بسم الله الرحمن الرحيم
Muhtaram jamoat! Alloh taolo barcha mavjudotlar qatori inson zotini ham juft qilib yaratdi. Shu juftlik orqali odamlar halol yo‘l bilan oila qurib, o‘zidan farzand va nabiralar qoldirib, inson sulolasining davom etishini ta’minlaydi. Alloh taolo erlar va xotinlar o‘zaro murosa va totuvlik bilan yashashi uchun ular o‘rtasida inoqlik va muhabbat tuyg‘ularini ham paydo qildi. Bu haqda Qur’oni karimda bunday marhamat etiladi:
وَمِنْ آَيَاتِهِ أَنْ خَلَقَ لَكُمْ مِنْ أَنْفُسِكُمْ أَزْوَاجًا لِتَسْكُنُوا إِلَيْهَا وَجَعَلَ بَيْنَكُمْ مَوَدَّةً وَرَحْمَةً
إِنَّ فِي ذَلِكَ لَآَيَاتٍ لِقَوْمٍ يَتَفَكَّرُونَ
ya’ni: “Uning alomatlaridan (biri) – sizlar taskin topishingiz uchun o‘zlaringizdan juftlar yaratgani va o‘rtangizda inoqlik va mehribonlik paydo qilganidir. Albatta, bunda tafakkur qiladigan kishilar uchun ibrat-alomatlar bordir” (Rum surasi, 21-oyat).
Boshqa bir oyatda shunday deyiladi:
وَاللَّهُ جَعَلَ لَكُمْ مِنْ أَنْفُسِكُمْ أَزْوَاجًا وَجَعَلَ لَكُمْ مِنْ أَزْوَاجِكُمْ بَنِينَ وَحَفَدَةً وَرَزَقَكُمْ مِنَ الطَّيِّبَاتِ
أَفَبِالْبَاطِلِ يُؤْمِنُونَ وَبِنِعْمَةِ اللَّهِ هُمْ يَكْفُرُونَ
ya’ni: “Alloh sizlar uchun o‘zlaringizdan juftlar yaratib, juftlaringizdan sizlar uchun bolalar va nabiralar paydo qildi hamda sizlarga pok rizqlarni berdi. Botilga imon keltiradilar-u, Allohning ne’matiga kufr keltiradilarmi?!” (Nahl surasi, 72-oyat).
Oila insonning dunyoviy saodatini ta’minlovchi qo‘rg‘ondir. Oilada doimo tinchlik va totuvlik davom etishi uchun er va xotin, qaynona va kelin o‘zlarining vazifa va burchlarini to‘liq ado etib borishlari lozim. Zero, oila faqat er-xotindangina iborat emas, ularning ota-onalari va farzandlari ham shu oilaning a’zolari sanaladi. Shunga binoan, shariatimizda qaynota va qaynona kuyov yoki kelinga nisbatan qanday maqomda turishi ham bayon etilgan.
Alloh taolo Niso surasining 23-oyatida nikohi harom bo‘lgan 13 toifa ayollarni sanab o‘tgan. Shular ichida mavzumizga tegishli 2 toifa bor. Ular:
...وَأُمَّهَاتُ نِسَائِكُمْ... ... وَحَلَائِلُ أَبْنَائِكُمُ الَّذِينَ مِنْ أَصْلَابِكُمْ...
ya’ni: “(Sizlarga (nikohi) harom qilingan (ayol)lar – bu), ...qaynonalaringiz,
... o‘z pushti kamaringizdan bo‘lgan o‘g‘illaringizning xotinlari...” dir.
Demak, qaynota kelinga o‘z otasidek abadiy mahram, qaynona kuyovga o‘z onasidek abadiy mahram sanaladi.
