimizni boshqalar bilan bo‘lishishga intilishimiz darkor. Xayrni, yaxshilikni gunohga almashtirib qo‘ymaslik uchun ham uyg‘oq ko‘ngil bo‘lish talab etiladi.
Bugun muazzam kunlar og‘ushidamiz, dedik. Vatandoshlarimiz ulug‘ safarlarni ixtiyor etganlar. Ayni fursatlarda hojilarimiz Mino, Arofat vodiylarida, Muzdalifada – duolar qabul bo‘ladigan makonlarda, zamonlarda ibodatlar qilib, elu yurtga tinchlik, osoyishtalik so‘ramoqdalar. Bu duolar barakotidan diyorimiz ahliga qancha yaxshiliklar yetishadi, inshaalloh. Ibodatlar huzurini totgan odamlarning qalbi salim, ehsonu, muruvvatda peshqadam bo‘lishlari bu eng katta yaxshilik aslida. Hojilarimiz safar odoblarini tushunib, ulug‘ dargohlardan nasibador bo‘lib qaytadilar. Diyorimizga qaytganlaridan so‘ng esa yoshlarimiz ma’naviyatiga kamarbasta bo‘ladigan, Haq va haqiqat yo‘lida sidqidil xizmat qiladigan xolis Haq xizmatchilariga aylanadilar, degan umidimiz bor. Bunday ulug‘ ziyoratlar insonni qaysi yoshda bo‘lmasin, ezguliklarga xayrixox qiladi. O‘zgalar qalbini tushunishga, vatan va xalq manfaati yo‘lida sa’y-harakatga chorlaydi.
Bu kunlarning Yaratgan dargohidagi o‘rni musharraf. Hayit kechalarida duolar qabul bo‘ladi. Qurbonlik go‘shtlaridan nasibador oilalarga xursandchilik kiradi. Bu ehsonlar ortida ham mehr-oqibat, o‘zaro bag‘rikenglik maqsadi mujassam. Biz bu makonda yasharkanmiz, turli millatlar vakillari yagona O‘zbekistonning fuqarolarimiz. O‘zaro tenglik, adolat hukm surgan yurtda birodarlik, yaxshi qo‘shnichilik an’analarini qadrlab yashamoqdamiz. Mahallalarda hamkorlik bilan obodlik sari yo‘l ochilyapti. Vatanimiz kundan- kunga farovon, xalqimiz turmushi chiroyli bo‘lib boryapti. Bu ne’matlarga shukrona qilish, to‘g‘ri yo‘lda sobitqadam bo‘lish ma’rifatimiz, ma’naviyatimiz kamolidan darak beradi.
Xalqimizga saodat va sano ayyomi – Qurbon hayiti muborak bo‘lsin! Barchamizni Yaratgan xayru xursandchiliklar ustida bardavom qilsin. Vatanimiz tinch, yurtdoshlarimizning oilalari farovon bo‘lsin.
Xolmurod MAMAJONOV,
Farg‘ona shahar “Ummul quro” masjidi imom-xatibi