Haj amali Alloh taolo ulug‘lagan muqaddas makonda Uning zikrini qoim qilish va yaxshiliklarni qo‘lga kiritish uchun qilinadi. Bu amal bandaning dunyo va oxiratda saodat topishiga sabab bo‘ladi.
“Odamlar orasida (yurib ularni) hajga chorlagin! (Shunda) ular senga (Ka’baga) piyoda va har qanday tuyada uzoq yo‘llardan kelurlar. Ular o‘z (diniy va dunyoviy) manfaatlariga shohid bo‘lish uchun va ma’lum kunlarda (Alloh) ularga rizq qilib bergan chorva hayvonlariga (qurbonlik uchun so‘yishda) Alloh nomini zikr qilish uchun kelurlar. Bas, undan o‘zlaringiz ham yeyaveringiz, bechora kambag‘allarga ham yediringiz!” (Haj surasi, 27-28-oyatlar).
Ulamolar Qur’oni karim va sunnati mutahharada kelgan dalillardan foydalanib hajdan olinadigan foydalarning ba’zilarini zikr qiladilar:
1) Masjidul haromda o‘qilgan namoz boshqa joydagi namozlardan afzalligi.
Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam aytdilar: «Mening masjidimda o‘qilgan namoz boshqa masjidlarda o‘qilgan namozdan ming marta afzaldir. Masjidul Haromda o‘qilgan namoz boshqa masjidlarda o‘qilgan namozdan yuz ming marta afzaldir» (Ahmad va Ibn Moja rivoyati).
2) Mabrur haj – eng afzal amallardan biri.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan: «Qaysi amal afzal?» deb so‘raldi. «Allohga va Uning Rasuliga iymon keltirish», dedilar. «Keyin nima?» deyildi. «Allohning yo‘lida jihod qilish», dedilar. «Undan keyin nima?» deyildi. «Mabrur haj», dedilar» (Ikki shayx va Nasaiy rivoyat qilganlar).
Oisha roziyallohu anho: «Ey Allohning Rasuli! Jihodni eng afzal amal deb bilamiz. Jihod qilaylikmi?» dedi. Payg‘ambar alayhissalom: «Yo‘q. Ammo jihodning afzali hajji mabrurdir», dedilar» (Buxoriy va Nasaiy rivoyat qilgan).
Nasaiyning lafzida:
«Lekin jihodning yaxshisi va go‘zali hajji mabrurdir», deyilgan.
3) Gunohlar mag‘firat qilinadi.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kim Alloh uchun haj qilsa, fahsh so‘z aytmasa va fisqu fasod qilmasa, xuddi onasi tuqqan kunidek qaytadi», dedilar» (Beshovlaridan faqat Abu Dovud rivoyat qilmagan).
4) Mabrur hajning mukofoti jannat.
«Umradan keyingi umra ikkisining orasidagi narsalarga kafforotdir. hajji mabrurning mukofoti jannatdan boshqa narsa emas», dedilar» (Beshovlaridan faqat Abu Dovud rivoyat qilmagan).
5) Hojilar va umra qiluvchilar Allohning mehmonlaridir.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Hojilar va umra qiluvchilar Allohning mehmonlaridir, agar Unga duo qilsalar duolarini qabul qiladi, Undan mag‘firat so‘rasalar ularni mag‘firat qiladi” (Ibn Moja rivoyat qilgan).
6) Hajda qilingan nafaqa Alloh yo‘lida qilingan nafaqa kabidir.
Burayda roziyallohu anhu otalaridan rivoyat qiladi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Hajga qilingan nafaqa Alloh yo‘lida qilingan nafaqa kabidir. Bir dirham evaziga yetti yuz barobardir” dedilar” (Mu’jamul avsat).
7) Unda shifobaxsh zamzam suvi bor.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “U zamzam suvini shisha idishlarda ko‘tarib olib ketar va Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday qilar va kasallar ustidan quyar va ularga ichkizar edilar deb aytardi”.
Yuqorida zikr qilingan fazilatlar, ulug‘ manfaatlar bo‘lib, hojilar haj ibodati davomida bu fayzu barakotlarga noil bo‘ladilar.
Alloh taolo muborak safarga ketgan va ketish arafasida yurgan hojilarimizni sog‘u salomatlikda ibodatlarini ado etib, gunohlardan poklanib kelishlarini nasib qilsin. Muqaddas joylarda o‘zlari, farzandlari, sizu biz vatandoshlari haqlariga qilgan duolarini qabul etsin. Ularning duolari sharofati ila yurtimizning tinch va osoyishtaligini bardavom aylasin.
