6 avgust kuni kechki soat 21:00 da Madina shahri amiri Faysal ibn Salmon tomonidan Saudiya Arabistoni Podshohligiga dunyoning turli davlatlaridan kelgan Haj delegatsiyalari rahbarlari uchun qabul marosimi o‘tkazildi. Unda O‘zbekistondan Haj-2018 yil mavsumi ishchi guruhi rahbari, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari N.Abulhasan ham ishtirok etdi. Qabul marosimi davomida Nuriymon Abulhasan va Faysal ibn Salmon o‘rtasida o‘zaro muloqot tashkil etilib, Shahzoda o‘zbekistonliklarni eng tartibli xojilar, deb e’tirof etdi.
Shaxzoda Faysal ibn Salmon o‘z so‘zida O‘zbekiston Respublikasini qadim tarixga ega davlat sifatida ko‘rishini ta’kidlab, bu yurtda yetishib chiqqan Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Imom Buxoriy, Hakim Termiziy kabi buyuk allomalarning ilmiy merosi hozirgi vaqtda ham jahon ilm dunyosida mayoq bo‘lib nur taratayotganini alohida e’tirof etdi.
Tadbir davomida N.Abulhasan Madina mintaqasi amiri Faysal ibn Salmonga ko‘rsatilgan hurmat-e’tibor uchun minnatdorlik bildirdi.
Bundan tashqari Haj va Umra ishlari vaziri Solih Bintin bilan ham o‘tkazilgan uchrashuvda O‘zbekistonning Haj va Umra tadbirlari Saudiya Arabistoni Podshohligi tomonidan Haj va Umra ishlari vazirligi bilan hamkorlikda namunali tashkil etilayotgani e’tirof etildi va minnatdorlik bildirildi. Kelgusi yillarda Haj va Umra tadbirlarida ziyoratchilarimiz uchun Madina shahrida yaratilayotgan sharoitlarni takomillashtirish, xizmatlar darajasini yanada yuqori saviyaga ko‘tarish maqsadida Masjid un-Nabaviyga yanada yaqin va qulayroq haramdan 100 metr masofada joylashgan “Madina millenium”, “Zam-zam pullman” va “Misbah tayyiba” mehmonxonalariga joylashtirish masalasi o‘rganildi va ularning sharoitlari bilan tanishib chiqildi.
Haj-2018 ishchi guruhi
Ajdodlarimizning muqaddas xotirasini yod etib, ezgu ishlarini davom ettirish, safimizda yurgan keksalarni e’zozlash – odamiylikning oliy mezoni va xalqimizga xos azaliy qadriyat ekanligining dalolatidir.
9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining tashabbuslari doirasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimida xizmat qilib, nafaqaga chiqqan bir guruh faxriylar holidan xabar olindi.
Ziyorat davomida Diniy idora tizimida uzoq yillar samarali mehnat qilgan, yoshlarga ibrat bo‘lgan ustozlar uylariga borilib, ularga ehtirom bildirildi. Hadyalar ulashildi.
Shu bilan birga, shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, Abdurashid qori Bahromov, Usmonxon domla Alimov, Abdurazzoq hoji Yunusov, Anvar qori Tursunov kabi marhum ulug‘larimizning xonadonlariga borilib, oila ahllari holidan xabar olindi.
Shuningdek, bunday tadbirlar joylardagi vakilliklar tomonidan ham amalga oshirilib, hech kim e’tibordan chetda qolmadi. Bunday tadbirlar orqali Islom dinida o‘tganlar xotirasiga ehtirom, tiriklarni qadrlash, ustozlar o‘gitlaridan bahramand bo‘lish kabi xayrli an’analar bardavom bo‘ladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati