Saudiya Arabistonidagi muqaddas shahar – Makkai mukarramaga haj amallarini ado etish uchun navbati bilan yetib kelayotgan yurtdoshlarimiz muhtasham “Abroj al-Hidoya” mehmonxonasida tantanali ravishda katta ehtirom bilan kutib olinmoqda.
Yorug‘ orzular, ezgu tilaklar, katta ixloslar og‘ushida kelayotgan mehmonlarga O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari Nuriymon Abulhasan va Saudiya Arabistonidagi hamkor “al-Hidoya” shirkati rahbarlari peshvoz chiqmoqdalar.


Ziyoratchilarimiz mehmonxonaga yaqinlashganda salavotlar aytilayotir hamda ularga shirinliklar ulashilib, muqaddas zam-zam suvi bilan ikrom qilinmoqda.
Hashamatli mehmonxonadan joylari tayin bo‘lgan ziyoratchilarimiz bu yerda mamlakatimizdan ularga xizmat ko‘rsatish uchun birmuncha oldinroq yetib kelib, katta hozirliklar ko‘rib qo‘ygan ishchi guruh tarkibidagi mohir oshpazlarimizning oshpazlikni san’at darajasiga ko‘targaniga guvoh bo‘layotir, nainki guvoh bo‘layotir, balki ular pishirgan lazzatli taomlardan taomlanib, og‘izda mazasi qoladigan shirinliklardan ham bahra olayotir.


Ma’lumingizki, Alloh taolo aziz-u barakali qilib qo‘ygan Makkai mukarramada dunyoning barcha makonlarida bitadigan meva-sabzavotlarning hammasidan bor va o‘sha ne’matlarning barchasi bizning hojilarimizga xizmat ko‘rsatayotgan mehmonxona oshxonasiga ham keltirilib ziyoratchilarimiz uchun yozilgan dasturxonga tortilgan. Yanada e’tiborlisi, ziyoratchilar ulardan ta’biga qarab istaganicha iste’mol qilaveradi...
Bunday ajoyib sharoitlar ziyoratchilarimizning ibodatga bo‘lgan rag‘batini yanada oshirishga, Buyuk Parvardigorimizning hisobsiz ne’matlarining shukronasini keltirishga bo‘lgan ishtiyoqlarini yanada ziyoda qilmoqda.




O‘MI Matbuot xizmati
Ba’zida dunyoning turli mintaqalarida chigirtkalar ko‘payib, shahar va qishloqlarni, ekin maydonlarini qoplaydi. Sonini aniqlab bo‘lmaydigan darajada ko‘p bo‘lgan chigirtkalar galasi odamlar ongida turli fikrlarni paydo qiladi.
Chigirtkalar Alloh taolo tomonidan yuborilgan “alamli azob” yoki Qiyomat alomati” emasmi degan fikrlar ham bo‘ladi. Tabiatning bunday hodisasi tarixda ko‘plab kuzatilgan bo‘lsa-da, bugungi avlod uchun yangilik bo‘lishi mumkin. Ma’lumki, avvalgi qavmlarning ba’zilari “chigirtka balosi” bilan jazolangan.
Alloh taolo Qur’oni karimda chigirtkalar haqida shunday marhamat qiladi:
“...Qabrlardan ko‘zlari qo‘rqinchga to‘lgan holda, xuddi yoyilgan chigirtkaga o‘xshab chiqib kelurlar.” (Qamar surasi, 7-oyat).
Bundan tashqari, ularning harakat yo‘nalishi keyingi oyatda bayon qilingan:
“Chaqiruvchiga qarab bo‘yinlarini cho‘zib, shoshilib borurlar...” (Qamar surasi, 8-oyat).
Qiyomat kunidagi qayta tirilishni tushuntirish uchun Alloh taolo tomonidan chigirtka misolining keltirilishi bejiz emas. Zero, bu hasharotlar yerdan ko‘tarilganda so‘ng ulkan galalarga aylana boshlaydilar. Birgina chigirtka to‘dasi 1200 kvadrat kilometr maydonga yoyilish xususiyatiga ega. Shundan so‘ng, ular yagona bir yo‘nalishni tanlab, birgalikda ucha boshlaydilar.
Ularning ulkan jamoasi butun osmonni qoplab olishga qodir. Bu holat Qiyomat kunidagi manzarani eslatadi. O‘sha kuni vafot etgan behisob insonlar xuddi shu kabi yer ostidan chiqib keladilar va muayyan bir yo‘nalish bo‘ylab gala-gala bo‘lib yuguradilar.
Xulosa qilib aytganda, bu voqeani Qiyomatning ko‘rinishlaridan bir lahza deb tafakkur qilish mumkin.
Mo‘minlar uchun Qiyomat qoim bo‘lmasdan avval o‘z amallarini qayta taroziga tortib ko‘rish uchun Alloh taolodan berilgan bir ibratdir. Garchi chigirtka bir hashorat bo‘lsa-da, aqlli odamlarni tafakkurga chorlaydi.
Toshkent islom instituti
katta o‘qituvchisi Po‘latxon Kattayev