Haj amali Alloh taolo ulug‘lagan muqaddas makonda Uning zikrini qoim qilish va yaxshiliklarni qo‘lga kiritish uchun qilinadi. Bu amal bandaning dunyo va oxiratda saodat topishiga sabab bo‘ladi.
“Odamlar orasida (yurib ularni) hajga chorlagin! (Shunda) ular senga (Ka’baga) piyoda va har qanday tuyada uzoq yo‘llardan kelurlar. Ular o‘z (diniy va dunyoviy) manfaatlariga shohid bo‘lish uchun va ma’lum kunlarda (Alloh) ularga rizq qilib bergan chorva hayvonlariga (qurbonlik uchun so‘yishda) Alloh nomini zikr qilish uchun kelurlar. Bas, undan o‘zlaringiz ham yeyaveringiz, bechora kambag‘allarga ham yediringiz!” (Haj surasi, 27-28-oyatlar).
Ulamolar Qur’oni karim va sunnati mutahharada kelgan dalillardan foydalanib hajdan olinadigan foydalarning ba’zilarini zikr qiladilar:
1) Masjidul haromda o‘qilgan namoz boshqa joydagi namozlardan afzalligi.
Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam aytdilar: «Mening masjidimda o‘qilgan namoz boshqa masjidlarda o‘qilgan namozdan ming marta afzaldir. Masjidul Haromda o‘qilgan namoz boshqa masjidlarda o‘qilgan namozdan yuz ming marta afzaldir» (Ahmad va Ibn Moja rivoyati).
2) Mabrur haj – eng afzal amallardan biri.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan: «Qaysi amal afzal?» deb so‘raldi. «Allohga va Uning Rasuliga iymon keltirish», dedilar. «Keyin nima?» deyildi. «Allohning yo‘lida jihod qilish», dedilar. «Undan keyin nima?» deyildi. «Mabrur haj», dedilar» (Ikki shayx va Nasaiy rivoyat qilganlar).
Oisha roziyallohu anho: «Ey Allohning Rasuli! Jihodni eng afzal amal deb bilamiz. Jihod qilaylikmi?» dedi. Payg‘ambar alayhissalom: «Yo‘q. Ammo jihodning afzali hajji mabrurdir», dedilar» (Buxoriy va Nasaiy rivoyat qilgan).
Nasaiyning lafzida:
«Lekin jihodning yaxshisi va go‘zali hajji mabrurdir», deyilgan.
3) Gunohlar mag‘firat qilinadi.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kim Alloh uchun haj qilsa, fahsh so‘z aytmasa va fisqu fasod qilmasa, xuddi onasi tuqqan kunidek qaytadi», dedilar» (Beshovlaridan faqat Abu Dovud rivoyat qilmagan).
4) Mabrur hajning mukofoti jannat.
«Umradan keyingi umra ikkisining orasidagi narsalarga kafforotdir. hajji mabrurning mukofoti jannatdan boshqa narsa emas», dedilar» (Beshovlaridan faqat Abu Dovud rivoyat qilmagan).
5) Hojilar va umra qiluvchilar Allohning mehmonlaridir.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Hojilar va umra qiluvchilar Allohning mehmonlaridir, agar Unga duo qilsalar duolarini qabul qiladi, Undan mag‘firat so‘rasalar ularni mag‘firat qiladi” (Ibn Moja rivoyat qilgan).
6) Hajda qilingan nafaqa Alloh yo‘lida qilingan nafaqa kabidir.
Burayda roziyallohu anhu otalaridan rivoyat qiladi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Hajga qilingan nafaqa Alloh yo‘lida qilingan nafaqa kabidir. Bir dirham evaziga yetti yuz barobardir” dedilar” (Mu’jamul avsat).
7) Unda shifobaxsh zamzam suvi bor.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “U zamzam suvini shisha idishlarda ko‘tarib olib ketar va Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday qilar va kasallar ustidan quyar va ularga ichkizar edilar deb aytardi”.
Yuqorida zikr qilingan fazilatlar, ulug‘ manfaatlar bo‘lib, hojilar haj ibodati davomida bu fayzu barakotlarga noil bo‘ladilar.
Alloh taolo muborak safarga ketgan va ketish arafasida yurgan hojilarimizni sog‘u salomatlikda ibodatlarini ado etib, gunohlardan poklanib kelishlarini nasib qilsin. Muqaddas joylarda o‘zlari, farzandlari, sizu biz vatandoshlari haqlariga qilgan duolarini qabul etsin. Ularning duolari sharofati ila yurtimizning tinch va osoyishtaligini bardavom aylasin.
Manbalar asosida Toshkent tumani “Chuvalachi” jome masjidi imom-xatibi No‘monjon Soliyev tayyorladi.
http://fitrat.uz
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
«Bir kuni Nabiy alayhissalomning ortlarida edim. U zot: «Ey bolakay! Men senga kalimalarni o‘rgataman. Allohni(ng buyrug‘u qaytariqlarini) muhofaza qilgin, shunda U Zot seni muhofaza qiladi. Allohni muhofaza qilsang, U Zotni ro‘parangda topasan. So‘ramoqchi bo‘lsang, Allohdan so‘ra. Ko‘mak istamoqchi bo‘lsang, Allohdan ista. Bilki, agar butun ummat (mahluqotlar) senga biror manfaat berish uchun jamlansa ham, Alloh senga yozgan narsadan boshqasini bera olmaydi. Agar ularning hammasi senga biror zarar yetkazish uchun jamlansa ham, Alloh senga yozgan narsadan boshqasini yetkaza olmaydi. Qalamlar ko‘tarilgan, sahifalar qurigan», dedilar.
Termiziy rivoyat qilgan va bu hadis hasan, sahihdir, degan.
Termiziydan boshqalarining rivoyatida:
«Allohni(ng buyrug‘u qaytariqlarini) muhofaza qilgin, shunda U Zotni ro‘parangda topasan. Allohni farog‘atda tanisang, U seni qiyinchilikda taniydi. Bilki, seni chetlab o‘tgan narsa senga yetmaydi. Senga yetgan narsa seni chetlab o‘tmaydi. Bilki, sabr ortidan yutuq, g‘am-g‘ussa ortidan kushoyish keladi. Va albatta, qiyinchilik bilan yengillik bordir», deyilgan.
Sharh: Bir kuni Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning xachirlariga mingashib olib, u zotning ortlarida ketayotgan edilar. Shunda Nabiy alayhissalom u kishiga butun Islom ummatiga zarur bo‘lgan ushbu hadisi sharifdagi gaplarni aytdilar:
«Allohni(ng buyrug‘u qaytariqlarini) muhofaza qilgin, shunda U Zot seni muhofaza qiladi».
Allohning dinidagi amr va nahiylarga qat’iy rioya qilsang, Alloh taolo seni, ahli oilangni va dinu dunyoingni muhofaza qiladi. Zotan, U Zotdan o‘zga muhofaza qiluvchi yo‘q.
«Allohni muhofaza qilsang, U Zotni ro‘parangda topasan».
Banda Alloh taoloning diniga og‘ishmay amal qilsa, duosi to‘xtovsiz qabul bo‘ladigan darajaga ham erishar ekan. Ushbu jumladan anglanadigan haqiqat shudir.
«So‘ramoqchi bo‘lsang, Allohdan so‘ra».
Chunki barcha narsa U Zotning ixtiyoridadir. U Zotdan o‘zga beruvchi yo‘q. Boshqa zohiriy beruvchilar ham U Zotning amri ila U Zotning berganidan beradilar. Shuning uchun oraga boshqani qo‘shmay, to‘g‘ridan to‘g‘ri haqiqiy beruvchining O‘zidan so‘rash kerak.
«Ko‘mak istamoqchi bo‘lsang, Allohdan ista».
Chunki haqiqiy ko‘makchi – U Zotning O‘zidir. Boshqalarning barchasi ko‘makka muhtoj.
«Bilki, agar butun ummat (mahluqotlar) senga biror manfaat berish uchun jamlansa ham, Alloh senga yozgan narsadan boshqasini bera olmaydi. Agar ularning hammasi senga biror zarar yetkazish uchun jamlansa ham, Alloh senga yozgan narsadan boshqasini yetkaza olmaydi. Qalamlar ko‘tarilgan, sahifalar qurigan».
Foyda ham, ziyon ham Allohdandir. Allohning dunyodagi barcha maxluqotlari jamlanib, senga zarracha foyda yoki ziyon yetkazmoqchi bo‘lsa ham, Alloh taqdiringga bitgan narsadan boshqasi bo‘lmaydi. Shuning uchun hammani qo‘yib, faqat Alloh taoloning O‘zigagina tavakkul qil.
Ushbu rivoyatdan olinadigan foydalar:
1. Bolalarga xush muomalada bo‘lib, ularga ta’lim-tarbiya berish;
2. Allohning buyrug‘u qaytariqlariga bo‘ysunish U Zotning muhofazasiga sabab bo‘lishi;
3. Talab-istaklarni faqat ularni bajo keltiruvchi Zotdan – Allohdan so‘rash kerakligi;
4. Ko‘mak va yordamni haqiqiy ko‘mak beruvchi Zotdan – Allohdan so‘rash kerakligi;
5. Foyda ham, ziyon ham Allohdan ekani;
6. Barcha maxluqotlar jamlanib, bir insonga zarracha foyda yoki ziyon yetkazmoqchi bo‘lsa, Alloh taqdirda bitgan narsadan boshqasi bo‘lmasligi;
7. Banda farog‘at paytida Allohni yodga olib, toat-ibodatda bo‘lsa, qiyinchilikka yo‘liqqan paytida U Zot uni yordamsiz tashlab qo‘ymasligi;
8. Sabr ortidan yutuq, g‘am-g‘ussa ortidan kushoyish, qiyinchilik ortidan yengillik kelishi.
«Hadis va Hayot» kitobi asosida
Muhammad Ali Muhammad Yusuf tayyorladi