Manbalar asosida Toshkent tumani “Chuvalachi” jome masjidi imom-xatibi No‘monjon Soliyev tayyorladi.
http://fitrat.uz
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Mashoyixlar ro‘zador amal qilishi kerak bo‘lgan ro‘za tutishning oltita qoidasini yozib ketishgan.
Birinchisi, ko‘zni tiyish, ya’ni biror bir keraksiz narsaga nazar tushmasin. Begona, nomahram ayollar u yoqda tursin hatto o‘zinig ayoliga shahvat nazari bilan qaramasin. Shuningdek ko‘zini bekorchi, lag‘v narsalardan ham saqlasin. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “ ..nazar shaytonning o‘qlaridan bir o‘q...”, deganlar. Allohdan qo‘rqib ko‘zini tiygan kishiga Alloh shunday iymon nurini beradiki, uning lazzatini qalbida topadi. Ruhiy tarbiya ustozlari “keraksiz” narsani e’tiborni Allohdan boshqaga, qaratilishiga sabab bo‘luvchi barcha narsadir, deb uqtirishadi.
Ikkinchisi, tilni tiyish. Bunga yolg‘on gapirish, g‘iybat, tuhmat, so‘kish, faxsh so‘zlar va lag‘v so‘zlar kiradi. Imom Buxoriy keltirgan hadisda ro‘za kishiga qalqon ekanligi aytilgan. Shuning uchun ro‘za tutayotgan kishining og‘zidan beadab, uyatsiz, lag‘v, keraksiz so‘zlar chiqmasin. Masalan, kimnidir mazah qilish, janjal va x.k.z. Agar kimdir siz bilan janjallashmoqchi bo‘lsa, va hatto o‘zi birinchi boshlagan bo‘lsa ham aralashmang, siz unga ro‘zador ekanligingizni ayting. Agar u gapga tushunadigan bo‘lsa, siz ro‘zador ekanligingizni ayting, agar tushunmaydigan betayinlar xilidan bo‘lsa, qalbingizga bu quruq gaplarga javob berish ahmoqlik va foydasiz narsa deb tushuntiring. Ayniqsa g‘iybat va yolg‘ondan saqlanish kerak. Ba’zi ulamolarning fikricha bu narsalar ro‘zani buzadi.
Alloh Qur’onda g‘iybatni o‘lgan birodarini go‘shtini yeyishlik deb atadi. Shunga o‘xshash xabarlar hadislarda ham juda ko‘p kelgan. G‘iybat aslida inson go‘shtini yeyishlik ekanligi hadisi shariflardan ham ma’lum bo‘ladi. Alloh taolo o‘zi bizni bu narsadan saqlasin, chunki biz bu narsaga beparvolik qilib qo‘yamiz. Oddiy odamlarni-ku qo‘yavering, hatto ahli ilmlar ham g‘iybat bilan band. Dunyoga berilgan odamlarni haqida-ku umuman gapirmasak ham bo‘ladi. Eng achinarlisi odamlar g‘iybat bilan mashg‘ul ekanliklarini bilishmaydi. Agar qalbda bu g‘iybat deya xafv paydo bo‘lsa, bu o‘zi bor narsa deb oqlashga tushishadi. Nabiy sallollohu alayhi vasallamdan so‘rashdi: “G‘iybat nima?”, U zot javob berdilar: “Kimnidir orqasidan gapirishing. Va bu unga yoqmaydigan narsa”. “Agar bu narsa unda topilsachi?”, deyishdi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “G‘iybat ayni shu. Agar unda bo‘lmagan narsani gapirsang u tuhmatdir”, dedilar.
Bir kuni Nabiy sollallohu alayhi vasallam ikki qabr oldidan o‘tdilar va: “Bu qabr egalari azoblanmoqda, bittasi bavlidan saqlanmas edi, ikkinchisi chaqimchilik bilan shug‘ullanar”, edi dedilar.
Uchinchisi, ro‘zador quloqlarini ham tiyishi kerak. Til bilan aytish mumkin bo‘lmagan hamma gap so‘zlarni eshitish va e’tibor berish ham mumkin emas. Nabiy sollallohu alayhi vasallam g‘iybat qilgan va uni eshitgan ikkalasi gunohkor deganlar.
To‘rtinchisi, tananing boshqa a’zolarini gunohdan saqlash. Masalan, man qilingan narsani ushlash, man qilingan yerlarga borish xuddi shunday boshqa tana a’zolari xam. Shuningdek iftor paytida, shubhali taomlardan saqlanish kerak. Ro‘za tutib iftor paytida harom luqma iste’mol qilgan kishi go‘yo bir kasallikni davolab, dorisini ichiga zaxar solib berganga o‘xshaydi. Dori kasalni tuzatadi, lekin zaxar halok qiladi.