Qaynota va qaynona kuyovga ham, kelinga ham ota-ona o‘rnida bo‘ladi va ularning hurmatini joyiga qo‘yish hamda roziligini olish vojibdir. Ular mening ota-onam emas, ularni roziligini olishim shart emas, deyish johillik va ilmsizlikdir. Erkak kishiga eng haqli zot uning onasidir. Ayol kishiga esa eng haqli zot uning eridir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qildilar:
عَنْ عَائِشَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا، قَالَتْ: يَا رَسُولَ اللهِ مَنْ أَعْظَمُ النَّاسِ حَقًّا عَلَى الْمَرْأَةِ؟ قَالَ: "زَوْجُهَا" قُلْتُ: مَنْ أَعْظَمُ النَّاسِ حَقًّا عَلَى الرَّجُلِ؟ قَالَ: "أُمُّهُ" (رواه الإمام الحاكم في مستدركه).
ya’ni: Oisha onamizdan rivoyat qilinadi: “Men: “Ey, Rasululloh! Ayol kishining zimmasida haqqi eng ko‘p bo‘lgan kishi kim?”, – dedim. U zot: “Uning eri”, –dedilar. Men: “Erkak kishining zimmasida haqqi eng ko‘p bo‘lgan kishi kim?”, – dedim. U zot: “Onasi”, – dedilar” (Imom Hokim “Mustadrak” kitobida rivoyat qilgan).
Risoladagi erkak hayoti davomida doim ikki ayol: onasi va juftiga moddiy va ma’naviy ta’minot hamda g‘amxo‘rlik qiladi. Ular o‘rtasida adolat o‘rnatgan holda hayot kechiradi. Zero, Alloh taolo Qur’oni karimda marhamat qiladi:
الرِّجَالُ قَوَّامُونَ عَلَى النِّسَاءِ بِمَا فَضَّلَ اللَّهُ بَعْضَهُمْ عَلَى بَعْضٍ وَبِمَا أَنْفَقُوا مِنْ أَمْوَالِهِمْ...
ya’ni: “Erkaklar xotinlar ustidan (oila boshlig‘i sifatida doimiy) qoim turuvchilardir. Sabab – Alloh ularning ayrimlari (erkaklar)ni ayrimlari (ayollar)dan (ba’zi xususiyatlarda) ortiq qilgani va (erkaklar o‘z oilasiga) o‘z mol-mulklaridan sarf qilib turishlaridir...” (Niso surasi, 34-oyat).
Bu oyat bilan Alloh taolo erkakning oiladagi o‘rnini belgilab berdi.
Shundan kelib chiqib, oila rahbari bo‘lmish erkaklar, bo‘lajak qaynonalar bo‘lmish juftlariga kelinga qanday muomala qilish, kelajakda kelin bo‘ladigan qizlariga qaynona bilan qanday muomala qilish kerakligini o‘rgatib borishlari kerak. Bu ishni faqat ayollarga yuklab qo‘yish to‘g‘ri emas. Chunki yuqoridagi oyatda erkaklar ayollarni himoya qilishi, g‘amxo‘rlik qilishi va ularga odob berishi ma’nosi bordir.
Kelinlar qaynonalarini o‘z onasidek yaxshi ko‘rib hurmat qilishi, ularni g‘animat bilib, duolarini olishga harakat qilishi kerak. Bu erning ham roziligiga sabab bo‘ladi. Erning roziligi esa jannat yo‘lidir. Ba’zi xonadonlarda kelinga xuddi xizmatkor-quldek munosabatda bo‘lish holatlari ham uchrab turadi. Ba’zi xonadonlarda esa aksincha, kelinlar yo‘q joydan muammo chiqarib, katta-katta talablar qo‘yib, erning topganiga qanoat qilmay, eri bilan qaynonaning orasiga sovuqchilik tushishiga sabab bo‘lmoqda.
