Ona yurtning ravnaqi bilim kasb, hunar etagini tutgan g‘ayratli yoshlar bilandir. Yigitlari jasur, pahlavon; qizlari hayo va iboli, ilmda peshqadam yurtni dunyo tanib, barcha havas qiladi.
Ibodatli, duogo‘y keksalar o‘z tajriba va bilimlarini yoshlarga o‘rgatib tursa, yoshlar esa ularning pand-nasihatlarini qulog‘iga olsa, bu yurt farzandlari jasur, qizlari vafodor suyukli yor bo‘ladi.
Shu bois yoshlar dangasa, yalqov degan illatni o‘zlaridan otishlari, ilmli, hunarmand, usta dehqon degan sharafli nom olib, ko‘kraklarini kerishlari kerak.
Bundan ellik yillar oldin yoshligidan diniy va dunyoviy ilmni yaxshi egallagan shijoatli bir inson bo‘lardi. Bu inson yoshligida madrasani tugatib, so‘ngra hunar o‘rganishga kirishib, bir necha kasb egallagandi. Tibbiyot bilan ham shug‘ullanib, odamlarga turli malhamlar tayyorlab, necha bemorlar dardlariga darmon bo‘lardi. Umrining bir daqiqasini ham bekor o‘tkazmay, qishloqdagi to‘y-ma’rakalarga bosh bo‘lar, yoshlarga odob-axloq, muomala odoblarini o‘rgatardi. O‘zi nihoyatda rostgo‘y, sabrli, halol insonligi bois hayotida aslo xorlik, yetishmovchilik degan narsani bilmagan. Undan bu ishlarga qanday vaqt topishini so‘rashganida:
“Avvalambor vaqtni, o‘tayotgan umrni qadrlash kerak! Uning bir lahzasini ham behuda o‘tkazmaslik, umr qo‘ldan ketsa, uni boshqa ortga qaytara olmaslikni anglash lozim. Ruh qushi jasaddan ajrab Haqqa uchsa, ilm o‘rganish, kasb-hunar qilish va boshqa biror narsaga imkon bo‘lmaydi. Harakat qilay desang, ilojing yo‘q! Hatto ustingda o‘rmalab yurgan hasharotlarni “kisht” deb haydashga quvvating bo‘lmaydi. Imkon qo‘ldan ketgach, omad yuz o‘girgach, afsusdan ne foyda, g‘animat umrni suvga oqizishdan kimga foyda, kimga zarar?” deb javob bergan ekan.
Ha, ruh qushi tanni tark etmasdan yalqovlikni tashlab, oldinga intilmoq kerak. Umrimizning oltin javohirini o‘z qo‘limiz bilan sindirmaylik.
Mardikor bozoriga bordim, oldimga bir nechta barvasta yigit yugurib kelib: “Nima xizmat?” dedi.
“Menga kompyuter ustasi, mohir elektrik, yaxshi kafelchi kerak, ichingizda shu kasb egalari bormi?” dedim. “Aka, siz aytgan kasbimiz bo‘lganda mardikor bozorda yurarmidik!” dedi bir yigit. “Siz qarib chol bo‘lganingiz yo‘q, hammangiz yoshsiz, bir yillik umringizni kasbga bag‘ishlasangiz, bir umr rohatda yashaysiz!” dedim ularga.
Azizlar! Bolalarimizni ko‘p erkalamay, ularni yoshligidan biror hunar egasi qilsak, bir umr bizdan minnatdor bo‘lib yashaydi. Ilmsiz, hunarsiz bo‘lsa, ota-onani bir umr ayblab o‘tadi.
Ey aziz farzand! Aslo yalqov bo‘lma, dangasalik illatini o‘zingdan ot. Agar yuqorida aytganimdek, bir-ikki yil shogirdlikka tushib bir kasbning etagidan tutsang, umringning oxirigacha birovga mute bo‘lmasdan rohatda yashaysan. O‘zganing qo‘liga mute bo‘lmaysan, o‘g‘rilik qilmaysan, haloldan mol topasan. Ozgina sinovlarga bardosh bermasdan ustozlar o‘giti, otangning pandini olmasang, boshingga sinovlar yog‘iladi. Keyingi pushaymon o‘zingga dushman!
***
Yurtning kamoli yoshlar bilandir,
Imoni mustahkam boshlar bilandur.
