Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhuning tug‘ilgan yillari manbalarda hijratdan 23- yoki 27-yil oldin deb ko‘rsatiladi. Bu milodiy hisobda 595 yoki 599 yilga to‘g‘ri keladi.
Sa’d roziyallohu anhu merganlik va kamondan o‘q uzish bo‘yicha o‘ta mohir sahoba edilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Uhud kuni u kishiga “Ot, ey Sa’d, ota-onam senga fido bo‘lsin, ot!” deganlar. Ali roziyallohu anhu “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Sa’ddan boshqa odamga bu gapni aytganlarini eshitmaganman” deganlar.
Islom diniga eng avval kirgan sahobalardan biri edilar.
Sahobalarning ichida pahlavonligi, qo‘mondonlik salohiyati borligi, merganligi, duosi tez qabul bo‘lishi bilan mashhur edilar.
Forslar o‘lkasining fath qilinishiga sabab bo‘lgan Qodisiya, Madoin janglarida qo‘mondon bo‘lganlar.
Kufaga birinchi voliy bo‘lganlar. Umar roziyallohu anhu u kishini Kufaga voliy etib tayinlaganlar.
Muhojir sahobalardan Madinada eng oxiri vafot etgan kishi shu zot edilar.
U kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamni qo‘riqlab yurgan zotlardan biri edilar.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam Sa’d roziyallohu anhu kelganlarida, “Bu mening tog‘am. Biror kishi o‘z tog‘asini ko‘rsatsinchi” deganlar.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam “Yo Alloh! U Senga duo qilganda, duosini ijobat qilgin!” deb duo qilganlar.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam Sa’d roziyallohu anhuning peshonalariga qo‘llarini qo‘yganlar. Keyin yuzlarini, ko‘ksilarini va qorinlarini silab, “Yo Alloh, Sa’daga shifo bergin!” deb duo qilganlar. Keyinchalik Sa’d roziyallohu anhu bu voqeani eslab, “Hozirgacha u zot alayhissalomning qo‘llari taftini ko‘ksimda his qilaman” deganlar.
Sa’d roziyallohu anhu Umar roziyallohu anhuning vafotlaridan keyin yangi rahbar tanlash borasidagi Maslahat Kengashining a’zosi bo‘lganlar.
U kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallam bilan birga barcha g‘azotlarda ishtirok etganlar.
Uhud kuni ko‘pchilik ortga chekingan paytda joyidan qimirlamay, Nabiy sollallohu alayhi vasallamning yonlarida turib, u zot alayhissalomni qo‘riqlagan kam sonli sahobalardan biri edilar.
Sa’d roziyallohu anhu Makka fathi kuni muhojirlarning uchta bayroqlaridan birini ko‘tarib borgan zot edilar.
U kishi tirikligida jannati ekanligini eshitgan baxtiyor insonlardan biri edilar.
Imom Buxoriy, Imom Muslim, Imom Ahmad kabi muhaddislar Sa’d roziyallohu anhudan ko‘plab sahih hadislar rivoyat qilishgan.
Abdulloh ibn Umar, Oisha bint Abu Bakr, Abdulloh ibn Abbos, Soib ibn Yazid, Jubayr ibn Mut’im, Jobir ibn Abdulloh, Misvar ibn Maxrama, Abdulloh ibn Omir, farzandlari Omir, Umar, Muhammad, Mus’ab, Ibrohim, Sa’id ibn Musayyib, Abu Usmon Nahdiy, Amr ibn Maymun, Ahnaf ibn Qays, Alqama ibn Qays, Ibrohim ibn Abdurahmon ibn Avf, Abu Abdurahmon Sulamiy, Mujohid, Urva ibn Zubayr roziyallohu anhum kabi ko‘plab zotlar u kishidan hadis rivoyat qilishgan.
Vafotlaridan oldin yungdan bo‘lgan kiyim (jubba)larini olib kelishni buyurganlar. Olib kelishgach, “Meni shunga kafanlanglar. Chunki, Badr g‘azoti kuni dushmanga ro‘baro‘ bo‘lganimda, ustimda shu kiyim bor edi. Kafanim bo‘lsin deb shu kungacha saqlab qo‘ygandim” deganlar.
Hijriy 55-yilda, milodiy 674 yilda, Muoviya ibn Abu Sufyon roziyallohu anhu davrida vafot etib, Madinada dafn etilganlar.
Suratda Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhuning mashhur kamonlari bo‘lib, ushbu kamon Madinai munavvaradagi “Hijoz temir yo‘li” nomli muzeyda saqlanadi.
Alloh taolo Sa’d ibn Abu Vaqqosdan rozi bo‘lsin!
Internet materiallari asosida
Nozimjon Iminjonov tayyorladi
Ko‘pincha dengiz sathi tashqaridan qaragan kishiga go‘yoki ipakdan to‘qilgan mayin gilamni to‘shab qo‘ygandek, tinch va sokin ko‘rinadi...
Lekin o‘sha tinch va sokindek ko‘rinayotgan aldamchi manzara ostida tinimsiz kurash, hayot va mamot to‘qnashuvlari, halokatli nidolar yashirinib yotadi. Dengiz qa’rida kitlar, akulalar, ilonlar va suvsarlar suzib yuradi, bir-birlarini o‘ljaga aylantirish maqsadida tinimsiz ta’qib qiladilar.
Xuddi shu kabi sizning yuzingiz ham oyna qarshisida tinch, mehrli va musaffo ko‘rinadi. Ammo tanangizni ichida esa, xujayralar g‘alayon qiladi, nafs xohishlari alanga oladi, g‘arizalar avj oladi va adovatlar olovlanadi.
Agar siz dengizdagi o‘sha maxluqlar jang qilayotgan chegaralardan o‘tib, dengizning ulardanda qa’riga yetib borsangiz, u yerda sukunat hukmron ekanligini, sadaflar, marvaridlar va marjonlar yashayotganini ko‘rasiz.
Xuddi shuningdek, tanangizda ham agar nafsoniy hirslar hukmronlik qilayotgan chegaradan o‘tib olib, ruhiyat hududiga yetib borsangiz, u yerda sakinat topasiz, hikmat ziyosining nuridan bahra olasiz, Parvardigorning huzuridan oqib chiqayotgan muhabbat bulog‘idan qonasiz.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV