Sayt test holatida ishlamoqda!
26 Iyul, 2025   |   1 Safar, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:36
Quyosh
05:13
Peshin
12:35
Asr
17:36
Shom
19:50
Xufton
21:19
Bismillah
26 Iyul, 2025, 1 Safar, 1447

Haj ibodati va undan olinadigan foydalar

15.08.2018   14147   4 min.
Haj ibodati va undan olinadigan foydalar

Haj amali Alloh taolo ulug‘lagan muqaddas makonda Uning zikrini qoim qilish va yaxshiliklarni qo‘lga kiritish uchun qilinadi. Bu amal bandaning dunyo va oxiratda saodat topishiga sabab bo‘ladi.

“Odamlar orasida (yurib ularni) hajga chorlagin! (Shunda) ular senga (Ka’baga) piyoda va har qanday tuyada uzoq yo‘llardan kelurlar. Ular o‘z (diniy va dunyoviy) manfaatlariga shohid bo‘lish uchun va ma’lum kunlarda (Alloh) ularga rizq qilib bergan chorva hayvonlariga (qurbonlik uchun so‘yishda) Alloh nomini zikr qilish uchun kelurlar. Bas, undan o‘zlaringiz ham yeyaveringiz, bechora kambag‘allarga ham yediringiz!” (Haj surasi, 27-28-oyatlar).

Ulamolar Qur’oni karim va sunnati mutahharada kelgan dalillardan foydalanib hajdan olinadigan foydalarning ba’zilarini zikr qiladilar:

1) Masjidul haromda o‘qilgan namoz boshqa joydagi namozlardan afzalligi.

Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam aytdilar: «Mening masjidimda o‘qilgan namoz boshqa masjidlarda o‘qilgan namozdan ming marta afzaldir. Masjidul Haromda o‘qilgan namoz boshqa masjidlarda o‘qilgan namozdan yuz ming marta afzaldir» (Ahmad va Ibn Moja rivoyati).

2) Mabrur haj – eng afzal amallardan biri.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan: «Qaysi amal afzal?» deb so‘raldi. «Allohga va Uning Rasuliga iymon keltirish», dedilar. «Keyin nima?» deyildi. «Allohning yo‘lida jihod qilish», dedilar. «Undan keyin nima?» deyildi. «Mabrur haj», dedilar» (Ikki shayx va Nasaiy rivoyat qilganlar).

Oisha roziyallohu anho: «Ey Allohning Rasuli! Jihodni eng afzal amal deb bilamiz. Jihod qilaylikmi?» dedi. Payg‘ambar alayhissalom: «Yo‘q. Ammo jihodning afzali hajji mabrurdir», dedilar» (Buxoriy va Nasaiy rivoyat qilgan).
Nasaiyning lafzida:
«
Lekin jihodning yaxshisi va go‘zali hajji mabrurdir», deyilgan.

3) Gunohlar mag‘firat qilinadi.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kim Alloh uchun haj qilsa, fahsh so‘z aytmasa va fisqu fasod qilmasa, xuddi onasi tuqqan kunidek qaytadi», dedilar» (Beshovlaridan faqat Abu Dovud rivoyat qilmagan).

4) Mabrur hajning mukofoti jannat.

«Umradan keyingi umra ikkisining orasidagi narsalarga kafforotdir. hajji mabrurning mukofoti jannatdan boshqa narsa emas», dedilar» (Beshovlaridan faqat Abu Dovud rivoyat qilmagan).

5) Hojilar va umra qiluvchilar Allohning mehmonlaridir.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Hojilar va umra qiluvchilar Allohning mehmonlaridir, agar Unga duo qilsalar duolarini qabul qiladi, Undan mag‘firat so‘rasalar ularni mag‘firat qiladi” (Ibn Moja rivoyat qilgan). 

6) Hajda qilingan nafaqa Alloh yo‘lida qilingan nafaqa kabidir.

Burayda roziyallohu anhu otalaridan rivoyat qiladi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Hajga qilingan nafaqa Alloh yo‘lida qilingan nafaqa kabidir. Bir dirham evaziga yetti yuz barobardir” dedilar” (Mu’jamul avsat).

