Sayt test holatida ishlamoqda!
04 Yanvar, 2025   |   5 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:33
Asr
15:26
Shom
17:10
Xufton
18:30
Bismillah
04 Yanvar, 2025, 5 Rajab, 1446

Yigitga yalqovlik yarashmas

16.08.2018   6247   3 min.
Yigitga yalqovlik yarashmas

Ona yurtning ravnaqi bilim kasb, hunar etagini tutgan g‘ayratli yoshlar bilandir. Yigitlari jasur, pahlavon; qizlari hayo va iboli, ilmda peshqadam yurtni dunyo tanib, barcha havas qiladi.

Ibodatli, duogo‘y keksalar o‘z tajriba va bilimlarini yoshlarga o‘rgatib tursa, yoshlar esa ularning pand-nasihatlarini qulog‘iga olsa, bu yurt farzandlari jasur, qizlari vafodor suyukli yor bo‘ladi.

Shu bois yoshlar dangasa, yalqov degan illatni o‘zlaridan otishlari, ilmli, hunarmand, usta dehqon degan sharafli nom olib, ko‘kraklarini kerishlari kerak.

Bundan ellik yillar oldin yoshligidan diniy va dunyoviy ilmni yaxshi egallagan shijoatli bir inson bo‘lardi. Bu inson yoshligida madrasani tugatib, so‘ngra hunar o‘rganishga kirishib, bir necha kasb egallagandi. Tibbiyot bilan ham shug‘ullanib, odamlarga turli malhamlar tayyorlab, necha bemorlar dardlariga darmon bo‘lardi. Umrining bir daqiqasini ham bekor o‘tkazmay, qishloqdagi to‘y-ma’rakalarga bosh bo‘lar, yoshlarga odob-axloq, muomala odoblarini o‘rgatardi. O‘zi nihoyatda rostgo‘y, sabrli, halol insonligi bois hayotida aslo xorlik, yetishmovchilik degan narsani bilmagan. Undan bu ishlarga qanday vaqt topishini so‘rashganida:

“Avvalambor vaqtni, o‘tayotgan umrni qadrlash kerak! Uning bir lahzasini ham behuda o‘tkazmaslik, umr qo‘ldan ketsa, uni boshqa ortga qaytara olmaslikni anglash lozim. Ruh qushi jasaddan ajrab Haqqa uchsa, ilm o‘rganish, kasb-hunar qilish va boshqa biror narsaga imkon bo‘lmaydi. Harakat qilay desang, ilojing yo‘q! Hatto ustingda o‘rmalab yurgan hasharotlarni “kisht” deb haydashga quvvating bo‘lmaydi. Im­kon qo‘ldan ketgach, omad yuz o‘girgach, afsusdan ne foyda, g‘animat umrni suvga oqizishdan kimga foyda, kimga zarar?” deb javob bergan ekan.

Ha, ruh qushi tanni tark etmasdan yalqovlik­ni tashlab, oldinga intilmoq kerak. Umrimiz­ning oltin javohirini o‘z qo‘limiz bilan sin­dirmaylik.

Mardikor bozoriga bordim, oldimga bir nechta barvasta yigit yugurib kelib: “Nima xizmat?” dedi.

“Menga kompyuter ustasi, mohir elektrik, yaxshi kafelchi kerak, ichingizda shu kasb egalari bormi?” dedim. “Aka, siz aytgan kasbimiz bo‘lganda mardikor bozorda yurarmidik!” dedi bir yigit. “Siz qarib chol bo‘lganingiz yo‘q, hammangiz yoshsiz, bir yillik umringizni kasbga bag‘ishlasangiz, bir umr rohatda yashaysiz!” dedim ularga.

Azizlar! Bolalarimizni ko‘p erkalamay, ularni yoshligidan biror hunar egasi qilsak, bir umr bizdan minnatdor bo‘lib yashaydi. Ilmsiz, hunarsiz bo‘lsa, ota-onani bir umr ayblab o‘tadi.

Ey aziz farzand! Aslo yalqov bo‘lma, dangasalik illatini o‘zingdan ot. Agar yuqorida aytganimdek, bir-ikki yil shogirdlikka tushib bir kasbning etagidan tutsang, umringning oxirigacha birovga mute bo‘lmasdan rohatda yashaysan. O‘zganing qo‘liga mute bo‘lmaysan, o‘g‘rilik qilmaysan, haloldan mol topasan. Ozgina sinovlarga bardosh bermasdan ustozlar o‘giti, otangning pandini olmasang, boshingga sinovlar yog‘iladi. Keyingi pushaymon o‘zingga dushman!

***

Yurtning kamoli yoshlar bilandir,

Imoni mustahkam boshlar bilandur.

Avlodlari yalqov, dangasa yurtning,

Kelajagi sinar, toshlar bilandur.

 

Oldinga intil bolam, faqat oldinga,

Nokas-la do‘st bo‘lma, yetgin qadringga.

Nojins, pastlar bilan nodon do‘st bo‘lar,

Qoch, yo‘qsa topilmas davo dardingga.

 

Bir joyda o‘tirma nasibang kutib,

Yel-yugur bir kasbning etagin tutib,

Kalxatdek o‘limtik-o‘laksa yema,

Burgutdek halol ye, o‘ljangni tutib.

 

“Qasamini buzgan qiz” kitobidan

Ibratli hikoyalar
Boshqa maqolalar

Men yaqinman... juda yaqinman

3.01.2025   5032   1 min.
Men yaqinman... juda yaqinman

Ko‘pincha dengiz sathi tashqaridan qaragan kishiga go‘yoki ipakdan to‘qilgan mayin gilamni to‘shab qo‘ygandek, tinch va sokin ko‘rinadi...

Lekin o‘sha tinch va sokindek ko‘rinayotgan aldamchi manzara ostida tinimsiz kurash, hayot va mamot to‘qnashuvlari, halokatli nidolar yashirinib yotadi. Dengiz qa’rida kitlar, akulalar, ilonlar va suvsarlar suzib yuradi, bir-birlarini o‘ljaga aylantirish maqsadida tinimsiz ta’qib qiladilar.

Xuddi shu kabi sizning yuzingiz ham oyna qarshisida tinch, mehrli va musaffo ko‘rinadi. Ammo tanangizni ichida esa, xujayralar g‘alayon qiladi, nafs xohishlari alanga oladi, g‘arizalar avj oladi va adovatlar olovlanadi.

Agar siz dengizdagi o‘sha maxluqlar jang qilayotgan chegaralardan o‘tib, dengizning ulardanda qa’riga yetib borsangiz, u yerda sukunat hukmron ekanligini, sadaflar, marvaridlar va marjonlar yashayotganini ko‘rasiz.

Xuddi shuningdek, tanangizda ham agar nafsoniy hirslar hukmronlik qilayotgan chegaradan o‘tib olib, ruhiyat hududiga yetib borsangiz, u yerda sakinat topasiz, hikmat ziyosining nuridan bahra olasiz, Parvardigorning huzuridan oqib chiqayotgan muhabbat bulog‘idan qonasiz.

Robbimiz bizga bunday marhamat qiladi:
"Albatta, Men yaqinman... juda yaqinman. Sizlarga jon tomiringizdan ham yaqinroqman".

Homidjon domla ISHMATBЕKOV