Beshinchisi, iftor paytida qorinni to‘ldirmaslik, taomingiz halol bo‘lsa ham, chunki ro‘zadan ko‘zlangan maqsad yo‘qoladi. Ro‘zadan ko‘zlangan maqsadlardan biri, kuch, nafs, shahvat sifatlarini sindirish va ruhni oziqlantirish va farishtalar sifatiga ega bo‘lishlik. O‘n bir oy biz taom yedik. Bir oy sal kamroq yesak nima bo‘ladi ? Lekin biz iftorda yo‘qotgan xamma narsani o‘rnini to‘ldirishni xohlaymiz, saxarda esa boshqa vaqt Ramazondan tashqari yemagan narsalarni yeyishga urinamiz. Imom G‘azzoliy rahmatullohi alayh aytadilar: “Ro‘zadan ko‘zlangan maqsadga -ya’ni iblisni sindirib, nafsni jilovlashga - agar iftorda odam shu darajada ko‘p taom yesa, qanaqasiga erishishi mumkin? Ko‘zlangan maqsad halok bo‘ladiku”.
Haqiqatda biz faqat taomlanish vaqtini o‘zgartirdik va bundan boshqa narsa emas. Aksincha Ramazonda boshqa oylarda ko‘rmaydigan taomlar xilma xilligini oshirdik xalos.
Odamlarda yaxshi taomni Ramazonga olib qo‘yish odati bor. Nafs kunduzgi ochlikdan so‘ng taomga hujum qilib bo‘kib qolgunicha yeydi. Biz nafsni sindirish o‘rniga tiqaveramiz, va bu ro‘zadan ko‘zlangan maqsaddan, og‘ib ketishga sabab bo‘ladi. Maqsadmiz ro‘zaning asl mohiyatini tushunib, xamma narsasidan foyda olish. Bularni xammasini qo‘lga kiritish uchun ozgina ochlikni xis qilish kerak. Ro‘zaning ma’lum bo‘lgan eng katta foydasi, nafsni sindirish, bu ham ma’lum vaqt och bo‘lishilikka bog‘liq.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Shayton odam bolasini qon tomirlarida yuradi. Ochlik bilan uni yo‘llarini toraytiring”, dedilar.
Ro‘zaning ikkinchi maqsadi, bechoralarga o‘xshashlik va ularning holatini his qilishlikdir. Bunga iftorgacha ochlik nimaligini bilmasdan yurish uchun, saxarda jig‘ildonni barcha narsani tiqish yo‘li bilan erishilmaydi. Sizni ochlik bezovta qilganda faqirlarga sal o‘xshashingiz mumkin.
Bishir Xofiy rahmatullohi alayhni oldiga bir kishi keldi. Bishir qaltirar edi, kiyimi esa oldida yotardi. Kelgan odam hozir yechinib o‘tiradigan vaqtmi deb so‘radi. U: “Kambag‘allar juda ko‘p. Men ularning hammasiga xayrihoh bo‘la olmayman. Lekin ularga o‘xshab hamdard bo‘la olaman”, dedi.
Allomalarimiz aytishadi, ro‘zadan ko‘zlangan maqsad, katta ajrni qo‘lga kiritish, kambag‘al odamlarni tushunish uchun ochlikni his qilish darkor. Nabiy sollallohu alayhi vasallam Alloh taolo to‘ldirilgan narsalar ichida eng suymaydigani oshqozon ekanligini aytganlar. Boshqa hadisda Nabiy sallollohu alayhi vasallam insonni qaddini tutib yurishi uchun bir necha bo‘lak taom kifoya deganlar. Agar odam shu darajada ko‘p taom yemoqchi bo‘lsa, oshqozonni uchdan birini taom, uchdan birini suv, va uchdan birini havo bilan to‘ldirsin.
Oltinchisi, ro‘zador e’tibor qaratishi muhim narsa, bu tutgan ro‘zasi qabul bo‘ldimi yoki yo‘qmi deb xadiksirashi. Xuddi shunday har bir ibodatimizda xam, biz sezmagan xato kamchilik bor bo‘lib, u sababli ibodatlarimiz maqbul bo‘lmasligi mumkin.
Shuning uchun ro‘zador niyatini yaxshilashi va qo‘rquvda bo‘lishiligi, Allohning roziligi sababi qilishini so‘rab duo qilishi matlub.