7) Unda shifobaxsh zamzam suvi bor.

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “U zamzam suvini shisha idishlarda ko‘tarib olib ketar va Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday qilar va kasallar ustidan quyar va ularga ichkizar edilar deb aytardi”.

Yuqorida zikr qilingan fazilatlar, ulug‘ manfaatlar bo‘lib, hojilar haj ibodati davomida bu fayzu barakotlarga noil bo‘ladilar.

Alloh taolo muborak safarga ketgan va ketish arafasida yurgan hojilarimizni sog‘u salomatlikda ibodatlarini ado etib, gunohlardan poklanib kelishlarini nasib qilsin. Muqaddas joylarda o‘zlari, farzandlari, sizu biz vatandoshlari haqlariga qilgan duolarini qabul etsin. Ularning duolari sharofati ila yurtimizning tinch va osoyishtaligini bardavom aylasin.

Manbalar asosida Toshkent tumani “Chuvalachi” jome masjidi imom-xatibi No‘monjon Soliyev tayyorladi.

http://fitrat.uz

Boshqa maqolalar

Yarimta olma haqqi

21.07.2025   6325   2 min.
Yarimta olma haqqi

Sobit ibn Ibrohim tahorat ola turib ariqda oqib kelayotgan bir olmaga ko‘zi tushadi va olmani olib yeydi. Olmaning yarmini yeb bo‘lganida, uning haqqi haqida o‘ylab qoladi. Shu xayolda Sobit ibn Ibrohim ariq chetidan yurib olma oqib chiqqan bog‘ga kiradi va bog‘ egasiga:

– Yeb qo‘ygan yarimta olmam uchun haqqingizni halol eting. Qolgan yarmi mana, oling, – deydi.

– Mayli, haqqimni halol etaman, faqat bir shartim bor, – deydi bog‘ egasi yigitning halol, taqvoli ekanini anglab.

– Shartingizni ayting, – deydi Sobit ibn Ibrohim.

Shunda bog‘ egasi:

– Bir qizim bor, uni nikohingga olasan. Lekin rozi bo‘lishingdan avval uning holatidan seni ogoh etishim lozim. Qizimning ko‘zi ojiz, hech narsani ko‘rmaydi, soqov – gapirmaydi va yana qulog‘i eshitmaydi – kar, qimirlamaydi – shol, – deydi.

Bog‘ egasining gaplarini eshitgan Sobit ibn Ibrohim lol bo‘lib qoladi. Yeb qo‘ygan yarimta olmaning haqqidan qo‘rqib, qizga uylanishga rozi bo‘ladi va:

– Mayli, taklifingizni qabul qildim, zora shu bilan Allohning roziligiga erishsam, – deydi.

Ota qiziga oq fotiha beradi. To‘y-tomoshalar o‘tgach, Sobit ibn Ibrohim salom berganicha qizning yoniga kiradi. Qiz salomga alik qaytargancha qo‘li ko‘ksida qulluq qiladi.

Yigit bo‘layotgan ishlardan hayratlanadi: Bu juda g‘alati-ku, soqov emas ekan-da, salomimga javob berdi. Tik turibdi, demak shol ham emas. Qo‘li ko‘ksida, bundan chiqdi ko‘zlari ham ko‘radi”.

Yigit shoshgancha tashqariga chiqadi va qizning otasiga: “Bu menga va’da qilingan qiz emas-ku, ko‘r, soqov, kar va shol deganingizning boisi ne?!” – deydi.

“Nega endi?” – izoh beradi qizning otasi: “Bu o‘sha qiz. Ko‘zi ojiz deganim – uning ko‘zlari Alloh harom qilgan narsaga boqmagan, qulog‘ining karligi – Alloh harom qilgan narsalarga quloq tutmagan, soqovligi ham rost, chunki tili Allohning zikrigagina aylangan, sholligi – yomon ishga yurmagan”.

Sobit ibn Ibrohim birovning haqqidan qo‘rqqanligi evaziga oliy mukofotga erishadi. Vaqt o‘tishi bilan uning ayoli yer yuzini ilm va fiqhga to‘ldirajak bir zotga, buyuk Imom Abu Hanifaga homilador bo‘ladi.