Ilm olish fazilati haqida Qur’oni karimda bunday marhamat qilinadi: «Mo‘minlar yoppasiga (jangga) chiqishlari shart emas. Ularning har bir guruhidan bir toifa chiqmaydimi?! (Qolganlari Payg‘ambardan) dinni o‘rganib, qavmlari ularga (jangdan) qaytib kelgach, (gunohdan) saqlanishlari uchun ularni ogohlantirmaydilarmi?!» (Tavba surasi, 122-oyat).
Bu oyatdan ko‘zlangan maqsad – ta’lim berish va to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatishdir.
Alloh taolo aytadi: “Eslang (Ey Muhammad!) Alloh ahli kitoblardan, uni (Tavrot va Injilni) odamlarga, albatta, aniq bayon qilasiz, uni (hech kimdan) sir tutmaysiz deb ahd olgan edi” (Oli Imron, 187). Bu oyat ta’lim berishning vojibligiga dalolatdir.
Boshqa oyatda aytiladi:
“Agar (bu haqda) bilmaydigan bo‘lsangiz, ahli zikrlardan (ya’ni Tavrot va Injilni biladiganlardan) so‘rasangiz!..” (Nahl, 43)
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ilm olish fazilatini shunday bayon qildilar: “Kim ilm talab qilish yo‘lini tutsa, Alloh taolo uni jannat yo‘liga yo‘llab qo‘yadi” (Imom Muslim rivoyati).
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Maloikalar tolibi ilmni qilgan ishidan mamnun bo‘lib unga qanotlarini yozadilar. (Imom Ahmad Ibn Hibbon va Hokimlar rivoyati).
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam marhamat qiladilar: “Ilmdan bir bob o‘rganib tong ottirishing yuz rakat namoz o‘qishingdan afzaldir” (Imomi ibn Abdulbar Abu Zarr rivoyat etgan).
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam yana aytadilar: “Kishi ilmdan bir bob o‘rganishi uning uchun dunyo va undagi narsalardan yaxshiroqdir” (Imom ibn Abdul Bar Hasan Basriydan mavquf holda rivoyat qilgan).
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Ilmni Chinda (Xitoyda) bo‘lsa ham o‘rganinglar” (Imom ibn Adiy va Bayhaqiylar zaif isnod bilan rivoyat qilgan).
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam marhamat qiladilar: “Ilm – xazina, uning kaliti – savol. So‘ranglar, so‘rashda 4 kishi savobga ega bo‘ladi: savol beruvchi, javob beruvchi, eshituvchi, ularni do‘st tutuvchi” (Abu Nu’aym zaif isnod bilan rivoyat qilgan).
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Johil bilmaganini so‘ramasligi, olim bilganini aytmasligi durust emas” (Taboroniy, Ibn Murdavayh, ibn Sunniy, Abu Nu’aymlar rivoyat qilgan).
Abu Zarr rivoyat qilgan hadisda bunday deyiladi: «Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “Olimning majlisida hozir bo‘lish ming rakat namozdan, mingta kasalni borib ko‘rishdan, mingta janozada ishtirok etishdan afzaldir”, dedilar. Shunda: “Yo Rasululloh, Qur’on tilovatidan ham yaxshiroqmi?” deb so‘rashdi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Ilm bo‘lmasa, Qur’on tilovati foyda beradimi?” (Ibn Javziy “Mavzu’ot”da zikr qilgan).
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Kim islomni tiriltirish uchun ilm o‘rganayotganida vafot etsa jannatda u bilan Payg‘ambarlar orasida bir daraja qoladi» (Doramiy va ibn Sunniy hasan holda rivoyat qilishgan)
Islom buyuklari ilm o‘rganish fazilatini ko‘p va xo‘b ta’kidlashgan.
Ibn Abbos roziyallohu anhu aytadilar: “Ilm olishda (qiynaldim), bir oz xorlandim, tilagim hosil bo‘lgach azizu mukarram bo‘ldim”.
Ibn Abu Mulayka Ibn Abbos haqida shunday deganlar: “Chiroyda Ibn Abbosdek chiroylisini, so‘zlashda tili ravonini, fatvo berishda ilmlisini ko‘rmaganman”.