Aziz namozxonlar! Afsuslar bo‘lsinki, hozirda ko‘pgina oilalarning ajrashishiga sabab oilaning boshlig‘i erkak kishi o‘zini bir chetga olgan bo‘lib, natijada ayollar hamma ishda “xo‘jayin” bo‘lib qolishgan. Hali oila borasida tajribaga ega bo‘lmagan yosh kelinga pandu nasihat qilib, uni yo‘lga solish o‘rniga arzimagan mol-mulkni bahona qilib, kelinga toqatidan ortiq vazifalar yuklab, zulm qilib oxir oqibat ajralib ketishiga sabab bo‘layot qaynonalar bilsinlarki, qiyomat kunida qilgan zulmlari o‘zlarining boshlariga zulmat bo‘lib keladi. Bu toifadagi kishilarga nisbatan Oisha onamizdan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar:
عَن عَائِشَةَ رَضِيَ اللهُ عَنهَا قَالَت: قَالَ رَسولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيهِ وَسَلَّمَ: "إِنَّ شَرَّ النَّاسِ عِندَ اللهِ مَنزِلَةً يَومَ القِيَامَةِ مَن تَرَكَهُ النَّاسُ اِتقَاءَ شَرِّهِ" (رواه الْاِمَامُ البخاري(.
ya’ni: “Qiyomat kunida Alloh taoloning nazdida eng yomon darajadagi inson odamlar uning yomonligidan saqlanish uchun tashlab ketilgan kimsadir”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
ne orzu havaslar bilan oila qurgan kelin qaynonaning jabru sitamiga chiday olmay uydan ketishga majbur bo‘lmoqda. Hatto ba’zilari bu g‘avg‘olarni ko‘tara olmay o‘z joniga qasd qilishgacha borayotgan holatlar uchramoqda.
Insonning eng yaxshi fazilatlaridan biri uning kechira olish xislatidir. Shunday ekan, muhtarama qaynonalar yosh kelinlaridan o‘tgan kamchilik va xatolarni kechira bilishlari ham oliyjanoblik sanalib, yoshlarni to‘g‘ri yo‘lga tushishiga sabab bo‘ladi. Oilada qaynonalar yoshi ulug‘, tajribali bo‘lganlari uchun yoshlarga imkon berishi, bilmaganlarini o‘rgatishi, bag‘rikenglik qilishlari darkor. Ayni paytda kelinlar ham xatolarini tan olib, qaynonalardan uzr so‘rashlari ularning faqat hurmatlari ortishiga olib keladi.
Shu o‘rinda har ikki tomonga tegishli bo‘lgan bir hadisi sharifni aytib o‘tish o‘rinli bo‘ladi.
عَنْ ابْنِ عَبَّاسٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا قَالَ قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ لَيْسَ مِنَّا مَنْ لَمْ يَرْحَمْ صَغِيرَنَا وَيُوَقِّرْ كَبِيرَنَا وَيَأْمُرْ بِالْمَعْرُوفِ وَيَنْهَ عَنِ الْمُنْكَرِ (رَوَاهُ الْاِمَامُ التِّرْمِذِيُّ).
ya’ni: Ibn Abbos raziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: “Kichiklarimizga rahm qilmagan, kattalarimizni hurmat qilmagan, yaxshilikka buyurib, yomonlikdan qaytarmagan kishi bizdan emas” (Imom Termiziy rivoyati).
Kechirimli bo‘lish dinimizda maqtalgan sifatlardan hisoblanadi. O‘zgani kechirish nafsga yoqmasa ham, bu katta mojarolarning oldini oladi, kelgusidagi xotirjamlikni ta’minlaydi.
Oila hayoti hech qachon bir tekis faqat shodu xurramlik, baxt-saodatdan iborat bo‘lmaydi. Ba’zida qaynonalar farzandlarining baxtli bo‘lishi yo‘lida o‘zlarining ba’zi hoyi-havaslaridan voz kechishlariga ham to‘g‘ri keladi. Qachonki, er-xotin birgalashib oila totuvligi yo‘lida kurashsagina qiyinchiliklarni yengish oson kechadi, oila xotirjamligiga erishadi.
Muhtaram jamoat! Suhbatimizning davomida Zulhijja oyining avvalgi o‘n kunidagi ba’zi fazilatli amallar haqida suhbatlashamiz.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ko‘plab hadislarida bu kunlarning eng fazilatli kunlar ekanini bildirib, unda solih amallar qilib qolishga targ‘ib qilganlar.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar:
عن أبي هريرة رضي الله عنه أنَّ النبي صلى الله عليه وسلم قال: "ما مِنْ أيامٍ أحَبُّ إلى اللهِ أَنْ يُتَعَبَّدَ لَهُ فِيهَا مِنْ عَشْرِ ذِي الْحِجَّةِ ، يَعْدِلُ صِيَامُ كُلِّ يَوْمٍ مِنْهَا بِصِيَامِ سَنَةٍ، وَقِيَامُ كُلِّ لَيْلَةٍ مِنْهَا بِقِيَامِ لَيْلَةِ الْقَدْرِ" (رَوَاهُ الْاِمَامُ التِّرْمِذِيُّ).
ya’ni: “Ibodat qilinadigan biror-bir kun Zulhijjaning o‘n kunidan ko‘ra Alloh taologa mahbub emas. Undagi har bir kunning ro‘zasi bir yilga barobardir. Har bir kechasida turish esa, Qadr kechasida turishga barobardir” (Imom Termiziy rivoyati).
Bu kunlar orasida to‘qqizinchi kunda tutilgan ro‘za, (ya’ni arafa kunida ro‘za tutish) eng ahamiyatli, fazilatli va ulkan savoblar va’da qilingan amal hisoblanadi. Bu haqda Abu Qatoda roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam quyidagicha marhamat qilganlar:
عَنْ أَبِى قَتَادَةَ رضي الله عنه عَنِ النَّبِىِّ صلى الله عليه وسلم قَالَ: "صَوْمُ عَرَفَةَ كَفَّارَةُ سَنَتَيْنِ سَنَةٍ قَبْلَهُ وَسَنَةٍ بَعْدَهُ" (رَوَاهُ الْاِمَامُ البيهقي).
ya’ni: “Arafa kunining ro‘zasi ikki yilga kafforatdir: o‘tgan yilga va keyingi yilga” (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Bu kunlarda imkon qadar Allohni zikri bilan shug‘ullanish savobi ulug‘ amallardan biridir. Bu haqda shunday deyilgan:
عَنِ ابْنِ عَبَّاسٍ رضي الله عنه قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: "مَا مِنْ أَيَّامٍ أَفْضَلُ عِنْدَ اللهِ وَلَا الْعَمَلُ فِيهِنَّ أَحَبُّ إِلَى اللهِ عَزَّ وَجَلَّ مِنْ هَذِهِ الْأَيَّامِ الْعَشْرِ، فَأَكْثِرُوا فِيهِنَّ مِنَ التَّهْلِيلِ وَالتَّكْبِيرِ، فَإِنَّهَا أَيَّامُ التَّهْلِيلِ وَالتَّكْبِيرِ وَذِكْرِ اللهِ، وَإِنَّ صِيَامَ يَوْمٍ مِنْهَا يَعْدِلُ بِصِيَامِ سَنَةٍ، وَالْعَمَلَ فِيهِنَّ يُضَاعَفُ سَبْعُمِائَةِ ضِعْفٍ" (رَوَاهُ الْاِمَامُ البيهقي).
ya’ni: Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Alloh taolo nazdida biror kun va biror-bir amal yo‘qki ushbu o‘n kun va ularda qilingan amaldan afzal va Alloh azza va jallaga suyukli bo‘lsa. Shunday ekan, shu kunlarda tahlil va takbirni ko‘p aytinglar. Chunki, bu kunlar tahlil, takbir va Alloh taoloni zikr qilish kunlaridir. Bu kunlarda tutilgan bir kunlik ro‘za bir yil tutilgan ro‘zaga teng bo‘ladi. Bu kunlarda qilingan amalning savobi yetti yuz barobargacha ko‘paytirib beriladi” (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Muqim kishi Zulhijjaning to‘qqizinchi kuni bomdod namozidan to o‘n uchinchi kunining asr namozigacha jamoat bilan ado qilgan namozlaridan keyin takbiri tashriqni bir marotaba ovoz chiqarib aytishi vojibdir. Ammo musofir, yolg‘iz namoz o‘quvchi va ayollarga bu takbirni aytish vojib emas.
Takbiri tashriqning lafzi: “Allohu akbar, Allohu akbar, la ilaha illallohu vallohu akbar, Allohu akbar va lillahil hamd”.
Alloh taolo barchamizni Zulhijja oyidagi ibodatlarni bajarishga muvaffaq aylab, va’da qilingan ajru mukofotlardan nasibador aylasin! Omin!
BOLANING HUQUQLARI
Oilada farzand dunyoga kelishi katta quvonch va odam naslining davom etishidir. farzandni oq yuvib, oq tarab katta qilish ota onaning burchi. Ona farzandni dunyoga keltirib, unga sut berib katta qiladi, ota esa ularga uy-joy va moddiy ta’minot beradi. Ota-onasining mehriga to‘yib o‘sgan bolalar, boshqalarga ham muhabbatli, harakatchan, yaxshilikka intiluvchi va xushmuomala bo‘lib o‘sadi.
Jamiyatda gohida oilalarning buzilishi ham uchrab turadi. Shunday holatda asosan bolalar jabr ko‘radi. Ular yo otasiz, yo onasiz o‘sishga majbur bo‘ladi. Xo‘sh, mana shunday holatda bolalarni kim ta’minlashi kerak? Bolani o‘zi bilan olib ketgan onami, yoki boladan ajralgan otami?
Hozirgi kunda ko‘p uchraydigan holatlardan biri shuki, erlar xotini sababli bolalaridan ham yuz o‘giradilar, ularning holidan xabar olmaydilar. Vaholangki, shar’iy jihatdan olib qarasak, o‘g‘il bolalar voyaga yetgunicha, qiz bolalar va nogiron farzandlar esa, balog‘atga yetganda ham otaning qaramog‘i ostida bo‘ladi.
Alloh taolo Qur’oni karimda shunday deb marhamat qiladi:
... وَعَلَى الْمَوْلُودِ لَهُ رِزْقُهُنَّ وَكِسْوَتُهُنَّ بِالْمَعْرُوفِ...
ya’ni: “...Ularni (onalarni) me’yorida oziqlantirish va kiyintirish otaning (erning) zimmasidadir...” (Baqara surasi, 233-oyat).
Bu oyat taloq oyatlaridan keyin kelgan. Oyatda bolaning onasi haqida gap ketgan bo‘lsa ham (ya’ni taloq qilingan xotin bolani emizib turgani uchun, er uni yedirib-ichirib, kiyintirib turadi), bu o‘rinda bolani ta’minlash kerakligi xotinni ta’minlashdan ham ko‘ra ustunroq turadi.
Alloh taolo Qur’onning boshqa bir o‘rnida bolani emizish davrida uning sarf xarajatini otaga vojib qildi.
...فَإِنْ أَرْضَعْنَ لَكُمْ فَآَتُوهُنَّ أُجُورَهُنَّ...
ya’ni: “...Bas, agar (taloq qilgan ayollaringiz) sizlar uchun (bola) emizsalar, u holda ularning haqlarini beringiz!...” (Taloq surasi, 6-oyat).
Bu oyatda ham otalarga taloq qilgan xotinlari bolalarini emizgani uchun haq to‘lash buyurilmoqda.
Muxtasarul viqoya kitobida: “Bolalarning nafaqasi otasining zimmasida, unga hech kim bu ishda sherik bo‘lmaydi (ya’ni, yordam bermaydi)”, – deyiladi.
Xulosa qilib aytishimiz mumkinki, hozirgi kunda tegishli organlar tomonidan belgilanayotgan nafaqalar (aliment)dan ota bosh tortishi joiz emas, balki bolasini moddiy va ma’naviy jihatdan ta’minlash uning burchidir. Ahli ayol va bolalarni nafaqa bilan ta’minlash Alloh uchun qilinsa, savobi ulug‘ ishlardan hisoblanadi.
Alloh taolo barchamizni o‘z zimmasidagi burchlarni to‘liq bajaruvchi bandalaridan qilsin! Omin!
