Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday degan:
وَالْأَرْضَ بَعْدَ ذَلِكَ دَحَاهَا
“Va undan so‘ng yerni tuxum shaklida qildi” (Naaziat surasi, 30-oyat).
“Tuxum shaklida qildi” deb tarjima qilingan fe’l oyatda دَحَا (daha) ko‘rinishida kelgan. Bu so‘z “tuyaqush tuxumi shaklida” ma’nosini anglatadi.
Tuyaqush yiliga 30 tadan 50 tagacha tuxum tug‘adi. Tuxumining vazni 1 yarim kilogramgacha yetadi.
Yer shari aynan tuyaqush tuxumi ko‘rinishidadir. Tovuq tuxumi ko‘rinishida emas.
Bundan 14 asr oldin, o‘qish-yozishni o‘rganmagan Muhammad sollallohu alayhi vasallam Yerning tuyaqush tuxumi shaklida biroz cho‘zinchoq ko‘rinishda (yumaloq ham, cho‘zinchoq ham emas, balki, shuning o‘rtasidagi ko‘rinishda) yaratilganini qayerdan bilib aytdilar ekan?! Albatta, bu xabarni u kishiga barcha narsani yaratgan Alloh taolo bildirgandir!
Rasmlarda: tuyaqush tuxumi (tovuq tuxumi bilan solishtirilgan, ularning doirasiga e’tibor bering, tovuqniki cho‘zinchoqroq, tuyaqushniki doirasimonroq), chapda Yerning okeanli rasmi, o‘ngda Yerning okeansiz ko‘rinishi.
Internet materiallari asosida
Nozimjon Iminjonov tayyorladi
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim Ramazon ro‘zasini tutib, ketidan Shavvoldan olti kun ro‘za tutsa, yil bo‘yi ro‘za tutgandek bo‘ladi”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).
Bugun hijriy sanada Shavvol oyining 20 sanasi. Taxminan yana 10 kundan keyin Shavvol oyi ham o‘z nihoyasiga yetadi. Shavvol oyida 6 kun ro‘za tutishni unutmadingizmi? Yodingizdan ko‘tarilgan bo‘lsa eslatib qo‘yishni lozim deb topdik. Zero, Alloh taolo bunday marhamat qiladi:
“Va eslat. Albatta, eslatish mo‘minlarga manfaat berur” (Zoriyot surasi, 55-oyat).
Shavvol oyida 6 kun ro‘za tutish yil bo‘yi ro‘za tutganning savobiga noil etadi.
Ramazon ro‘zasi o‘ttiz kunining o‘n barobari o‘n oy (300 kun), Shavvol oyining olti kun ro‘zasi esa (60 kun) ikki oy bo‘ladi. Jami 360 kun (bir yil)ni tashkil etadi. Natijada, kishi butun yil bo‘yi ro‘za tutgandek bo‘ladi. Alloh taolo Qur’oni Karimda bunday marhamat qiladi:
“Kim bir yaxshilik keltirsa, uning uchun o‘n barobari bor. Kim bir yomonlik keltirsa, u faqat qilganiga yarasha jazolanur. Va ularga zulm qilinmas” (An’om surasi, 160-oyat).
Allohim, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarida bardavom qilgin, gunohlarimizni mag‘firat etgin!
Davron NURMUHAMMAD