Avlodlari yalqov, dangasa yurtning,
Kelajagi sinar, toshlar bilandur.
Oldinga intil bolam, faqat oldinga,
Nokas-la do‘st bo‘lma, yetgin qadringga.
Nojins, pastlar bilan nodon do‘st bo‘lar,
Qoch, yo‘qsa topilmas davo dardingga.
Bir joyda o‘tirma nasibang kutib,
Yel-yugur bir kasbning etagin tutib,
Kalxatdek o‘limtik-o‘laksa yema,
Burgutdek halol ye, o‘ljangni tutib.
“Qasamini buzgan qiz” kitobidan
Misr poytaxti Qohira shahrida bo‘lib o‘tayotgan xalqaro anjumanning tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari nufuzli mukofot — Imom Qarofiy nomidagi "Fatvo sohasidagi yuksak xizmatlari uchun" xalqaro mukofoti bilan taqdirlandilar.
Yuksak mukofotni Misr Arab Respublikasi bosh muftiysi, Butunjahon fatvo idoralari va hay’atlari Bosh kotibiyati raisi, professor Nazir Muhammad Ayyod, Misr vaqf vaziri doktor Usoma al-Azhariy hamda Xalqaro Islom fiqhi akademiyasi bosh kotibi doktor Qutb Mustafo Sano kabilar tantanali ravishda topshirdilar.
So‘zga chiqqan notiqlar O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohada olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni yuqori baholab, ushbu e’tirof Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining Islom dini ma’rifatini keng yoyish, ilmiy-tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash hamda zamonaviy fatvo faoliyatini yangi bosqichga olib chiqishdagi fidokorona mehnatlarining munosib samarasi ekanini alohida ta’kidladi.
Taqdirlash chog‘ida turli mamlakatlardan kelgan 500 nafardan ziyod anjuman ishtirokchilari e’tiboriga O‘zbekistondagi diniy-ma’rifiy soha islohotlari hamda Muftiy hazratlarining ko‘p qirrali faoliyatiga bag‘ishlangan maxsus videorolik namoyish etildi. Unda yurtimiz qadimdan buyuk sivilizatsiyalar beshigi, ilm-ma’rifat va islom madaniyatining muazzam markazi bo‘lib kelgani e’tirof etildi. Shuningdek, lavhada bugungi kunda Davlatimiz Rahbari boshchiligida diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli yangilanishlar, nufuzli xalqaro anjumanlar, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining samarali faoliyati, jumladan, Fatvo markazining ishga tushirilishi va mo‘tadillikni targ‘ib etish borasidagi salmoqli tashabbuslari atroflicha ko‘rsatib berildi.
Ma’lumot o‘rnida, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari bunga qadar ham bir qator yuksak mukofotlarga sazovor bo‘lganlar:
- Prezidentimiz farmonlariga muvofiq “Oliy darajali Imom Buxoriy” ordeni;
– Rossiya Federatsiyasi markaziy diniy idorasining «Al-I’tisom» («Hamjihatlik») medali;
– Qirg‘iziston musulmonlari diniy boshqarmasining «Ыntimak» («Birdamlik») medali;
– «Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasining 30 yilligi» yubiley medali;
– Shimoliy Kavkaz musulmonlarini muvofiqlashtirish markazining «Ummat oldidagi xizmatlari uchun» ordeni;
– Rossiya Federatsiyasi Imom Buxoriy nomidagi diniy tashkilotining «Al-Ilm» ordeni.
«Fatvo sohasidagi yuksak xizmatlari uchun» mukofoti haqida:
Mazkur nufuzli xalqaro mukofot Butunjahon fatvo idoralari va hay’atlari Bosh kotibiyati tomonidan ta’sis etilgan bo‘lib, buyuk alloma, faqih Imom Shihobuddin al-Qarofiy (1228–1285) sharafiga nomlangan.
Ushbu mukofot Islom ummatida mo‘tadillik tamoyillarini ilgari surish, bir yoqlama va tor qarashlardan saqlanish, jamoaviy ijtihod hamda fatvo berish amaliyotini takomillashtirish va zamonaviy muammolarga to‘g‘ri shar’iy yechimlar ishlab chiqishga ulkan hissa qo‘shgan yetuk ulamolarga taqdim etiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati