Sayt test holatida ishlamoqda!
29 Dekabr, 2024   |   29 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:23
Quyosh
07:48
Peshin
12:30
Asr
15:21
Shom
17:05
Xufton
18:25
Bismillah
29 Dekabr, 2024, 29 Jumadul soni, 1446

Daryo

13.08.2018   5487   2 min.
Daryo

Tog‘dan pastga shitob bilan oqayotgan daryoga qarab, xayolan u bilan so‘zlashdim:

 “Ey sershovqin daryo! Nega buncha shoshib-pishib oqasan, nimadan kech qolmoqdasan? Seni kim­lar kutmoqdaki, va’damga vafo qilay, ahdimni buzmayin deysan?!” Xuddi daryodan qulog‘imga go‘yo sirli ovoz kelgandek bo‘ldi: “Mening yo‘limga intizor, kelishimni kutuvchilar son-sanoq­siz! Sen ularning ko‘pini bilmaysan. Meni kutayotgan ekinzorlar, dov-daraxtlar, o‘t-o‘lanlar, hayvonot va hatto siz odamlar ham borsiz. Men shoshmasam, kechiksam, dangasalik qilsam, ular qurib-qovjirab, suvsizlikdan halok bo‘ladi. Shoshishimning boisi shu!” Daryoga qarab o‘ylarkanman, yoshlarga shularni aytmoqchiman: “Ey aziz yoshlar! Siz ham daryodek shoshiling, yo‘lingizda uchray­digan har qanday to‘siq va qiyinchiliklarni mardonavor yengib o‘ting. Xonadoningizni, Va­ta­ningizni gullatib-yashnating. Aziz umringizni behuda ishlarga sarflab, so‘ldirib, so‘ngra pu­shaymon bo‘lmang! Zero, umrimiz ham suvdek oqmoq­da. Shitob bilan o‘tayotgan umrimiz mobaynida odamlar qalbiga malham bo‘la oldikmi? Odamlar og‘irini yengil qilishga, ilm bilan o‘zimiz va yurtdoshlarimiz, insoniyatga manfaat beradigan nima ishlarni qildik? Qalbimizni imon suvi bilan sug‘ormoqdamizmi? Tashnali­gimizni ilm bulog‘i bilan qondirmoq uchun nimalar qilmoqdamiz?

 

Toshdan-toshga urilib oqadi daryo,

Shovqin-suron solib oqadi daryo.

To‘sig‘u g‘ovlarni aylanib o‘tib,

O‘z maqsadi sari shoshadi daryo.

 

Dalayu dashtlarga tezroq yetay deb,

O‘tu o‘lanlarni serob etay deb.

Masrur etmoq uchun xalq, elatlarni,

To‘lqin urib qirg‘oqdan toshadi daryo.

 

Odamlar haqimga duo qilishsin,

Xizmatimni doim yodga olishsin,

Alloh uchun mendan rozi bo‘lishsin –

Debon shoshib-shitob oqadi daryo.

 

Ey inson, daryodek shijoatli bo‘l,

Odamlar qalbiga quvonch, surur sol.

Tog‘ uchrasa kemir, daryoni simir,

Elu yurting ko‘nglin aylagin daryo.

 

Dunyo sinoatidan g‘amlar chekmagil ,

Maqsadsiz urug‘ni aslo ekmagil.

Alisher der, elning duosin olib,

Kuyu qo‘shiqlarda oq misli daryo.

 

“Qasamini buzgan qiz” kitobidan

Ibratli hikoyalar
Boshqa maqolalar

Dam olish kunlaringizni qanday o‘tkazasiz?

27.12.2024   27454   3 min.
Dam olish kunlaringizni qanday o‘tkazasiz?

1. Diniy ibodatlarni bajarish

1.1. Namozlarni o‘z vaqtida o‘qish. Ibodatlar ichida eng afzali – vaqtida o‘qilgan farz namozi sanaladi.

1.2. Ro‘za tutish. Qazo va nafl ro‘zalarni tutish. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qish kunidagi ro‘za qiyinchiliksiz topiladigan g‘animat (o‘lja)dir”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati).

1.3. Qur’on o‘qish. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ummatimning eng afzal ibodati Qur’onga qarab tilovat qilishdir”, deganlar. Qur’onni yoddan o‘qishdan ko‘ra, unga qarab o‘qish afzaldir. Chunki Qur’onga qarash ham ibodatdir.

1.4. Tahajjud namozlarini o‘qish. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Farz namozdan keyingi eng afzal namoz tungi namozdir”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).

1.5. Duo va zikrni ko‘paytirish. “...Allohni ko‘p zikr qiling. Shoyadki, zafar topsangiz” (Juma surasi, 10-oyat).

 

2. Oilaga yaxshilik qilish

2.1. Ota-onaga yaxshilik qilish. O‘z vaqtida o‘qilgan farz namozdan keyin eng afzal amal bu – ota-ona xizmatida bo‘lish sanaladi. Zero, “Robbingiz, Uning O‘zigagina ibodat qilishingizni hamda ota-onaga yaxshilik qilishni amr etdi” (Isro surasi, 23‑oyat).

2.2. Farzand va ahli ayolga xursandchilik ulashish. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: Sizlarning yaxshilaringiz o‘z ahliga yaxshi muomala qilganingizdir. Men o‘z ahliga yaxshi muomala qiluvchirog‘ingizman”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati).

 

3. Ilm olish, kitob o‘qish

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ilm talab qilish har bir musulmon zimmasiga farzdir”, deganlar.

 

4. Tafakkurga vaqt ajratish

Hasan rahmatullohi alayh aytadilar: “Bir soat tafakkur qilish bir kechani bedor o‘tkazishdan yaxshidir”.

 

5. Muhtojlarga yordam berish

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim bir mo‘minning bitta dunyoviy tashvishini aritsa, Alloh taolo uning Qiyomat kunidagi tashvishlaridan birini aritadi. Kim qiynalgan kishiga yengillik keltirsa, Alloh taolo unga dunyoyu Oxiratda yengillik beradi” (Imom Muslim rivoyati).

 

6. Silai rahm qilish

Dam olish kunlari qavm-qarindoshlar holidan hech bo‘lmasa telefon orqali bo‘lsada xabar olish uchun qulay fursat. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kimni rizqi keng, umri uzoq bo‘lish xursand etsa, silai rahm qilsin (qarindoshlik rishtalarini mustahkamlasin) (Imom Buxoriy, imom Termiziy rivoyati).

 

7. Sport bilan shug‘ullanish

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kuchli mo‘min Alloh huzurida kuchsiz mo‘mindan yaxshiroq va mahbubroqdir”, deganlar.

 

8. Do‘st va yaqinlar holidan xabar olish

Hazrat Ali roziyallohu anhu aytadilar: Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni: “Qaysiki musulmon boshqa bir musulmonni ertalab ziyorat qilsa, to kech kirgunicha unga yetmish ming farishta salavot aytadi. Agar kech kirganida ziyorat qilsa, to tong otgunicha yetmish ming farishta unga salavot aytadi. Unga jannatda bir bog‘ bo‘ladi”, deb aytganlarini eshitdim (Imom Termiziy rivoyati).


Dam olish kunlaringiz xayrli va barakali o‘tsin!

Davron NURMUHAMMAD