Abdulloh Ibn Muborak aytadilar: “Ilm o‘rganmasdan turib ulug‘likka intilgan kishiga hayronman”.
Hakimlardan biri aytadi: “Men ikki kishiga achinganchalik boshqa hech kimga achinmaganman:
Abu Dardo roziyallohu anhu aytadilar: “Sen olim yo o‘rganuvchi yoki unga quloq tutuvchi bo‘l. Lekin to‘rtinchisi bo‘lmagilki, halok bo‘lasan”.
Tobeinlardan Ato Ibn Abu Raboh aytadilar: “Bir ilm majlisi lag‘v – behuda majlislardan 70 tasiga kafforat bo‘ladi”.
Hazrati Umar roziyallohu anhu aytadilar: “Kunduzlari ro‘zador va kechalari qoim bedor bo‘lgan mingta obidning o‘limi, halol haromni ajrata oluvchi bir olimning o‘limidan yengilroqdir”.
Imom Shofe’iy rahmatullohi alayh aytadilar: “Ilm o‘rganish nafl ibodatidan afzalroq”.
Ibn Abdulhakam rahmatullohi alayh aytadilar: “Men imomi Molik huzurida ilm o‘qirdim. Peshin vaqti kirishi bilan nafl namoz o‘qish uchun kitoblarimni yig‘ishtira boshladim. Shunda ustoz: “Agar niyating durust bo‘lsa, xozir mashg‘ul bo‘lib turgan ishing bajarmoqchi bo‘layotgan ishingdan afzalroqdir” dedilar”.
Abu Dardo roziyallohu anhu aytadilar: “Kim ilm o‘rganishga chiqish jihod emas, desa uning aqli va fikrida noqislik bor».
Manbalar asosida “Mirza G‘olib” jome masjid imom noibi
Q. K. Salimov tayyorladi.
manba: nasihat.uz
Shu yilning 9 yanvar kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi Buxoro viloyati vakili viloyat bosh imom-xatibi Jobir domla Elov rahbarligida Vobkent tumanida faoliyat ko‘rsatayotgan masjidlar imom-xatib, imom-noib, mahalla domlalari va nuroniy otaxonlar ishtirokida sayyor yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Sayyor yig‘ilish davomida barcha imom-xatib va imom-noiblar o‘zlariga biriktirilgan MFYlar bilan muntazam aloqada bo‘lib, yoshlar tarbiyasiga katta e’tibor qaratishi, ilm-ma’rifatga qiziqtirish va yosh avlod kelajagi uchun mustahkam poydevor yaratish kabilarni alohida ta’kidlandi. Shundan so‘ng barcha imom-xatiblar mahalla nuroniylari bilan o‘zlariga biriktirilgan mahallalarga chiqishdi.
Shu kunning o‘zida sayyor qabul ishtirokchilari 50 dan oshiq xonadon holidan xabar oldi. Jumladan, Ko‘liodina mahallasida yashovchi yuz yoshni qarshilagan mehnat faxriylarini ziyorat qildi. So‘ngra shu mahallada istiqomat qiluvchi birinchi guruh nogironlari, moddiy ko‘makka muxtojlar, ijtimoiy ko‘makka muhtojlarning xonadonlaridan xabar olinib, ma’naviy-ma’rifiy suhbatlar uyushtirildi va homiylar ishtirokida moddiy jihatdan ko‘maklar berildi.
Shuningdek, Viloyat bosh imomi rahbarligida hamda Vobkent tumanidagi imom-xatiblar ishtirokida 2024 yil zamonaviy loyihalar asosida qurilgan 120 o‘rinli 12-maktabgacha ta’limda vatanimiz kelajagi bo‘lmish jajji bolalar bilan uchrashib, ularga xursandchilik ulashildi.
Kunning ikkinchi qismida viloyat bosh imom-xatibi Jobir domla Elov tumandagi Abdulazizxon jome masjidida peshin namozida bo‘lib, yig‘ilgan jamoatga "Shukronalik", "Sof islom ta’limoti", "Tinchlik ne’mati" mavzularida ma’viza qildi va keng jamoat ishtirokida yurtimiz haqqiga duoi xayrlar so‘raldi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Buxoro viloyati vakilligi
Matbuot xizmati