Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday degan:
وَالْأَرْضَ بَعْدَ ذَلِكَ دَحَاهَا
“Va undan so‘ng yerni tuxum shaklida qildi” (Naaziat surasi, 30-oyat).
“Tuxum shaklida qildi” deb tarjima qilingan fe’l oyatda دَحَا (daha) ko‘rinishida kelgan. Bu so‘z “tuyaqush tuxumi shaklida” ma’nosini anglatadi.
Tuyaqush yiliga 30 tadan 50 tagacha tuxum tug‘adi. Tuxumining vazni 1 yarim kilogramgacha yetadi.
Yer shari aynan tuyaqush tuxumi ko‘rinishidadir. Tovuq tuxumi ko‘rinishida emas.
Bundan 14 asr oldin, o‘qish-yozishni o‘rganmagan Muhammad sollallohu alayhi vasallam Yerning tuyaqush tuxumi shaklida biroz cho‘zinchoq ko‘rinishda (yumaloq ham, cho‘zinchoq ham emas, balki, shuning o‘rtasidagi ko‘rinishda) yaratilganini qayerdan bilib aytdilar ekan?! Albatta, bu xabarni u kishiga barcha narsani yaratgan Alloh taolo bildirgandir!
Rasmlarda: tuyaqush tuxumi (tovuq tuxumi bilan solishtirilgan, ularning doirasiga e’tibor bering, tovuqniki cho‘zinchoqroq, tuyaqushniki doirasimonroq), chapda Yerning okeanli rasmi, o‘ngda Yerning okeansiz ko‘rinishi.
Internet materiallari asosida
Nozimjon Iminjonov tayyorladi
Cavol: Ayrimlar biror ishni nohaqlik bilan bitirish uchun pora taklif yoki talab qiladilar? Bunga dinimizda qanday qaraladi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Shariatimizda bunday ishlarga “rishva” – pora deyiladi va bu katta gunohlardan biridir.
Pora deb kishi haqli bo‘lmagan narsasiga erishish yoki zimmasiga lozim bo‘lgan narsadan qutulish uchun taqdim etgan mol yoki manfaatga aytiladi.
Odatda ko‘pchilik poraxo‘rlar porani hadya, sovg‘a sifatida qabul qiladilar. Beruvchilar ham “ko‘ngildan chiqdi”, “atadik” kabi chiroyli so‘zlar bilan qabih niyatlarini amalga oshirishga odatlanishgan.
Poraxo‘rlik dinimizda qattiq qoralangan va bu haqda hadisi sharifda shunday deyiladi:
Savbon roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam pora beruvchi, pora oluvchi va ularning o‘rtasidagi vositachini la’natladilar” (Imom Ahmad rivoyati).
Pora beruvchi jamiyatda belgilangan nizomni buzib, haqsizlik ila o‘z ishini bajarib ketgan hisoblanadi. Pora oluvchi vijdon amriga bo‘ysunmasdan, nohaqlikka, adolatsizlikka rozi bo‘lib, o‘z manfaatini o‘ylab, o‘zgalar haqiga xiyonat qilgan bo‘ladi.
Qolaversa, hadya deb bir narsani o‘zgaga xolis, evazsiz berishga aytiladi. Hadya beruvchi kishi hadyani oluvchi kishidan biror narsani nohaq undirish niyati bo‘lmaydi. Mana shu narsa hadyaning poradan asosiy farqini ko‘rsatadi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.