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Mamlakatimiz aholisining 64 foizini yoshlar tashkil etadi. Farzandlarimizning ilmli, axloqli bo‘lib kamolga yetishlariga uyda ota-onalar, o‘quv yurtlarida esa muallim va ustozlar astoydil jon kuydirishlari kerak. O‘g‘il-qizlarimizni ilm-ma’rifatga oshno qilishdan hech kim chetda turmasligi lozim. Jadidchi allomalarimizdan birlari: “Farzand tarbiyasiga loqayd qaragan millat inqirozga mahkumdir”, deb bejizga aytmagan.
Islomda bolalar tarbiyasi ota-onaning eng mas’uliyatli va uzoq davom etadigan burchlaridir. Boshqa burchlar ba’zi ishlarni qilish yoki mulkni sarflash bilan oxiriga yetadi. Ammo tarbiya mas’uliyati bardavom bo‘ladi. Zotan, ota‑onaning farzand ne’matiga haqiqiy shukrlari ham aynan tarbiya mas’uliyatini sharaf bilan ado etish orqali yuzaga chiqadi. Amaliy shukr – berilgan ne’matni ne’mat beruvchi zotni rozi qiladigan tarzda tasarruf qilish bilan bo‘ladi. Binobarin, farzand ne’matiga amaliy shukr qilish o‘sha farzandni Alloh taologa itoat qiladigan banda qilib tarbiyalash bilan yuzaga chiqadi. Farzand tarbiyasida ota-onaning o‘rni qanchalar katta ekanini Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning quyidagi hadisi shariflaridan bilib olamiz.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Har bir tug‘ilgan bola faqat fitrat (sof tabiat) ila tug‘iladi. Bas, ota-onasi uni yahudiy yoki nasroniy yoki majusiy qiladi. Bu xuddi hayvonning bus-butun hayvon tug‘ishiga o‘xshaydi. Siz unda quloq-burni kesilganini his qilganmisiz?» dedilar.
So‘ngra Abu Hurayra roziyallohu anhu «Agar xohlasangiz: «(Bu) Alloh odamlarni yaratgan asl fitratdir. Allohning yaratganini o‘zgartirib bo‘lmas. Ushbu to‘g‘ri dindir», degan oyatni o‘qing», der edi» (To‘rtovlari rivoyat qilishgan).
Ushbu muborak hadisi sharifda Alloh taolo insonlarni yaratish paytida sof tabiat bilan yaratsa ham, keyinchalik insonlar, xususan, ota-ona tarbiyasi sababli bu soflikka futur yetishi, uning buzilishi haqida so‘z ketmoqda.
“Fitrat” sof tabiat, dinni to‘g‘ri qabul qilishga bo‘lgan qobiliyat deganidir. Nabiy sollallohu alayhi vasallam dunyoda tug‘iladigan har bir bola sof tabiat bilan, Alloh taoloning dinini qabul qilish qobiliyati bilan tug‘ilishi haqida xabar bermoqdalar.
Demak, Alloh taolo hech kimni avvaldan sen yahudiy bo‘lasan, sen nasroniy bo‘lasan, sen majusiy bo‘lasan, deb majbur qilmaydi. Odamlarning turli dinga mansub bo‘lishiga sabab bor:
«Bas, ota-onasi uni yahudiy, nasroniy yoki majusiy qiladi».
Ya’ni, ota-onalar bolalarini o‘z dinlarida tarbiyalashlari oqibatida bolalarning sof tabiati buzilib, yahudiy, nasroniy va majusiy bo‘lib qoladilar.
Shu joyda Nabiy sollallohu alayhi vasallam ushbu ma’noni to‘liqroq tushuntirish maqsadida sahobai kiromlarga hissiy bir misol keltirmoqdalar.
«Bu xuddi hayvonning bus-butun hayvon tug‘ishiga o‘xshaydi. Siz unda quloq-burni kesilganini his qilganmisiz?».
Ya’ni har bir hayvon bolasi onasidan bus-butun tug‘iladi. Birortasining qulog‘i yoki burni kesilmagan bo‘ladi. Ammo, egalari belgi qo‘yish maqsadida va yana boshqa niyatda ularning quloqlarini, burunlarini kesadilar va hokazo. Shunga o‘xshab, inson ham onadan sof tabiat bilan tug‘iladi, u yahudiy, nasroniy yoki majusiy bo‘lib tug‘ilmaydi. Ota-onasining tarbiyasi tufayli yahudiy, nasroniy yoki majusiy bo‘ladi.
Alloh taolo bu dunyodagi narsalarni sababiyat qonuni ila bir-biriga bog‘lab qo‘ygan. Och inson taom yemasa, qorni to‘ymaydi. Ota-ona qo‘shilmasa, bola tug‘ilmaydi. Xuddi shuningdek, tarbiya bo‘lmasa, inson tarbiya ko‘rgan bo‘lib voyaga yetmaydi. Shuning uchun ham Islomda bola tarbiyasiga alohida e’tibor beriladi.
Tarbiya haqida Imom G‘azzoliyning «Ihyou ulumud-din» kitobida bunday deyiladi: “Bola ota-ona qo‘lida bir omonatdir. Qalbi turli naqsh va rasmlardan pok, nima naqsh solinsa, qabul qiladi, nimaga moyil qilinsa, moyil bo‘laveradi. Agar yaxshilikka undalsa va o‘rgatilsa, uning ustida o‘saveradi, dunyo va oxiratda saodatli bo‘ladi, ota-onasi hamda odob, ta’lim-tarbiya berganlar barchasi savobiga sherik bo‘lishadi. Agar yomonlikka undalsa va hayvon kabi bo‘sh qo‘yilsa, yomonlikka uchraydi, halok bo‘ladi va unga qarab turgan kishi zimmasiga gunohkorlik tushadi”.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Avlodlaringizni, birinchidan: “Allohni sevadigan qilib tarbiyalanglar...” Chunki Alloh taolo uni yo‘qdan bor etib, ota-onani uning dunyoga kelishiga sababchi qildi. Va ularning qalblariga farzand mehru muhabbatini soldi. Agar Alloh taolo farzand muhabbatini qalbga solmaganida, uni bag‘riga bosmasdi, rahm-shafqat qilmasdi, ko‘chaga tashlab ketgan bo‘lardi. Shuning uchun farzand Alloh taoloni sevib, unga shukrlar qilishi lozim.
Ikkinchidan: “Allohning Rasulini sevadigan qilib tarbiyalanglar”. Chunki Alloh taolo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni xalq orasidan tanlab olib, xalqqa Payg‘ambar qilib yuborgan. Qur’oni karimning Anbiyo surasi 107-oyatida ul zotni “Biz sizni (butun) olamlarga rahmat qilib yuborganmiz”, deyilgan. Payg‘ambarimiz insonlarga ota-onasidan ham mehribonroq bo‘lgan, dunyodagi barcha yaxshiliklarni o‘rgatgan zot, butun dunyo ahlining ustozi sanaladi.
Uchinchidan: “Allohning Kitobini sevadigan qilib tarbiyalanglar...”. Chunki bu Kitob insoniyatni hidoyatga chorlaydi.
Bu uchta talab inson farzandiga o‘rgatilishi lozim bo‘lgan qoidalardan sanaladi.
Hazrati Payg‘ambarimiz sollalloxu alayxi vasallam aytdilar: “Ota-ona o‘z bolasiga go‘zal odobdan ko‘ra afzal narsa bera olmaydi”.
Albatta, farzand ilmli va odobli bo‘lsa ota–ona hurmatini va haq-huquqlarini yaxshi ado qiladi. Oilada yaxshi tarbiya topgan farzand yaxshi va yomonni farqlay oladi. Qaysi oilada, qaysi mahallada yoshlar tarbiyasi yaxshi yo‘lga qo‘yilar ekan, o‘sha oila, o‘sha mahalla, o‘sha yurt gullab yashnaydi. Bu esa jamiyatning ravnaq topishiga olib keladi.
Davomi bor...
Muhammad Quddus ABDULMANNON,
Xo‘jaobod tumani “Yetti chinor” jome masjidi imom noibi.